Bilasizmi?
Ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligi – ajdodlarning asrlar mobaynida to‘plagan ma’naviy qadriyatlarini vorisiylik asosida avlodlarga uzatish, ma’naviy merosda tarixiy mezonlar va ijtimoiy hayot talablariga muvofiq tadrijiy ravishda muntazam boyib yoki yangilanib boradigan jarayonlarning namoyon bo‘lishini ifodalovchi tushuncha. Ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligi ma’naviy tafakkurning bosqichma-bosqich, darajama-daraja o‘sishi, an’anaviylik, ya’ni vorisiylik kasb etishi sifatida vujudga keladi. Xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviyatiga hurmat bilan qarash, avvalo, ma’naviyatga aylangan an’ana va marosimlarda o‘z ifodasini topadi. Odamlar turmush tarzi, moddiy va ma’naviy hayoti rivojlanish jarayonida muayyan ijtimoiy tartib-qoidalar, axloq me’yorlari, urf-odat, marosim va boshqa an’ana sifatida o‘zini namoyon etadi. Ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligini:
a) ijtimoiy-tarixiy hodisa;
b) jamiyat hayotidagi jarayonlarning tarkibiy qismi;
v) kishilarning moddiy, ma’naviy hayoti va faoliyatini belgilash mezoni;
g) jamiyat va odamlarni boshqarishning omillaridan biri sifatida tavsiflash mumkin. Shu ma’noda ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligi yoshlarni tarbiyalash, ularga keksa avlod hayotiy tajribalarini o‘rgatish vositasi hamdir.
Har bir davrning o‘z ma’naviyat tizimi bo‘lib, u vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib, mazmunan boyib boradi, ba’zi shakllari transformasiyaga uchraydi, ayrimlari yo‘qoladi, yangilari shakllanadi. Bu jarayonlar birdaniga emas, asta-sekin, tadrijiy ravishda yuz beradi. Shuningdek, bir zamonning ma’naviyati ikkinchisiga mos kelmasligi ham mumkin. Ulug‘ ajdodlarimizning zardushtiylik yoki buddaviylik negizida shakllangan ma’naviyatidan islom negizida shakllangan ma’naviyati muayyan darajada farq qiladi. Xalqimizning bugungi kundagi ma’naviyati esa sho‘ro tuzumi davridagi ma’naviyatdan ajralib turadi. Ma’naviy merosni chuqurroq va kengroq o‘rganish, ma’naviy qadriyatlarga yangi mazmun bag‘ishlab, qayta tiklashdan ko‘zlangan maqsad o‘tmishga sig‘inish emas, balki ma’naviyatning milliy-etnik asoslariga suyanib, undan foydalanib olg‘a siljish, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqishdir. Bugun xalqimiz madaniy merosiga umuminsoniy va milliy qadriyatlarni o‘zlashtirish, ma’naviyatni yuksaltirishga foydasi teguvchi ma’naviy boylik sifatida, xalqning asriy ma’naviy tajribasi, an’analarini bilish, tadrijiy davom ettirish, rivojlantirish nuqtai nazaridan yondashilmoqda.
Ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligiga ilmiy yondashuvning mezonlari – o‘tmish qadriyatlariga hurmat, insonparvarlik, vatan parvarlik, xalqchillik, taraqqiyparvarlikdan iborat bo‘lib, ular umuminsoniy xarakterga ega. Odatda, davr talabiga javob bera olmay qolgan udum, rasm-rusum va an’analar unutilib, o‘tmishga aylanadi. Ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligi inson faoliyatining hamma sohalarida namoyon bo‘ladi. Bu borada ma’naviy hodisalarni asosan ikki turga bo‘lish mumkin: a) an’anaga aylangan xayrli (bunyodkor) marosimlar, ishlar, faoliyat yo‘nalishlari. Bunday ma’naviyat shakllari ijtimoiy taraqqiyot, milliy ravnaq va inson kamoloti uchun muhim ahamiyatga molikdir; b) o‘tmishdan meros qolgan zararli marosimlar, ishlar, faoliyat yo‘nalishlari. Bular har doim inson ongi va ruhini qashshoqlashtirib, uning ma’naviy takomillashuviga, ijtimoiy taraqqiyot va inson kamolotiga to‘sqinlik qiladi. Tarixiy jarayonlar, ijtimoiy taraqqiyotning olg‘a borishiga, sog‘lom avlod ravnaqiga xizmat qiladigan hamda muayyan xalq ommasining tub manfaatlariga muvofiq keladigan marosimlar, urf-odat, turmush va tafakkur tarzi xayrli, ezgu an’anaviylik vositasida rivojlanadi va qadriyatga aylanadi. Shu tariqa ma’naviy taraqqiyot tadrijiylik qonuniga muvofiq sodir bo‘ladi.
