Ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligi


Saqlash
22:07 / 25.07.2023 0 917

Ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligi1) ma’naviyatning shakllanishi, tarixiy taraqqiyot jarayonida tadrijiy tarzda takomillashuvi, insoniyat hayoti va ijtimoiy munosabatlarida qaror topib borishi va namoyon bo‘lishi; 2) ma’naviyatning har bir davr va sharoitda ijtimoiy turmush talab-ehtiyojlarini o‘zida ifoda etgan g‘oyaviy kuch sifatida yangilanib, ijtimoiy taraqqiyotning kundalik talablariga moslashgan holda namoyon bo‘lishini ifodalovchi tushuncha. Kishilik jamiyati tarixida ma’naviyatning zamonaviylashuvi modern deyiladi. Jamiyat ijtimoiy taraqqiyotida yuz beruvchi uzluksiz o‘zgarishlar ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligining asosiy manbai va garovidir. Shu ma’noda, ma’naviyat insonning o‘zligini anglashi bilan boshlangan va doimo sodir bo‘ladigan ma’naviy komillik sari intilishidir. Bu hol har bir tarixiy davrda xalq va millatning o‘ziga xos ma’naviyatining shakllanishiga olib keladi.

 

Ma’naviyatning tadrijiy taraqqiyotini mutaxassislar tomonidan davrlashtirishning quyidagi umumiy tamoyili qabul qilingan:

1. Qadimgi ma’naviy taraqqiyot.

2. O‘rta asrlar davri ma’naviyati.

3. Yangi davr ma’naviyati.

4. Bugungi istiqlol davridagi ma’naviy jarayonlar va o‘zgarishlar bu sohadagi zamonaviylikni ifodalaydi.

 

Ma’naviyatning takomil bosqichlari shartli bo‘lsa-da, ular orasida o‘zaro aloqadorlik va vorisiylik mavjudki, har bir davrda ma’naviyat kishilik jamiyati taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilgan va avloddan avlodga eng ilg‘or g‘oya va odat, marosimlarni meros qoldirgan “Avesto” va zardushtiylik davri qadimgi odamlar ma’naviyatida animizm, fetishizm, totemizm, magiya kabi qabilaviy dinlarga xos jihatlarni o‘zida mujassam etadi. O‘sha zamon qadriyatlari xalq og‘zaki ijodi, afsona va rivoyatlarda, dehqonchilik va chorvachilik an’analarida, urf-odat va rasm-rusumlarida o‘z aksini topgan ma’naviyat shakllari tarzida namoyon bo‘ladi. Bu davr ma’naviyati keyinroq milliy va jahon dinlari, ilm-fan, adabiyot va san’at rivoji uchun asos bo‘lgan. Bu esa keyinroq yangi davr jahon ma’naviyatining yuksak taraqqiyotini ta’minladi. Shu tariqa ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligi jarayonlari vujudga keldiki, ushbu jihat bugungi milliy ma’naviyatimizning shakllanishida hamda uning takomil bosqichida ajdodlarimiz merosining o‘rni beqiyos ekanligini ko‘rsatadi. Ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligi bilan bog‘liq qonuniyat shundan iboratki, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot natijasida ma’naviyatning shakllari muayyan xalq tomonidan yaratilib, tarixning har bir bosqichida ajdodlar qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarning ijobiy qirralari bilan boyitilib, avloddan avlodga uzatiluvchi qadriyatlar tizimini tashkil qiladi. Masalan, o‘rta asrlarda Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy singari buyuk daholar tomonidan yaratilgan ma’naviyat namunalari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband kabi allomalarning islomiy qadriyatlar mag‘zi bilan yo‘g‘rilgan ma’naviy meroslari mintaqa xalqlari tafakkurining shakllanishi va rivojlanishida taraqqiyotimiz poydevoriga muhim manba bo‘ldi. Xalqimiz ko‘p ming yillik tarixiy taraqqiyot jarayonida bugun biz yashayotgan zaminda asta-sekin taqdirning zalvorli sinovlariga dosh berib, o‘z ma’naviy borlig‘ini namoyon eta olgan. Uning shakllanish jarayoni insoniyatning eng qadimiy davriga borib taqaladi.

