Ma’naviy madaniyat


Saqlash
22:07 / 17.07.2023 0 4308

Ma’naviy madaniyat – insonning ma’naviy xususiyat va xislatlari, jamiyatning madaniy darajasini aks ettiruvchi tushuncha. Jamiyat va o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoni, shaxsning xatti-harakatlari va qiyofasida ma’naviyat tamoyillari qanchalik chuqur singib ketganligini namoyon etuvchi atama. Ma’naviy madaniyat “moddiy madaniyat” tushunchasidan farq qiladi, ammo u bilan bog‘liq va o‘zaro aloqada namoyon bo‘ladi. Agar ma’naviyat tushunchasi barcha ma’naviy narsalar va xususiyatlarni – insoniyatning ijodiy, ilmiy, falsafiy, huquqiy, badiiy, diniy, axloqiy va shu kabi tasavvurlari, tushunchalari majmuini anglatsa, ma’naviy madaniyat ana shu tushuncha, bilim va tajribalarning kundalik hayotda qo‘llanishini anglatadi. Turli omillar: hayotiy tajriba, tarbiya, axloqiy ma’rifat, san’at, adabiyot va hokazolarning ta’siri natijasida shaxs muayyan darajada o‘z ongi, xulq-atvorida jamiyatdagi ma’naviy madaniyatni mujassamlashtiradi. Binobarin, shaxs xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladigan ma’naviy madaniyatni o‘ta murakkab tuzilgan dasturga o‘xshatish mumkin, ya’ni inson turli vaziyatlarda o‘zini ma’naviy jihatdan qanday tutishi kerakligi borasida ko‘maklashuvchi tajribalarni singdiradi. Shuningdek, ma’naviy madaniyat inson ongining betinim ijod qilib turuvchi jihatlari – yechimi murakkab bo‘lgan qiyin vaziyatlarda muayyan bir qaror qabul qilishga yordam beradigan ma’naviy tafakkur, his-tuyg‘u kabi omillarga ham suyanadi.

 

Ma’naviy madaniyat kishining harakatlari, voqelikni baholay olish salohiyati, axloqiy bilim va tajribalari, ulardan foydalana bilish qobiliyati, yaxshi-yomon, ijobiy-salbiy vaziyatlarni farqlash va hokazo omillar bilan ham bog‘liq. Har qanday sharoitda ma’naviy-axloqiy me’yorlarga sodiq qolish o‘zgalar tashvishiga sherik bo‘lish, axloqqa doir tajribalarni amalda qo‘llay olish, shaxslararo muloqotda ijobiy fazilatlarni namoyon eta olish ham ma’naviy madaniyat darajasini ko‘rsatishi mumkin. Zero, har qanday murakkab vaziyatda inson nomiga gard yuqtirmaydigan xatti-harakatlar qilgan shaxsnigina axloqan yetuk, ma’naviyati boy inson deya olamiz. Masalaning boshqa tomoni – moddiy va ma’naviy madaniyatning o‘zaro aloqasi, bir-birini taqozo qilishi bilan bog‘liqdir. Insonning to‘laqonli hayoti uchun nihoyatda zarur bo‘lgan maktablar, kutubxonalar, teatr va boshqa madaniyat o‘choqlari tarmog‘ini kengaytirish, ularning moddiy shart-sharoitini yaxshilash hamda faoliyatini takomillashtirish ham bu borada ijobiy natijalar beradi. Afsuski, sobiq ittifoqda madaniyatga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lindi, unga sarflanayotgan mablag‘lar doim boshqa sohalardan kam bo‘ldi, natijada xalqimiz bu masalada orqada qolib ketdi. Istiqlol davridagi islohotlar va barcha rejalarda madaniyat, ma’rifat, tarbiya va sportni rivojlantirish, bu sohalarda xizmat qilayotgan kadrlar, ya’ni o‘qituvchilar va shifokorlar, madaniiy-ma’naviy muassasalar va boshqa sohalarda mehnat qilayotgan ko‘plab mutaxassislarni chinakam ziyolilar sifatida tarbiyalash, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviy boyliklarni yaratadigan kishilarga g‘amxo‘rlik qilish, ularning samarali faoliyati uchun barcha zarur moddiy-ma’naviy sharoitlarni yaratib berish eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. O‘sib kelayotgan avlodga, uning madaniy-ma’naviy tarbiyasiga katta javobgarlik hissi bilan yondashish masalasiga e’tibor kuchayib bormoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 230
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 256
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 261
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 309
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224679
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107668
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 54998
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39888
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39706
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31037
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30488
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29889
Alpomish

//