Bilasizmi?
Mafkuraviy siyosat – muayyan g‘oyaviy qarashlar tizimini odamlar ongiga singdirish, zararli ma’naviy-mafkuraviy ta’sirlar, turli ko‘rinishdagi tazyiqlarning oldini olishga qaratilgan uslub va vositalar hamda ularni ishlab chiqish, tartibga solish va boshqarish bilan bog‘liq faoliyat majmui. Mafkuraviy siyosatni mafkuraviy vazifalarni amalga oshirish uchun bo‘lgan harakat tarzida ham tushunish mumkin. Bu vazifalar muayyan mamlakat yoki xalqning dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni, nufuzi, xalqaro iqtisodiy, siyosiy, diplomatik aloqalardagi mavqei, taraqqiyot darajasi kabi bir qator ko‘rsatkichlardan kelib chiqadi. Masalan, hozirgi davrda milliy mafkuramiz mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatni har tomonlama rivojlantirish, erkin va yorug‘ hayot sari olg‘a yurishga yo‘naltirishi zarur. Odatda ichki hamda tashqi mafkuraviy siyosat bir-biridan farqlanadi. Ichki mafkuraviy siyosat mamlakat, xalqning o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlaridan kelib chiqib, taraqqiyotning yangi bir bosqichga ko‘tarilishi uchun fuqarolarni safarbar qilish vazifasini o‘taydi. Tashqi mafkuraviy siyosat, o‘z xalqi va mamlakatining xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, mustaqil taraqqiyotning xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq jihatlarini ta’minlash hamda begona mafkuralarning ta’siridan himoya qilishga qaratilgan bo‘ladi. Mafkuraviy siyosatning samaradorligi uning qanday vositalar, usullar va shakllarda yuritilishiga bog‘liq. Bu o‘rinda ijtimoimy taraqqiyotdagi turli guruhlar, sinflar va qatlamlar manfaatlarining hisobga olinishi muhim ahamiyatga egadir. Mafkuraviy ta’sir o‘tkazish yo‘llari omma uchun qanchalik yaqin, tushunarli va tabiiy bo‘lsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar yutuqlariga tayangan holda tashkil etilsa, mafkuraviy siyosat shunchalik samarali bo‘ladi.
Mafkuraviy tamoyillar – har qanday mafkuraning tarbiyaviy qudrati, uning ta’sirchanligi milliy va umuminsoniy qadriyatlarning mushtarakligiga asoslanishi bilan belgilanadi. Milliy mafkura esa jamiyat a’zolarining millat manfaatlari, orzu-umidlari, istak-xohishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Milliy mafkura, quyidagi tamoyillarga asoslanadi. Birinchidan, mamlakatimizning bugungi hayoti, o‘tmishi, kelajagi butun taqdiri uchun qayg‘uradigan, Vatan qismatini o‘z qismati deb biladigan keng jamoatchilikning ilg‘or dunyoqarashi va tafakkuriga asoslanadi. Ikkinchidan, milliy tariximiz va umumbashariy taraqqiyot rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan olimu fozillarning ilmiy merosiga asoslanadi. Uchinchidan, jamiyat mafkurasi shu jamiyatning fuqarosi bo‘lmish oddiy inson va uning manfaatlarini ifoda etishi, fuqarolarning bexavotir, tinch-omon, farovon yashashini ta’minlash uchun kuch-g‘ayrat manbai bo‘lmog‘i lozim.
Mafkuraviy tasavvur – mafkuraviy ta’sirning inson ongidagi in’ikosi. Bunday in’ikos turli shakllarda o‘z ifodasini topadi va inson xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Ushbu mafkuraviy obrazlar insonning kundalik amaliy faoliyatida o‘z ifodasini topadi. Mafkuraviy tasavvur ijtimoiy ongning muhim elementi bo‘lib, mafkuraviy faoliyatning ma’nosi va mazmunini ijtimoiy voqealikning xayoliy obrazi bilan bog‘laydi. Ayni paytda mafkuraviy faoliyat, xayoliy obrazlar bilan yaqindan ish ko‘rish, o‘zaro aloqadorlik mexanizmini yaratish imkonini beradi. Mafkuraviy tasavvur ijtimoiy muhitning ta’siri ostida odamlar ko‘rsatgan turli-tuman faoliyat tufayli hosil bo‘ladi. Bunday holat jamiyatda hamisha ma’lum bir maqsad tomon yo‘naltirilgan mafkuraviy tizim mavjud ekanligidan dalolat beradi. O‘z navbatida, xuddi shu holat mafkuraviy tasavvur jamiyatda mavjud bo‘lgan mafkuraviy tizim: mafkuraviy institutlar, mafkuraviy muassasalar mahsuli ekanligini inkor etmaydi. Mafkuraviy tasavvur hosil bo‘lishida jamiyatda mavjud bo‘lgan turli sinflar, tabaqalar, guruhlarning ijtimoiy tajribasi ham katta ahamiyatga ega. Ayni paytda mafkuraviy tasavvur boshqa mafkuraviy muassasalarning zararli targ‘ibot va tashviqotlaridan himoya qiluvchi “bufer” vazifasini ham bajaradi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q