Ma’naviy tarbiya


Saqlash
22:07 / 18.07.2023 0 8640

Ma’naviy tarbiya yuksak ma’naviyatni tarbiyalash vositasi, muayyan shaxs, jamoa, muayyan guruh, jamiyat, millatda jismoniy barkamollik, ruhiy, axloqiy, ma’naviy yetuklik kabi sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy ta’lim-tarbiya jarayonini ifodalovchi tushuncha. Insonning jamiyatda yashashi uchun zarur bo‘lgan ma’naviy xususiyatlarni tarbiyalash uning eng asosiy qadriyat sifatidagi mohiyatini ta’minlaydigan qadimgi va abadiy qadriyatdir. Yurtboshimiz ta’kidlanganidek, ma’naviy tarbiya masalasida hushyorlik va sezgirlik, qat’iyat va mas’uliyat yo‘qotilsa, bu o‘ta muhim ish o‘z holiga, o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, muqaddas qadriyatlarga yo‘g‘rilgan va ulardan oziqlangan minglab yillik milliy-etnik asoslarga ega millat ma’naviyati va tarixiy xotirasidan ayrilib, oxir-oqibatda umumbashariy taraqqiyot yo‘lidan chetga chiqib qolishi mumkin. O‘zbekistonning taraqqiyot dasturi, uzoq va davomli maqsadlarni belgilashda xalqning moddiy va ma’naviy olamini yuksaltirish, yosh avlodni ajdodlar qoldirgan o‘lmas merosni chuqur o‘rganish, anglash, qadrlash bilan birga, umumbashariy qadriyatlar, zamonaviy ilm-fan cho‘qqilarini egallash ruhida tarbiyalash masalasi ustuvor vazifa qilib olingan. Chunki, ertaga kattalar o‘rnini bosadigan yoshlar aynan shunday oziqlangan zaminda voyaga yetgan taqdirdagina komil insonlar bo‘lib, haqiqiy tayanch va suyanchga, yengilmas ma’naviy kuchga aylanib, jahon maydonlarida har qanday bellashuv va sinovlarga tayyor tura oladilar. Inson va jamiyatning mavjudligini ta’minlaydigan qadriyatlar ma’naviy tarbiya tufayli ajdodlardan asta-sekin tadrijiy ravishda avlodlarga o‘tadi.

 

Ma’naviy tarbiya atamasi keng ma’noda inson shaxsini shakllantirishga, uning ishlab chiqarish va ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy hayotda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan barcha ma’naviy ta’sirlar, tadbirlar, harakatlar, intilishlar yig‘indisini anglatadi. Bunday tushunishda ma’naviy tarbiya faqat oila, maktab, bolalar va yoshlar tashkilotlarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni emas, balki butun ijtimoiy tuzum, uning yetakchi g‘oyalari, adabiyot, san’at, kino, radio, TV, OAV va boshqa faoliyatini ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, keng ma’nodagi ma’naviy tarbiya tushunchasi tarkibiga bu sohada ta’lim va ma’lumot olish ham kiradi. Tor ma’noda, ma’naviy tarbiya muayyan shaxsning ma’naviy rivoji, dunyoqarashi, axloqiy qiyofasi, estetik didini o‘stirishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyatni anglatadi. Bunday ma’naviy tarbiya oila va tarbiyaviy muassasalar hamda jamoat tashkilotlari doirasida amalga oshiriladi. Har qanday ma’naviy tarbiya ta’lim bilan chambarchas bog‘liq holdagina mavjud bo‘ladi. Chunki, ta’lim va ma’lumot olish jarayonida shaxsning bilimi ko‘payibgina qolmay, balki ma’naviy-axloqiy sifatlarining qaror topishi ham tezlashadi. Shu bois ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu ma’rifat, ta’lim-tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti hamda garovi deb bilganlar. Ma’naviy tarbiya har qanday jamiyat va mamlakat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki uning o‘sishi va taraqqiyoti uchun moddiy va ma’naviy boyliklar ishlab chiqarish to‘xtovsiz ravishda yuksalib borishi lozim. Buning uchun yosh avlod ushbu boyliklarni yaratishda o‘z ajdodlaridan yuqori darajaga ko‘tarilmog‘i darkor. Jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida ma’naviy tarbiya turlicha izohlab kelingan. Sobiq ittifoq davrida hukmron mafkura ma’naviy tarbiyaga sinfiy va partiyaviy hodisa sifatida yondashishni talab etgan, bu jarayonda milliy xususiyatlar dyeyarli hisobga olinmagan edi.

