Bilasizmi?
Ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlar – inson ongiga ta’sir ko‘rsatadigan, uning dunyoqarashi, tafakkur tarzini muayyan yo‘nalishga soladigan, o‘zgartiradigan, jamiyat, millatga xos ma’naviy, madaniy va moddiy asoslar, an’analar, qadriyatlar, meros, turmush tarzi, g‘oyalar va qarashlarni umumlashtiruvchi tushuncha. Ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlarni shartli ravishda bir necha guruhga bo‘lish mumkin: birinchi guruh millat, xalq, davlatchilik, madaniyat, me’moriy yodgorliklar va boshqa shk kabilarni qamrab oluvchi tarixni, ming yillar davomida rivojlanib kelayotgan qishloq va suv xo‘jaligi bilan bog‘liq agrar madaniy an’analarni, geografik shart-sharoitga aloqador tarixiy munosabatni va boshqalarni ifodalovchi moddiy meros; ikkinchi guruh xalqimizga xos bir necha ming yillik diniy e’tiqod, ta’lim-tarbiya, shuningdek, barcha ilm-fan sohalari va ular rivojida muhim o‘rin tutgan mutafakkirlar va ularning asarlari, xalq ijodini qamrab oluvchi madaniy meros; uchinchi guruh xalqimizga xos an’analar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, turmush tarzi bilan bog‘liq boshqa madaniy omillar; to‘rtinchi guruh xalq qadriyatlari, tafakkur tarzi, mafkurasi, xalqqa xos ma’naviy xususiyatlar, g‘oyalar, ruhiyat va o‘zaro ijtimoiy munosabatlar; beshinchi guruh hozirgi jamiyatimizda bevosita amaliy faoliyat yuritayotgan, inson tarbiyasida katta ta’sirga ega, umuman, ma’naviy dunyoqarash shakllanishida bosh rol o‘ynaydigan ta’lim-tarbiya maskanlari, OAV, kutubxona, teatr, san’at saroylari va shu kabi boshqa ma’naviy ta’lim vositalarini o‘z ichiga oladi.
Ma’naviyatni yuksaltirish masalasi har bir davr va jamiyatga xos bo‘lib, bunda davlat va jamiyat oldida ma’naviyatni shakllantiradigan va unga ta’sir o‘tkazadigan barcha omil va mezonlarni chuqur tahlil qilib, ularning bu borada qanday o‘rin tutishini yaxshi anglab olish maqsadi ham yotadi. Har qaysi xalq yoki millatni uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillar sifatida xizmat qiladi. Masalan, shu zamindan yetishib chiqqan buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, islom dini bilan bog‘liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko‘tarilishida ona yurtimizda tug‘ilib kamolga yetgan ulug‘ allomalarning xizmatlari katta. Bu ko‘hna tuproqda milodgacha bo‘lgan davrda va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, hali-hanuz o‘zining ko‘rku tarovatini saqlab kelayotgan osori atiqalarimiz qadim-qadimdan o‘lkamizda dehqonchilik va hunarmandchilik madaniyati, me’morlik va shaharsozlik san’ati yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi va mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan to‘rt mingdan ziyod moddiy-ma’naviy obida umumjahon merosining noyob namunasi sifatida UNESCO ro‘yxatiga kiritilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Bunday o‘lmas osori atiqalar bu ko‘hna o‘lkada, bugun biz yashab turgan tuproqda qadimdan buyuk madaniyat mavjud bo‘lganidan guvohlik beradi va tabiiyki, insonning ma’naviy dunyosini shakllantirishda qanday kuchli ta’sirga ega bo‘lganiga e’tiborimizni jalb qiladi.
