Unutib borilayotgan an’ana – bugun qorxat yozdingizmi?


Saqlash
16:11 / 17.11.2021 0 2667

Taqvimiy marosimlar yilning oxirgi choragi qish faslida o‘z nihoyasiga yetadi. O‘rta Osiyo xalqlarida qish fasli bilan bog‘liq marosimlar shimoliy, qorli o‘lkalardagi xalqlardagiga nisbatan ozroq bo‘lsa-da, lekin o‘ziga xos bo‘lgan “Birinchi qor”, “Gap-gashtak”, “Sandal o‘yinlari”, “Yaldo kechasi”, “qishki chilla” (Chilla kirdi, Kichik chilla, Chilla chiqdi) kabi marosimlar va odatlar qadimdan o‘tkazib kelingan. Birinchisi, “qor xat” deb nomlanib, xursandchilik bilan; ikkinchisi, esa “qor yog‘di” deb nomlanib, birmuncha qayg‘uli tarzda nishonlangan. “Qor xat” odati qadimda keng tarqalgan an’ana bo‘lib, hozirga qadar davom etib kelmoqda.

 

Odamlar belgilangan shartlarga ko‘ra “qor xat”ni o‘ziga yaqin kishilardan, ya’ni do‘stlari yoki qarindoshlaridan biriga yozadi va sezdirmasdan ularning qo‘liga berishi yoki cho‘ntagiga solib qo‘yishi kerak. Xatni muallifning o‘zi yoki boshqa biror odamni yollab yetkazishi mumkin, so‘ng borgan hovlisining chegarasidan chiqib olguniga qadar qo‘lga tushmay qochib ketishi kerak. Aks holda u kulgili ko‘rinishdagi ko‘ngilsizliklarga uchraydi. Maktubni “bilmay” qabul qilgan kishi egasiga qaytara olmasa, xatda yozilgan shartlarni bajaradi. Agar darrov egasiga topshirilsa, unda muallif masuliyatni o‘z bo‘yniga oladi.

 

O'zbekiston: sovuqda qolgan saylovchilar - BBC News O'zbek

 

Ba’zi hollarda qo‘lga tushgan “qor xat” muallifining yuziga qorakuya surtilgan, eshakka teskari mindirilib, ko‘chalarda odamlar orasida masxara qilingan. Qishloqlarda “qor xat” olib kelgan odamning maqsadini xonadon egasi sezib qolsa, oldindan uning yo‘liga poyloqchi qo‘ygan va xat olib kelgan kishini ushlab olib, qorbo‘ron qilib, ziyofat berishga majbur qilgan. Qorxat yozishdan asosiy maqsad “raqib”ni ziyofatga tushirish bo‘lgani uchun qachon, qayerda, necha kishiga berilishi lozimligi albatta ko‘rsatiladi.

 

Xalq og‘zaki ijodi va adabiy-badiiy asarlardan “Birinchi qor” va “Qorxat”ga oid ko‘plab namunalar mavjud. Oybekning “Navoiy” romanida qorxat haqida aytilgan quyidagi o‘rinlar bor: “Tansiq qorni g‘animat bilib, kattalar o‘z do‘stlariga qorxat yozib, o‘ziga xos zavq bag‘ishlovchi qishki ziyofatlarga yura boshlaganlar”.

 

Эртага ҳам Ўзбекистонда қор ёғиши кутилмоқда - Халқ сўзи

 

Qorxatdan namunalar

 

Qorxat

 

Qo‘lingizda yarqirab turgan bu xat – qorxat, ukam,

Qo‘lga tushdingiz, ilojsiz, belni bog‘laysiz mahkam.

 

Bisti panjum yig‘ilurmiz ulfati chor, o‘rgilay,

Harnaki topgan – tayangan bo‘lsa nochor, o‘rgilay.

 

O‘n qadoq go‘sht, bir qazi – toshkentcha “norin”, deydilar,

Qo‘lga tushgach, xoh ranji, xoh og‘rin, deydilar.

 

Issiq uyda siz mulozim, biz tarallo qilgumiz,

Miyani qo‘lga qoqib berguncha yallo qilg‘umiz.

 

Voqean, yoddan chiqay debdir talabning tantisi,

Yaxna go‘sht, yaproq qazi – zakuskamizning mantisi.

 

Kim kelur erkan desangiz: saqlabon eski udum,

Men bo‘lurman, mavlaviy Shayx, mulla Uyg‘uni fo‘rum.

 

Yoz ham o‘tdi, kuz ham o‘tdi, qorga cho‘mdi bog‘lar,

Bog‘ingizdan bir g‘ujum ham totmadi o‘rtog‘lar.

 

Sobiro, tan ber o‘zing ham, biz kabi mehmon qani,

Bormi insofing, oromizda ushlagan non qani?

 

Balki bu suhbat arosida yechilgusi tugun…

Xullasi, man yarg‘abu bo‘lsin ziyofatlar to‘kun,

 

deb G‘afur G‘ulom.

