Inson qadri. Inson manfaatlari


Saqlash
20:06 / 20.06.2023 0 4840

Inson qadri – odam zotining Allohning eng buyuk moʻjizasi sifatida ulug‘lanishi, har tomonlama munosib qadr-qimmat topishini anglatadigan tushuncha. Inson uchun qadriyatlar mezonini anglashda dastlab oila muhiti, ota-ona, qarindosh-urug‘, o‘qituvchilar muhim o‘rin tutadi. Aynan ana shu omillar negizida inson kamol topib boradi. Insonning butun umri o‘zida shaxsiy qadriyatlarni takomillashtirish, o‘z qadrini kamolga yetkazish, jamiyat, zamonda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar qadrini anglashga intilishdan iboratdir. O‘zi va boshqaning qadrini anglab yetish uchun insonning ma’naviy dunyosi ezgulikka xizmat qilishi, yuksak ijtimoiy sifatlarga ega bo‘lishi, uning o‘zi esa hayotning mohiyati va maqsadini to‘g‘ri anglaydigan darajada tarbiyalangan bo‘lmog‘i lozim. Bu ma’noda, Suqrotning "O‘z-o‘zingni anglab yet!" – degan da’vati g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. O‘z qadrini anglashning obyektiv, subyektiv, ijtimoiy va shaxsiy jihatlari mavjud bo‘lib, doimiy ravishda o‘zaro aloqadorlikda yashaydi, inson tabiatining turli jihatlarini aks ettiradi. Har qaysi shaxsning qadri u yashayotgan zamon, undagi jarayonlar, ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlar ko‘zgusida namoyon bo‘ladi. Muhit va davrning talablari shaxsning qadrini shakllantirib, yuksaltirib boradi. Uning o‘zi ijtimoiy munosabatlar sub’yekti sifatida, o‘z qadrining shaxsiy talablari, ehtiyoj va maqsadlari bilan naqadar bog‘liq ekanini tobora ko‘proq anglab boradi. Inson va uning qadri muammosi – falsafaning azaliy mavzularidan biri. Odam naslining dunyoga kelishi, boshqa jonzotlardan farqi, tabiat va jamiyatdagi o‘rni, insoniy fazilatlari, shaxsiy xususiyati to‘g‘risidagi masalalar hamma davr faylasuflarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Ma’lumki, odamning jismoniy tuzilishi, tabiiy-biologik xususiyatlarini o‘rganish ilmfan olamida hamon davom etmoqda. Ijtimoiy fanlarda esa shaxs kamoloti, uning ijtimoiy, ma’naviy qiyofasi bilan bog‘liq masalalari tadqiq qilinmoqda. Xullas, odamzod uchun o‘ziga o‘xshagan boshqa kishilar, ularning xususiyatlari, jamiyatdagi o‘rni, qadri, o‘tmishi va kelajagi bilan bog‘liq muammolar qadimdan eng asosiy tadqiqot va kuzatish obyekti bo‘lib kelgan.

 

Insonning o‘zini qadriyat sifatida talqin qilish bilan uning qadri va shaxsiy darajadagi qadriyatlar tizimi to‘g‘risidagi masalalar bir-biridan farq qiladi. Bu borada uch yo‘nalishda fikr yuritish mumkin. Birinchidan, har bir insonni qadriyat sifatida qarash mumkin. Bunda insonning o‘zi, uning tabiiy-tarixiy jarayondagi mavjudligi, tirik jonzotlar orasida yagona ijtimoiy vujud ekani e’tiborga olinadi. Bu yo‘nalishdagi tahlil aniq insonga qaratilgan bo‘lib, uni maxsus tadqiqot mavzusi obyektiga aylantiradi. Ikkinchidan, insonning qadri, ya’ni uni ijtimoiy jarayonlardagi o‘rnini, atrof-muhit va boshqa kishilar uchun ahamiyati, jamiyatdagi mavqei kabi masalalarni tadqiq qilish ham mumkin. Bunday tahlil insonning ijtimoiy-tarixiy ahamiyatini o‘rganishga asoslanadi. Uchinchidan, shaxsning ma’naviy olami, qiyofasi, qiziqishlar dunyosi, talab va ehtiyojlari, faoliyati bilan bog‘liq qadriyatlar tizimini ham tahlil qilish mumkin. Bunda asosiy e’tibor qadriyatlarning shaxsiy (alohida, yakka) darajada namoyon bo‘lish shakllari va xususiyatlariga qaratiladi. Hozirgi davrda har qaysi odamning qadri – avvalo, uning tabiatga, tashqi olamda ro‘y berayotgan jarayonlarga, bu jarayonlardagi o‘rni va faoliyatiga, turli irq, millat, ijtimoiy qatlamlarga mansub bo‘lgan, rang-barang maqsad va qadriyatlarga intiladigan kishilarga, o‘ziga, oila, turmush, jamoa va jamiyatdagi mavqeiga nisbatan munosabatida yaqqol ko‘rinadi. Shuningdek, mehnat, ishlab chiqarish va iqtisodiyot borasidagi jarayonlardagi ishtiroki, jamiyatdagi ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish va moddiy boyliklarni yaratish jarayoniga qo‘shayotgan hissasi ham inson qadrini belgilaydi. Qolaversa, siyosiy o‘zgarishlar, jamiyatni demokratlashtirishda qatnashishi, bu jarayonda qanday maqsadlarni ko‘zlayotgani hamda qadriyatlar tizimi tez o‘zgarib borayotgan bugungi kunda qanday pozisiyani egallashi, o‘zini qanday tutishi bilan bog‘liq faoliyati ham bu borada muayyan ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, qadr-qimmat insonning ma’naviy barkamolligi, bilimi, qobiliyati, iste’dodi, iqtidori va ulardan qanday maqsadlarda foydalanayotgani; o‘zining shaxsiy, milliy, diniy, irqiy, sinfiy va boshqa sohalardagi manfaat hamda maqsadlari, talab-ehtiyojlari, intilish va faoliyatini umuminsoniy talablarga moslashtira olgani bilan bog‘liq sifatlarda ifodalanadi. Bu borada uning turli buzg‘unchi g‘oyalar, vayronkor mafkura va boshqa bid’atlarning mohiyatini to‘g‘ri anglab olgani, ularga nisbatan munosabati ham muhimdir. Ana shu jihatlarning barchasini hisobga olgan holda inson qadrini baholash va shu asosda shaxslarning tiplarini aniqlash mumkin.

 

Inson manfaatlari – ijtimoiy manfaat shakllaridan biri, jamiyatdagi o‘zgarishlar va taraqqiyotning asosiy maqsadini insonga yo‘naltirish, inson haqhuquqlari ustuvorligini ta’minlashni anglatadigan tushuncha. Inson manfaatlari inson ehtiyojlari, manfaatlari, huquq va erkinliklarining ustuvorligi, uning eng katta boylik sifatida jamiyatdagi alohida o‘rni va ahamiyatini ta’minlash, jamiyat, davlat va inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni oqilona yo‘lga qo‘yish tamoyillariga tayanadi. Ma’lumki, 1997 yil yurtimizda inson manfaatlari yili deb e’lon qilindi. Inson manfaatlari yilida inson omiliga yanada ulkan ahamiyat berildi. Keyingi yillarga nom berish va mamlakatimiz uchun ustuvor yo‘nalishni belgilab olishda ham, avvalo, inson manfaatlari ustuvor masala sifatida e’tiborga olinmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 149
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 398
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 151
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 223
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 534
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 956
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218762
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104497
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34224
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27321
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26597
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25204
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24909
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21793
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//