Bir kuni...
1. Agar men bo‘lmasaydim...
Agar men bo‘lmasaydim, men yozmoqchi bo‘lgan narsani baribir boshqa birov yozardi. Ayni shu fikr Heminguey, Dostoyevskiy, bizning hammamizda bo‘lgan desak mubolag‘a emas. Bunga misol qilib ko‘rsatadiganlarimizdan biri – Shekspir pyesalarining muallifligiga 3 ta nomzodning da’vogarlik qilishi. “Hamlet” va “Yoz oqshomidagi tush” asarlarini olaylik, shunday asarlarni kimning yozgisi kelmaydi, axir.
2. Ta’sirlanmoq yomon holat emas
Avval ham ta’kidlaganimdek, yozuvchi qat’iy yozish usulini istovchilardan biri bo‘lmasligi lozim. Unga qayerdan, nima kerak bo‘lsa, ko‘chirishi kerak, shaxsan o‘zi buni ochiq shaklda e’lon qilishi, ko‘chirganini tan ola bilishi kerak.
Shu orqali o‘rtaga salmog‘i baland asar qo‘yadi va keyingi avlod ham uning yozganlaridan ta’sirlanadi. Qarabsizki, shuning o‘zi yozuvchiga katta g‘oliblik keltiradi.
3. Iste’dod, intizom, mehnat
Ijodning 100 dan 99 foizi iste’dod... Ijodning 100 dan 99 foizi intizom... Ijodning 100 dan 99 foizi mehnat sanaladi.
Yozuvchi hech qachon o‘z yozganlaridan qanoat hosil qilmasligi kerak. To‘g‘ri, qaysidir ishni mutassil yaxshi ko‘rish mumkin. Ammo hamisha o‘z imkoniyatlaringdan-da kattaroq maqsad qilish lozim.
Faqat yoningdagi iste’dodlar va sevgan mualliflaringdan ustun bo‘lishga urinma.
O‘zing ulardan shunchaki o‘zib ketishga harakat qil!
4. Mazmun va uslub
Fikrimcha, uslub oz bo‘lsa-da mazmundan kelib chiqqan holda yaratiladi. Yozuvchi xayolini uslub yaratishga ko‘pam qaratmasligi kerak. Agar shunday qilsa, yozganlarining tashqarisi bezak, ichkarisi “tezak” bo‘ladi. Unday asar ko‘zga iliqlik bag‘ishlashi, quloqqa hush yoqishi aniq, biroq mazmunan juda quruq bo‘ladi.
5. Yozuvchi birinchi navbatda o‘quvchi bo‘lishi kerak
O‘qimoq, o‘qimoq, yana va yana o‘qimoq. Qo‘lingga nima tushsa o‘qi – hatto, davrning barcha katta-kichik yozarmanlarini, klassiklarning yaxshiyu yomonini, o‘qi, o‘rgan, so‘ngra fikrla, bularning yutuq va kamchiliklarini taqqosla, shundan o‘zingga xulosa chiqar.
Huddi o‘tinchining shogirdi kabi aynan qaysi daraxtni kesishni, qayerdan kesishni, qaysi g‘o‘la olovga kuchliroq taft berishini o‘rgan.
O‘qi! O‘qiganda ham joningga azob berib o‘qi. Keyin esa yoz. Agar yaxshi nimadir chiqsa, nima qilish kerak o‘zing bilasan, yaxshi chiqmasa derazadan ulqotirib yubor, yo‘qolsin, ketsin...
6. Qarshilik yo‘q...
Ba’zida eshitib qolaman, kimlardir “Turmush qurmasaydim, bolalarim bo‘lmasaydi, katta yozuvchi bo‘lardim”, deya noliydi yoxud kimlardir “Falon ishda ishlamasaydim, aniq buyuk shoir bo‘lardim”, deya o‘z-o‘ziga norizolik bildiradi.
Men bunday narsalarga ishonmayman! Menimcha, agar sen yozishing kerak bo‘lsa yozasan, amin bo‘lki, bunga hech narsa qarshilik qilolmaydi.
Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q