Bilasizmi?
Ma’naviyat (arabcha ma’no, ma’nolar majmuasi) – moddiy hayot bilan doimo yonma-yon yuradigan, inson, xalq va jamiyat hayotining ajralmas qismi bo‘lgan ijtimoiy hodisa; ilmiy-falsafiy tushuncha. Hozirgi ilm-fanda ma’naviyat “Ma’naviyatshunoslik”, “Ma’naviyat asoslari”, “Ma’naviyat tarixi va nazariyasi”, “Axloqshunoslik”, “Nafosatshunoslik” kabi fanlarning asosiy kategoriyasi hisoblanadi. “Ma’naviyat” tushunchasining ilmiy, falsafiy, adabiy tafakkurda yoki oddiy xalq tilida qo‘llanib kelayotgan ko‘plab ta’riflarini keltirish mumkin. Ular mazmun-mohiyati jihatidan bir-biridan farq qiladi. Ayni hol bu tushunchaning o‘ziga xos rivojlanish evolyusiyasini aks ettiradi va uning keng ma’noga ega ekanidan dalolat beradi. Shu bilan birga, o‘zida juda chuqur va keng qamrovli ma’no-mazmunni mujassam etgan bu tushunchaga har qaysi ma’rifatli inson o‘zining hayotiy qarashlari, shaxsiy e’tiqodi, ongu tafakkuri va dunyoqarashidan kelib chiqqan holda turlicha ta’rif berishi mumkin. Shuning uchun ham bu masala bo‘yicha ilmiy adabiyotlarda, kundalik matbuotda bir-biridan farq qiladigan fikr-mulohazalarni uchratganda, ularni har qaysi muallifning o‘ziga xos dunyoqarashi, mushohada tarzi ifodasi sifatida qabul qilish o‘rinlidir.
Ma’naviyat tushunchasining mazmuni bugungi kunda faqat “ma’ni”, “ma’no” degan so‘zlar doirasida chegaralanib qolmaydi. Nega deganda, insonni inson qiladigan, uning ongi va ruhiyati bilan chambarchas bog‘langan bu tushuncha har qaysi odam, jamiyat, millat va xalq hayotida hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan darajada alohida ahamiyat kasb etadi. Sobiq ittifoq davrida ma’naviyat masalasi e’tibordan chetda qolgan edi. O‘sha davrda uni yaxlit hodisa sifatida talqin eta olmaslik bu to‘g‘rida umumiy tasavvur hosil qilish imkonini bermas edi. Hozirgi davrda ma’naviyatga e’tibor kuchaydi, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va asrabavaylash ustuvor vazifaga aylandi. Bu borada keng ko‘lamli ham amaliy, ham nazariy ishlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda ma’naviyat sohasida sobiq ittifoq davridagi o‘ta mafkuralashgan fanlar o‘rniga xalqaro andozalar, umuminsoniy qadriyatlar va milliy manfaatlarimizga mos yangi tizim shakllandi. Bizning mamlakatimizda “Ma’naviyat” tushunchasi jamiyat hayotidagi g‘oyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarni o‘zida to‘la mujassam etadi. Shuning uchun ham bu mavzuda fikr yuritganda, mazkur qarashlarning barchasini umumlashtirib, keng ma’nodagi “Ma’naviyat” tushunchasi orqali ifoda etish mumkin.
Gʻarb mamlakatlari, jumladan sobiq ittifoq o‘rnida shakllangan ba’zi davlatlarda ma’naviyat alohida hodisa sifatida qaralmaydi. U ko‘proq din yoki axloqqa aloqador tushuncha tarzida tushuniladi. Gohida bu atamalar bir-biri bilan tenglashtiriladi, ba’zi hollarda esa ularning ikkalasi ham ma’naviyatning o‘rnini bosa oladi, degan qarashlari ilgari suriladi. Bundan tashqari, ma’naviyat axloq yoki dinning tarkibiga kiradi, binobarin, uni ana shu ikki qadriyatda mavjud bo‘lgan xusyatlar majmui sifatida tushunish mumkin, degan fikrlar ham uchraydi. Aynan ana shunday yondashuvlar bu mamlakatlarda ma’naviyatshunoslikni alohida fanga aylanmaganining eng asosiy sabab laridan biridir. Bizda esa bu borada butunlay boshqacha holat kuzatilmoqda, ya’ni tilimizda faqat ma’naviyatga doir dunyoviy so‘zlar, tushuncha va atamalar nihoyatda ko‘p. Xalqimizga xos ma’naviy qadriyatlar tarkibiga kiradigan ko‘plab tushuncha va atamalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zga tillarga tarjima qilish qiyin va mushkul bir muammo. Bu millatimiz ma’naviy hayotining naqadar boyligini, xalqimizning boshqalarga aslo o‘xshamaydigan bir qator o‘ziga xos milliy-etnik xususiyatlari mavjudligini, tilimizda esa shu sohaga doir o‘xshashi yo‘q so‘zlar borligini anglatadi. “Shuni aytish lozimki, bu tushunchalar kimdir shunchaki o‘ylab topgan shirin kalom, quloqqa hush yoqadigan so‘zlar emas. Bunday tushunchalar asrlar mobaynida el-yurtimizning dunyoqarashi, ma’naviy hayotining negizi sifatida vujudga kelgan, ongu shuurimizdan chuqur joy olgan buyuk qadriyatlarning amaliy ifodasidir”.
