Ma’rifatparvarlik


Saqlash
20:07 / 26.07.2023 0 1530

Ma’rifatparvarlik – jamiyat hayoti, uning ma’naviy-ma’rifiy sohalarida namoyon bo‘ladigan jaholatga, ijtimoiy-siyosiy johillikka zid bo‘lgan ijtimoiy-falsafiiy va ommaviy-demokratik harakatlarni ifodalovchi tushuncha. Uning maqsadi muayyan jamiyat hayotini g‘oyaviy johillik va mafkuraviy zo‘ravonlikdan, jaholatparastlikdan ozod etib, erkin tafakkur, ilg‘or ma’rifiy faoliyat orqali taraqqiyotning barcha zarur moddiy va ma’naviy yutuqlariga erishishdir. Gʻarbda XVIII asrga kelib ma’rifatparvarlik harakatining Fransiyada boshlanishi jamiyatning tub o‘zgarishlar uchun yetilganidan dalolat berar edi. Gʻarbda “Ma’rifatparvarlik” atamasi birinchi bor XVIII asrda ingliz shoiri J.Miltonning “Yo‘qotilgan jannat” dostonida qo‘llangan bo‘lsa ham, u mutlaq qirollik tartibotlari mutlaqlashgan Fransiya zaminida amaliyotga kiritildi. Shuning uchun ham ma’rifatparvarlik harakatining tarixiy chegaralari “Davlat bu – men” deyishgacha borib yetgan Lyudovik XIV davridan boshlab, fransuz burjua inqilobigacha (1789) bo‘lgan tarixiy davrni qamrab oladi. Demak, Ma’rifatparvarlik atamasi xuddi shu davrga nisbatan qo‘llanadi.

 

Ma’rifatparvarlik g‘oyasining falsafiy asosi his-tuyg‘u (sensualizm) va ikki asllik (dualizm) qarashlaridan iborat bo‘lib, birinchisi ma’rifatparvarlik harakatining boshlanish davrida, ikkinchisi keyingi yillardagi rivojlanish jarayonlarida ko‘proq ahamiyat kasb etgan. Ma’rifatparvarlik harakatiga De Sent-Evremon, A.Bulenvile, Beyl, Melye kabi taniqli allomalar asos solgan bo‘lib, keyinchalik Volter, Monteskye, Kondilyak, Lametri, Golbax, Didro, Gelvesiy, Russo, Byuffon kabi zabardast tafakkur egalari tomonidan rivojlantirilgan. Ular ma’rifatparvarlik tamoyillarini butun Yevropa bo‘ylab keng tarqalishiga va ommalashuviga muvaffaq bo‘ldi. Ma’rifatparvarlik g‘oyalari “ma’rifat asri”dan keyin ham keng tarqalib, ijtimoiy-siyosiy, milliy-ozodlik harakatlarining muhim omili bo‘lib xizmat qildi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy harakatlarini g‘oyaviy-ma’rifiy tayyorlab bergan va ularni ruhlantirib turgan ma’rifatparvarlar orasida Zavqiy, Muqimiy, Furqat, Avaz O‘tar o‘g‘li, Ahmad Donish, M.Behbudiy, Munavvar qori, A.Fitrat, A.Cho‘lpon, Hamza, Abdulla Avloniy, Tavallo kabi siymolarni e’tirof etish lozim. O‘zbekistonda millat ozodligi va yurt farovonligi yo‘lida mardona kurashgan, bu yo‘lda ko‘p qurbonlar bergan jadidlar harakati ma’rifatparvarlikning yorqin ifodasi edi. Shuningdek, ma’rifatparvarlik insoniyatning bir jamiyatdan ikkinchi jamiyatga, bir tarixiy davrdan boshqa tarixiy davrga o‘tishi muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaning eng yetuk, ongli, oq-qorani tanigan, fidoyi, elim deb, yurtim deb yashovchi, uzoqni ko‘zlovchi ma’naviyatli siymolari ma’rifatparvarlik bilan shug‘ullanadi. Ma’rifatparvarlar odatda davr uchun, jamiyatning buguni va kelajagi uchun muhim bo‘lgan g‘oyalarni ko‘tarib chiqadi va shu g‘oyani amalga oshirish uchun izchil kurash olib boradi. Har bir davrning o‘z ma’rifatparvarlari bo‘ladi. Masalan, Ahmad Donish 1869 yilda, ya’ni yurti vassalga aylantirilgan davrda “Biz – o‘zbeklar qachongacha g‘aflat uyqusida yotamiz, qachon qoloqlikdan qutulamiz”, deya fikr yuritgan. Bu qoloqlikdan qutulish yo‘lini u ma’rifatda ko‘radi, xalqni ma’rifatli bo‘lishga chorlaydi. Keyinroq boshqa ma’rifatparvarlar ham shu g‘oyani o‘z asarlarida ilgari surganlar.

