Bilasizmi?
Mahalliychilik – mahalliy manfaatlarni ko‘zlab ish tutish; milliy va umumdavlat manfaatlarini hisobga olmay, ularga zarar keltiruvchi, tor mahalliy manfaatlar doirasida faoliyat yuritish. Mahalliychilik aslida qadimgi va o‘rta asrdagi milliy tarqoqlik davriga xos bo‘lsa-da, muayyan shakllarda hozirgi zamon jamiyatlarida, ayniqsa, milliy manfaatlarining ustunligini to‘liq anglab yetmagan, birlikka erishmagan xalqlarda ko‘proq saqlanib qolgan. Sobiq ittifoqdagi hukmron mafkura mahalliychilik ildiz otishi uchun qulay sharoit yaratdi. Mustabid tuzum parchalanib, asoratga tushgan xalqlar endilikda o‘z milliy davlatlarini tuzib, yangi jamiyat qurishga kirishdilar. Mulk o‘zining haqiqiy egasini topmoqda, davlat manfaatlarini himoya qilish ustuvor va dolzarb bo‘lib qoldi. Ana shunday sharoitda mahalliychilik o‘zining butun salbiy xususiyatlari bilan yaqqol namoyon bo‘ladi. Mahalliychilik etnik-mintaqaviy fikr yuritishning ko‘rinishi bo‘lib, milliy o‘zlikni anglashdan mintaqaviy o‘zlikni anglash ustunlik qilgan sharoitlarda ildiz otadi. Mahalliychilik tamoyilining kuchayishi mintaqalarning o‘zini o‘zi chegaralab qo‘yishga, tarkib topgan xo‘jalik aloqalarining kuchsizlanishi va parchalanishiga, binobarin, mintaqaning iqtisodiy jihatdan tanazzuliga olib kelishi mumkin. Mahalliychilik davlatning yaxlitligiga ryeal xavf tug‘diradi. Mustaqil O‘zbekistonda huquqiy, demokratik jamiyat asoslari mustahkamlanib, turli soha, tarmoqdagi subyektlarning erkinligi oshib borgan sari mahalliychilik ham barham topib boradi.
Tarixiy taraqqiyot yangi jamiyatni qurish uchun, avvalo, odamlar tafakkurini o‘zgartirish, mustaqil fikrlaydigan avlodni tarbiyalash zarurligini yaqqol ko‘rsatdi. Ayni vaqtda kelajagi buyuk davlat qurishga to‘siq bo‘layotgan mahalliychilik illatidan xalos bo‘lish va yagona maqsad atrofida, ya’ni adolatli, demokratik jamiyat barpo etish yo‘lida birlashish dolzarb vazifa hisoblanadi. Ma’lumki, xalqimizda oila va qarindoshlik munosabatlari ma’naviy qadriyatlarning muhim manbai sanaladi. Kattalarni hurmat qilish, o‘zaro yordamlashish, kelajak avlod haqida g‘amxo‘rlik qilish hamisha uning asosiy qoidalari bo‘lib kelgan. Afsuski, bu qadriyatlarga ham sovet davrida jiddiy putur yetdi. Mazkur tuzum xususiy tadbirkorlikni taqiqlab, “yaqinlarini qo‘llash”ga qarshi kurash bahonasida oilalardagi va qarindosh-urug‘ ichidagi kasbiy ko‘nikmalarning meros bo‘lib o‘tishini yo‘qqa chiqardi. Natijada bu ko‘nikmalar va axloqiy me’yorlar to‘siqqa uchradi. Urug‘-aymoqchilik va oshna-og‘aynigarchilikning ijtimoiy buzuq shakllari yuzaga kela boshladi. Shu bilan birga, qarindoshlarning o‘zaro yordami ba’zi hollarda jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiradigan tanishbilishchilik, mahalliychilikka aylanib ketdi. Istiqlol yillarida bu kabi salbiy illatlarning yangi jamiyat qurishning demokratik mezonlariga zid ekani anglab yetildi. Bugungi kunda xalqimizning maqsad-muddaolariga to‘g‘ri kelmaydigan salbiy qusurlardan xalos bo‘lish choralari ko‘rilmoqda. Ayniqsa, bu borada sog‘lom demokratik jarayonlar muhim o‘rin tutmoqda. Demak, yosh avlodni turli ma’naviy tajovuzlardan himoya qilish haqida gapirganda, nafaqat xalqimizni ulug‘laydigan yuksak fazilatlar, shuningdek, uning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, eski zamonlardan qolib kelayotgan noma’qul odatlarni bartaraf etish zarurligini ham esdan chiqarmaslik lozim. Bu borada, birinchi navbatda, qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik va manfaatparastlik kabi illatlardan jamiyatimizni tozalash o‘ta muhim masala bo‘lib, u keng jamoatchiligimiz, ayniqsa, ziyolilar, olim va adiblar, san’at va madaniyat ahli, o‘z faoliyatini ma’naviyat sohasiga bag‘ishlagan barcha insonlarning diqqat markazida turishi va mas’uliyatiga aylanishi zarur.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q