Bilasizmi?
Millat – til, maʼnaviyat, milliy oʻzlikning anglash ruhiyati, urf-odatlar, anʼanalar va qadriyatlar yagonaligi asosida muayyan hududda yashovchi iqtisodiy aloqalar bilan bogʻlangan mustaqil subyekt sifatida oʻziga xosmoddiy va maʼnaviy boyliklarni yaratuvchi kishilarning etnik birligi. Millat maʼlum hududda barqaror yashab, tarixiy taraqqiyot davomida rivojlanib, kishilarning maʼnaviy-ruhiy salohiyat yagonaligi asosida shakllanadi. U faqatgina “kapitalistik jamiyatning muqarrar mahsuli” emas, balki insoniyatning dunyoga kelishi va tarqqiyotning mahsulidir. Millatning shakllanishi va rivojlanishida moddiy omillar muhim ahamiyatga ega boʻladi, ammo ular millat abadiyligini taʼminlashning oxirgi imkoniyati emas. Ular millat taraqqiyoti uchun zaruriy shart hisoblanadi. Millatning abadiyligi, uning barqarorligini taʼminlashning asosiy omili uning ichki maʼnaviy-ruhiy salohiyatidir. Millatlarning ichki-ruhiy salohiyati, yaratuvchilik qobiliyati, matonati, tinimsiz mehnati, tadbirkorligi va oʻziga xosligini rivojlantirish asosida hozirgi zamon sivilizatsiyasi yuzaga kelgan. Mutaxassislarning fikricha, Yer yuzida uch mingga yaqin millat boʻlib, insoniyatning oʻrta hisob bilan 96 foizini birlashtiradi. Qolgan 4 foiz elat va qabilalardir. Har bir millat aholisi bir necha oʻn mingdan bir necha yuz milliongacha boradi.
Millatlar besh yirik guruhga boʻlinadi:
1. (Buyuk millatlar) xitoyliklar, aholi soni 1 mlrd. ikki yuz ellik mln. dan ortiq, hindlar, amerikaliklar, ruslar, yaponlar – har biri yuz mln.dan ikki yuz, uch yuz mln.gacha aholiga ega.
2. Katta millatlar – 50 mln.dan 100 mln.gacha – inglizlar, fransuzlar, ispanlar, olmonlar, turklar va boshqalar.
3. Yirik millatlar – 10 mln.dan 50 mln.gacha – oʻzbeklar, portugallar, polyaklar, efioplar va boshqalar.
4. Oʻrta millatlar – bir mln.dan oʻn mln.gacha.
5. Kichik millat bir necha oʻn mingdan bir mln.gacha.
Jahondagi 27 millat Yer yuzi aholisining qariyb 75 foizini tashkil qiladi. Avvalo, “Millat” tushunchasiga masʼuliyat bilan yondashish zarur. Oʻrinli-oʻrinsiz ishlatib, oʻquvchi yoki tinglovchini chalgʻitib qoʻyishi ham mumkin. Masalan, “Millat” atamasini diniy maʼnoda ishlatib, musulmon millati, islom millati deguvchilar ham boʻlgan va hozir ham bor. Butun Yer yuzidagi bir yarim milliardga yaqin islom diniga eʼtiqod qiluvchilar bir millat vakillaridan iborat emas, ular orasida arablar, turkiy va forsiy xalqlar bilan birga oʻarbda ingliz, farang, olmonlardan tortib, Sharqda yapon, indoneziyalik, malayziyaliklargacha, afrikalik negrlar ham bor. Islom dunyo dinlaridan biri, unga eʼtiqod qiluvchilar irqiy jihatdan ham turlichadir. Musulmonlarni yagona islom millati deb emas, balki Biru Bor Alloh taoloniig bandalari, hazrat Muhammad alayhissalomning ummatlari, deb tushunmoq joiz. Musulmonchilik – ummatlar birligi. Ayni paytda nufusi 200 milliondan oshib ketgan barcha turkiy xalqlarni yagona turk millati deb hisoblash ham gʻayriilmiydir. Bularning barini oʻq tomiri bir qardosh va tildosh xalqlar deyish haqiqatga yaqinroqdir. Yagona oʻq-ildizdan tarqalgan xalqlarning bir-birlaridan yiroqlashish jarayonlari qanchalik uzoq davom etgan boʻlsa, ularning birlashish jarayoni ham shuncha davom etishi mumkin. Bu jarayonni sunʼiy yoʻl bilan tezlashtirib boʻlmaydi. Lekin kishilik jamiyatining hozirgi taraqqiyot bosqichida masofalar “qisqardi”, sayyoramiz “kichrayib” qoldi, oʻrta asrlarda 6 oy yuriladigan manzilga hozir 6 soatda yetish mumkin. Barcha sohalarda uzluksiz bordi-keldi qilish imkoniyatlari beqiyos darajada kengaydi.