 

Bu boradagi ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligi shundaki, uning o‘ziga xos tarixiy ildizlari bo‘lib, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida ma’naviy-madaniy omillarning ustuvorligi xalqimizning ushbu hududda ma’naviy madaniyatini rivojlantirishga, shu bilan bir qatorda, tarixning muayyan bosqichida qudratli davlatchilikni shakllantirib, mintaqada ijtimoiy siyosiy institutlarni qaror toptirishga olib keldi. Milliy ma’naviyatdagi takrorlanmas xususiyatlar ham xalqimizning ushbu zaminda qadimiy ildizlarga ega ekanligidan dalolatdir. Darhaqiqat, tarixiy tajriba asosida mushohada etadigan bo‘lsak, ushbu zaminda millatimizning ildizlari chuqur va baquvvat bo‘lmasa edi, tarixning siyosiy sahnasida yirik davlatlar tuzib, aholini ma’naviy yuksalish sari yo‘naltira olmas edi. Mashhur nyemis faylasufi Gegel iborasi bilan aytganda, “Har bir davlat qurilishi ma’lum xalq milliy-ma’naviy mehnatining mahsuli, uning o‘zligini namoyon etish va ma’naviy onglilik darajasi rivojining pillapoyasidir”. Milliy davlatchilik bilan bog‘liq ana shu tamoyil ma’naviyatning tadrijiy xarakterga ega ekanligini belgilovchi omillardan biridir. Masalan, Sohibqiron Amir Temur tomonidan asos solingan buyuk imperiya – bir tomondan, milliy davlatchilikning real hayotdagi ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, u yuksak ma’naviyat rivojini ta’minladi. Bunday bunyodkorlik tamoyili ma’naviyatning tarixiyligini ta’minlab, avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotganligi quvonarlidir. Ma’lumki, ezgu g‘oyalarga, ma’naviy merosga, an’analar va zamonaviy talablarga asoslanmagan har qanday davlat tizimi uzoqqa borolmaydi. Shu bilan birga, u muayyan vaqt talab etadigan, asta-sekinlik bilan shakllanib boradigan murakkab tarixiy jarayondir. Yillar mobaynida tarixchilar xal qimizning milliy davlatchilik bilan bog‘liq an’analarini turlicha baholashdi. Sobiq tizim mafkurachilari ushbu tarixni deyarli inkor etar edilar. Haqiqiy ilmga aloqasi bo‘lmagan, g‘arazli siyosiy maqsadga bo‘y sundirilgan bunday nuqtai nazar butun bir mintaqa taraqqiyotiga asos bo‘lgan, unga zamin yaratgan, shart-sharoit tug‘dirib bergan davlatchilik tajribalarini, milliy ma’naviyatimizning tarixiy ildizlarini ataylab tan olmas edi. Aslida esa qadimdan Sharq milliy davlatchiligida axloq, ma’naviyat, komillik va adolat asosiy mezon qilib olingan. Insonparvarlik, ezgulikni himoya qilish, madaniyatni rivojlantirish hamma vaqt, har qanday sharoitda ham muhim soha sifatida qaralgan. Shuning uchun ham aynan ana shu zaminda insoniyat tarixida burilish yasagan va katta ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan ma’naviyat yaratilib, avloddan avlodga uzatilib, boyitib va takomillashtirib kelingan. O‘zbek davlatchiligi va qonunchiligi tarixi juda boy va qadimiy bo‘lib, u miloddan avvalgi 3–4 mingyilliklardayoq shakllangan. Tabiiyki, davlatchilik qaror topgan joyda uning o‘ziga xos ehtiyojlaridan kelib chiqqan qonunchiligi, tartib va tamoyillari ham vujudga keladi. Bu jarayon ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida xalq dunyoqarashi, ma’naviy-ruhiy ehtiyoji bilan birga mavjud axloqiy qoidalar, demakki, ma’naviy tamoyillar bilan uyg‘unlashib ketgan. Masalan, Imom Burxoniddin Marg‘inoniyning 53 kitobdan iborat “Hidoya” asari ma’naviyatimizning tarixiy asoslari orasida alohida o‘rin tutadi. Mazkur asardan o‘rin olgan fikh ilmi – huquqshunoslikka doir qator ko‘rsatmalar, qonunlar, xulosalar va fikrlar bu fikrni yaqqol isbotlaydi. Keyinroq butun Sharq davlatchiligi ayni shu qonuniyatlarga tayanib, boshqaruv usullarini joriy qilganligi ham xalqimiz ma’naviyatining tarixiyligini ko‘rsatuvchi omildir. Sohibqiron Amir Temur ham ana shunday an’anaviylik asosida o‘z davlatida nihoyatda aniq va hayotiy qonunchilikni joriy etib, ma’naviy masalalarga asosiy e’tibor qaratgani bejiz emas.

