Bilasizmi?
Ma’naviyatshunoslik – O‘zbekiston ta’lim tizimida keyingi yillarda shakllangan yangi yo‘nalishlardan biri. Ma’naviyatshunoslikning maxsus bilim sohasiga aylanishi mamlakatimiz hayotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, kishilarning ongi va tafakkurida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, dunyoqarashning yangilanishi bilan bog‘liq jarayonning tarkibiy qismidir. Ushbu fan qamrab oladigan bilimlarning shakllanish jarayoni insoniyatning o‘zi kabi qadimgi ekanligi shubhasiz. Ma’naviyatni tashkil etuvchi axloq, nafosat, ruhiyat, g‘oya, mafkura, madaniyat va ma’rifat kabi sohalar bilan bog‘liq masalalar tahlili qadim zamonlardan boshlangan. Lekin, ko‘pchilik shu paytga qadar ana shu juz’iy sohalarning o‘zi ham ma’naviyatni to‘la-to‘kis aks ettiradi, uning nima ekanini ular timsolida bilib olish mumkin, binobarin bu keng miqyosli tushunchani maxsus fan doirasida tadqiq etish shart emas, degan bir yoqlama qarash bilan kifoyalanib yurar edi. Ma’naviyatshunoslikning alohida va maxsus o‘quv fanlari tizimiga aylanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi tasavvur va tushuncha ham ana shunday qarashlarning natijasi edi. Bu esa sobiq ittifoq davrida yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlarning bir-biri bilan uzviy aloqadorligiga yetarli e’tibor berilmasligi, ularning har biri bo‘yicha alohida fanlar o‘qitilishiga sabab bo‘ldi. Ma’naviyatni yaxlit hodisa sifatida talqin eta olmaslik, u to‘g‘risida umumiy tasavvur hosil qilish, umumiy dunyoqarash va tafakkurni shakllantirish imkonini bermas edi. Bugungi kunga kelib ahvol tubdan o‘zgardi, istiqlol yillarida bu soha jadal rivojlandi, alohida ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishga aylandi. Mazkur yo‘nalishning mustaqil ilmiy tadqiqod sohasi va o‘quv fani sifatida o‘z o‘rnini topayotgani uning tadqiqot obyekti, mavzulari va tushunchalarining umumiy tizimi tobora yaqqolroq aniqlashayotganidan dalolat beradi. Ayni holda ma’naviyatshunoslikning “Ma’naviyat” tushunchasidan boshqa “Axloq”, “Madaniyat”, “Qadriyat”, “Ma’rifat”, “Gʻoya”, “Mafkura” kabi asosiy universal kategoriyalarini mazkur yo‘nalish nuqtai nazaridan ilmiy tavsiflash yo‘lidagi izlanishlar davom etayotganini qayd etish mumkin.
Hozirgi davrda ko‘pchilik aksariyat fanlarning nomlari chetdan kirib kelishiga o‘rganib qolgan. Ammo “Ma’naviyatshunoslik” bilan bog‘liq bugungi amaliyot bundan keskin farq qiladi. Bizning mamlakatimizda bu sohada mustaqil fanning shakllanishi uchun barcha nazariy va metodologik asoslar yaratilgan. Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishdagi fanlarni ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha muayyan tajriba to‘plandi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlanmoqda, qator oliy o‘quv yurtlarida kafedralar tashkil qilingan. Bugungi kunda ushbu fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar nashr qilinmoqda. Mazkur soha ilmiy tadqiqodning maxsus yo‘nalishga aylanmoqda. Ma’naviyatshunoslik fanlari tizimining tarkibiy qismlari sifatida g‘oyashunoslik (ideologiya), qadriyatshunoslik (aksiologiya), axloqshunoslik (etika), nafosatshunoslik (estetika), madaniy va ijtimoiy ruhshunoslik, dinshunoslik va madaniyatshunoslik (kulturologiya) kabilarni ko‘rsatish mumkin. Ammo bundan ma’naviyatshunoslik ana shu sohalarni o‘rganuvchi xilma xil fanlar yig‘indisidan iborat degan xulosaga kelish masalani oddiy va jo‘n tushunishdir.
