Bilasizmi?
Ma’naviy qadriyatlar – inson ma’naviyati va axloqiy qiyofasiga daxldor bo‘lib, jamiyat a’zolarini tarbiyalashga, ularning ma’naviy barkamolligini ta’minlashga xizmat qiladigan qadriyatlar tizimini ifodalovchi tushuncha. Ma’naviy qadriyatlar deganda, inson tarbiyasi va kamolotida muhim ahamiyatga ega, jamiyat va shaxs ma’naviyatini yuksaltiruvchi, tafakkur rivojida beqiyos ahamiyat kasb etadigan qadriyat shakllari tushuniladi. (Masalan, urf-odatlar, an’analar, Vatanni sevish, o‘z xalqi va millatini hurmat qilish, ota-onasini e’zozlash, tinchlik va totuvlikni saqlash va hokazo).
Ma’naviy qadriyatlar muayyan sharoitlarda shakllanadi va shu ma’noda milliy muhit ularni yaratish hamda saralashning asosiy manbaidir. Ma’naviy qadriyatlarni anglash kishining o‘z millati, yurti, eliga tegishli qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qiladi, o‘ziga ishonch va hurmatni mustahkamlaydi, Vatan istiqboliga katta umid bilan qarashga undaydi. Muayyan millat ma’naviy qadriyatlarni qanchalik asrab-avaylasa, uning taraqqiyotida ma’naviy va moddiy omillar uyg‘unligi shunchalik mustahkam va barqaror bo‘ladi. Fanda ma’naviy qadriyatlarning qator funksiyalari o‘rganiladi. Ular avvalo, jamiyat a’zolarini o‘zini o‘zi tarbiyalashga, ajdodlardan meros qolgan qadriyatlar va ideallarga munosib bo‘lishga undaydi. Bu jarayonda ikki xil holat kuzatiladi. Birinchisida ma’naviy qadriyatlar jamiyat a’zolari tomonidan ongli tarzda yaratiladi, ya’ni odamlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan ma’naviy me’yorlar va mezonlar haqidagi tushunchalar asosida ularga mos keladigan qadriyat va ideallarni yaratadi. Bunday sa’y-harakatlar jamiyat a’zolarining ma’naviy faolligini oshiradi, izlash, izlanish va yaratuvchanlikka chorlaydi. Ikkinchi holatda esa, jamiyat a’zolari tomonidan o‘zlashtirilgan bilim, turli urf-odatlar yoki boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar jarayonida olgan taassurotlari ham ma’naviy qadriyatlarning takomillashuviga xizmat qiladi. Ma’naviy qadriyatlarning shakllanishida har ikki holatning ham ta’siri kuzatiladi.
Ma’naviy qadriyatlar ijtimoiy ong shakllariga mos keladigan madaniy, ma’rifiy, axloqiy, diniy, huquqiy, ilmiy va hokazo turlarga bo‘linadi. Ular insonning aqli, kamoloti, dunyoni bilish maqsadi, bilimlarining haqiqatga mos kelish darajasini aniqlash mezoni yoki biror ideal tarzida ham namoyon bo‘ladi. Ma’naviy qadriyatlarning inson tarbiyasi va jamiyatdagi o‘rniga doir asosiy funksiyasi ham ana shular bilan bog‘liq. Ma’naviy qadriyatlarning yana bir muhim jihati shuki, ularning ba’zilari insoniyat tarixi davomida asta-sekin shakllanadi va takomillashib boradi. Ularning miqdori va sifatining ortishi jamiyat a’zolarining tafakkur darajasining yuksalishi hamda insoniyat taraqqiyoti qanchalik ilgarilab ketganining ko‘rsatkichi hamdir. Deylik uzoq o‘tmishda ba’zi qadriyatlar, gazeta, radio, TV to‘g‘risida umuman tasavvur bo‘lgan emas. Bunday yangi ma’naviy qadriyatlarlar asrlar davomida shakllanib, takomillashib, boyib borgan. Ma’naviy qadriyatlar va qadriyat mezonlari millat ma’naviyati va unga mansub kishilarning xulq-atvorini tartibga solish va to‘g‘ri yo‘naltirish funksiyasini ham bajaradi. Bunday o‘ziga xos ma’naviy boshqarishning samaradorligiga erishish nihoyatda muhim. Zero, ma’naviy qadriyatlari bo‘lmagan millat yo‘q, millat ma’naviy qadriyatlarning sohibi, yaratuvchisi va asrab-avaylab saqlab turuvchidir. Agar har bir millat o‘z ma’naviy qadriyatlarini asramasa, bu qadriyatlarning saqlanib qolishi qiyin. Millatning tanazzuli ma’naviy qadriyatlarning tanazzulidir. Ma’naviy qadriyatlar millatning tarixi, yashash tarzi, buguni, kelajagi, urf-odat va an’analari, uni tashkil etgan avlodlar tafakkuri, ijtimoiy qatlamlar, milliy ong, til hamda milliy madaniyat bilan uzviy bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.
Keyingi yillarda ma’naviy qadriyatlarga e’tibor kuchaydi. Zero, Ma’naviy qadriyatlar mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning irodasini mustahkam qiladigan, unga kuch bag‘ishlaydigan asosiy omillardan biridir. Xalqimizning asrlardan-asrlarga meros qolib kelayotgan ma’naviy qadriyatlari uzoq tarixiy jarayonda shakllanib, rivojlanib kelgan. Ularni uch ming yildan ortiq davrni mujassamlashtirgan xalqimiz sivilizatsiyasi yaratgan. Bizning ma’naviy qadriyatlarimiz ana shu sivilizasiyaga uzviy bog‘liq bo‘lib, ular millatimiz shakllangan makon va ona yurtga ehtirom, avlodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga hurmat, muomalada mulozamat, hayo, andisha kabi ko‘plab tushunchalarda ifodalanadi. Ma’naviy qadriyatlarimizda jahonning boshqa xalqlariga o‘xshamaydigan urf-odatlar, rasm-rusumlar, marosimlar va an’analar ko‘plab uchraydi. Sobiq tizim sharoitida ma’naviy qadriyatlar masalasi ko‘p hollarda e’tibordan chetda qolib ketgan edi.
Mustaqillik tufayli haqiqiy ma’naviy qadriyatlarimizni, ularning jamiyat ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rni va ahmiyatini anglash, ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy, ilmiy merosini o‘zlashtirish, farzandlarimizni va’naviy qadriyatlar asosida tarbiyalab voyaga yetkazish, ana shu bebaho boylikni asrab-avaylash va boyitgan holda kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st uzatish imkoniyati yaratildi. Bu esa ma’naviy qadriyatlar boqiyligi va bardavomligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
1 Izoh
Baxtiyor
22:04 / 09.04.2024
Axloqiy qadryatlarni ham aniq yoritishingizni soragan bolardm