Ma’naviyatning tarixiy ildizlari


Saqlash
20:07 / 25.07.2023 0 2256

Ma’naviyatning tarixiy ildizlari – xalqimizning ma’naviy taraqqiyoti, milliy tafakkur poydevori, xalqimiz ma’naviyatining shakllanishi va takomillashuvi jarayonini ifodalovchi tushuncha. Xalqimiz ma’naviyatining tarixiy ildizlari zaminimizda yaratilgan qadimgi tosh bitiklar, rivoyatlar, afsonalar, hikoyatlar va dostonlarga, ya’ni xalq og‘zaki ijodiga borib taqaladi. Spitamen, Alpomish, Go‘ro‘g‘li, To‘maris va Shiroq to‘g‘risidagi rivoyat va dostonlarda vatanparvarlik, mardlik, do‘stlik, sadoqat, vafo, xalq va yurt ozodligi uchun fidoiylik ruhi badiiy tasvirlangan. Ma’naviyatning tarixiy ildizlari mavzusi diniy dunyoqarashlar va ularning eng qadimgi shakllarida ham o‘z aksini topgan, har bir din o‘ziga xos ma’naviyat tizimini yaratgan. Ana shu dinlarining asosiy kitoblarida muayyan ma’naviy tizimlar o‘z ifodasini topgan. Ma’naviyatning tarixiy ildizlari takomillashib borgani sari, ulardagi ma’naviy tushunchalar tizimi ham yangi qirralarini namoyon qilib boravergan.

 

Ajdodlarimizning qadimgi kitobi “Avesto”da xalqimizning o‘sha davrdagi ma’naviyati, madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlari yoritib berilgan. “Avesto” zardushtiylikning asosiy kitobi bo‘lgani sababli unda bu dinning ma’naviy tushunchalar tizimi ham o‘z ifodasini topgan. Asarda ezgulik, yaxshilik, ma’naviy barkamollik, hurfikrlik, insonparvarlik kabi xislatlar Ahura Mazda qiyofasi orqali ko‘rsatilgan. “Avesto”da yurtimiz zaminida yashagan xalqlarning islomgacha bo‘lgan davrdagi tabiiy-ilmiy qarashlari, ayniqsa, axloqi va ma’naviyatining rivojlanishi tarixiga oid g‘oyat muhim manbalar bor. Markaziy Osiyoda ma’naviyat to‘g‘risidagi qarashlar rivojida VIII–XII asrlar katta ahamiyatga ega. Bu davrda ijtimoiy-siyosiy hayotda muayyan tinchlik hukm surayotgan, islom dini ko‘pgina Sharq xalqlarining umumiy diniga aylangan edi. Qur’oni Karimda ta’riflab berilgan ma’naviyat tizimi xalqlarimiz tarixi va madaniyatiga nihoyatda katta ta’sir ko‘rsatgan. Yurtimizda yashab o‘tgan har bir mutafakkir, alloma ijodida islom dini ta’siri yaqqol sezilib turadi. Shu bilan birga, islomning yurtimizda tarqalishi davridagi istilo oqibatida milliy ma’naviyatimizning ko‘p qadriyatlari musulmon ma’naviyatiga o‘rin bo‘shatgani to‘g‘risida Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi halqlardan qolgan yodgorliklar” asarida yozib qoldirgan.

 

