Ma’naviyat va iqtisod. Ma’naviyat va siyosat


Saqlash
20:07 / 21.07.2023 0 2515

Ma’naviyat va iqtisodjamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti bilan bog‘liq munosabatlarda ma’naviyat masalalari, xususan, insonparvarlik talablari va me’yorlari hisobga olinishi lozimligi tarixiy haqiqatdir. Bu ma’naviyatning ishlab chiqarish, iqtisodiy rivojlanish bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Aks holda, jamiyatda insoniy axloqiy munosabatlar tanazzulga uchraydi, insonlar o‘rtasida begonalashish kuchayadi. Bu esa oxir-oqibatda ijtimoiy-iqtisodiy tanazzulga olib kelishi mumkin. Ayrim kishilar erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy qadriyatlar qadrsizlanadi, madaniyat va ma’naviyat ikkinchi darajali narsaga aylanadi, ma’naviy qashshoqlik avj oladi, deb da’vo qiladi. Erkin bozor iqtisodiyoti bilan ma’naviyatni bunday qarama-qarshi qo‘yish mutlaqo o‘rinsiz, aksincha, yuqorida aytganimizdek, ular bir-birlarini to‘ldiradi, chunki faqat ma’naviy sog‘lom, kuchli jamiyatgina iqtisodiy islohotlarga tayyor bo‘lishi mumkin.

 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda iqtisodiyot va ma’naviyatning o‘zaro dialektik bog‘liqligi va bir-biriga ta’siri qonuniyatidan kelib chiqqan holda iqtisodiy va ma’naviy hayotning uyg‘un holda rivojlanib borishiga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Hozirgi davrda iqtisodiy va ma’naviy jarayonlarning o‘zaro mutanosib uyg‘un tarzda rivojlanishiga erishilayotgani mamlakatimizda siyosiy-ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. Demak, ma’naviyat va iqtisod bir-birini inkor etmaydi, balki bir-birini quvvatlab, o‘zaro ta’sirlanib, rivojlanib boradi. Hozirda iqtisodiy islohotlarning yangi, yuqori bosqichiga o‘tish jarayonida yurtimizda ishlab chiqarish tarmoqlari jadal rivojlanib, iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiladi. Bu esa fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir qiladi. Iqtisod, ma’naviyat va ma’rifatning o‘zaro chambarchas bog‘liq ekanini ota-bobolarimiz teran tushunib yetgan. Shunga tayangan holda ular ma’naviyati yuksak, komil inson haqida butun bir axloqiy talablar majmuasini ishlab chiqqanlar. Undagi asosiy o‘zak, jihat kishi qalbida haromdan hazar, nopoklikka, adolatsizlikka nisbatan murosasizlik, bozor munosabatlarida insof va diyonat, xaridorga munosabatda samimiylik, yumshoq muomala kabi xususiyatlar bo‘lishi zarurligi asos qilib olingan.

 

Ma’naviyati yuksak kishi birovning haqiga, davlat, jamoa mulkiga xiyonat qilmaydi, el-yurtiga, oilasiga sadoqatli bo‘ladi, Vatani, xalqi uchun hatto jonini ham ayamaydi. Buning aksi o‘laroq, ma’naviyati qashshoq kishilar nopok, firibgar, poraxo‘r, o‘g‘ri, qallob, Vatan va millat manfaatlariga befarq qaraydi. Kelajakda O‘zbekiston yuksak darajada rivojlangan iqtisodiyoti bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviyati yetuk farzandlari bilan ham jahonni hayratga solishi uchun harakat qilinayotgan ekan, bunga esa iqtisod va ma’naviyat, ma’rifatni birga, o‘zaro mutanosib, mushtarak rivojlanishiga ahamiyat berilganidagina erishish mumkin. Ma’naviyatli va ma’rifatli, iymonli kishilargina o‘zining halol-pok mehnati bilan boylik yaratadigan, izlanuvchan, insofli, mehnatsevar, tadbirkor, el-yurt dardiga malham bo‘ladigan haqiqiy vatanparvar bo‘ladi. Shunday fuqarolarga ega bo‘lgan mamlakat, jamiyat iqtisodiy taraqqiyot pog‘onalarida uzluksiz yuqoriga ko‘tarilib boradi. Yurtimiz maqsad qilib olgan sivilizatsiyalashgan bozor munosabatlari faqat yuksak ma’naviyat va ma’rifat, yuksak axloqiylik va vatanparvarlik negizlarida bunyod etilishi mumkin. Buni hammamiz teran anglab olishimiz lozim.