Avvalo, ma’naviyatshunoslik – bu ma’naviyat tarixi, nazariyasi, amaliyoti, falsafasi va sosiologiyasining umumiy majmuidir. Uning negizini tashkil etuvchi soha va yo‘nalishlardan qat’i nazar, bu yerda gap ma’naviyatshunoslikning integrativ, ya’ni umumlashtiruvchi fan sifatidagi murakkab tizimi haqida bormoqda. Shu bilan birga, jamiyatdagi axloq talablari, urf-odatlar va an’analar, ularning amaliyoti, odamlarning hayot kechirishi va turmush tarzini belgilaydigan ma’naviy tamoyillar va mezonlar ham ma’naviyatshunoslikning asosiy mavzulari qatoriga kiradi. Ma’naviyatshunoslikga doir bilimlarning insonni anglash bilan bog‘liq ana shu jihati ayniqsa muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u ta’lim va maorif tizimida bu fanga nisbatan talab va ehtiyojni belgilaydi.
Mamlakatimiz ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan ma’naviyatshunoslik bo‘yicha o‘quv fanlari ko‘plab muhim vazifalarni bajaradi. Ular jamiyat va insoniyat hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni ma’naviyat nuqtai nazaridan baholash, shu sohadagi qonun-qoidalar, tushuncha va tamoyillarning mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish imkonini yaratadi.
Mazkur fanlarning muhim xususiyatlaridan biri hozirgi zamondagi ijtimoiy jarayonlar, davrning o‘zi kun tartibiga qo‘yayotgan yangi vazifalar va ma’naviy muammolarning mazmun-mohiyatini anglab yetish, bu sohadagi bilimlarni hosil qilishga qaratilgan. Ushbu fanning muhim muammolarini, ma’naviyatning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish bosqichlarini, namoyon bo‘lish shakllarini chuqur bilib olish bu sohada ilmiy dunyoqarashning vujudga kelishiga, yoshlarning bugungi amaliyot uchun zarur bo‘lgan qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga yordam beradi. Ma’naviyatshunoslikga doir turli yondashuvlarni rang-barang hodisalar va ijtimoiy jarayonlarni bilishning samarali vositalaridan biri sifatida o‘zlashtirish jamiyatni demokratlashtirish va yangilashga xizmat qiladigan ma’rifiy tadbirlar va ma’naviy tarbiya bilan bog‘liq ustivor vazifalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Ma’naviyatshunoslikni o‘qitishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashdan iborat. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda kadrlar tayyorlash borasida qo‘yilayotgan asosiy vazifalardan biridir. Ana shu vazifalarni bajarish jarayonida ma’naviyatshunoslik asrga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa ushbu sohaga e’tiborni yanada kuchaytirdi. Ma’naviyatshunoslik fani doirasida ma’naviy savodxonlik, qonunga itoatkorlik, davlat tizimiga hurmat, fuqarolik burchiga sadoqat kabi mavzular, shaxs ma’naviyatini rivojlantirish omillari va vositalariga ham alohida ahamiyat qaratiladi.
Xullas, “Ma’naviyatshunoslik” tushunchasiga turli nuqtai nazarlardan yondashish mumkin. Lekin shu narsa aniqki, u doimo inson va jamiyatga daxldor bo‘lgan umumijtimoiy hodisa – ma’naviyat sohasining qonun va talablari, tushuncha va tamoyillari, uning o‘ziga xos xususiyatlari va namoyon bo‘lish shakllarining mazmun-mohiyatini ifodalaydigan fan va ilmiy yo‘nalish sifatidagi ahamiyatini saqlab qolaveradi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q