Xalqimiz ma’naviyati islom tarqalgan xalqlar madaniyatining rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek kabi mutafakkirlar, al-Buxoriy, at-Termiziy, Marg‘inoniy, Zamahshariy, Nasafiy, Najmiddin Kubro, Naqshband kabi ilohiyot ilmining zabardast allomalari, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Bedil kabi zotlarning boy merosining jahon sivilizatsiyasiga ta’siri katta bo‘lgan. Zamonaviy islom ilohiyotchilarining Imom Buxoriy asarlarini Qur’oni Karimdan keyingi muqaddas kitoblar sifatida tan olayotgani, Imom Termiziy va Naqshband qabrlari muqaddas qadamjolarga aylangani bejiz emas. Milodning VIII–IX asrlariga kelib ichki urushlar nisbatan barham topgan, ijtimoiy hayotda nisbatan barqarorlik hukm surayotgan edi. Bu davrda madaniy rivojlanish, ilm-fan hamda adabiyotning taraqqiyoti uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. O‘sha davrning buyuk mutafakkirlaridan biri Muhammad Muso al-Xorazmiy (783–850) xalifa Ma’mun tashkil qilgan “Baytul-hikma”da katta mavqega ega bo‘lgan. U ilgari surgan g‘oyalarda ma’naviyatning umuminsoniy jihatlari ifodalangan. Xorazmiy olimning ma’naviyatini ta’riflar ekan, quyidagicha yozadi: “O‘tmish davrlarda o‘tgan olimlar fanning turli tarmoqlarida asarlar yozish bilan o‘zlaridan keyingi keladiganlarni nazarda tutardilar. Ulardan biri o‘zidan avvalgilardan qolgan ishlarni amalga oshirishda boshqalardan o‘zib ketadi, uni o‘zidan keyin keluvchilarga meros qoldiradi, boshqasi o‘zidan avvalgilarning asarlarini sharhlaydi, bu bilan qiyinchiliklarni osonlashtiradi… o‘zidan avvalgilar haqida yaxshi fikrda bo‘ladi, takabburlik qilmaydi va o‘zi qilgan ishidan mag‘rurlanmaydi”. Bu so‘zlar butun Sharq olimlari uchun umumiy talab, kamolot mezoni, hozirgi intellektual mulk egalari ma’naviy qiyofasining asosiy xususiyati sifatida namoyon bo‘ladi. Sharq madaniyati tarixida muhim o‘rin tutgan alloma Abu Nasr Forobiy (873–959) ham ma’naviyatga katta e’tibor bergan. Forobiyning ma’naviyatga oid qarashlari “Madinatul-fozila” ta’limotida o‘z ifodasini topgan. Alloma fozil jamiyat to‘g‘risidagi ta’limotida yuksak g‘oyalar, adolatli ijtimoiy munosabatlar qaror topgan davrda vujudga keladigan ma’naviy-axloqiy xususiyatlarning umumiy tizimini izohlab bergan. Forobiy bunday jamiyatda diniy ma’naviyat ham muayyan ahamiyatga ega bo‘lishini, ammo unda kalom (teologiya) va fiqh (huquqshunoslik) vakillari kishilarning ma’naviy-axloqiy kamoloti uchun javob beradigan sohalarni boshqarishlari, ijtimoiy munosabatlarning asosiy sohalari esa faylasuf-hukmdorlar tomonidan boshqarib borilishini ta’kidlaydi. Mutafakkir diniy qarashlar g‘oyaviy sohada eng asosiy ahamiyat kasb etgan o‘sha davrda, nafaqat Alloh g‘oyasini, balki inson, jamiyat va ilm-fan ma’naviyatini falsafiy bilimlarning asosiy mavzularidan biri sifatida talqin etgan dastlabki Sharq faylasuflaridandir.

 

Ma’naviyat mavzusini Abu Rayhon Beruniy (973–1048) ham chetlab o‘tmagan. Uning fikricha, ma’naviyatning vujudga kelishi ijtimoiy munosabatlar, kishilarning yashash tarzi, moddiy ehtiyojlari, qiziqishlari, manfaatlari, talablari va maqsadlari bilan uzviy bog‘langan. Masalan, kishilar o‘rtasidagi hamkorlik odamlarning birlashish ehtiyojlari ko‘pligi, himoya qilish qurollari kamligi va dushmanlardan o‘zini himoya qilish zarurati tufayli vujudga kelgan. Beruniy hunar, savdo-sotiq, mamlakatlararo madaniy-ilmiy aloqalarni kuchaytirish, ijtimoiy hayotda ilm-fanni rivojlantirish, uning rolini oshirishning tarafdori edi. Shu bilan birga, u bosqinchilarning yurtimiz madaniy yodgorliklarini yo‘qotish sohasidagi siyosatini qoralaydi, madaniy taraqqiyotda vorislikning ahamiyatini ta’kidlaydi. Ma’naviyat masalasi Abu Ali Ibn Sinoning (980–1037) ham diqqat markazida turgan. Allomaning ma’naviyatga oid qarashlari “Donishnoma”, “Solomon va Ibsol” kabi asarlarida o‘z ifodasini topgan. Uning nazarida, o‘z ibtidosini Allohdan olgan borliq va tabiat insonni o‘rab turuvchi abadiy makondir. Shu jihatdan uning qadri beqiyos, inson esa hamma boyliklarni tabiatdan oladi, undan o‘ziga davo topadi. Ibn Sino inson, uni o‘z-o‘zini idora qilishi haqidagi fanlarning ahamiyatini yuksak baholaydi. Ibn Sinoning fikricha, odamning qadri boshqalar bilan hamkorligi, yaxshi axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishga intilishi, donoligi, boshqalarga yaxshilik qila olishi bilan belgilanadi.

