Bilasizmi?
Mafkuraviy immunitet – shaxs, ijtimoiy guruh, millat, jamiyatni turli zararli g‘oyaviy ta’sirlardan himoya qilishga xizmat qiladigan g‘oyaviy-nazariy qarashlar va qadriyatlar tizimi. Immunitet (lotincha immunitas – ozod bo‘lish, qutilish) tibbiy tushuncha bo‘lib, organizmning doimiy ichki muayyanligini saqlashi, o‘zini turli ta’sirlardan, tashqi infeksiyalar kirib kelishidan himoya qilishga qodir bo‘lgan reaksiyalar majmui tushuniladi. Sodda qilib aytganda, immunitet – kishi organizmining turli kasalliklardan himoya qila olish qobiliyatidir. Insonda mafkuraviy immunitetni shakllantirib borish zarur. Ikkinchidan, u har bir avlod uchun o‘ziga xos xususiyatga ega. Uchinchidan, immunitet tizimi shakllangandagina jamiyatda mafkuraviy daxlsizlikni ta’minlash mumkin. Mafkuraviy immunitet tizimining asosiy va birinchi elementi bu – bilim. Ammo, bilimlarning turi ko‘p. Buyuk davlatchilik shovinizmi yoki agressiv millatchilik mafkurasi tarafdorlari ham muayyan «bilim»larga tayanadi, albatta. Shunday ekan, mafkuraviy immunitet tizimidagi bilimlar ob’yektiv bo‘lishi, voqelikni to‘g‘ri va to‘liq aks ettirishi, inson ma’naviyatini boyitishi va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim. Ular o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Vatan va millat manfaatlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lmog‘i kerak. Mafkuraviy immunitet tizimining ikkinchi asosiy elementi ana shunday ilg‘or bilimlar zamirida shakllanadigan baholar, qadriyatlar tizimidir. Zero, bilimlar qanchalik obyektiv va chuqur bo‘lsa, uning zamirida yuzaga kelgan qadriyatlar ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, qadriyatlar tizimi Mafkuraviy immunitetning imkoniyatlarini belgilab beradi va zararli g‘oyalar yo‘lida mustahkam qalqon bo‘lib xizmat qiladi. Ammo bilimlar va qadriyatlar tizimi mavjudligining o‘zi mafkuraviy immunitetning mohiyatini to‘liq ifoda eta olmaydi. Zero, bu ikki element mafkuraviy immunitetning uchinchi muhim elementi, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy-ma’rifiy sohalardagi maqsadlar tizimi bilan bog‘liq. Ana shunday aniq maqsadlar tizimi bo‘lmas ekan, inson, millat yoki jamiyat goh oshkora, goh pinhona mafkuraviy tazyiqlarga duchor bo‘laveradi.
Mafkuraviy maqsad – ijtimoiy qatlam, siyosiy guruh, millat, jamiyat manfaatlari, orzu-intilishlari va xohish irodasini ifoda etuvchi tushuncha. Mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ezgu niyatlarni o‘zida aks ettiradigan, xalq tomonidan e’tirof etiladigan, qo‘llab-quvvatlanadigan ijobiy va g‘arazli niyatlarni ifodalaydigan salbiy, shakliga ko‘ra ichki hamda tashqi yoki geosiyosiy mafkuraviy maqsadlarni farqlash lozim. O‘zbekiston xalqi milliy mafkurasining asosiy maqsadi ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdir. Xalq ommasini milliy g‘oya atrofida birlashtirish, kishilarni ma’naviy-ruhiy jihatdan ulug‘vor ishlarga tayyorlash va safarbar etishdan iborat. Pirovard natijaga erishishning yo‘llari, vositalari va usullari ham ushbu maqsaddan kelib chiqadi. Tashqi yoki geosiyosiy mafkuraviy maqsadlar o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, davlatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, bunday maqsadlar o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan bo‘lsa – ijobiy, boshqa xalqlar va davlatlarga mafkuraviy tazyiq o‘tkazishga qaratilgan bo‘lsa – salbiy xarakter kasb etadi.
Mafkuraviy muammolar – g‘oyaviy beqarorlikka chek qo‘yish, mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish, mafkuraviy tahdidning oldini olish, mafkuraviy immunitet hosil qilish bilan bog‘liq masalalar majmui. Bunday muammolar jamiyat hayotining bir tarixiy bosqichidan ikkinchisiga o‘tish davrida jiddiy ahamiyat kasb etadi. Dunyoda rangbarang dunyoqarashlar, turli milliy, diniy, siyosiy oqimlarning o‘ziga xos g‘oyalari mavjud. Ularning ba’zilari o‘zaro uyg‘un holda bir-birlarini taqozo etsa, ayrimlari bir-biriga mutlaqo ziddir. Gʻoyalar, mafkuralar kurashi natijasida dunyoning ayrim mintaqalarida ommaviy qirg‘inlar, fojialar yuz berayotgan bo‘lsa, boshqa hududlarda ba’zi davlatlarning yuksak darajada rivojlanayotganini kuzatish mumkin. Demak, har qanday davlat yoki mamlakatning taqdiri ko‘p jihatdan mafkuraviy muammolarning qanday hal qilinishiga ham bog‘liq. Mafkuraviy muammolar ichida mafkuraviy xavf, tahdidni bartaraf etish muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Hozirgi kunda jiddiy mafkuraviy xavf sifatida diniy ekstremizm, millatchilik, shovinizm, ma’naviy qashshoqlik, axloqsizlikni targ‘ib qilishga asoslangan g‘oyaviy qarashlar tizimi va amaliyotini ko‘rsatish mumkin. Bu xavf va tahdidlarni bartaraf etish masalasi ham mafkuraviy muammolar doirasiga kiradi. Jumladan, O‘zbekiston ham bugun muayyan mafkuraviy muammolarni hal qilish yo‘lida samarali ishlarni olib bormoqda. Bu, avvalo, milliy taraqqiyotga xizmat qiladigan, xalqning dunyoqarashiga mos bo‘lgan sog‘lom mafkurani shakllantirish bilan bog‘liqdir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q