Bilasizmi?
Ma’naviy targ‘ibot-tashviqot – 1) muayyan guruh, millat, jamiyat, irq, etnik guruh, hudud xalqlariga ma’naviy tushuncha va tamoyillarni singdirishga qaratilgan tizimli va maqsadli ma’rifiy faoliyatni ifodalaydigan jarayon; 2) yurtimizdagi turli millat, ijtimoiy toifa, kasbu korga mansub bo‘lgan kishilarni ma’naviy tajovuzlardan ogohlikka chorlash, mavjud xavf va tahdidlarning mohiyatini anglab yetish, ular haqida jamoatchilik fikrini shakllantirish, eng muhimi, milliy g‘oya asosida xalqni birlashtirish, jipslashtirish, yosh avlod ongi va qalbida ezgu g‘oyalarga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalashga qaratilgan usul va amaliy harakatlar majmuini anglatadigan tushuncha. Odamlar qalbi va ongida ana shunday insoniy tuyg‘ular qaror topishi, jamiyatda olijanob fazilatlar ustuvor bo‘lishida ma’naviy targ‘ibot-tashviqot muhim ahamiyatga ega. Ma’naviy targ‘ibot-tashviqot aslida ta’lim-tarbiyaning muhim ko‘rinishidir. “Targ‘ibot” atamasining o‘zagini “rag‘bat” so‘zi tashkil etgani bois, u insonni biror harakatga rag‘batlantirishni nazarda tutadi. “Tashviqot” tushunchasining o‘zagi esa “shavq” so‘zidan olingan bo‘lib, u kishida biror narsaga shavq, ishonch tuyg‘ularini uyg‘otishga yo‘naltirilgan. Demak, targ‘ibot-tashviqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad – nafaqat bilim orttirish, balki kishini birorbir xatti-harakatga undashdan iborat.
Kishilar ongini eski tuzum asoratlaridan xalos etish, ular qalbiga yangicha tafakkur, yangi g‘oyalarni singdirish uzoq davom etadigan jarayondir. Ma’naviy targ‘ibottashviqotning ikki an’anaviy yo‘li mavjud. Birinchisi – insoniy fazilatlarni ulug‘lash, yuksak ma’naviyatli kishilar hayoti va faoliyatini ta’riflash, ularni ibrat, namuna qilib ko‘rsatish orqali kechadi. Ikkinchi yo‘l esa illatlarni qoralash, ulardan xalos bo‘lishga da’vat, targ‘ib-tashviq orqali amalga oshadi. Bu vosita birinchisiga nisbatan samaraliroq. Shu sabab ham erishilgan yutuqlarni xolisona e’tirof etib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy nuqtai nazardan baholanishi lozim. Jamiyatni ma’naviy yangilashdan ko‘zlangan bosh maqsad – yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq erkinligi va farovonligiga erishish, komil insonni tarbiyalash, ijtimoiy hamkorlik va millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik kabi qator muhim masalalardan iborat. Ushbu bunyodkor g‘oyalar ongi va qalbiga singdirilgan jismoniy va ma’naviy sog‘lom avlodni voyaga yetkazish esa bir yillik yoki o‘n yillik ish emas, bunga hatto bir avlod umri ham kamlik qiladi. Buni anglab yetmaslik, qandaydir xomxayollar bilan yengil-yelpi targ‘ibot-tashviqot yuritish ko‘zda tutilgan katta maqsadlarni obro‘sizlantirib qo‘yadi. Barkamol farzand sog‘lom oilaviy muhitda voyaga yetadi. Bunga erishish uchun – birinchi navbatda, ma’naviy targ‘ibot-tashviqot ishlarini ota-onalar ongi, ularning farzandlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga yo‘naltirmoq lozim.