1945 yil 16 noyabr 

 

 

Allomaxon Hakimova

Qorxat... (Qoraxat)

 

Bugun birinchi qor yog‘di. Yuragimga ham. Borliq muzladi. Yuragim ham. Kuz bilan xayrlashdim kelasi yilgacha. Siz bilan ham, abadiyga. O‘ylardimki, oppoq qorlar zamin bag‘riga kipriklarimizdan birga-birga to‘kiladi deb. O‘ylardimki, samo boshimizdan baxt elaydi-yu, yuraklarimiz qahratonda ham o‘z otashida borliqni yondiradi deb. O‘ylardimki, qisqagina kunduzlarning uzooooq kechalari quloqlarimizga mehr to‘la hislar tilida mo‘jizalar so‘zlaydi deb. O‘ylardimki.....

O‘ylamasam bo‘lar ekan, azizim. Aslida mavjud bo‘lmagan dunyolar, mavhumlikka mahkum ro‘yolar, telbavor, majnunsifat savdolarni o‘ylamasam bo‘lar ekan.

Ojizgina yuragim quchib samolarga tikildim, baxt elanmadi. Kipriklarimga qor qo‘ndi-yu, zaminga emas, yuragimga to‘kilib ketdi. Sizni o‘yladim. Aslida mavjud bo‘lmagan dunyo tegramda aylandi-yu, mavhumlik sari, yo‘qlik sari singib ketdi. Siz ham....

Birinchi qor bilan, azizim!

 

Shodmonqul Salom

Qorxat (badia)

 

Ustimda nimadir yurganday bo‘ldi. Tizzamni, so‘ngra oyog‘im uchlarini bosib turdi. Ko‘zim yumuq holimda, mushuk deb o‘yladim. Onamning tovushi keldi: tushir anovi yetimchani, Chinnixol. Opamning kulguga to‘liq ovozi eshitildi: “Ena, siyib yubordi”. Onam ham kuldi va men sari talpindi chog‘i ko‘zimni ochdim. Uyqum ochilmay anqayib, menga ajablanib qarab turgan qo‘zichoqni ko‘rdim. Ko‘zlari qop-qora, momiq junlari ho‘lday jimirlab ko‘rinadi, kindigi uzun, qurimagan. Onam uni ko‘tarib pechka tomonga olib ketdi. Qo‘zichoq men yopinib yotgan ko‘rpaning ustiga… qo‘yib yuboribdi, yaramas. Bu uning yorug‘ dunyodagi birinchi ishi edi. Turib o‘tirdim. Uy to‘rida go‘sht supra yoyilgan, otam do‘qillatib yong‘oq to‘nkada go‘sht to‘g‘rayotir.


Qo‘zichoq tug‘ilibdi, aniqrog‘i boshi kattalik qilib, sovliqni yorib bolasini olishibdi. Kechaning bir vaqtida otam bilan akam shu ishni qilibdilar. Ertachi sovliqlar qo‘zilay boshlabdi-da. Tiyramohning izg‘irinli, so‘nggi kunlari qontalosh barglarni zirqiratib o‘tadi, maktab yo‘lida sumkadan non olib, kovshanib qaytayotgan bolalarning egniga bultirgi liboslarini iladi bu kunlar. Tonglar sovub, cho‘pon-cho‘liqning qo‘l va lablari baayni sovuq ochgan ko‘sakday yoriladi. Avval yomg‘ir, keyin qor…


Kichik opam burchakda paxta chigitlab o‘tiribdi. Onam esa qozon osilgan pechkaga kuymalanadi. Akam go‘sht to‘g‘rayotgan otamga qarashayapti. Otam har zamonda uni urishib qo‘yadi. Onam menga:
– Kaltaboy, tur endi. Qor tushdi, — dedi.
–   Qor?
–   Ha, endi tomning ustidan etigingni ob tushasan.

 

* * *

Birinchi qor – Yaratganning bandalariga maktubi!
Birinchi qor – tabiatning samimiy taskini.
Birinchi qor – bolalikning qo‘l bilan ushlasa bo‘ladigan hayratlari rangida bo‘ladi.
Birinchi qor – yuraklardan elanib o‘tib kelgan, dilning bir pok manzilida yotgan tuyg‘ularning dunyoga termulishi (xuddi derazadan qarab turgan Manzuraday).
Birinchi qor – muhabbatning sirli tortig‘ini birovga aytmasa bo‘lmaydigan qutlug‘ xabar.
Birinchi qor – qorxatday uchayotgan qushlarning ko‘zlarida olamning beadoq aksi.
Birinchi qor – ko‘ngli kengaygan dunyoning oromli xo‘rsinig‘i.
Birinchi qor…

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 759
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 212
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 404
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219725
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104914
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 37076
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 29611
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28972
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27979
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 26050
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 24026
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//