Bilasizmi?
Ma’naviy ishlab chiqarish – jamiyat va inson faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri, ma’naviy boyliklar yaratish, boyliklarni o‘zlashtirish va iste’mol qilish, ma’naviy qadriyatlarni rivojlantirish jarayonini anglatuvchi tushuncha. Ma’naviy ishlab chiqarishning muhim belgilaridan biri – uning borliqni anglash, idrok etish, bilish va ayni paytda yangi ma’naviy qadriyatlarni yaratishga qaratilgandir. Bu jarayonda, bir tomondan, inson ongi rivojlanib, boyib boradi, ikkinchi tomondan esa, kishilarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiluvchi g‘oyalar, bilimlar, nazariyalar, badiiy asarlar va boshqa ma’naviy qadriyatlar yaratiladi. Ma’naviy ishlab chiqarish ko‘lami, hayotda tutgan o‘rni jihatidan moddiy ishlab chiqarishdan qolishmaydi. Sobiq ittifoq davrida ma’naviy ishlab chiqarishni asosan moddiy ishlab chiqarishning hosilasi, in’ikosi, deb qarab kelingan, uning ahamiyati e’tiborga olinmagan. Holbuki, moddiy ishlab chiqarishni ma’naviy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarsiz amalga oshirish mumkin emas. Shuning uchun moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish jarayonlarini bir-biridan ajratish, bir-biriga qarshi qo‘yish mutlaqo noto‘g‘ri, g‘ayriilmiy yondashuvdir. Aslida ular bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ayni bir jarayonning ikki tomonini ifoda etadi. Ammo ular o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik ular har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanini inkor qilmaydi. Ma’naviy ishlab chiqarish, avvalo, insonning ruhiyati, ijodiy tafakkuri ilmiy, badiiy, axloqiy va boshqa qadriyatlarga asoslanadi.
Xalq og‘zaki ijodi namunalari deb yuritiladigan badiiy va musiqiy asarlar xalqimiz orasidan yetishib chiqqan ulkan iste’dod sohiblari tomonidan yaratilgan bo‘lib, ma’naviy ishlab chiqarishning yorqin timsolidir. Masalan, “Alpomish” dostoni el-yurtimizning bag‘rikenglik, matonat, olijanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlari ifoda etib, barchamizni haqgo‘ylikka, Vatanimiz, yurtimiz, oilamiz, do‘stu yorimiz, or-nomusimiz, ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzlardan himoya qilishga o‘rgatadi. Jamiyat rivojlanib, mehnat taqsimoti kuchaygan sari ma’naviy ishlab chiqarish sohasida ham ixtisoslashuv jarayoni kuchayib, san’at, falsafa, axloq, fan, din, huquq kabi ong shakllari paydo bo‘ladi, ayni paytda ularning har biri turli janr, oqim, yo‘nalishlarga bo‘lina boshlaydi. Ma’naviy ishlab chiqarish mahsulining yana bir xususiyati shundaki, moddiy ishlab chiqarish natijalari iste’mol jarayonida o‘z qiymatini yo‘qotsa, ma’naviy ishlab chiqarish mahsuli iste’mol jarayonida o‘z qiymatini yo‘qotmaydi, aksincha, undan qancha ko‘p odam bahramand bo‘lsa uning qiymati shu darajada ortib boraveradi. Ma’naviy ishlab chiqarish jarayonida vorisiylik tamoyili yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki yangi bilim va g‘oyalar, badiiy asarlar ajdodlar qoldirgan ma’naviy meros va uning bevosita davomi sifatida maydonga keladi. Ma’naviy ishlab chiqarishda ijodiy yondashuv ustuvorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Moddiy ishlab chiqarishda ham ijod elementi mavjud, ammo bu jarayon eski andozalar, texnologiyalar, yondashuvlar asosida ham amalga oshirilishi mumkin. Ma’naviy ishlab chiqarishni esa ijodsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q