Bilasizmi?
Mafkuraviy beqarorlik – kishilik jamiyatiga xos muayyan xususiyatlardan biri; mafkuraviy sohadagi tamoyillarning qaror topmagani, doimiy bo‘lmagani, muqim bo‘lmagani kabi ma’nolarni anglatadi. Bu gohida ijtimoiy hayotda mafkuralarning almashib turishi jarayonini izohlash uchun ham qo‘llaniladi. Mafkuraviy beqarorlik asosan, muayyan bir hududda davlat tizimi bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzumdan boshqasiga o‘tish davrida yuzaga keladi. Shu nuqtai nazardan olganda, Mafkuraviy beqarorlikni muayyan tarixiy sharoitda yuzaga keladigan g‘oyaviy o‘zgaruvchan holat, deb ham ta’riflash mumkin. Jamiyatning yangilanish bosqichlarida odatda eski tuzum, eski turmush tarzi bilan birgalikda o‘sha tuzum mafkurasi ham yuz tuban bo‘ladi, bunday hol ma’lum darajada mafkuraviy beqarorlikni yuzaga keltiradi. Mafkuraviy bo‘shliq va mafkuraviy beqarorlik hamohangdir, chunki bunday paytda vaziyatdan foydalanish ilinjida turli g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan mafkuralar ham bosh ko‘taradi. Agarda ana shunday holatda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilsa, jamiyat halokat yoqasiga kelib qolishi mumkin. Tom ma’nodagi mafkuraviy beqarorlik ana shunda paydo bo‘ladi. Yuzaga chiqqan turli begona, yot mafkuralar bilan yangidan shakllanayotgan milliy mafkura o‘rtasida murosasiz kurash boradi. Bu kurash tomonlarning o‘zaro vaqtinchalik muvaffaqiyatlari tarzida kechishi mumkin. Bunday beqarorlik ijtimoiy hayotga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mafkuraviy bo‘shliq – jamiyat, davlat va mehnat jamoalarida vujudga kelgan vaziyat, ijtimoiy muhit, tarbiyaviy-mafkuraviy ishlarning zaiflashib qolishi. Bunday sharoitda fuqarolar ongi va faoliyatida turli mish-mishlar, safsatalar ustuvorlik qila boshlaydi. Kishilar xatti-harakati va ruhiyatini bo‘shanglik, loqaydlik, befarqlik egallab oladi. Qayerda shunday holat yuz bersa, o‘sha yerda mafkuraviy bo‘shliq hukmron bo‘ladi. Shuning uchun yoshlarimizning ma’naviy olamida bo‘shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini bolalik chog‘idanoq shakllantirib borish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Mafkuraviy vaziyat – muayyan mintaqa yohud mamlakat hayotida mafkuralarning o‘rni va mavqei, ular o‘rtasidagi munosabatlar bilan bog‘liq jarayon va shart-sharoitlar majmui. XX asrning 90-yillariga kelib, jahonda sosializm lageri barham topdi. Dunyo siyosiy xaritasida o‘zlarining mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilab olgan o‘nlab suveren davlatlar paydo bo‘ldi. Ayni paytda sotsialistik g‘oyalar hukmron bo‘lib kelgan hududni mafkuraviy jihatdan bo‘lib olish bilan bog‘liq vaziyat yuzaga keldi. Bu vaziyat buyuk davlatchilik shovinizmi, diniy ekstremizm, tajovuzkor millatchilik kabi mafkuraviy tahdidlarda namoyon bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda faqatgina kuchli, xalq irodasini o‘zida aks ettirgan g‘oyalargina mamlakatni, jamiyatni yot g‘oyalar ta’siridan, mafkuraviy tazyiqlardan muhofaza qila oladi. Mafkuraviy vaziyat o‘z xarakteri, harakatlantiruvchi kuchlari va yuzaga kelish sabablariga ko‘ra qulay yoki ijobiy, noqulay yoki salbiy tusga ega bo‘ladi. Agar mamlakatda milliylik ruhi bilan sug‘orilgan, xalqning ezgu-maqsadlarini o‘zida aks ettiradigan, jamiyatning turli qatlamlarini bir maqsad tomon yo‘naltiradigan g‘oyalar hukmronlik qilsa, u holda bunday mamlakatda qulay yoki ijobiy mafkuraviy vaziyat vujudga kelgan hisoblanadi. Turli xil mafkuralar mavjud bo‘lsa-da, ular jamiyatni yagona umummilliy maqsadga yo‘naltirmasa, xalq begona g‘oya va mafkuralar tazyiqidan xoli bo‘lmasa, bu mafkuralar kishilarning orzu-istaklarini yuzaki aks ettirsa, u holda mamlakatda noqulay, salbiy, ta’bir joiz bo‘lsa, xatarli mafkuraviy vaziyat vujudga keladi. Bunday hollarda mamlakat parokandalikka uchrab, jamiyat o‘z taraqqiyot yo‘lini yo‘qotishi va boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkin. Yosh mustaqil davlatlar uchun mafkuraviy vaziyat masalasi juda katta ahamiyatga ega. Chunki bunday davlatlarning kelajagi, taraqqiyot yo‘li ana shunday mafkuraviy vaziyatning qandayligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Shuningdek, mafkuraviy vaziyat jamiyatda yangi mafkuraning shakllanishi, rivojlanishi va xalq ongiga singdirilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, muayyan hudud yoki mintaqadagi xilma-xil mafkuralarning hukmronlik uchun bo‘lgan o‘zaro kurashlarini ham anglatishini unutmaslik zarur. Ayni paytda mafkuraviy vaziyat yangi, shakllanayotgan mafkura bilan o‘z “vazifa”sini bajarib bo‘lgan yoki ado eta olmagan mafkura yoxud uning qoldiqlari o‘rtasida murosasiz kurash borishini ham ifodalaydi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q