 

Ma’naviyatning tarixiy ildizlarining yurtimizga tegishli falsafiy-tarixiy tahlili Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sinolar merosi bilangina chegaralanib qolmaydi. Uning al-Buxoriy, at-Termiziy, Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy, Naqshbandiy kabi zabardast namoyandalari bo‘lgan tasavvuf ta’limotiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor. Shu bilan birga, jahon madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Hofiz, Sa’diy, Jomiy, Navoiy kabi zotlarning bu boradagi qarashlari ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Ularning butun jahonga mashhur bo‘lgan “Saodatnoma”, “Guliston” va “Bo‘ston”, “Bahoriston”, “Xamsa” kabi bebaho asarlari jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin egallagan. Dunyoda ularga qiyoslaydigan, ma’naviy-axloqiy ma’naviyatning umumiy tizimlari izohlangan kitoblar barmoq bilan sanarli. Ushbu an’ana yurtimiz madaniyati tarixida aslo to‘xtab qolgani yo‘q va bu borada A.Donishning “O‘g‘illarga nasihat” (XIX asr oxiri), A.Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” (XIX asr boshlari) asarlarini eslash kifoya. Allomalardan biri Ahmad Yassaviy (1105–1166) diniy, ma’naviy-axloqiy ma’naviyatning o‘sha zamonga mos keladigan tizimining namoyon bo‘lishi va amal qilish shartlarini islom dini nuqtai nazaridan ta’riflab bergan. “Devoni hikmat” majmuasida Yassaviy ma’naviyatning asosiy shakllari – iymon, halollik, poklik, hayo, bardosh va sabr-qanoat, chidam, beozorlik, hokisorlik kabi xislatlarga ta’rif bergan. Sobiq sho‘ro davrida Yassaviy qarashlari tanqid qilinar edi. Aslida, Yassaviy tariqati Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan, madaniy merosimizga juda katta ta’sir ko‘rsatgan.

 

Ma’naviy merosimizda naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband (1388 yilda vafot etgan), Xo‘ja Ahror (1409–1492) va Husayn Voiz Koshifiy kabi ilohiyot ilmi allomalari ilgari surgan g‘oya hamda qarashlarning ham o‘z o‘rni bor. Naqshbandiya tariqati musulmon Sharqida kyeng yoyilgan, Jomiy, Navoiy va boshqa mutafakkirlarning hurmat-e’zoziga sazovor bo‘lgan. Hazrat Navoiy Xoja Bahouddin Naqshband nomli asar ham yozgan. Naqshbandiylikning vujudga kelishida Yassaviy ta’limotining ta’siri sezilib turadi. Ammo naqshbandlik tariqati o‘zining ko‘pgina jihatlari bilan boshqa oqimlardan farq qiladi. Naqshbandiyada Alloh visoliga yetish uchun dunyodan voz kechish yoki tarkidunyo qilish emas, balki “qo‘l ishda, ko‘ngil Allohda” bo‘lmog‘i, poklik, hayo, kamtarinlik komil insonga xos asosiy fazilatlar ekani uqtiriladi. O‘rta asrlar ma’naviyatida Amir Temur va temuriylar davrining, umumbashariy ma’naviyatning ilmiy tahlilida Ulug‘bek va u rahbarlik qilgan olimlar merosi katta o‘rin tutadi. Podshohlar, hukmdor va siyosiy arboblarning ma’naviyati, xulqi, axloq-odob talablari, davlat va siyosat yuritish san’ati bayon qilingan “Temur tuzuklari”da ijtimoiy-siyosiy masalalar bilan birga ma’naviyat masalasiga ham katta ahamiyat berilgan.