 

XIX asrning oxiri va XX asrning boshida vujudga kelgan jadidchilik harakati vakillari bu borada ibratli ishlarni amalga oshirganlar. Ular 1906 yildan boshlab, Turkistonda “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Tujjor”, “Samarqand”, “Oyina”, “Buxoroyi Sharif”, “Umid” kabi gazeta va jurnallar chiqarganlar, bosmaxona va nashriyotlar, kutubxonalar, teatrlar, yangicha maktablar ochganlar, xayriya jamiyatlarini tuzganlar, o‘tmish madaniyatimizni, tariximizni targ‘ib qilish bilan birga olamshumul yangiliklarni ham ommaga yetkazishga harakat qilib, dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallashga da’vat etganlar. Ma’rifatchilar xalqni milliy uyg‘onishga da’vat etib, “Najot – ilmu irfonda” deb bilganlar, xalqni ma’naviyat yo‘liga boshlashga harakat qilganlar. Ammo chor istilochilari va sobiq ittifoq davri bunga imkon bermadi. Mamlakatimizda ma’rifatparvarlikning keng quloch yoyishi uchun faqat istiqlol yillarida keng imkoniyat yaratildi. Mustaqillikka erishish munosabati bilan O‘zbekistonda ma’rifatparvarlikning yangi davri boshlandi. Xalqimiz tarixidagi ma’rifatparvarlikka yo‘nalgan harakatlar istiqlol davrida siyosatning bosh g‘oyasiga aylandi. Eng avvalo, tarixiy-madaniy merosimiz, uning asosini tashkil etgan yurt va millat ravnaqi, iftixori uchun xizmat qilgan, mustabid tuzum davrida nomi qoralangan an’analarimiz, moddiy, madaniy va ma’naviy yodgorliklarimiz, yurtimizdan yetishib chiqqan va nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoga dovrug‘ taratgan ilm-fan, davlat va din namoyandalari, ularning Vatanimizga ko‘rsatgan xizmatlarini xalq ongiga singdirishga e’tibor berildi. Shu kabilarni targ‘ib qilish vositasida vatanparvarlik, xalqparvarlik, istiqlolga sadoqat, qiyinchiliklarga sabr-toqatlilik, taraqqiyotga intilish, zamon talablariga muvofiqlik, turli-tuman tahdidlarga bardoshlilik tuyg‘ularini jonlantirish, xalqni mustabid tuzumning qullik tafakkuridan xalos qilishga katta ahamiyat qaratildi.

 

XX asr boshlaridagi ma’rifatparvarlikka yo‘naltirilgan individual harakatlar asr so‘ngida davlat va hukumat faoliyatining bosh g‘oyasiga aylandi. Mustaqillik davri ma’rifatparvarlikining ikkinchi bosqichi XX asrning 90-yillari o‘rtalarida ma’rifat vositalari va o‘choqlarini har tomonlama zamonaviylashtirishga qaratilgan qonunlar va dasturlarning ishlab chiqilishi va amalga tatbiq etilishi bilan boshlandi. Mazkur qonunlar va dasturlar asosida jamiyatning madaniy ko‘rinishida katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Birgina ta’lim tizimini isloh qilish va barcha sohalarda bilimli, ilg‘or zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash borasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi. Ma’rifatparvarlikni yuksaltirishning uchinchi, eng og‘ir va davomli bosqichi yangi asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda davlat va hukumat tomonidan mustaqil mamlakatga mos tarzda shakllanib bo‘lgan ma’rifiy dunyoqarash, uning huquqiy asoslari va amaliy vositalarini davomli ravishda modernizatsiyalashga keng e’tibor qaratildi. Buni bugungi kunda ta’lim tizimini ilg‘or texnologiyalar bilan boyitish, zamonaviy inshootlar bilan ta’minlash, ilm-fan manbalarini doimiy yangilanib borishi, ijodiy, ilmiy salohiyatni namoyon qilishga keng imkoniyatlar yaratilishi, tadbirkorlik va tashabbuskorlikning rivojlantirilishiga har tomonlama sharoitlarning kengaytirilishi kabilarda yaqqol ko‘rish mumkin. Ma’rifatparvarlikni istiqlol davri, milliy g‘oya uning asosiy tushuncha va tamoyillari orqali shakllantirish borasida ma’naviy-madaniy hayotning barcha sohalarida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Ilm-fan, madaniyat va san’at sohasida ilmiy tadqiqod ishlari bilan bir qatorda istiqlol davri, uning keng imkoniyatlarini, mohiyatini aks ettiradigan, davr va millat qaxramoni, uning xususiyatlarini ko‘rsatuvchi asarlar yaratildi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi ziyolilarga – ilm-fan, adabiyot va san’at namoyandalariga erkin ijod qilish, xalq ruhini chuqur his etish orqali yuksak saviyada asarlar yozish imkonini berdi. Mustaqillik davri ma’rifatparvarligining muhim xususiyati shundaki, unda bunyodkorlik, ezgu ishlar, Vatan ravnaqi yurt tinchligi, diniy bag‘rikenglik tushunchalari nafaqat nazariy, ayni paytda, amaliy jihatdan yaxlit tarzda o‘z ifodasini topmoqda. Ma’rifatparvarlik turli pog‘ona va darajalarda, tamoyillar asosida yuksalib bormoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25252
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21798
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//