Ma’naviy zaiflik


Saqlash
22:07 / 14.07.2023 0 689

Ma’naviy zaiflik – ma’naviy hayot hodisasi, jamiyat, davlat yoki xalqning ma’naviy masalalarda uyushmagani, ma’naviyatga yetarli e’tibor bermagani, tarbiya sohasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygani natijasida sodir bo‘ladigan ijtimoiy-g‘oyaviy ojizlik holati. Ma’naviy zaiflik xalq ommasining tub manfaatlari va ko‘nglidagi orzu-intilishlarini ifoda etadigan, uni taraqqiyot sari, ulkan maqsadlar yo‘lida jipslashtiradigan milliy g‘oyaning, ilmiy asosda tashkil etilgan, puxta o‘ylangan va muntazam olib boriladigan ma’naviy tarbiya tizimining yaratilmagani yoki ijtimoiy hayotda amaliy ifoda topmagani natijasida hosil bo‘ladi. Moddiy va ma’naviy zaiflik o‘zaro aloqador tushunchalar bo‘lib, biri ikkinchisini taqozo etadi. Ma’naviy zaiflik ko‘p hollarda ma’naviy beqarorlik va parokandalikka olib kelib, hatto jamiyat yoki davlatning inqiroziga sabab bo‘ladi. Ma’naviy zaiflik millatning birdamligi, davlatning qudratiga putur yetkazadi, uning taraqqiyotini orqaga surib yuboradi. Masalan, Chingizxon bosqini, chor Rossiyasi istilosi, bolsheviklar bosqini davrlarida ayrim hukmdorlarning xalqni birlashtirib, kurashga safarbar etolmagani o‘lkamizning qaramlik changaliga tushib qolishiga sabab bo‘ldi. Bunday qaramlik nisbatan ma’naviy jihatdan ezilgan o‘lkamiz xalqini yanada zaiflashtirishga xizmat qildi. Ayniqsa, o‘lkamizning uch xonlikka bo‘linib, yaxlit davlatchilik an’analarining parchalanishi natijasida xalqimiz moddiy parokandalikka yuz tutdiki, ushbu salbiy omil jamiyatning ma’naviy zaifligini vujudga keltirishda turtki bo‘ldi. To‘g‘ri, chor Rossiyasi istilosi sharoitida jamiyat ma’naviyatidagi zaifliklarni ma’rifat va ziyo tarqatish orqali bartaraf etishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan jadid-ma’rifatparvarlarimiz maktab va madrasalar ochishga intildilar. Lekin, bir necha asrlik bo‘linishlar, siyosiy-harbiy istilolar natijasida umumjamiyat miqyosida hukm surayotgan ma’naviy zaiflikni birdaniga tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga mavjud ma’naviy muhit ham imkon bermasdi.

 

Sobiq mustabid tuzum sharoitida ham milliy ma’naviyat va qadriyatlar chetga surib qo‘yilib, kommunistik mafkura rivojiga xizmat qiluvchi umumiy ma’naviyat konsepsiyasi ishlab chiqilib, ijtimoiy hayotda targ‘ib etila boshlandi. Ushbu jihat kishilarda e’tiqodsizlik, milliy qadriyatlardan voz kechish, milliy til, urf-odat va marosimlarni mensimaslik kabi illatlarni avj oldirib, ma’naviy zaiflikning o‘ziga xos ko‘rinishlari sifatida namoyon bo‘ldi. Sobiq totalitar tuzum sharoitida jamiyatda ma’naviy zaif halqalarni kengaytirish maqsadida milliy tillar imkoniyatlari cheklandi, ular “kommunistik andozalarga nomuvofiq til” sifatida kamsitildi. Ushbu salbiy jihatlar milliy ma’naviyat va tafakkurni zaiflashtirish uchun sun’iy ravishda qilinayotgan hakaratlar edi. Demokratiya shabadalari nasimi esa boshlagan 80-yillar oxirida o‘zbek tiliga ham davlat tili (1989 yil 21 oktabr) maqomi berildiki, bundan maqsad milliy tilimizning sofligini saqlagan holda xalqimizning ma’naviyatini ko‘tarish edi. Shu bois, mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, mamlakatimizda xalq ma’naviyatini yuksaltirish borasida qator ishlar qilinayotgani, bir tomondan, sobiq totalitar tuzum sharoitida jamiyat tafakkurida shakllangan ma’naviy zaiflik jihatlarini milliy mentalitetga xos bo‘lgan ma’naviy-axloqiy jihatlar bilan to‘ldirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ongi va dunyoqarashi endigina shakllanayotgan yoshlarda ma’naviy zaiflikka yo‘l bermasdan har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotganligi quvonarlidir. O‘zbekiston xalqining hayotbaxsh va adolatli g‘oyalarga tayangan yuksak ma’naviyati tushuntirish va ishontirish, ta’lim-tarbiya va ma’rifat yo‘li bilan, fikrlar rang-barangligini saqlab qolgan holda ma’naviy zaiflikka barham beradigan qudratli kuch sifatida namoyon bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 265
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 276
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 265
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 312
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224694
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107673
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55011
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39916
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39732
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31047
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30502
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29898
Alpomish

//