Mashhur yozuvchi-shoirlarning soʻnggi maktublari


Saqlash
19:07 / 28.07.2023 0 1423

Quyida maktublari berilayotgan ijodkorlar yozganlari soʻnggi maktubi ekanini bilishmagan. Biroq ularni oʻqir ekansiz, adabiyot hamda soʻzga sadoqat, maktub egasiga hurmat va muhabbat, hayotning baʼzi achchiq haqiqatlari, anglamlari yotganini his qilasiz...

 

Artur REMBO

 

Taniqli shoir Artur Rembo yoshligida sheʼriyatni tark etib Afrikaga yoʻl oladi va u yerda qurol savdosi bilan shugʻullanishga ahd qiladi. 10 yildan soʻng saratonga chalingani tufayli Fransiyaga qaytib kelishga majbur boʻladi. Marseldagi kasalxonada davolanayotgan shoir tezroq tuzalib avvalgi kasbiga qaytishni xohlaydi. Shu maqsadda u oxirgi xatini Fransiya dengiz transporti kompaniyasi rahbariga yoʻllaydi. Maktubni esa singlisi Izabelga yozdiradi. Shoir oʻsha kuni tongda 37 yoshida manguga koʻz yumadi:

 

“Hurmatli mudir!

Suvayshga qatnovchi “Afinar” kemasining chipta narxini yozib bera olasizmi? Chunki, kamina tamomila falajlanib qoldim. Shu sababli ham iloji boricha tezroq kemaga yetib olishni istayman. Xodimlaringizga kemaga oʻz vaqtida yetib borishim uchun menga yordam berishlarini topshira olasizmi?

9-noyabr, 1891-yil.

Marsel”.

 

Onore de BALZAK

 

Mashhur Fransiyalik yozuvchi Balzak boʻynigacha qarzga botgani uchun tinimsiz yozishga majbur boʻlgan. Yozuv stolidagi bedor kechalar uni butunlay holdan toydiradi. Doʻsti Teofil Gotega yozgan maktubini umrining soʻnggi kunlarida unga kotibalik qilgan rafiqasi Hanska koʻchirgan boʻlsada, oxirgi jumlani Balzakning oʻzi bitgandi:

 

“Azizim Teofil!

Menga boʻlgan eʼtiboringiz uchun chin yurakdan minnatdorman. Soʻnggi tashrifingizda uyda boʻlmaganim ahvolim yaxshiligini anglatmaydi. Shifokor tashqariga chiqishimni taqiqlagan boʻlsa ham bojxonadan baʼzi narsalarimni olishga ketgandim. Bronxit va jigarimdagi ogʻriq asta-sekin kamayib bormoqda, ammo baribir hali na yoza, na oʻqiy olaman. Shifokorning aytishicha, harakatlanishim mumkinmas, bir soʻz ham aytmay yotishim, dam olishim kerakmish. Keyingi safar kelishni ixtiyor qilsangiz, iltimos, oldindan bir ogʻiz aytib qoʻying, toki koʻpdan beri koʻrmagan doʻstimni koʻnglimdagidek kutib olay.

Yaxshi koʻruvchi doʻstingiz.

20-iyul, 1850-yil.

Parij”.

 

Pol VALERI

 

Pol Valeri soʻnggi maktubini oʻlimidan bir necha kun avval noshir va yozuvchi doʻsti Jan Volega yoʻllagan:

 

“Aziz doʻstim!

Ochigʻi, kechagi azoblarim takrorlanishini xohlamadim. Shuning uchun shifokorlar ogʻriq qoldiruvchi dorilarning dozasini biroz oshirishdi. Bugun nisbatan yaxshiman. Boshdan-oyoq sovuq qotyapman, biroq dahshatli titroqlar toʻxtadi. Sizga kasallik emas, boshqa narsalar haqida yozmoqchi edim, afsuski, hali holatim yaxshilanmadi. Ajoyib tuhfa yuboribsiz. Bunday hadyani sizdek olijanob insondangina olish mumkin. Juma kuni eeling, kutaman. Umid qilamanki, biznikiga tashrif buyurganingizda meni komada koʻrmaysiz. Qachon koʻrishar ekanmiza? Qarang, naqadar badbaxtman!

Ammo baribir ming shukr! Hammasi uchun rahmat!

6-iyul,1945-yil”.

 

Viktor GYUGO

 

Jahonga mashhur yozuvchi Viktor Gyugo oʻzining soʻnggi maktubini unga asarini yuborgan Charlz Franju ismli muallifga yozgan:

 

“Hurmatli Charlz!

Kitobingiz hissiyotga boy, taʼsirchan va sodda yozilibdi. Boshidan oxirigacha diqqat va katta qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Nimasini yashiray, oʻqirkanman, koʻz yoshlarimni tiyolmadim. Sezilib turibdiki, asarni chin yurakdan, sunʼiylikdan yiroq holatda yozgansiz. Bu muvaffaqiyatga erishishning eng bosh omillaridan sanaladi. Bu yoʻlda jasorat bilan olgʻa yuring. Shubham yoʻq, siz isteʼdodlisiz!

20-mart, 1885-yil.

Parij”.

 

Rayner Mariya RILKE

 

 

Taniqli avstriyalik shoir Rayner Mariya Rilke soʻnggi maktubini oʻlimidan bir necha kun oldin birinchi muhabbati boʻlgan, rossiyalik psixoanalitik va yozuvchi Lu Salomega joʻnatgan:

 

“Azizim, iltimos, hassos borligʻimning oqibati shu ekan, deb oʻylama tagʻin. Endi u bu xastalikdan qanday qutulish yoʻlini bilmaydi. Yaxshi bilasan, kamina sogʻlom vujud va hayot uchun oʻzini hamisha jismonan azoblagan. Ammo bu ogʻriqlar umuman boshqa, ular bugun vujudimni tamomila ishgʻol qildi. Ochigʻi, chidash mushkul. Xoʻsh, u yoqda vaziyat qanday? Negaligini bilmayman, ammo oxirgi paytlar boshim uzra qora bulutlar suzib yurganini his qilyapman.

Muhabbat bilan sening Raynering!

13-dekabr, 1926-yil

Montro”.

 

Toʻplovchi va tarjimon:

Rahmat BOBOJON

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 168
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 523
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 303
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 468
Kelajak bor

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 901
Ko‘rpacha



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 232659
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112494
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 64978
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 54879
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49328
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39027
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 38006
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 36546
“Avesto”

//