Ma’naviyat qonunlari


Saqlash
22:07 / 21.07.2023 0 1352

Ma’naviyat qonunlarima’naviy sohaga xos narsa va hodisalar, voqea va jarayonlar o‘rtasidagi doimiy va takrorlanib turuvchi uzviy aloqadorlikni, insonning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini, hayotning ma’no-mazmunini belgilab beruvchi yo‘l-yo‘riqlar, qonun va qoidalar majmuini anglatuvchi tushuncha. Mazkur qonunlar xilma-xil tarzda, turli shakllarda namoyon bo‘lsa-da, jamiyatdagi talablar, yashashning qonun-qoidalari, inson umrining mazmuni va hayot mezoni sifatidagi ahamiyatini saqlab qolaveradi. Bu borada ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi, ma’naviyatning inson va jamiyat bilan uzviy aloqadorligi, ma’naviy hayotning ijtimoiy taraqqiyotga bog‘liqligi qonunlari muhim ahamiyatga ega.

 

Ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi qonunining mazmun-mohiyati va namoyon bo‘lish xususiyatlari moddiy va ma’naviy olamning uyg‘unligi, jamiyatdagi har qanday taraqqiyot, o‘sish va o‘zgarishlarning zaminida ana shu ikki omilning uzviy aloqadorligi nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekanligiga asoslanadi. Ma’lumki, inson va jamiyat hayotida moddiy va ma’naviy asoslar bir-biriga nisbatan qanday o‘rin tutishi, ularning qaysi biri ustuvorligi to‘g‘risida xilma-xil qarashlar va yondashuvlar mavjud. Hozirgacha ba’zilar ruhiy olamni, ma’naviyatni birlamchi deb bilsalar, boshqalar esa moddiylikni asosiy o‘ringa qo‘yadilar va shu asosda materializm va idealizm kabi oqimlar ham shakllangan. Aslida moddiy ehtiyojlarni insonning ruhiy olamiga qarama-qarshi qo‘yish, ularning birini ustun deb bilish, boshqasini e’tiborga olmaslik masalaga bir yoqlama qarashning yaqqol ifodasidir. Bunday bir yoqlama yondashuv hayot talabiga javob bermaydi, albatta. Ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi qonuni esa bundan farq qiladi, u biz yashayotgan hayotni yagona va yaxlit voqelik sifatida tushunish imkonini yaratadi, inson, millat va davlatlar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ana shu qonunga ko‘ra, moddiylik deya ma’naviyatni, ma’naviyat deb moddiylikni unutish, ularning birini mutlaqlashtirish, boshqasining ahamiyatini inkor qilish hayotda nihoyatda katta yo‘qotishlarga, ijtimoiy bo‘hronlarga olib kelishi mumkin. Keyingi yillardagi moliyaviy krizislar buning yaqqol dalili bo‘lib, faqat boylik orttirish, foyda olish ilinjida insof va diyonatni, yuksak ma’naviyat tamoyillarini unutish qanday ayanchli oqibatlarga sabab bo‘lishini isbotlaydi.

 

Ma’naviyatning inson va jamiyat hayoti bilan uzviy aloqadorligi qonuni ham yuqorida qayd qilingan asarda asoslab berilgan. Ushbu qonun muayyan millat, jamiyat va davlat har bir taraqqiyot bosqichida shu davrga xos iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy rivojlanish tamoyillariga ega bo‘lgani singari, o‘ziga mos keladigan ma’naviy, ma’rifiy va axloqiy tartiblar hamda tamoyillar tizimiga ega bo‘lishining tarixiy zarurat ekanini ifodalaydi. Haqiqatan ham, inson va jamiyat hayotini ma’naviyatsiz tasavvur etib bo‘lmagani kabi, ma’naviyatni ham inson va jamiyatdan ajratib bo‘lmaydi. Jamiyatdagi o‘zgarishlar muqarrar ravishda ma’yatga, ma’naviyatdagi o‘zgarishlar esa jamiyatga o‘z ta’sirini o‘tkazishi shubhasiz. Insoniyat tarixi va taraqqiyotiga mazkur qonun nuqtai nazaridan qarash har bir davrning tuzilishiga muayyan ma’naviy qadriyatlar tizimi mos kelishini va bu tizim ijtimoiy voqea-hodisalar bilan bog‘liq tarzda namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Gʻoyaviy, axloqiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa sohalarga aloqador tushuncha va tamoyillar ham ushbu tizimda o‘ziga xos o‘rinni egallaydi, ular orasidagi farq, tafovut va munosabatlar esa tizimdagi umumiy o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi.