 

Amir Temurning markazlashgan davlat va millat qudratini yuksaltirish uchun ma’naviyat va adolatga asoslangan saltanatga asos solishi, Mirzo Ulug‘bekning fan va madaniyat ravnaqi, Alisher Navoiyning adabiyot va san’at, ilm va hunar ahliga rahnamoligi, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa temuriyzodalarning turli din va mazhabdagi xalqlarni birlashtirib, insonparvar jamiyatni vujudga keltirish yo‘lidagi tajribalari bugungi kunda faxr hissini uyg‘otadi. Buyuk ajdodlarimiz yashagan bu ko‘hna zaminda qadim-qadimdan buyon hur fikr qadrlanganligi, fan va madaniyat, adabiyot va san’atning naqadar ravnaq topganida ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligini yaqqol ko‘rish mumkin. Fikr erkinligi tufayli buyuk ajdodlarimiz jahonshumul asarlar yaratganlar. Ular qoldirgan meros, jamiyat a’zolari ma’naviyatini yuksaltirish bilan bog‘liq intilish va harakatlar tarixiy taraqqiyot jarayonida avloddan avlodga o‘tib kelgan. Bular albatta, ma’naviyatning tarixiy xarakterga ega ekanligini ko‘r satadi. XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida jahon hamjamiyati rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Texnik taraqqiyotning yanada yuksalishi boshqa sohalar qatori ma’naviy sohaga ham o‘zining chuqur ta’sirini ko‘rsatdi. Axborot olish va uzatish vositalarining zamonaviylashib borishi ma’naviyat sohasida ham bugun XX asr an’analari bilan yashab bo‘lmasligiga sharoit hozirlamoqda. O‘tgan asr boshlarida shaxs dunyoqarashiga har bir xalqqa xos umumiy ma’naviy qadriyatlardan tashqari kitoblar, gazeta va jurnallar katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, asr o‘rtalariga kelib ma’naviyatga ta’sir ko‘rsatishda TV va radio muhim rol o‘ynay boshladi. Asr so‘ngida esa kompyuter, Internet va boshqa elektron axborot uzatish vositalari bu ta’sirni yangi bosqichga olib chiqdi.

 

Inson manfaatlarini himoya qilish, inson erkini ta’minlash g‘oyalari zamirida keng tarqalgan demokratlashtirish jarayonlari qator ma’naviy unsurlarning o‘z tarixiy shakllarini o‘zgartirishiga, zamonga muvofiqlashishiga va integrasiyalashuviga sabab bo‘lmoqda. Butun dunyo ahlini qamrab olgan global iqtisodiy jarayonlar ham tarixiy ma’naviy munosabatlarning unga muvofiq holda yangilanib borishiga asos bo‘lmoqda. Ma’naviyatga ta’sir etuvchi ushbu omillarning kuchayib borishi, inson taraqqiyoti bilan birga uning tarixiy asoslariga tahdid va tajovuzlarni ham vujudga kel tirmoqdaki, bu tahdid va tajovuzlar oxir-oqibatda alohida milliy birliklarga xos madaniyat, ma’naviyat, har bir millatning o‘ziga xos ma’naviy ko‘rinishiga barham berish yo‘lidan rivojlanmoqda. Darhaqiqat, millatga xos ma’naviyat uning asrlar davomida orttirgan tajribalarining mahsuli ekan, undan voz kechish o‘zligini yo‘qotish bilan barobardir va aksincha, uni zamonga muvofiq tarzda rivojlantirish tarixiy evolyutsion taraqqiyot tamoyillariga mos keladi. Shundagina ma’naviyat har bir davrda o‘zining tarixiyligi va navqironligini saqlay oladi. Yangi asrga o‘tish arafasida dunyo xalqlari ma’naviyatidagi ko‘plab tarixiy an’analar, urf-odatlar, umuman, madaniy unsurlar o‘rnini texnik taraqqiyot bilan bog‘liq ravishda vujudga kelgan zamonaviy an’analar egalladi. Hatto, ba’zi rivojlangan mamlakatlarda tarixiy asoslardan uzilib qolgan bunday an’analarni eksport qilish darajasiga borib yetildi va bu ma’naviy jarayonlarning globallashuvi bilan bog‘liq salbiy ko‘rinishlardagi hodisalarni vujudga keltirmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26610
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25251
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24919
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21796
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//