Turkiy xalqlar madaniyat, sanʼat, adabiyot, ilm-fan, savdo-sotiq va boshqa sohalarda oʻzaro aloqalarni kuchayishi ular oʻrtasida qardoshlik aloqalarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Millat masalasiga yanada oydinlik kiritish maqsadida turli qitʼa va mamlakatlarda yashovchi millatlar va xalqlarga oid misollarga murojaat etish mumkin. Masalan, koreys xalqining ikki mustaqil davlati – Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Koreya Respublikasi mavjud. Vaholanki, ikkala davlatda ham koreys millati yashaydi. Avstriyada olmon millati yashasa ham, oʻzlarini avstriyaliklar deb hisoblashadi. Shveysariyada asosan uch millat vakillari – olmon, farang va italyanlar yashaydi, shu sababli bu davlat konfederatsiya deb ataladi. Yaqin-yaqingacha ikki Olmoniya – GDR va GFR mavjud boʻlib, siyosiy tuzumiga koʻra ikki xil davlat edi. Shoʻro siyosatchilari sharqiy olmonlarni sotsia listik millat, gʻarbiy olmonlarni kapitalistik millat, deb tushuntirilar edi. Holbuki, ikkala davlatda ham yagona bir millat – olmon millati yashardi. Keyingi voqealar rivoji – ikki olmon davlatining birlashuvi oʻsha sinfiylikka asoslangan soxta nazariyaning puchligini isbotlab berdi. Demak, millat tushunchasi, sinfiy tushuncha emas. Chunki, boy ham, oʻrtahol ham, yoʻqsil ham bir millatga mansub boʻlish huquqiga ega. Shu maʼnoda sobiq mustabid tuzum mafkurachilari har bir millatda ikki millat, har bir madaniyatda ikki xil madaniyat bor, degan nazariyalari faqat uydirmadan iborat ekani shubhasizdir.
Millat kishilarning tarixiy yaxlitligi, umumiqtisodiy turmush, til, hudud birligi, madaniyat, ong, ruhiyat uygʻunligi va mushtarakligi demakdir. Oʻz davlatisiz oʻz qiyofasiga ega millat yoʻq. Millatning metindek jipsligi davlatning qudratiga bogʻliq. Va aksincha, millatning jipsligi davlatning kuch-qudrati darajasini belgilaydi. Davlatni tuzishda, demakki, millatni shakllantirishda tarixiy shaxsning – yoʻlboshchining oʻrni va roli beqiyosdir. Qachonki xalq metindek birlashib va jipslashgan boʻlsa, oʻshanda u oʻzining buyuk davlatini barpo etgan. Tarixda bunga misollar koʻp. Masalan, Amir Temur XIV asrda tarix sahnasiga chiqib, ana shunday birlashtiruvchilik vazifasini ado etib, buyuk Temuriylar davlatini tuzdi. Ajdodlarimiz, oʻsha davr iborasi bilan aytganda, turkiy qavm tarqoqlikka barham berib, yaxlit millat boʻlib shakllandi. Millatning jipslik darajasi oʻzgarib turadi. Turli omillar taʼsirida u goh mustahkamlanadi, goh zaiflashadi. Temuriylardan keyin millatimiz jipsligi ancha zaiflashdi, yagona Turkiston parchalanib ketdi. Shimoliy, Sharqiy va Janubiy Turkiston hududlari oʻzgalar tomonidan istilo qilindi. Markaziy Turkiston hududida bir-biri bilan ittifoq uchta davlat paydo boʻldi. Natijada ular tanazzul yoqasiga kelib qolib, oxir-oqibatda chorizm istilosiga duchor boʻldi. Demak, millat taqdirida davlat, davlat qismatida millat hal qiluvchi omil hisoblanadi. Millat faqat bir xalq vakillaridangina iborat tarzda shakllanmaydi.
Hozirgi oʻzbek milllatining tarkib topishida barcha turkiy qabila va urugʻlar, olis oʻtmishdan Turonzaminda yashab kelayotgan ajdodlarimiz, shuningdek, qadim Sugʻd eli, Xorazm eli va boshqalar ham ishtirok etganlar. Bu hol tilimiz, dilimiz, qiyofamiz, urf-odatlarimiz, turmush tarzimiz, madaniyatimiz, sanʼatimiz, adabiyotimiz va meʼmorchiligimizda, hatto, mehnat qurollarimizda mujassamlashgan. Maʼlumki, oʻzbek xalqi kelib chiqish jihatidan turkiydir. Ilk yozma manbalarimiz Urxon hoqon Onasoy boʻylarida davlat qurgani haqida bitilgan boʻlsa, Ahmad Yugnakiy, Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojiblar yozma adabiy tilimizning tamal toshini qoʻyganlar. Yagona milliy adabiy tilimiz XII asrdayoq shakllanib boʻlgan edi. Bunga Turkiston piri Ahmad Yassaviyning “Hikmat”lari yaqqol isbot boʻla oladi. “Hikmat” tili XVI asr farzandi Bobur tiliga ham, XX asr adiblari Abdulla Qodiriy va Choʻlpon tiliga ham oʻxshashdir. Yagona milliy tilimizni Xorazmda Qutb Xorazmiy, Sulaymon Boqirgʻoniy, Rabgʻuziy, Movarounnahrda Sakkokiy, Hindistonda Hofiz Xorazmiy, Rum elida Jaloliddin Rumiy, Nasimiy, Ozarbayjonda Xoqoniy qoʻllagan va boyitgan. Alisher Navoiy yagona adabiy tilimizning shuhratini shu qadar baland koʻtardiki, bu til quyoshi yogʻdularidan Chindan Rumogacha, Hindistondan to Sibir, Oltoy va Itil boʻylarigacha nafaqat turkiy, balki, barcha elu elatlar bahramand boʻldi, millatimiz dovrugʻi olamga yoyildi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q