 

Ma’naviy hayotning ijtimoiy taraqqiyotga bog‘liqligi qonuni ma’naviyatning o‘tmishdan kelajakka tomon rivojlanish jarayonidagi tarixiylik va zamonaviylik, inkor, vorislik va yangilanishning uzluksizligi va davomiyligi bilan bog‘liq tamoyillarining mazmun-mohiyatini ifodalaydi. Ushbu qonuniyatga ko‘ra, taraqqiyot jarayonida bir rivojlanish bosqichidan boshqasiga o‘tilganida iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda o‘zgarish bo‘lgani singari, ma’naviyat sohasida ham yangilanish ro‘y beradi. Bunda barcha ma’naviy mezonlar butunlay yo‘qolib ketmaydi, balki yangi davrning ijtimoiy tuzilishiga va zamon talablariga mos keladigan, eskidan farq qiladigan yangi ma’naviyat tizimi shakllanishi zaruratga aylanadi. Bunday holatlarning uzluksiz takrorlanishi esa ma’naviyatning ijtimoiy voqelik va taraqqiyot bilan bog‘liqligini ifodalaydigan quyidagi muhim xulosaga kelish imkonini beradi: muayyan ijtimoiy voqelikka (ya’ni, insoniyat taraqqiyotining biron bir davriga, jamiyatning rivojlanish bosqichiga yoki davlat shakliga) muayyan ma’naviy tushuncha va tamoyillar tizimi mos kelganidek, o‘zgargan ijtmoiy voqelikka ham o‘zgacha ma’naviyat tizimi mos keladi. Shu ma’noda, har qanday millat va jamiyat o‘ziga xos va mos ma’naviy qadriyatlar tizimini yaratishi, uni takomillashtirib borishi, turli ma’naviy xurujlar va tahdidlardan muttasil himoya qilishi lozimligi insoniyat hayotining abadiy qonunidir. Ijtimoiy voqelik yoki ma’naviy hayotdagi o‘zgarishlar bir-biridan qisman ilgarilab ketishi yoki orqada qolishi ham mumkin, ammo bu mazkur qoidaning butunlay buzilishi, degani emas. Ana shu qoida ma’naviy hayotning ijtimoiy taraqqiyot bilan bog‘liqlik qonunining asosiy mazmun-mohiyatini ifodalaydi.

 

Shuningdek, ma’naviy hayotning g‘oya, mafkura, axloq, madaniyat, ma’rifat va boshqalar bilan bog‘liq xususiy sohalarga doir bir qator qonun va tamoyillari ham bor. Ular yuqorida ko‘rsatilgan qonunlar bilan birga ma’naviyatga xos qonun-qoidalar tizimini tashkil qiladi hamda shu sohadagi narsa va hodisalar, voqea va jarayonlar orqali namoyon bo‘ladi. Mazkur tizimni hozirgi zamondagi o‘zgarishlar bilan bog‘lab o‘rganish nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ayniqsa hozirgi davrda jahonda va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning ma’naviyat sohasidagi xususiyatlarini bilib olish, qo‘lga kiritilgan ilmiy dalillarni tajribada qo‘llash, mazkur yo‘nalishdagi vazifalarni aniqlash, zarur chora-tadbirlarni belgilash imkonini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 957
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34258
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25255
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21800
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//