Bilasizmi?
Ma’naviy zarar – insonning or-nomusi, qadr-qimmati va faoliyati, obro‘-e’tibori, jamiyatdagi urf-odat, qadriyatlar, turmush tarzi, umuman ezgu dunyoqarashga zid bo‘lgan faoliyat, xatti-harakat va munosabatni ifodalovchi tushuncha. Ma’naviy zarar inson ongida shakllangan sifat jihatidan ijobiy xarakterdagi aqliy-ruhiy munosabatlarga teskari ta’sir ko‘rsatilganda yuzaga keladigan natijani ifodalaydi. O‘z mohiyatiga ko‘ra, bu natija – ma’naviy zarar inson dunyoqarashini o‘zgartirib, ma’naviyatsizlikka aloqador xususiyatlarning namoyon bo‘lishiga, ruhiy olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga yoki ma’naviyat asoslariga befarq bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin. Ma’naviy zarar shaxs tomonidan shaxsga yoki jamiyatga, jamiyat tomonidan shaxsga yoki jamiyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan hodisadir. Ma’naviy zararning shaxs tomonidan jamiyatga yetkazilishi ma’lum bir shaxs tomonidan targ‘ib qilingan, aslida mahalliy madaniyat unsurlariga qarshi turuvchi va oxir-oqibatda ularning yo‘qotib yuborilishiga olib keluvchi mafkuraviy g‘oyalarning boshqalar tomonidan haqiqat, to‘g‘ri yo‘l deb qabul qilinishi yoki shunga majbur qilinishiga asoslanadi. Bunday ma’naviy zararning shaxs tomonidan jamiyatga yetkazilishi, ayniqsa, og‘ir va o‘rnini qoplab bo‘lmas yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi. Muayyan jamiyatning boshqasiga ko‘rsatadigan ma’naviy zarari ta’sirning eng falokatli ko‘rinishlaridan bo‘lib, buning natijasida bir jamiyatda mavjud o‘ziga xos ma’naviy qadriyatlar butunlay barham topishi va uning o‘rniga o‘zga jamiyat ma’naviy qadriyatlari hukmron mavqega ko‘tarilishi mumkin. Masalan, Yevropa xalqlarining Amerika qit’asiga kirib borishi nafaqat mahalliy amerikalik hindu xalqlarining, balki ularning moddiy madaniyati bilan birga ma’naviy madaniyatining ham yo‘qolib ketishiga olib keldi. Yashash uchun kurash hindularni o‘z madaniyatlaridan voz kechishga majbur qildi va azaliy ma’naviyatini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Jamiyatning jamiyatga, insonning jamiyatga yoki jamiyatning insonga ma’naviy zarari ikki xil yo‘l bilan yetkazilishi mumkin: jamiyat yoki inson ma’naviyatiga zid ma’naviy zarar inson yoki jamiyat tomonidan ixtiyoriy qabul qilinishi va u natija bergandagina zararli ekanligi anglanishi mumkin; jamiyat yoki insonga ma’naviy zarar tazyiq, tajovuz, umuman kuch ishlatish vositasida yetkazilishi mumkin va uning ma’naviy zarar ekanligi boshidayoq ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, yetkazilgan ma’lum bir ma’naviy zararlarga qarshi kurashish va ularni bartaraf etish mumkin, lekin ba’zi ma’naviy zararlarni bartaraf qilish imkoniyatlari bo‘lmaydi. Shu kabi butun insoniyatning taraqqiyoti natijasida yoki inson erkinliklarini keng tatbiq etish harakati vositasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijalari bilan birga yuzaga chiqaradigan ma’naviy zararlar tuzatib bo‘lmas zararlar sirasiga kirib, tuzatishga urinish taraqqiyotni ortga surish bilan teng bo‘lishi mumkin, bunday vaziyatda voz kechilayotgan ma’naviy qadriyatlarni tiklashga hech qanday imkoniyat qolmaydi. Ayni vaqtda moddiy va ma’naviy zararlar o‘rtasida ajralmas bog‘liqlik mavjudki, shuning uchun qayerda moddiy zarar mavjud bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviy zarar ham mavjud bo‘ladi. Masalan, chorizm va sho‘ro istibdodi davrida yurtimizdan juda ko‘p moddiy va ma’naviy boyliklar tashib ketildi, ko‘p qismi yo‘q qilindi, yana ko‘plari esa yo‘qotishga mahkum qilindi. Xalqimizga xos ko‘plab ma’naviy qadriyatlar oyoqosti qilindi, ta’qib ostiga olindi, millatimizni tarixiy tafakkuridan begonalashtirishga harakat qilindi va hokazo.
Bugungi kunda ma’naviy zarar bo‘yicha javobgarlik fuqarolik Kodeksiga kiritilgan yangiliklardan hisoblanadi. Bundan asosiy maqsad – masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, fuqarolarga berilgan shaxsiy huquq va erkinliklarning amalga oshirilishi va himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. Bu qoidaga binoan ma’naviy zarar uchun javobgarlik aybli bo‘lish tamoyiliga asoslanadi. Zarar yetkazishda ayblanuvchi shaxs bunday zararni yetkazishda o‘zining aybi yo‘qligini isbotlashi kerak, agar isbotlay olmasa, aybdor deb hisoblanadi va ma’naviy zararni qoplashga majbur bo‘ladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q