“Ma’naviyat” tushunchasiga turli nuqtai nazarlardan yondashish mumkin. Lekin shu narsa aniqki, u ma’naviyat sohasining qonun va talablari, tushuncha va tamoyillari, uning o‘ziga xos xususiyatlari va namoyon bo‘lish shakllarining mazmun-mohiyatini ifodalaydigan keng ma’noli tushuncha sifatidagi doimo o‘z ahamiyatini saqlab qolaveradi. Bu borada ma’naviyatning quyidagi jihatlariga alohida e’tibor berish zarur:
– jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tartibga soluvchi talab va qoidalar majmui;
– ma’naviy qadriyatlar, urf-odat va an’analar, ideallar, ezgu g‘oya va maqsadlar tizimi;
– axloq, madaniyat, ma’rifat, din va ta’lim-tarbiya tizimidan iborat yaxlit ma’naviy hodisalar majmui;
– ma’naviy jarayonlar, insonning o‘zini va o‘zi yashayotgan dunyoni takomillashtiruvchi ijodiy faoliyati va uning natijalari;
– inson kamoloti, uning ma’naviy qiyofasining takomillashuv darajasi, shaxsiy – axloqiy xususiyatlar va ma’rifiy fazilatlar majmui;
– jamiyatning barcha sohalari bilan o‘zaro aloqador ma’naviy talablar va tamoyillar hamda inson hayoti va faoliyatini belgilovchi mezonlar tizimi.
Ma’naviyat insoniy xususiyat va fazilatlar majmui tarzida yana quyidagi asosiy jihatlarning o‘zaro aloqasiga asoslanadi. Avvalo ma’naviyat – taqdirning ehsoni emas, u asrlar davomida uzluksiz taraqqiyot natijasida kamol topgan, xalqimizning ongu tafakkurida ozodlik, mustaqillik, ona Vatan, mehr-oqibat, or-nomus kabi ezgu tushunchalar asosida shakllangan. Ma’naviyat insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o‘giti bilan birga singadi. Tabiatga yaqinlik, jonajon o‘lkaning benihoya go‘zalligidan bahramand bo‘lish ma’naviyatga oziq beradi, uni kuchaytiradi. Ayni paytda, ma’naviyat odamzodning ota-onadan tabiiy tarzda, to‘la-to‘kis va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tmaydigan, balki uning yetuk shaxs sifatida shakllanishi va ta’lim-tarbiya jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy fazilatlari majmui sifatida amal qiladi. Bu fazilatlar insonning moddiy va ma’naviy faoliyatida ham, boshqalar bilan muloqotida ham, jamiyat va o‘zgalarga munosabatida ham namoyon bo‘ladi. Yana bir jihati – ma’naviyat insonning yashash va faoliyat usuli, moddiy va madaniy ehtiyojlari, uning tafakkuri, dunyoqarashi, axloqiy qiyofasi, ijodining butun rangbarangligini qamrab oladigan o‘ziga xos ijtimoiy hodisa sifatida amal qiladi. Ma’naviyatga taalluqli narsa va hodisalar barqaror tabiatga va chuqur tarixiy ildizlarga ega, kundalik voqea va hodisalar esa o‘z garuvchandir. Shu sababli ma’naviyat bu hodisalarga nisbatan muayyan asos sifatida namoyon bo‘lib, ularning mazmun-mohiyatini, yo‘nalish va xususiyatlarini belgilaydi. U keng ma’noda turli ijtimoiy o‘zgarishlarni bog‘lovchi bo‘g‘in, inson va jamiyat hayotidagi yangilanishlarning maqbul yoki maqsadga muvofiq emasligini aniqlaydigan umumiy mezon vazifasini ham bajaradi. Bu esa muayyan davr va jamiyatdagi holatni, voqea-hodisalar mohiyatini to‘la-to‘kis aniqlash uchun ma’naviyat sohasidagi o‘zgarishlarni diqqat bilan o‘rganish zarurligini anglatadi. “Ma’naviyat” tushunchasini tasniflashda umumiy mezon bo‘ladigan asoslarga qarab, unga xos sifatlar majmuini yanada kengaytirish mumkin. Bu boradagi yondashuvlar orasida ilmiy-nazariy, falsafiy, aksiologik, etnologik, psixologik, kulturologik, teologik, estetik, plyuralistik qarashlar alohida o‘rin egallaydi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
2023-2024 o'quv yili
16:04 / 09.04.2024
madaniyatchi