Ma’naviyat kategoriyalari


Saqlash
21:07 / 21.07.2023 0 1948

Ma’naviyat kategoriyalariinson kamoloti va jamiyat taraqqiyotining asosini tashkil etadigan ma’naviy mezonlar va tamoyillarni, shu sohaga xos narsa va hodisalar, voqea va jarayonlarni aks ettiradigan eng muhim va umumiy tushunchalar tizimi. Bu tushunchalar ma’naviyatning mazmun-mohiyatini, uning boshqa sohalardan farqini, o‘ziga xos xususiyatlari va namoyon bo‘lish shakllarini yaqqol ifodalaydi. Ular shu sohadagi narsa va hodisalarning ayrim, alohida jihatlarini emas, balki umuman insonning ma’naviy va ruhiy olamiga, g‘oya, axloq, ma’rifat, madaniyat, din va boshqaga xos umumiy belgilar, aloqalar va munosabatlarni ham aks ettiradi. Ma’naviyat kategoriyalari ma’naviy hayotni chuqur va mukammal ifodalashi, uning barcha sohalarida amal qilishi bilan bu boradagi oddiy tushunchalardan farq qiladi. Shu tufayli ushbu sohaga aloqador har bir aniq tushunchaning xususiyati va belgilarini anglashda ma’naviyat kategoriyalariga asos va mezon sifatida murojaat etiladi.

 

Kategoriyalarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushunish va ularni tasniflash, har bir fan, qolaversa, insoniyat hayoti va ijtimoiy tafakkur rivoji uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Ma’lumki, kategoriyalarni tarixda birinchi bo‘lib, Aristotel ta’riflab bergan va bu ijtimoiy fikr taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan. O‘sha davrdan boshlab falsafa o‘z qonunlari, tamoyillari, kategoriya va tushunchalariga ega bo‘lgan fanga aylangan. Bu masalaga ko‘plab mutafakkirlar va atoqli faylasuflar ham katta ahamiyat berganlar. Masalan, Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobida insonga xos xislat va va fazilatlarni “Yaxshi xulqlar” va “Yomon xulqlar”ga ajratgan, ularni milliy pedogogika nuqtai nazaridan tavsiflagan. Ammo ma’naviyatshunoslik hozirgacha alohida fanga aylanmagani uchun unga xos qonun va kategoriyalar, tushuncha va tamoyillar umumiy tizimga keltirilmagan edi.

 

Hozirgi zamon ilm-fanida bu masala hal qilindi. Ma’naviyat kategoriyalarining mazmun-mohiyati, namoyon bo‘lish xususiyatlari va shakllarini muayyan tizim sifatida tavsiflash uchun nazariy-metodologik asoslar yaratildi. Ma’naviyat kategoriyalarining har biri uzoq tarixiy jarayonlar natijasida shakllangan va insoniyat hayoti hamda jamiyat taraqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etgan keng ma’noli tushunchalardir. Ma’naviyat, g‘oya, mafkura, madaniyat, ma’rifat, din, axloq, nafosat bu sohadagi asosiy kategoriyalar tizimini tashkil qiladi. Shuningdek, insonga xos ruhiyat, uning qalbi va ongi, ma’naviy qiyofasi, his-tuyg‘ulari va kechinmalari majmui ham ana shu tizim doirasiga kiradi. Ushbu kategoriyalar insoniyat tarixi va jamiyat taraqqiyoti jarayonida birdaniga va bir yo‘la shakllanib qolmagan. Shubhasiz, insoniyat uzoq davom etgan tarixiy jarayonda ma’naviy hodisa va narsalarga xos xususiyatlar va belgilarni chuqurroq anglab, ulardagi juz’iy va umumiy tomonlarini muttasil o‘rganganib borgan. Ana shu asosda ezgulik, yaxshilik, adolat, do‘stlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, sadoqat, vafo, e’tiqod, iymon kabi ko‘plab tushunchalar shakllangan. Ular inson kamoloti, jamiyatning ma’naviy hayotida muhim ahamiyat kasb etib boravergan. Shu ma’noda ma’naviyat kategoriyalari insonning hayot hodisalari va ular bilan bog‘liq voqelikning mohiyatini, umrning mazmuni va ma’nosini, o‘zining jamiyatdagi o‘rni va qadr-qimmatini muttasil anglab borishi natijasida shakllangan tushunchalardir.

