Millatlararo totuvlik


Saqlash
21:07 / 31.07.2023 0 2866

Millatlararo totuvlik – millatlararo ahillik, xalqaro doʻstlik; milliy istiqlol mafkurasining asosiy gʻoyalaridan biri; muayyan hudud, davlatda turli millat vakillarining bahamjihat yashashi, hamkorlikda faoliyat yuritishini ifodalovchi tushuncha. Yer yuzidagi 1600 dan ortiq millatdan bor-yoʻgʻi 200 ga yaqini oʻz davlatchiligiga ega, xolos. Bunday sharoitda butun dunyoda millatlararo totuvlikni taʼminlash uchun ularning manfaatlari, ruhiyati, intilishlarini muntazam oʻrganib borish, siyosiy-ijtimoiy hayotda buni doimo eʼtiborga olish zarur. Jahon tajribasi millatlararo totuvlikni taʼminlashga bir yoqlama, yuzaki yondashuv jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini koʻrsatadi. Xususan, davlatga oʻz nomini bergan millat bilan oʻsha joyda yashaydigan boshqa millat va elat vakillari orasidagi munosabatlar jiddiy eʼtiborni talab qiladi. Aks holda, jamiyat hayotidagi tinchlik va barqarorlik izdan chiqishi mumkin. Bu masala bizning mamlakatimiz uchun ham juda muhim. Oʻzbekiston hududida qadimdan koʻplab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib kelgan. Ular oʻrtasida asrlar davomida milliy nizolar boʻlmagani xalqimizning azaldan bagʻrikengligini koʻrsatadi.

 

Millatlararo munosabatlarda uygʻunlik vujudga kelgan mamlakatlarda koʻp millatlilik jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga samarali taʼsir etadi. Millatlararo totuvlik gʻoyasi umumbashariy qadriyat boʻlib, turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotini belgilaydi, shu joydagi tinchlik hamda barqarorlikning kafolati boʻlib xizmat qiladi. Bugungi kunda Yer yuzida 6 mlrd.dan ziyod aholi mavjud. Oʻzbekiston hududida esa 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashamoqda. Har bir millat Yaratganning moʻjizasi boʻlib, oʻz tili, dini, maslagi, qadriyatlari, anʼanalariga egadir. Shu bois mazkur maʼnaviy omillarning amal qilishi millatlararo totuvlikning muhim shartlaridan sanaladi. Davlatlar bu borada koʻpmillatli (polietnik) va birmillatli (monoetnik) tarkibga ega boʻlib, har biri oʻziga xosligi bilan bir-biridan farq qiladi. Har bir mamlakatda turli millat vakillarining mavjudligi azal-azaldan unga oʻziga xos tabiiy rang-baranglik baxsh etib kelgan. Har bir millatning umumiy manfaatlari bilan birga oʻziga xos qadriyatlari ham bor. Umumiy qadriyat va xususiy manfaatlar bir-biriga zid kelib qolishi yoki uygʻun boʻlishi mumkin. Bunda muayyan mamlakatdagi milliy siyosat muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston kabi polietnik mamlakatda turli millatlar manfaatlarini uygʻunlashtirish, ular orasida totuvlikni taʼminlash taraqqiyotning hal qiluvchi omillaridan biri hisoblanadi. Zero, millatning istiqboli boshqa xalqlar va mamlakatlarning taraqqiyoti, butun jahondagi vaziyat va imkoniyatlar bilan ham bogʻliqdir. Butun dunyoda, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlarda yonma-yon yashayotgan etnoslar oʻrtasida tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik, hamkorlik, hamjihatlik, teng huquqli munosabat boʻlmasa, ulardan hech biri oʻzining porloq istiqbolini taʼminlay olmaydi. Shu bilan birga, bir mamlakat doirasida milliy manfaatlarni teng qondirish, ular rivojini taʼminlash juda murakkab masala ekanini ham anglamogʻimiz darkor.

 

Millatlararo totuvlik gʻoyasi ana shu masalani toʻgʻri hal qilishga yordam beradi. Bu gʻoya – bir jamiyatda yashab, yagona maqsad yoʻlida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikning maʼnaviy asosidir. Bu gʻoya – har bir millat vakilining isteʼdodi va salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratadi va uni Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi ezgu maqsadlar sari safarbar etadi. Mamlakatimizda ushbu gʻoyani amalga oshirishga katta eʼtibor berilmoqda. Bunday muhit millatlararo munosabatlarda turli muammolar tugʻilishiga aslo yoʻl qoʻymaydi va umummilliy gʻoyalarni hamkor va hamjihat boʻlib amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Necha ming yillik tariximiz shundan guvohlik bermoqdaki, olijanoblik va insonparvarlik, millatlararo totuvlikka intilish xalqimizning eng yuksak fazilatlaridan hisoblanadi. Bu boradagi anʼanalar avloddan avlodga oʻtib kelmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida “Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb aniq belgilab qoʻyilgan. “Oʻzbekiston xalqi” tushunchasi mamlakatimizda yashab, yagona maqsad yoʻlida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlik uchun maʼnaviy asos boʻlib xizmat qiladi. Yurtimizda bugungi kunda 130 dan ortiq milliy-madaniy markazlar ishlar turibdi. Ularning turli yoʻnalishlardagi faoliyati, birinchidan, oʻz vakillarini milliy tarix, urf-odat va anʼanalardan xabardor qilishga, ikkinchidan, xalqning oʻz-oʻzini anglashiga taʼsir etib, millatlararo totuvlikning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 957
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34258
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25253
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21800
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//