Xorijiy tilni bolaga necha yoshdan oʻrgatish kerak?


Saqlash
22:07 / 24.07.2023 0 1499

Olimlar til oʻrganish xotiraning mustahkamlanishi, diqqatni jamlash, ijodiy va tasavvur boyligining oʻsishi, nutqning rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini isbotlashgan. Chet tilini oʻrganishni erta boshlagan bolalar odatda tengqurlariga qaraganda yuqori aqliy salohiyatga ega boʻladilar. Bundan tashqari, til oʻrganish jarayonining oʻzi bolaga koʻplab ijobiy kechinmalar ulashadi.

 

Bola miyasi tez moslashuvchan boʻlib, har qanday faoliyat turini ham oson oʻzlashtira oladi. Bugungi kunda koʻpchilik ota-onalar farzandlariga aynan necha yoshdan til oʻrgatishni boshlash haqida bosh qotirmoqda. Bu borada butun dunyoda turli qarashlar mavjud.

 

AQSHning Massachusets texnologik universiteti neyro-va kognitiv fanlar markazi mutaxassislari xorijiy tillarni oʻrganishni boshlash uchun eng yaxshi yoshni maʼlum qilishgan. Natijada xorijiy tilni oʻsha tilda soʻzlashuvchilar kabi mukammal egallashda eng katta imkoniyatlarga tilni oʻrganishni 10 yoshgacha boshlaganlar egaligi aniqlangan. 18 yoshdan keyin ham tilni tez oʻrganishga layoqat saqlanib qoladi, biroq uni mukammal egallash ancha qiyinroq boʻlar ekan.

Aslida til oʻrganishga hech qachon kech emas. Ammo bolaning miyasi taxminan 3 yoshdan 10 yoshgacha barcha yangilik, bilimlarni singdirib oladi. Bolaning 5 yoshdan 8 yoshgacha boʻlgan davrini lingvist-pedagoglar “oltin oʻrta” yaʼni, chet tilini oʻrganish uchun eng yaxshi davr, deb hisoblaydilar.Chunki bu davrda aksariyat bolalar oʻz ona tilini yaxshi oʻzlashtirib, nutq nuqsonlaridan xalos boʻladilar, nutq boy va ifodali boʻla boshlaydi. Chet tilini oʻrganishda koʻr-koʻrona yodlash emas, ongli ravishda munosabatda boʻlish samaraliroq. Fikrlash “yetuklik” ham talab etadi, jumladan, diqqatni jamlay olish muhim. Besh yoshli bolada bu kabi koʻnikmalar toʻliq boʻlmasada, shakllanib boʻladi. Bolaning ijtimoiy moslashuvi, yaʼni guruhda oʻzini tuta bilishi zarur. Chunki til oʻrganish boshqa bolalar bilan muloqotni talab etadi, deydi tadqiqotchilar.

 

Ammo, yaponiyalik olim Masaru Ibuka oʻz kitobida bolaning qobiliyatlarini rivojlantirishga uch yoshdan keyin kech boʻlishini yozgan. Uning “Uchdan keyin kech” nomli kitobida oʻqituvchi Masao Nagataning tajribasi hikoya qilinadi. U ishdan boʻshab oʻz hayotini farzandlari tarbiyasiga bagʻishlaydi. Bir vaqtning oʻzida ikki yarim yashar oʻgʻli va uch oylik qiziga ingliz, ispan, italyan, nemis, fransuz hamda oʻz ona tilini oʻrgata boshlagan. Masao Nagata bolalarining besh tilni bir vaqtda oʻzlashtirishda chalkashmaganligini aytadi. «Biz xorijiy tillar bilan faqat radio orqali shugʻullanar edik. Bu radioeshittirishlarni juda muloyim boshlovchilar olib borar edi. Talaffuz mashqlari uzoq vaqt davomida takrorlanardi. Bolalar oʻzlari gapirganida hamma narsani toʻgʻri talaffuz qilar edi,” deydi u.

 

Ilk bor eshitganimizda bu gʻayrioddiy tuyilishi aniq. Hali birorta soʻzni talaffuz qilolmaydigan goʻdakning butun boshli tilni oʻrganishiga ishonish qiyin. Biroq, miyaning fiziologik tadqiqoti va bolalar psixologiyasini oʻrganish natijalariga koʻra, bola aqliy qobiliyatining rivojlanishi bu uning birinchi uch yilda, yaʼni miya hujayralarining rivojlanish davrida olgan taʼlimiga bogʻliq. Axir xalqimiz orasida ham beshikdan to qabrgacha ilm izla, degan maqol bor. Zamonaviy ilm-fan, turli tadqiqotlar ham xalqimizning donishmandligini, bu koʻhna haqiqatni bot-bot tasdiqlamoqda.

 

Ammo bolani zoʻriqtirish kerak emas. Bola majburiy boʻlmagan mashgʻulotlarni oson qabul qiladi. Tilni oʻyin shaklida oʻrganish bola uchun eng samaralidir, chunki qiziqish bilan amalga oshirilgan jarayonda bola axborot va bilim qabul qilishga tayyor boʻladi. Qiziqish soʻnishi hamono u eʼtiborini boshqa narsalarga qarata boshlaydi. Bunda bolani behalovatlikda, eʼtiborsizlikda ayblash nooʻrin. Zero, bu xatti-harakatlar bolaning tabiiy himoya mexanizmi hisoblanadi. U bizdan farqli ravishda uzoq vaqt bir tarzda oʻtira olmaydi. Bolalar koʻrgan narsasigagina ishonadi va yaxshi eslab qoladi. Ularda koʻrish xotirasi eshitish va his-tuygʻu xotirasidan kuchliroq. Shu bois, ham chet tilini oʻrgatishda turli suratli kartochkalardan foydalanish unumlidir.

 

Baʼzilar bolasi hali ikki-uch yoshga kirmay turib, uning tarbiyasi “nobop”ligidan shikoyat qilishni boshlab yuborishadi. Norasida goʻdakni xuddi kattalardan talab qilinadigan “qolip”larga solishga, uning odob-axloqini “oʻnglash” harakatlariga kirishiladi. Bu ham xato yoʻl. Chunki hali suyagi qotmagan, yaxshi va yomon nimaligini anglamagan yosh bolani hadeb tergayverish, uni turli qoliplarga solishga urinish, kuchi va iqtidori yetmaydigan mashgʻulotlarga majburlash irodasini sindirishi, ruhiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, keyinchalik hamma narsaga befarq va loqayd qaraydigan qilib qoʻyishi mumkin. Bolaga erta taʼlim berishni, uni majburlash va qiynash bilan adashtirib yubormang.

 

Nilufar IBROHIMOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 311
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 100
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 316
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219306
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104738
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35714
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27836
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27651
Kompetentlik

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27124
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25550
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23003
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//