Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi


Saqlash
21:07 / 21.07.2023 0 3443

Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi – 1) ma’naviyatning ma’rifiy jarayonlar bilan uzviy aloqadorligini, inson ma’naviyatining u tomonidan o‘zlashtiriladigan bilimlar, amaliy tajriba va ko‘nikmalar hosil qilinishi, shaxsning ilmiy-ijodiy kamoloti bilan bog‘liqligini ifodalovchi tushuncha;

2) muyayan shaxs, ijtimoiy guruh, jamiyat va davlat hayotiga xos faoliyatda, urf-odat va an’analarida, ta’lim-tarbiya tizimida ma’naviy omillarning bilim va tafakkur rivoji bilan mushtarakligini ifodalovchi tushuncha.

 

Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi o‘zbek xalqining ko‘p ming yillik tarixi davrida doimo uning eng kuchli o‘ziga xos xususiyati bo‘lib kelgan. Chunki, qadim-qadimdan O‘zbekiston sivilizatsiyasining asosi, poydevorini ma’naviyat, ma’rifat va axloq qadriyatlari tashkil etgan va bu tushunchalarni bir-biridan ajralgan holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi jamiyat, xalq kamolotining bosh omillaridan biri hisoblanadi. Ma’rifat ham o‘z navbatida madaniyat, ma’naviyat tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq, ular uyg‘un ravishda qo‘llanadi. Chunki, ma’rifat-ma’naviyatga olib keladigan yo‘l, uni shakllantiruvchi vositadir. Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi tarixi jamiyat tarixining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.

 

Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi ma’naviy qaramlikni bartaraf etuvchi kuch, u insonga aqliy, ruhiy quvvat baxsh etadigan omil sifatida namoyon bo‘ladi. U kishilarni jaholat changalidan qutqaradi, buzuq, yomon, gunoh ishlardan qaytaradi, ezgu xulq va odob egasi bo‘lishga ko‘maklashadi. Faqatgina chinakam ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligiga erishgan odam inson qadri, millat qadriyatlari, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligini anglash, erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib, obro‘li o‘rin egallashi uchun fidoyilik bilan kurashishi mumkin. Shu sababga ko‘ra, ma’rifatli kishilardan tashkil topgan jamiyat ravnaq topadi, kelajagi porloq bo‘ladi. Masalan, sohibqiron Amir Temur zamonida xalqimiz ma’naviyat-ma’rifat borasida jahonda dong taratgani bejiz emas. Ma’naviyat sermazmun tushuncha bo‘lib, maorif uni yoyish, kishilar ongi va qalbiga singdirish vositasidir. Ma’naviyatni hayotga singdirish faqat maorif orqaligina emas, ma’rifat o‘choqlari, turli ijodiy uyushmalar, tashkilot, muassasalar, OAV va boshqa tizimlar orqali amalga oshiriladi. Bu esa ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligini ta’minlaydi, xalq ma’naviyati va ma’rifatining yuksalishiga imkon beradi. Ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi yo‘lida har kim o‘z iqtidori, iste’dodi, qobiliyati, intilishiga yarasha ma’lum bir darajaga erishadi. Ammo, ma’naviy kamolot jamiyatda faqat tor doirada qolib ketsa, ma’naviy-ma’rifiy daraja umumijtimoiy ijobiy, ilg‘or harakatlarga chorlovchi o‘zgarishlarga olib kelmasa, hayot uyg‘unligi, muvozanati buziladi. Shu sababga ko‘ra ma’rifat tarqatish yo‘li bilan siyosat va iqtisod sohalarida umumijtimoiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishiga erishish ma’naviyat ahlining mas’uliyati, ma’naviyat, ma’rifatni targ‘ib-tashviq etish har bir ziyolining vijdon ishidir. Chunki chinakam ma’rifatli insonlargina o‘z yurtini taraqqiy toptirishga, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga, dunyoda o‘ziga munosib o‘rin egallashga qodir bo‘ladi. Bu esa ustoz va murabbiylar, ota-onalar, butun jamiyat zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Yoshlarga ta’lim-tarbiya beradigan, ularni ma’naviyat-ma’rifatga chorlaydigan ustozlar hurmatini joyiga qo‘yish, ularga munosib sharoit yaratib berish – eng dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Shu bilan birga, bu sohada muammolar ham yo‘q emas. Sho‘ro zamoni asoratlari, o‘sha davr tarbiyasi hamon miyasi, ongu shuurida saqlanib kelayotgan ayrim amaldorlar faoliyati ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy sohalardagi islohotlarga to‘siq bo‘lmoqda.

 

Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy: “... Ma’rifatli xalq shijoatli bo‘lur. Shijoat qalbning matonatidan, ruhning salomatligidan iboratdir. Maorifdan, funundan va madaniyatdan mahrum bo‘lgan xalq jaholat panjalarining orasida xamir kabi ezilgandek, a’foli zamirida ham o‘z nafsining yoqasini bo‘shata olmas... Zeroki, jaholat va qo‘rqinch, faqir va muhtojlikdan ziyoda dahshatli bir musibatdir”, degan edi. Afsuski, sobiq Ittifoq zamonida xalqimiz ana shunday girdobga tushib qolgan edi. Mustamlaka tuzumi qoldirgan og‘ir asoratlarni bartaraf etishning asosiy shartlaridan biri jamiyatda ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligiga erishishdir. Chunki, ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligi – qullik tafakkurining kushandasi, u ma’naviy qaramlik, qo‘rquv va hadikni bartaraf qiladi, insonga beqiyos ilohiy qudrat, mislsiz salohiyat ato etadi. “Iqtisodiy islohotlarni hal etish mumkin. Xalqning ta’minotini ham amallab turish mumkin. Ammo ma’naviy islohotlar, qullik va mutelik iskanjasidan ozod bo‘lish, qadni baland tutish, ota-bobolarimizning udumlarini tiklab, ularga munosib voris bo‘lish – bu dunyoda bundan ortiqroq va bundan sharafliroq vazifa yo‘q”. Yurtboshimiz tomonidan istiqlolning dastlabki yillaridayoq ilgari surilgan bu fikr xalqimizni ma’rifiy uyg‘oqlikka chorlash yo‘lidagi da’vat sifatida yangragan edi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida jamiyatimiz ozod va erkin istiqbol sari yuz tutdi, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Chunki, insonning, xalqning, jamiyatning va davlatning kuch-qudrati fuqarolarning ma’naviy-ma’rifiy darajasi bilan baholanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26613
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25252
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24920
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21796
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//