 

Ushbu asar Sharq va Gʻarbda mashhur bo‘lgan, ko‘p marta chop etilgan. Unda siyosatdonning yurish-turishi, siyosat bobidagi faoliyati, xalq, qo‘shin, ulamolar, arkoni davlat va boshqaga munosabati uchun asosiy mezon bo‘ladigan ma’naviyat tamoyillari o‘sha zamon nuqtai nazaridan bayon qilingan. Amir Temurning tariximizdagi o‘rni va mamlakatni ozod qilishdagi xizmati katta. Uning mohir davlat arbobi, tajribali siyosatdon sifatidagi o‘git va nasihatlari keyingi davrning siyosiy arboblari uchun ham qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgani shubhasiz. Umumbashariy ma’naviyat tahlilida Mirzo Ulug‘bek (1394–1449)ning fikrlari ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. U o‘z atrofiga Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi mutafakkirlarni to‘pladi, ular bilan birga umumbashariy ma’naviyat, koinot sirlari, unda ro‘y berayotgan jarayonlarning ahamiyatini o‘rganish borasida o‘z zamonasidan ilgarilab ketdi. Sirasini aytganda, ular nafaqat umumbashariy ma’naviyatni tadqiq etdilar, balki ilm-ma’rifat, haqiqat, ziyolilik, fozillik kabi umuminsoniy ma’naviy tamoyillarning xususiyatlarini ham izohlab berganlar. Alisher Navoiyning odil jamiyat to‘g‘risidagi qarashlarida umumijtimoiy ma’naviyat tizimi, komil inson ta’limotida esa eng yetuk inson qiyofasiga xos shaxsiy ma’naviyat tizimi ta’riflanib, ular o‘zaro uyg‘un holda namoyon bo‘ladi. Mutafakkirning bu boradagi g‘oyalari bugungi mustaqillik sharoitida jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish, farzandlarimizni barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Ammo Alisher Navoiy vafotidan besh-olti yil o‘tar-o‘tmas, mamlakatda hukmronlik qilgan temuriylar davlati tanazzulga uchrab, parchalanib ketdi. Avval Xiva xonligi va Buxoro amirligi, so‘ngra Qo‘qon xonligi vujudga keldi. Uch yuz yildan oshiqroq davrni o‘z ichiga olgan bu jarayon xonlik, amirlik, turli sulolalar, urug‘lar o‘rtasidagi urushlar, tinimsiz ziddiyatlar orqali kechdi. Yaxlit sivilizasiyamizning hamjihatligini ta’minlaydigan umumiy ma’naviyat tizimi darz ketdi.

 

XIX asrning o‘rtalariga kelib, amirlik va xonliklarga bo‘linganligiga qaramasdan, mustaqil yashagan Turkiston Chor Rossiyasi tomonidan bosib olindi, yurtimiz imperiyaning mustamlakasi bo‘lib qoldi. Bu davrga kelib Ahmad Donish (1827–1900), Sattorxon (1843–1906), Furqat (1858–1909), Muqimiy (1859–1903) kabi adiblar ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qildilar. Masalan, A.Donishning “O‘g‘illarga nasihat” asarida ma’naviy madaniyat, axloq talablari va ziyolilikning inson kamoloti uchun ahamiyati bayon qilingan. Xususan, XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida yurtimizda “jadidlar” oqimi vujudga keldi. Hayotda ro‘y berayotgan turli o‘zgarishlarni o‘rganish, umummilliy ma’naviyatimizni jahon taraqqiyoti talablari nuqtai nazaridan tahlil qilish borasida M.Behbudiy, So‘fizoda, Saidrasul Aziziy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat kabi ma’rifatparvarlarning xizmatlari beqiyosidir. Chunonchi, A.Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobida o‘ziga xos ma’naviyat tizimi ta’riflab berilgan. Asarda fatonat, nazofat, g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, ilm, sabr, intizom, miqyosi nafs, vijdon, Vatanni sevmoq, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok, zako, lafz, iqtisod, viqor, itoat, sadoqat, adolat, muhabbat, avf kabi – “yaxshi xulqlar”, g‘azab, jaholat, razolat, adovat, hasosat, g‘iybat, haqorat, hasad, zulm singari “Yomon xulqlar” teran tahlil etilgan. Afsuski, qatag‘on yillarida xalqimiz ma’naviyati xazinasidan munosib o‘rin olgan bu kabi asarlar taqiqlandi. Buyuk ma’rifatparvar bobolarimizning boy merosini o‘rganish, ularni targ‘ib-tashviq etish cheklab qo‘yildi. Faqat respublikamiz mustaqil bo‘lganidan keyingina ana shunday asarlarni chop etish, xalqimizni ma’rifatparvar ajdodlarimizning ezgu g‘oyalaridan bahramand etish imkoni tug‘ildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25252
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21796
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//