 

Ma’naviyat va siyosat – jamiyat hayotining ikki tarkibiy qismi bo‘lgan ma’naviyat va siyosatning o‘zaro munosabatlari, bog‘liqligi, uzviy aloqadorligi, bir-biriga nisbatan ahamiyatini ifodalovchi tushuncha. Siyosatning ma’naviyat bilan bog‘liqligi shunda namoyon bo‘ladiki, yuksak ma’naviyat asosiga qurilgan siyosat jamiyat rivojlanishi va unda barqarorlik ta’minlanishiga olib keladi. Biron-bir mamlakatda faqat muayyan guruh va kuchlar hukmronligini ta’minlashga, xalq ommasi manfaatlariga zid va shu asosda tor doiradagi manfaatlarni himoya qiluvchi tuzumni saqlab qolishga qaratilgan siyosat – adolatsiz, ma’naviyatdan xoli bo‘lgan boshqaruv usuli va vositasidir. Bu siyosatning jamiyat va mamlakat miqyosidagi hukmronligi inson huquqlarining poymol etilishiga, moddiy va ma’naviy boyliklarning talon-taroj qilinishiga, zo‘ravonlik, johillik, tekinxo‘rlik, o‘z mansabidan g‘arazli niyatda foydalanish, poraxo‘rlik kabi ma’naviy qashshoqlashuv shakllari vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Yuksak ma’naviy qadriyatlar asosiga qurilgan siyosat esa, eng avvalo, inson zotini ulug‘lash, uning moddiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatda tinchlik, barqarorlikni ta’minlashga qaratilgandir. Ilm, ma’rifat, madaniyat, texnika, texnologiyani rivojlantirish, fuqarolarning zamonaviy bilim egallashlariga keng yo‘l ochish va ular haqida g‘amxo‘rlik qilishga qaratilgan siyosat yuksak ma’naviy qadriyatlarga asoslangan boshqaruv hisoblanadi. Bunday siyosatning ma’naviyat bilan bog‘liq jihati shundaki, u mavjud muammolarni hal qilishda har qanday g‘ayriqonuniy to‘polon va beboshlikning oldini olishga, eng murakkab munozarali muammolarni ham muzokaralar, tomonlarning konsensusi orqali hal qilishga yordam beradi.

 

Siyosatdagi ma’naviy qashshoqlik johillik, adolatsizlik va zo‘ravonlikda o‘z ifodasini topadi, yuksak ma’naviyat esa taraqqiyot va barqarorlikka erishishga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazadi. Har qanday siyosatning mazmun-mohiyatida jamiyat, xalq va insonning madaniy, ma’naviy faoliyati, intilishi aks etsagina, u xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Chunki unda umumxalq ehtiyoj va manfaatlari mujassamlashgan bo‘ladi. Davlatimizning bu borada amalga oshirayotgan oqilona siyosati shundan dalolat beradi. Demak, qaysi mamlakatda ma’naviyatni yuksak darajaga ko‘tarish, u haqida g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, o‘sha mamlakatda tinchlik, barqarorlik vujudga keladi, ilm-fan, ma’rifat va madaniyat rivojlanadi. Bu o‘z navbatida, mamlakat oldida turgan turli eng murakkab muammolarni ma’naviy-ma’rifiy yo‘llar bilan hal etish imkonini yaratadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda insonga eng oliy qadriyat sifatida qarab, ichki va tashqi siyosatda uning tinch va farovon yashash huquqini ta’minlashga katta ahamiyat berib kelinmoqda. Siyosatning ma’naviy hayotga real ta’siri ma’rifatni, ilm-fan, adabiyot va san’atni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlarda namoyon bo‘ladi. O‘z navbatida, fuqarolarning yuksak ma’naviyatga va ma’rifatga ega bo‘lishi mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tarixning bu haqiqati, ya’ni ma’naviyat va siyosatning uyg‘unligi, o‘zaro aloqasi va bog‘liqligi inson, millat, jamiyat va davlat rivojida eng muhim omillardan biri ekani jamiyatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida o‘z ifodasini topmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 99
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 350
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 123
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 213
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 523
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 943
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218712
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104466
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33956
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27293
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26427
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25004
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24812
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21670
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//