Ma’naviy targ‘ibot-tashviqotda ulug‘ ajdodlarimizning hayot yo‘li, qoldirgan merosini bir yoqlamalikka berilmay, to‘g‘ri va haqqoniy aks ettirmog‘imiz darkor. Lekin, bunda faqat o‘tmishdagi siymolar bilan cheklanib qolmay, bugungi kun qahramonlari, ilg‘or zamondoshlarimizdan o‘rnak olish ham muhim ahamiyatga ega. Toki, ular yoshlar uchun tom ma’noda ibrat namunasi bo‘lsin. Chunki, targ‘ibot-tashviqotda faqat o‘tmishdan misol keltirish bilan cheklanib qolinsa, bu – kechagi kun bilan yashash bo‘ladi. Ma’naviy targ‘ibot-tashviqot borasida eski davrdan qolgan quruq, siyqasi chiqqan va’zxonlikdan voz kechib, yurt bugun boshidan kechirayotgan murakkab va mashaqqatli hayot haqiqatiga tayanib, jamoatchilik fikrini shakllantirishning eng zamonaviy, ta’sirchan usul-uslublaridan foydalangan holda ish olib borishni hayotning o‘zi talab qilmoqda. Shu sabab ham ma’naviyat targ‘ibotchilari, ijtimoiy soha olimlari, mutaxassislar, ilg‘or fikrli ziyolilar milliy g‘oyaning asosiy maqsadlarini xalqqa sodda, haqqoniy, tushunarli tarzda ifodalab berishlari muhim ahamiyatga ega. Buning uchun nima, qanday targ‘ib qilishni aniq va puxta tasavvur etmoq ma’naviy oziq nimadan iborat bo‘lishini, uni odamlar ongiga qay tariqa yetkazish usullarini ishlab chiqmoq darkor.
Ma’naviy oziqning mezoni haqiqat va faqat haqiqat bo‘lishi zarur. Ya’ni, xalqqa bor haqiqatni ochiq aytib, shunga ko‘ndirish, ishonchini qozonish va shu asosda uni yangi marralarga intilishga rag‘batlantiriladi. Har qanday tarbiyada, hatto yuksak rivojlangan demokratik tarbiya tizimida ham ozmi-ko‘pmi bajarilishi shart bo‘lgan belgilar mavjud. Masalan, bola go‘dakligidan biror ezgu fazilatga o‘rgatilmasa, kerak bo‘lsa, majbur qilinmasa, yuzqo‘lini yuvmaslik, kattalar gapini bo‘lish singari qusurlar unga odat bo‘lib qoladi. Xalqimizga azaldan xos bo‘lib kelgan andisha, ota-onaga hurmat, ilm-ma’rifatga intilish kabi olijanob fazilatlar ham o‘z-o‘zidan shakllanib qolmaydi. Ma’naviy targ‘ibottashviqot ishlarida har bir ixtisos, har bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislardan foydalanish kerak. Shundagina har bir ko‘rsatuv, eshittirish, ma’ruza, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mazmun-mohiyati bilan odamlar qalbiga va ongiga yetib boradi. Ma’naviyat targ‘iboti o‘tkinchi, mavsumiy holga aylanib qolmasligi ham lozim.
Bugungi murakkab ma’naviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan atroflicha tahlil qilish va baholash, ularning ustuvor yo‘nalishlarini, kimga va nimaga qarshi qaratilganligini aniqlash, aholi turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, ma’naviy tajovuzlar mohiyatini ochib berish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Faqat ana shunday asosda aholi, ayniqsa, yoshlarni o‘z fikriga ega, ma’naviy tajovuzlarga qarshi sobit tura olishga qodir, irodali, fidoyi, vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga erishish mumkin. Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini ta’minlaydigan zamonaviy informatsion va kompyuter texnologiyalarini keng joriy etish, jamiyat ma’naviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan samarali usul-uslublarni ishlab chiqish, davlat va jamoat tashkilotlari hamda targ‘ibotchi-tashviqotchilar uchun tegishli tavsiya va qo‘llanmalarni tayyorlash bu boradagi muhim vazifalar tarkibiga kiradi. Ma’naviy targ‘ibot-tashviqotda keng qamrovlilik, uzluksizlik, bosqichma-bosqichlik, me’yoriylik, shaxsiy ibrat singari tashkiliy tamoyillarga amal qilingan taqdirdagina ko‘zlangan samaraga erishish mumkin.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q