Hech bir davr ma’naviy merosi butunicha, taqlid tarzida boshqa davrga ko‘chmaydi. Uni har bir avlod o‘z hayoti tajribasi bilan boyitadi yoki yangilaydi. Ammo, xalq ruhi, ma’naviyati, turmush tarzida shunday ma’naviy asoslar borki, ularni turli ijtimoiy to‘ntarishlar ham yo‘q qilolmaydi. Masalan, o‘zbek xalqida oilaga sadoqat, keksalarni izzat-hurmat qilish, mehmondo‘stlik, andishalilik, bag‘rikenglik fazilatlari shular jumlasidandir. Qadimdan yurtimizda zardushtiylik, buddaviylik, nasroniylik, yahudiylik, islom dinlari yonmayon yashab kelgan, ma’naviyat markazlari hisoblangan shaharlarimizda ibodatxona, masjid, cherkov, sinagogalar hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatgan. Ularda turli millat, elat va dinga mansub bo‘lgan xalqlar, qavmlar o‘z diniy amallarini emin-erkin ado etganlar, turli bayramlarni birgalikda nishonlaganlar. O‘zbekiston tarixining eng murakkab, ziddiyatli, og‘ir davrlarida ham yurtimizdagi mavjud din vakillari orasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagan. Bu – xalqimizning bag‘rikenglik borasida katta tajribaga ega bo‘lganidan dalolatberadi. Bu ulkan ma’naviy an’ana tadrijiy ravishda rivojlanib, istiqlol davrida ham taraqqiyot va barqarorlikka xizmat qilmoqda. Dyemak, ma’naviy merosda ming yillar qa’riga borib taqaladigan milliy-etnik asos, tarixiy-ma’naviy o‘zak va ijtimoiy hayot talablariga muvofiq tadrijiy ravishda doim boyib yoki yangilanib boradigan ustki qatlamlar mavjud. Xuddi shuningdek, madaniy merosda o‘z davri uchun foydali, qolgan davr talablariga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar ham mavjud bo‘lishi mumkin. Aslida tarixiylik bilan zamonaviylik, eskilik bilan yangilik, inkor bilan vorislik o‘rtasidagi ochiq yoki yashirin jarayonlar ijtimoiy taraqqiyotning asosini tashkil etadi. Ziddiyatni inkor etish, taraqqiyotni ham inkor etishdir. Bu ziddiyatni batamom bartaraf etish mumkin emas, ammo uni tadrijiy ravishda ma’naviy taraqqiyotga yo‘naltirish mumkin.
Ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligi o‘zini shaxs, ijtimoiy guruh, elat, millatning kundalik hayoti, ya’ni turmush tarzida ham ifoda etadi. Turmush tarzining mohiyati, mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari kishilarning moddiy va ma’naviy hayoti, mehnati, sog‘ligi, xulq-atvori bilan belgilanadi. Muayyan elat va millatning moddiy va ma’naviy hayoti ularning yashash joylari bilan bog‘liq holda shakllanadi va davrlar mobaynida yangilanib, tadrijiy ravishda o‘zgarib boradi. Xalqimiz qadim-qadimdan o‘z hayoti va faoliyatida kattalarga hurmat, kamtarlik, mehnatsevarlik, mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik, sofdillik singari fazilatlar tarbiyasiga alohida e’tibor berib kelgan. Bunday fazilatlar milliy urf-odat va an’analarda, kundalik hayot tarzi, millatlararo, dinlararo munosabatlarda, umuman olganda ma’naviyatda aks etadi. Xalqimiz hayotida odob-axloq me’yorlari asosidagi rasm-rusumlar, odatlar va an’analarning o‘rni va roli beqiyosdir. O‘zbek xalqi azaldan jamoa bo‘lib yashab, mahalla, qo‘shnichilik udumiga qat’iy rioya qilib kelmoqda. Oilada tug‘ilgan har bir chaqaloqqa ezgu niyat bilan ism qo‘yilgan, savodini chiqarish, ma’naviyatini o‘stirish uchun ustoz-muallim qo‘liga topshirilgan. Farzandlarini yuksak ma’naviyatli, hunarli va uy-joyli qilish otaonalar faoliyatining eng muhim vazifasiga aylangan. Odamlar, xususan, yoshlar yurish-turishi, ular amal qiladigan tamoyillar hamisha jamoa diqqat-e’tibori, nazarida bo‘lgan. Azaldan kelayotgan mana shu tamoyillar ma’naviyatning an’anaviyligi va tadrijiyligining asosiy mezonlari sifatida bugungi kunda hamjamiyatimizning ma’naviy yuksalishi, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari bahamjihat yashashi va mehnat qilishi, farzandlarimizni barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q