Milliy ma’naviyatimizda xalq og‘zaki ijodi muhim o‘rin tutib, u millatimizning o‘zligini namoyon etadigan, uni avlodlardan avlodlarga o‘tkazib, tarix to‘fonlaridan, hayot-mamot sinovlaridan omon chiqarib, o‘zligini doimo saqlab kelayotgan el-yurtimizning bag‘rikenglik, matonat, olijanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlarini o‘zida ifoda etadi. Shu o‘rinda Ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlardan biri bo‘lgan muqaddas dinimizning ahamiyati beqiyosdir. Din azaldan inson ma’naviyatining tarkibiy qismi sifatida odamzodning yuksak ideallari, haq va haqiqat, insof va adolat to‘g‘risidagi orzu-armonlarini o‘zida mujassam etgan, ularni barqaror qoidalar shaklida mustahkamlab kelayotgan g‘oya va qarashlarning yaxlit bir tizimidir. Har bir ilmiy yangilik, yaratilgan kashfiyot – bu yangicha fikr va dunyoqarashga turtki beradi, ma’naviyat mezonlari shakllanishiga o‘ziga xos ta’sir o‘tkazadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, zaminimizda yashab o‘tgan buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bemisl ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugun ham jahon ahlini hayratga solayotganini g‘urur bilan ta’kidlash lozim. Jamiyat esa o‘z zaminining mutafakkirlari, dini va kashfiyotlari, ma’rifat, ilmu fan, madaniyat kabi sohalaridan bularning barchasini o‘zida uyg‘unlashtirgan xalqimizning ma’naviy olami naqadar boy va rang-barang ekanini isbotlab berishda, uni namuna qilib ko‘rsatishda foydalanadi. Bunday noyob va bebaho boylikni har tomonlama chuqur o‘rganish, uning ma’no-mazmunini avlodlarga yetkazish masalasi barcha, birinchi galda, ziyolilar, butun jamoatchilik uchun ham qarz, ham farz hisoblanadi.
Har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi. Bolaning xarakteri, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar – yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir. Shuning uchun ham aynan oila muhitida paydo bo‘ladigan ota-onaga hurmat, ularning oldidagi umrbod qarzdorlik burchini chuqur anglash har qaysi insonga xos bo‘lgan odamiylik fazilatlari va oilaviy munosabatlarning negizini, oilaning ma’naviy olamini tashkil etadi. Ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlar haqida so‘z ketganda, mahallaning o‘rni va ta’siri xususida to‘xtalish zarur. Ma’lumki, o‘zbek mahallalari azaldan chinakam milliy qadriyatlar maskani bo‘lib keladi. O‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kimsalar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va marakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo‘lish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar, avvalambor, mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan. Xalqimizga xos o‘zini o‘zi boshqaruv tizimining bu noyob usuli qadim-qadimdan odamlarning nafaqat tilida, balki dilida, butun hayotida chuqur joy egallagani bejiz emas. "Mahalla – ham ota, ham ona" degan hikmatli naql ana shu hayotiy haqiqatning ifodasi sifatida qabul qilinadi. Har qaysi xonadon, butun el-yurtdagi ma’naviy iqlim va vaziyatni anglamoqchi bo‘lgan kishi, bu boradagi haqiqiy manzaraning yorqin ifodasini avvalo mahalla hayotida xuddi oynadek yaqqol ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlardan yana biri ilmu ma’rifat, ta’lim-tarbiya bo‘lib, ularga inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi sifatida qaralgan.
Kelajak poydevori bilim dargohlarida yaratiladi, boshqacha aytganda, xalqning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarning bugun qan day ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq. Buning uchun har qaysi ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida, avvalo, shaxsni ko‘rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda farzandlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish ishi ta’lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lib qoladi. Bu esa ta’lim va tarbiya ishini uyg‘un holda olib borishni talab etadi. Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham hozirgi davrda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida butun mamlakat miqyosida ta’lim va tarbiya, ilm-fan, kasb-hunar o‘rgatish tizimlarini tubdan isloh qilishga nihoyatda katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda maktab ta’limi, ayniqsa, umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga e’tiborni kuchaytirish kun tartibidagi eng muhim va jiddiy masalaga aylandi.
Hozirgi kunda istiqlol davrida barpo etilgan, barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan, zamonaviy kasb-hunar va ilm-ma’rifat sirlarini o‘rganayotgan, hozirda ikki-uch tilda bemalol gaplasha oladigan ming-minglab o‘quvchilar, katta hayotga kirib kelayotgan, o‘z iste’dodi va salohiyatini yorqin namoyon etayotgan yosh kadrlar misolida ma’naviyatning yuksalishini kuzatish mumkin va tabiiyki, bunday sharoitda ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlar ham davrga muvofiqlashib boradi. Ma’naviyatni shakllantiradigan mezonlarning yuqorida zikr etilgan mezonlaridan tashqari, ma’naviyatning tarixiyligi va zamonaviyligi, moddiy va madaniy meros, milliy ma’naviy obidalar, mamlakatimizdan yetishib chiqqan donishmandlaru mutafakkirlar, xalq qahramonlari, ilmiy-ijodiy kashfiyotlar, davlat va jamiyat arboblari, ma’naviy tarbiyaning tarixiy va zamonaviy o‘choqlari, ularning ma’naviyatga ta’siri bilan bog‘liq jarayonlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q