 

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, ma’naviy tarbiyaga bog‘liq jarayonlarga yangi hamda sog‘lom tafakkurga tayangan holda yondashuv qaror topa boshladi. Uni izohlashda g‘ayriilmiy sinfiy-partiyaviy yondashuvdan voz kechildi. Ma’naviy tarbiyaning milliy va umuminsoniy asoslariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni tarbiyalash masalasi bugungi O‘zbekiston uchun umummilliy, umumdavlat miqyosidagi vazifa bo‘lib, bu ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni izchillik va qat’iylik bilan davom ettirish mazkur sohadagi asosiy mezonga aylandi. Bu borada jamiyatni doimiy harakatga keltirib turadigan kuch – milliy g‘oya, milliy manfaatga xizmat qiladigan qadriyatlarni, ilg‘or demokratik qoida va tushunchalarni aniq-ravshan tasavvur etish, ularni o‘rganish, borini asrab-avaylash, boyitish, rivojlantirish, xalqni, avvalo, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ana shu bilim va ko‘nikmalar bilan tarbiyalash – ma’naviy tarbiya sohasidagi eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Masalaning bu tarzda qo‘yilishining asosiy sababi shundaki, bugungi yoshlar nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio, TV, matbuot, Internet kabi vositalar orqali ham rang-barang axborot va ma’lumotlarni olmoqdalar. Jahon axborot maydoni kengayib borayotgan sharoitda, bolalar, yoshlar ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma deb bir tomonlama tarbiya berish, ular atrofini axborot davrida temir devor bilan o‘rab olish, zamon talabiga, jamiyat maqsad-muddaolariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Demak, yoshlarni ma’naviy jihatdan shunday tarbiyalash lozimki, ular Internet – axborot bozoriga kirganda faqat o‘zi, el-yurti uchun zarur, foydali, ma’naviy asoslarga daxl qilmaydigan narsani olsin. Yoshlarga Internetdan, axborotdan foydalanish, axborot iste’moli madaniyatini o‘rgatishda dunyoning qaysi burchagidan qanday ma’lumot kelmasin, qanday ma’naviy tajovuz tahdid solmasin, har qanday holatda ham ma’naviy-ruhiy jihatdan ogoh va hushyor, turli axboriy xurujlardan o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymaydigan barkamol shaxslarni shakllantirish bu sohadagi ma’naviy tarbiyaning asosiy mezoni bo‘lmog‘i lozim. Shu boisdan ham o‘sib kelayotgan avlodning ma’naviy tarbiyasiga javobgarlik hissi bilan yondashish masalasi doimo oila, mahalla, maktab va ta’lim muassasalari, umuman, barchaning diqqat-markazida turmog‘i lozim.

 

Yoshlarni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan to‘g‘ri tarbiyalashda zamonaviy medisina, pedagogika, psixologiya fanlari tavsiyalarini har bir oilada joriy qilish ayniqsa zarur. Har bir oila, ota-ona, eng avvalo, bola timsolida shaxsni ko‘rishi, uning uchun shaxsga tegishli barcha huquq va erkinliklarni ta’minlashi borasida o‘zining mas’ul ekanligini doimo his etib turishi nihoyatda muhim. Istiqlol yillarida kamdan-kam mamlakatda mavjud bo‘lgan noyob idora – mahalla ham milliy-ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashda, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashda, yoshlarning ma’naviy tarbiyasi va ularni komil inson etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Dunyoning pastu balandini ko‘rgan mahalla oqsoqollari, kayvoni onaxonlar o‘zlarining hayot tajribasi bilan yoshlarga ma’naviy tarbiya va saboq berib, xalq an’analari davomiyligini asrab-avaylab kelayotgani ibratlidir. Bunda mahallaga xos hayot tarzi va turmush madaniyati, qo‘ni-qo‘shni va mahallako‘y o‘rtasidagi munosabatlarning ta’siri katta. Xullas, ma’naviy tarbiyaning qirralari juda ko‘p. Ma’naviy tarbiyada milliy g‘oya, milliy g‘ururni yuksaltirishga xizmat qiladigan timsollar, ramzlarning har biri – katta bir darslik, kuchli tarbiya vositasi hisoblanadi. Bundan tashqari, buyuk ajdodlar tavallud sanalarini nishonlash ham ma’naviy va tarixiy ahamiyatga ega. Bunday marosimlarni o‘tkazish orqali yoshlar yangi qadriyatlar asosida tarbiyalanadi, ular qalbiga tarixni anglash va qadrlash, o‘tmishga hurmat bilan yondashish, ularni asrab-avaylash, shu xalqqa mansubligi bilan g‘ururlanish tuyg‘ulari singdiriladi. Umuman olganda, ma’naviy jihatdan yaxshi tarbiya olgan shaxs o‘z aqli, o‘z tafakkuri, o‘z mehnati, o‘z mas’uliyati bilan ongli ravishda, ozod va hur fikrli inson bo‘lib yashaydi. Bunday odamlar uyushgan jamiyatni, ular barpo etgan ma’naviy-ruhiy muhitni, soxta aqidalar, vayronkor g‘oyalar va ma’naviy tajovuzlar bilan buzish qiyin. Ularni o‘zlari aql-idrok va qalb amri bilan tanlab olgan hayotiy maqsadlaridan chalg‘itib ham bo‘lmaydi. Hozirgi davrda ma’naviy tarbiya yo‘nalishida mamlakat oldida turgan muhim vazifalarni bajarish, el-yurtga fidoyi va sadoqatli, haqiqiy vatanparvar, chuqur bilimli va ma’nan barkamol shaxslarni tarbiyalash bu borada xizmat qiladigan ziyoli va xizmatchilar, o‘qituvchilar va mutaxassislar, umuman, barcha ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlarining muqaddas burchiga aylandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 152
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 403
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 152
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 535
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218773
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104501
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34257
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27333
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26611
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25251
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24919
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21796
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//