Bilasizmi?
Ma’naviyatning milliy asoslari – muayyan millat, elatning o‘ziga xos xususiyatlari, an’ana va urf-odatlari, qadriyatlari, dunyoqarashi, tafakkur tarzini shakllantiradigan ma’naviy asoslarini ifodalovchi tushuncha. Ma’naviyatning milliy asoslari millatning tarixi, taraqqiyoti va bugungi rivojlanish darajasining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘zbekiston xalqi o‘z ma’naviyatining milliy-etnik asoslarini, tarixiy va madaniy qadriyatlari va o‘ziga xos ijobiy an’analarini ming yillar mobaynida asrab-avaylab, boyitib kelmoqda. Ko‘p ming yillik tariximiz shundan dalolat beradiki, eng murakkab davrlarda ham xalqimizning murakkab sinovlardan o‘tishi, hayotning turli to‘fon va bo‘ronlariga mardona dosh berib, qaddi-qomatini tik tutib yashashiga katta madad baxsh etadigan kuch – yuksak ma’naviyat va adolatga intilish tuyg‘usi bo‘lgan.
Xalqimiz hayot yo‘lini, merosini o‘rganar ekanmiz, ana shu ikki haqiqat bu jarayonning bosh mezoni bo‘lib kelganiga ishonch hosil qilamiz. Adolat tuyg‘usi, o‘z davrining huquqiy mezonlari asosida yashash, o‘zganing mol-mulkiga ko‘z olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehr-oqibat kabi xalqimizga xos bo‘lgan ezgu tushunchalar bugungi kunda ham ma’naviy hayot asoslarini tashkil etadi. Turli etnos vakillariga hurmat, ular bilan bahamjihat yashash, dinlararo bag‘rikenglik, dunyoviy bilimlarga intilish, o‘zga xalqlar ilg‘or tajribalari va madaniyatini o‘rganish kabi xususiyatlar ham xalqimizda azaldan mujassam. Shu bilan birga, milliy xarakterga xos bo‘lgan muruvvat, andisha, or-nomus, sharmu hayo, ibo-iffat kabi fazilatlar, xalqimizni ko‘p jihatdan ajratib turadigan mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik, oqko‘ngillik xusyatlari o‘zbekona ma’naviyatning milliy asoslarini tashkil etadi. Qadimdan O‘zbekiston hududida asrlar davomida turli madaniyat va sivilizasiyalar yonma-yon yashab kelgan, bu esa tinchliksevarlik, saxovat, mehr-oqibatlilik fazilatlari bilan ajralib turadigan o‘ziga xos mentalitetning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu nafaqat noyob o‘ziga xoslik, balki ahamiyati va mohiyati jihatidan bebaho bo‘lgan g‘oyat katta boylikdir. Bir tomondan, xalqning o‘ziga xosligi va betakrorligini saqlash uchun, boshqa tarafdan, tarixan shakllangan qadimgi milliy madaniyatlar, san’at va xalq ijodiyoti, ming yillar mobaynida tarkib topgan milliy an’ana va urf-odatlarning o‘zaro yaqinlashuvi hamda bir-birini boyitishida O‘zbekistonda yashayotgan turli millat, elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat muhitini qaror toptirish uchun ochilayotgan imkoniyatlar yuksak ahamiyatga ega.
Insonlar o‘rtasidagi ana shu o‘zaro hurmat muhiti, ular qaysi tilda so‘zlashishidan qat’i nazar, O‘zbekiston deb atalgan yagona Vatanda hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikning eng muhim asosi va garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston tarixining turli sahifalari ko‘zdan kechirilganda, o‘zbek xalqi ma’naviyati bilan bog‘liq shunday ma’lumotlarga duch kelish mumkinki, ular halollik, haromdan hazar, ta’magirlikdan nafratlanish, kamtarlik singari tuyg‘ular etnosga xos eng olijanob fazilatlar ekanidan dalolat beradi. “Birovning haqi”, “Qiyomat qarz”, “Peshona teri”, degan tushunchalar buning yaqqol ifodasidir. Masalan, “Boburnoma”da temuriy hukmdor Umarshayx Mirzoning naqadar adolatli va halol inson bo‘lganligini ko‘rsatuvchi bir ma’lumot keltirilgan. Bir yili Xitoydan Farg‘onaga kelayotgan ming kishilik karvon O‘sh tog‘larida qor ko‘chkisi ostida qolib halok bo‘lgan. Umarshayx Mirzo darhol odamlarini yuborib, karvonning yuklarini nazorat ostiga oldirgan. Egalari halok bo‘lgan shu mollarni ikki yildan ziyod ehtiyotlab saqlatgan. Xuroson va Samarqandga maxsus odam yuborib, karvon egalarining merosxo‘rlarini daraklatib toptirgan va ularni o‘z mamlakatiga chaqirtirib, mollarini to‘laligicha qo‘llariga topshirgan. Hozirgi davrda ham hayotimizda shunday ezgu tushunchalar barqaror va ustuvor. Bunday misollar ma’naviyatning milliy asoslari mustahkam ekanidan dalolat beradi.
