Bilasizmi?
Ma’naviy fazilatlar – insonning ma’naviy qiyofasi, ijtimoiy hayot, ong va munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan, jamiyat taraqqiyoti va turmushi ta’sirida shakllangan ma’naviy xususiyat va xislatlarining umuminsoniy hamda milliy fe’l-atvor ko‘rinishlarini ifodalovchi tushuncha. Shaxsning ma’naviy fazilatlari uning iymon-e’tiqodi asosida halol-poklik, mehr-shafqat, adolat va haqiqatgo‘ylik, vatanparvarlik, kattalarga hurmat va kichiklarga izzatda bo‘lish, kamtarlik va shu kabilarda namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, ma’naviy fazilatlar erkak va ayol, ota-ona va farzandlarga mos o‘ziga xoslik jihatlariga yoki kasbiy xususiyatlarga ega bo‘lishi ham mumkin. Sharq xalqlarida ma’naviy fazilatlarni tarbiyalashning muhim mezoni “O‘zingga nima tilasang, o‘zgalarga shuni tilagin” degan hikmatda mujassamlashgan.
Ulug‘ ajdodlarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy hikmatlarida yuksak ma’naviy fazilatlar tavsiflab berilgan. Abu Nasr Forobiy jamiyat hayotida rahbarlarning eng muhim o‘n ikki ma’naviy fazilatlari, aholining har bir tabaqasiga xos ma’naviy fazilatlarni tahlil etilgan bo‘lsa, Yusuf Xos Hojib va Mahmud Qoshg‘ariy fuqaroning odobini, Kaykovus esa farzandlarda ma’naviy fazilatlarni shakllantirish yo‘llarini batafsil bayon etgan. Muqaddas kitoblarimizda ham ma’naviy fazilatlarning komil insonni voyaga yetkazish hamda ularning jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni ta’kidlanadi. Ma’naviy qadriyatlar ijtimoiy-tarixiy, madaniy taraqqiyot natijasida shakllanadi, takomillashib boyib boradi. Shu tariqa milliy madaniyat rivojlanadi. Bu jarayonda ma’naviyat ahli: allomalar, adib va ziyolilarning milliy ong, milliy ruh, milliy o‘ziga xoslikni ta’minlash va rivojlantirishda tutgan o‘rni beqiyosdir. Ulug‘ ajdodlarimiz Imom Buxoriy, At-Termiziy, Gʻijduvoniy, Naqshband, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi zotlarning bizga qoldirgan bebaho ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin olib, insoniyatni ezgulik sari yetaklab, har tomonlama barkamol insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazishga xizmat qilib kelmoqda. Binobarin, yuksak ma’naviy fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan bu ulug‘ zotlarning o‘zi ham biz uchun abadul-abad ma’naviy yetuklik timsoli bo‘lib qoladi.
Xalqimiz ma’naviy taraqqiyoti jarayonida shakllanib, sayqal topib kelayotgan sharm-hayo, or-nomus, andisha, vijdon, insof kabi xislatlar ma’naviy fazilatlarning eng noyob ko‘rinishlari sirasiga kiradi. Masalan, sharm – bu nojo‘ya xatti-harakatlardan o‘zini tiya olish, uyalish hissidir. Jamiyatda qabul qilingan ma’naviy mezonlarga mos bo‘lmagan qilmishi uchun o‘zidan uyalgan odam o‘zgalarga ham ana shunday nojo‘ya xatti-harakatni ravo ko‘rmaydi. O‘zida hayo tuyg‘usi bo‘lmagan odam o‘zgalardan hayoli bo‘lishni talab qila olmaydi. Ma’naviy fazilatlar tushunchalar doirasida or-nomus ham muhim o‘rin tutadi. Or-nomus bu o‘ziga nomunosib yoki ep ko‘rilmagan ishdan, narsadan xijolat tortish, uyalish, nomus qilish tuyg‘usidir. Oriyat bu – or-nomus tushunchalardan tashqari izzat-nafs, qadr-qimmat tuyg‘ularini ham ifodalaydi. Chunki, oriyatli odam o‘zi, oilasi, mahallasi hamda Vatanining manfaatlari va qadr-qimmatini yuksak tutadi. Nomus esa iffat, bokiralik ma’nolarini mujassam etgan holda insonning jamiyatda o‘z mavqeini saqlashi, ko‘pchilik manfaatlarini hurmat qilish va ardoqlash, noo‘rin xatti-harakatlardan xijolat tortish tuyg‘ularini, oila, jamoa va ajdodlar sha’niga dog‘ tushirmaslik ma’nolarini ham anglatadi. Andisha ham ma’naviy fazilatlardan biri sifatida ijtimoiy hayotda muhim o‘rin egallab, o‘zbek millati vakillariga xos xususiyat sifatida oqibatni o‘ylab ish tutish, mulohaza yuritish hissidir.
Andishali kishi farosat bilan ish tutib, ma’naviy fazilatlar sohibi ekanini namoyon etadi. Ma’naviy fazilatlardan yana biri – vijdon kishining kundalik faoliyati, qilmishi, fe’l-atvorida mujassamlashgan oila, mahalla, jamoa, jamiyat, millat va Vatan oldida ma’naviy mas’uliyatni his etish tuyg‘usidir. Insof esa adolat va vijdon amri bilan faoliyat yuritish tuyg‘usi bo‘lib, o‘zaro munosabatlarda halollik, to‘g‘rilik, tenglik, sofdillik va to‘g‘riso‘zlikni ifoda etadi. Insof kategoriyasi Sharq falsafasida insonning jamiyatning ma’naviy-axloqiy me’yorlari nuqtai nazaridan o‘z xulq-odobini nazorat qilishi va uni baholay olishi sifatida talqin qilinadi. Shu bilan birgalikda insof vijdonli kishining yoki ma’lum jamoaning jamiyatga yoki boshqa shaxslarga nisbatan o‘z xulq-atvori uchun ma’naviy javobgarligini ham anglatadi. Ma’naviy fazilatlar insonning shaxs sifatidagi faoliyatida ham, uning Vatan va xalq oldidagi mas’uliyatini his etishida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, jamiyat ma’naviy taraqqiyotining o‘ziga xos mezoni sifatida xizmat qiladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q