 

Tarixiy rivojlanish jarayonida (obyektiv tarzda), jamiyat va kishilarning talab-ehtiyojlari natijasida (subyektiv tarzda) ma’naviyat kategoriyalari shakllaridan goh biri, goh boshqasi umumiy tizimning markaziga, hayotning oldingi pog‘onasiga chiqadi: yurtda dushmanlar hukmronlik qilganida – ozodlik, mustaqillik, diktatura davrida – erkinlik, Vatan mustaqilligiga xavf tug‘ilganida – vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash va milliy uyg‘onish davrida – tarixiy va madaniy merosni o‘rganishga intilish, urush sharoitida tinchlik va barqarorlikka ehtiyoj kuchayib boradi. Shu tariqa ijtimoiy jarayonlar rivojida ma’naviyat kategoriyalari ma’lum bir shaklining dolzarbligi, boshqasining zarurligini bir qadar xiralashtirganday, ularning ayrimlari yuksak ma’naviyatga yaqinlashganday, boshqalari esa undan uzoqlashganday bo‘lib tuyuladi. Ma’naviyat kategoriyalarining namoyon bo‘lish shakllari orasida o‘z ahamiyatini, ijobiylik hamda foydalilik xususiyatlarini doimo saqlab qoladiganlari ham bor: inson vujudining tirikligi, uning umri va hayoti, sihat-salomatligi, sog‘lom nasl va avlodlar vorisligi, ijtimoiy faoliyati va munosabatlari, mehnati, bilimi, muomalasi va boshqa, bular inson va jamiyat bor ekan o‘zining ijtimoiy ahamiyatini saqlab qolaveradi, ularning qarama-qarshisi bo‘lgan o‘lim, kasallik, ma’nosiz hayot kechirish, bilimsizlik va boshqalar ham tarixiy jarayonlarning doimiy hamrohidir.

 

Taraqqiyotga intilish bor ekan – tanazzul va boshqa illatlar insoniyatni doimo ta’qib qiladi. Yuqoridagi ijobiy kategoriyalarning ahamiyati ham ularga teskari bo‘lgan jihatlarga nisbatan solishtirib aniqlanadi. Ma’naviyat kategoriyalarining eng oliy shakllari ideal-kategoriyalar sifatida qaraladi. Jamiyat tarixining hamma davrlarida odamlar ezgu ideallarga intilib, ularga erishishni orzu qilib yashaydi. Kundalik hayotda va ilmiy adabiyotlarda eng oliy ideal-kategoriyalarga nisbatan bir qator ibora va tushunchalar keng qo‘llanadi: ma’naviy va axloqiy poklikning umumiy belgisi – yaxshilik; nafosat belgisi – go‘zallik; bilimlarimiz va fan yutuqlarining amaliyotga mosligi – haqiqat, inson huquqlarining oliy ifodalari – erkinlik va tenglik; siyosatning to‘g‘riligi – adolat, odamlar o‘rtasidagi ijobiy munosabatlar – do‘stlik; eng hokisor va beg‘araz tuyg‘ular asosidagi qalblarning bog‘langanligi – muhabbat, orzu-umidlarga erishganlik – baxt-saodat, o‘z yurtini sevmoq va ardoqlash – vatanparvarlik va hokazo. Ushbu ideal-kategoriyalar va ularga nisbatan teskari ma’noni anglatadigan yomonlik, jaholat, yolg‘on, erksizlik, tengsizlik, adolatsizlik, dushmanlik, nafrat, xiyonat va boshqa hayotda muayyan tarzda namoyon bo‘ladi.