Har qanday etnos ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu borada ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omil va manba sifatida xizmat qiladi. Shunday manbalardan biri – xalqimizning miloddan oldingi davrdagi hayoti, dunyoqarashi, olam va odam to‘g‘risidagi tasavvur, urf-odat va ma’naviy qadriyatlari, g‘oyalari, diniy qarashlari haqida ma’lumot beruvchi “Avesto” hisoblanadi. “Avesto” bo‘yicha olam nur va zulmat, hayot va o‘lim, tana va jon, yaxshilik va yomonlik, erkinlik va tobelik singari hodisalarning azaliy va abadiy kurashidan iborat. Bu ta’limotda ezgulik uchun qadam qo‘ygan odam uch asosiy tamoyil, ya’ni niyatning ezguligi, so‘z va shartlarning butunligi, amallarning insoniyligiga tayansagina maqsadga yetishi ta’kidlangan. Bular inson va jamiyat hayotida o‘ta muhim qadriyatlar hisoblangan. Ma’naviyatning milliy asoslari insonni Yerga va uning boyliklariga bo‘lgan munosabatini ham o‘z ichiga oladi. Odamlarni daryolarning musaffoligi va tuproq unumdorligi haqida g‘amxo‘rlik qilishga da’vat etgan zardushtiylik aynan bizning zaminimizda vujudga kelgani tasodifiy emas. Boshqa ta’limotlar – buddaviylik va moniylik ham tabiatni asrab-avaylash ideal jamiyatga olib boradigan eng muhim yo‘llardan biri ekanini targ‘ib qilgan. Ma’naviyatning milliy asoslari shakllanishiga ijtimoiy-iqtisodiy, geografik-hududiy, iqlimiy omillar ham ta’sir ko‘rsatgan.
Mamlakatimizning asosan tekislik va cho‘llardan iborat keskin kontinental iqlimli geografik hududda joylashgani, qahraton qishning jazirama issiq yoz bilan almashinishi, bahor bilan kuzining shiddat bilan kelishi va ketishi o‘zbek xalqi fe’l-atvorida aniqlik va halimlik, qaynoq mehr, mehmondo‘stlik va andishaga o‘xshaydi. Ma’naviyatning milliy asoslarining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri jamiyat hayotining, odamlar turmush tarzining ko‘proq an’ana, urf-odatlar orqali boshqarilishidir. Qadimdan, Sharqda, jumladan xalqimiz turmush tarzida ko‘pgina an’analar qonunlar darajasiga ko‘tarilgan. Barcha marosimlarda mahalla ahli ishtirok etgan. Ming yillar mobaynida mahallalar chinakam milliy qadriyatlar maskani, ma’naviyat maktabi vazifasini ado etib kelmoqda. O‘zaro ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kishilar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo‘lish singari an’analar mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan. Shu bilan birga, hayotda shunday odat va eskidan qolgan ba’zi udumlar borki, ularni ma’naviyatning milliy-etnik asoslari, xalqimizga xos azaliy qadriyatlar qatoriga kiritib bo‘lmaydi. Ma’naviyatning milliy asoslarini soxtalashtirishga olib kelayotgan, urf-odatlar niqobi ostida to‘y-hasham va ma’raka-marosimlarni katta dabdaba, bazmi jamshidlarga aylantirish holatlari ham uchrab turadi. Buning negizida ba’zi bir kimsalarga xos bo‘lgan shuhratparastlik, dabdababozlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, nopok yo‘llar bilan topgan puli va boyligini sig‘dira olmaslik kabi illatlar va eski asoratlar namoyon bo‘ladi.
Xalqimiz uchun jamoa, mahalla-ko‘y bilan birga hamohang bo‘lib yashash, ular qatoridan chiqmaslik degan tushuncha nihoyatda qadrli. Soxta urf-odatlar odamlar yelkasiga mashaqqatli bir yuk, aniqrog‘i, og‘ir majburiyat bo‘lib tushadi. Shu boisdan ham hozirgi davrda ulardan voz kechish zarurati tug‘ilmoqda. Bundan tashqari hozirgi murakkab dunyoda O‘zbekistonni o‘z ta’sir doirasiga tortishga urinuvchi kuchlar amalda bizni qadimgi ildizlarimizdan uzib tashlashga yo‘naltirilgan ma’naviy tajovuzlarni kuchaytirmoqdalar. Bunday kuchlar bizning mahalliy sharoitimiz, an’ana va qadriyatlarimiz, ming yillik tariximizni, ma’naviyatimizning milliy-etnik asoslarini bilmasdan turib, o‘z fikrini o‘tkazishga harakat qiladilar. Bunday intilishlar negizida, albatta kimlarningdir manfaati turadi. Jahon tarixi shundan dalolat beradiki, o‘z milliy an’analari, qadriyatlari, tomirlari va asoslaridan uzilmagan, o‘z qadr-qimmati va g‘ururini saqlay oladigan davlat va millat o‘z murod-maqsadiga yetadi. Shu sababdan ham istiqlol yillarida ma’naviy tiklanishning ijobiy, bunyodkorlik mohiyatini kuchaytirishga qaratilgan reja va dasturlar ishlab chiqildi. Ushbu dasturlar qayta tiklanayotgan ma’naviy merosga xolis yondashishga, eng muhim, umuminsoniy qadriyatlarni boyitadigan hamda jamiyatni yangilash talablariga javob beradigan, ma’naviy jihatdan ijobiy ahamiyatga ega urf-odat, marosim, an’analarni tanlab olish zaruratiga asoslangan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q