Bilasizmi?
Ma’naviy yangilanish – ma’naviyatning o‘zgarishi, rivojlanishi va boyib borishi jarayonini ifodalovchi tushuncha. Kishilar hayotida, umuman jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalar shaxs ongi va ma’naviyatida muayyan o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Ikkinchi tomondan, ma’naviyat voqelikdagi o‘zgarishlarning kelib chiqishi va sodir bo‘lishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Yangilanish ma’naviyatning tub mohiyati bilan bog‘liq hodisa. Agar ma’naviyat yangilanib, boyib turmasa, juda tez orada eskirib, taraqqiyotga yordam berish u yoqda tursin, unga xalaqit beradigan, to‘siq bo‘ladigan hodisaga aylanib qolar edi. Jamiyat taraqqiyotidagi burilish, tub islohotlar davrida ma’naviyatda ham jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi va ayni paytda ma’naviyatning jamiyatda yuz berayotgan jarayonlarga ta’siri kuchayadi. Bunday pallalarda ma’naviy yangilanish sur’atlari ham tezlashadi. Masalan, O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyin unutilib ketayozgan milliy ma’naviy qadriyatlarni tiklash, ularni yoshlar, aholi ongiga singdirishga katta e’tibor berila boshlandi. Ma’naviy yangilanishga katta e’tibor berilishi xalqning ongi, turmush tarzi, jamiyatdagi voqea-hodisalarga munosabatining o‘zgarishiga kuchli ta’sir o‘tkazdi. Ma’naviyatni yangilash sohasida olib borilgan va borilayotgan har tomonlama chuqur o‘ylangan siyosat mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri bo‘ldi.
Insoniyat tarixidan ma’lumki, ma’naviy yangilanish silliq o‘tadigan jarayon emas. Eski tuzum sarqitlari ma’naviyatda muayyan davrgacha saqlanib qoladi va kishilarning xulq-atvoriga, turmushiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bunday holat fanda ma’naviyat ambivalentligi, deb ataladi. Bu tushuncha ma’naviyat tarkibida bir paytning o‘zida bir-biriga mos kelmaydigan, o‘zaro zid tushuncha va tasavvurlarning ma’lum bir vaqt mobaynida yonma-yon mavjud bo‘lib turishini anglatadi. Ma’naviyatdagi bunday ziddiyat og‘riqli kechadi. Mamlakat osoyishta taraqqiyot davrini boshdan kechirayotgan paytda ma’naviy ambivalentlik deyarli bo‘lmaydi yoki juda past darajada bo‘ladi. Taraqqiyotdagi burilish pallalarida esa ambivalentlik ko‘proq namoyon bo‘ladi. Bu holatni odamlar ma’naviyati va xulq-atvorida yangiliklarga hozirjavoblikni tarbiyalash asosida bartaraf qilish mumkin. Hozirgi kunda ma’naviy yangilanish, avvalo, qadriyatlarning yangilanishi shaklida namoyon bo‘ladi. Bu borada milliy o‘zlikni anglash, avlodlar merosini tiklash, asrab-avaylash, yangi zamon qadriyatlarini ko‘pchilik ongiga yetkazish va singdirish uchun harakat qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda jahon xalqlari yutuqlaridan foydalanish, mamlakat hayotini erkinlashtirish va modernizatsiyalash, ma’naviyatni yuksaltirish ushbu jarayonning tarkibiy qismidir.
Ma’naviy yangilanish sur’atlari turmushdagi ijobiy o‘zgarishlar, jamiyatdagi insonlararo munosabatlarning takomillashuvi va ma’naviyat sohasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining samarasi bilan belgilanadi. Bu jarayonda OAV, ta’lim-tarbiya tizimi, teatr, kino, badiiy adabiyot, san’at, falsafa, axloqshunoslik va boshqalar alohida o‘rin tutadi. Ular ayni paytda ma’naviyatning tarkibiy qismlari ham hisoblanadi. Jamiyat va xalq ma’naviyatida yangi ijobiy qadriyatlar, yangi tuzum va yangi turmush g‘oyalari qanchalik tez qaror topsa, ular qanchalik samarali va ta’sirchan usullar bilan targ‘ib etilsa, ma’naviy yangilanish shunchalik samarali amalga oshadi. Ma’naviy yangilanish sur’atlari ko‘p jihatdan davlat va jamoat tashkilotlari, shu soha xodimlarining irodasi va amaliy harakatlariga ham bog‘liq bo‘lib, bu sohadagi o‘zgarishlar O‘zbekistonda jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Ma’naviy ehtiyojlar – davlat, jamiyat va shaxsning barqaror turmushida moddiy ehtiyojlardan boshqa ma’naviy talablar, manfaatlar va ehtiyojlarini qondirishga bo‘lgan intilishini ifodalovchi tushuncha. Ma’naviy tarbiya ijtimoiy, siyosiy, falsafiy, ilmiy, axloqiy diniy, huquqiy va boshqa yo‘nalishlarda aniq namoyon bo‘ladi. Shu boisdan, ma’naviy tarbiya ijtimoiy ong shakllariga tayanadigan faol harakat asosida ta’minlanadi. Ma’naviy tarbiyaning qondirilmasligi jamiyat barqaror hayotida turli buzg‘unchi g‘oyalarning paydo bo‘lishiga olib kelishi ayrim hollarda davlat va jamiyat hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday vaziyatda ma’naviy tarbiya tarzida namoyon bo‘lgan talablar va manfaatlarni bosqichma-bosqich qondirilishi bilan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish mumkin. Xalqimiz turmush tarzida ma’naviy tarbiya qadr va qadrlash mezonlari orqali namoyon bo‘ladi. Jamiyat va insonning ijtimoiy aloqalarida qadr-qimmati, or-nomusiga nisbatan qilingan noto‘g‘ri munosabat yoki harakat ma’naviyat mezonlariga ziddir. Shu ma’noda, “Qornimga emas, qadrimga yig‘layman”, degan xalq maqoli uning ma’naviy ehtiyojlarini ifodalaydi. Ma’naviy ehtiyojlarning moddiy ehtiyojlar bilan o‘zaro uyg‘unligi har bir davrning mazmun-mohiyatini belgilaydigan tarixiy zarurat hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimiz aholining barcha moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan tub o‘zgarishlar, inson manfaatiga xizmat qiladigan islohotlar, bozor iqtisodiyotiga asoslangan adolatli jamiyat, kuchli demokratik huquqiy davlat qurish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan bosqichma-bosqich ilgarilab bormoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q