 

Ma’naviyat kategoriyalari tizimini tavsiflashda axloq, madaniyat, g‘oya, mafkura, ma’rifat va din bilan bog‘liq boshqa ko‘plab xususiy tushunchalarni ham nazardan qochirmaslik lozim. Ular ma’naviyat kategoriyalari tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, ma’naviyat kategoriyalari ushbu tushunchalar uchun umumiy mezon vazifasini bajaradi. Ma’naviyat kategoriyalari bir tomondan, inson tafakkuri muhsuli, ikkinchi tomondan, ma’naviy voqea va hodisalarning inson miyasida aks etish natijasi, uchinchidan esa inson ongini voqelikka yaqinlashishi va dunyoni bilish vositasidir. Ma’naviyat kategoriyalari ma’naviy hayot hodisalarini anglashda nazariy va metodologik ahamiyat kasb etadi. Bunda ma’naviyat kategoriyalarilar birinchidan, insonning jamiyatdagi hodisalar mohiyati va mazmunini, ularga xos qonuniyatlarni anglash jarayonida erishgan bilimlarining natijasi, ikkinchidan, hayotni yana ham chuqurroq bilish va uning sirlari hamda qonuniyatlarini ochishda qo‘llaniladigan muhim ilmiy vositalar hisoblanadi. Ularni bir-biridan ajratib yoki mutlaqlashtirib yuborish noto‘g‘ri. Chunki, ma’naviyatning o‘zi bir butun, yaxlit va ko‘p qirrali ijtimoiy hodisa bo‘lganidek, ma’naviyat kategoriyalari ham o‘zaro aloqadorlikda namoyon bo‘ladi. Ilm-fanning vazifasi ularni bir-biridan farqlay olish hamda umumiy aloqadorlik va bir butunlikda tadqiq etib, ma’naviyatning xususiyat va belgilarini ochish, amaliyotda uning imkoniyatlaridan ijodiy foydalanishga ko‘maklashishdan iboratdir.

 

Ilmiy-nazariy va metodologik nuqtai nazardan olganda, ma’naviyat kategoriyalari ob’yektiv mazmunga ega bo‘lib, ma’naviy hodisalar va jarayonlar tufayli ro‘yobga chiqadi, namoyon bo‘ladi, hayotning o‘ziga xos xususiyatlari, tomonlari, belgilarini ifodalovchi voqelik sifatida inson tafakkurida aks etadi. Ularning har biri ma’naviyat yo‘nalishidagi barcha fanlar uchun ilmiy-metodologik ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy kategoriyalar hisoblanadi. Xullas, ma’naviyat kategoriyalari moddiy olamdan, uning tushnchalaridan tubdan farq qiladi. Ko‘p hollarda ularning bahosi va qiymatini aniq raqamlarda ifodalash qiyin, ularga xos xususiyat va qadrli jihatlarni muayyan foizlar va ko‘rsatkichlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bu borada ushbu tushunchalarning qadri, inson va jamiyatga ta’siri muhim ahamiyat kasb etadi. Aslini olganda ma’naviyat kategoriyalarining aniq formulasi, konkret timsolini topish qiyin, ularning mazmun-mohiyati, qadri va ahamiyatini ko‘proq qiyoslash va taqqoslash orqali bilib olish mumkin. Shu ma’noda ma’naviyat kategoriyalari inson hayotining ajralmas qismi, jamiyatda amalga oshayotgan o‘zgarishlar va jarayonlarning haqiqiy mezoni, bashariyat doimo intilib yashaydigan maqsad va ideallar majmui, hamma zamonlar uchun ularning mazmun-mohiyatini belgilaydigan eng muhim umuminsoniy qadriyatlarning ifodasi bo‘lib qolaveradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 957
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34258
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25253
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21800
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//