Bilasizmi?
13-noyabr – Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tashabbusi bilan “Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni” sifatida belgilangan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ushbu sanada ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan, yaxshi ko‘rmaydigan insonlarga hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga sharoit yaratib berish, bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, bandligini ta’minlash masalalari qayta ko‘rib chiqiladi, ular qo‘llab-quvvatlanadi.
Insoniyat tarixida ko‘z nuridan ayrilgan shunday buyuklar borki, ularning faoliyati, amalga oshirgan ishlari, adabiyot, san’at, siyosat va yana ko‘plab sohalardagi fidoyiliklari butun dunyoda olqishlab kelinadi.
Gomer
Antik dunyoning eng mashhur yozuvchisi Gomerning ko‘zi ojizligi haqidagi afsonalar bizgacha yetib kelgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra u “Iliada” va “Odisseya” dostonlarining muallifi.
Uning hayoti haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Yashab oʻtgan davri miloddan avvalgi XII asr va VII asr oraligʻi deb koʻrsatiladi. Gomerning soʻqir boʻlgani, oʻz asarlarini baxshilar kabi ogʻzaki aytgani maʼlum. Ularni kim, qachon yozib olgani esa aniq emas. Bugungacha dunyoga mashhur “Troya” badiiy filmiga ham Gomer dostonlari asos qilib olingan.
Lui Brayl
Bugungi kundagi ko‘zi ojizlar rasmiy yozuvini yaratgan Lui Braylni bilmaganlar bo‘lmasa kerak. 1809-yilda Fransiyaning Kuvre shaharchasida tug‘ilgan Lui 3 yoshida otasining ustaxonasiga kirib, og‘ir jarohatlanadi. Natijada, ko‘zlari ko‘rmay qoladi.
U paytlarda ko‘zi ojizlarga maktablar bo‘lmagani uchun ota-onasi Luini oddiy maktabga beradi. Dastlab o‘z xotirasiga suyanib amallab o‘qigan Lui 10 yoshida ko‘zi ojiz bolalar uchun maxsus stipendiya sohibi bo‘ladi.
Braylda harbiylar qorong‘ida foydalanuvchi yozuv tizimini o‘zi kabilar o‘qishi uchun qo‘llash fikri tug‘iladi. 20 yoshli Lui 6 nuqtali kodga asoslangan, bugungi kunda butun dunyoda foydalaniladigan alifboni yaratishga muvaffaq bo‘ladi.
Yozuv ilmiy ramzlarni ham ifodalash imkonini berardi. 1834-yilda Brayl o‘z ixtirosini Parij san’at ko‘rgazmasida namoyish qiladi va keyingi 20 yil ichida alifbodan butun dunyo foydalana boshlaydi.
Helen Keller
Bollivudning mashhur “Zulmat” filmini eslasangiz kerak. O‘sha mashhur qahramonimiz aynan amerikalik yozuvchi Helen Keller hayotini tasvirlagan edi. 2005-yili hindistonlik kinorejissyor Sanjay Lila Bxansali Keller hayotidan ilhomlanib, u haqida film suratga oldi. Ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan kartina bugungi kunda ham butun dunyo tomonidan sevib tomosha qilinadi.
Helen Keller 1880-yilda AQShning Alabama shtatida tug‘ilgan. U mashhur yozuvchi va siyosiy faol sifatida dunyo tarixida o‘z o‘rniga ega. Bolaligidan ko‘rish va eshitish qobiliyatini yo‘qotgan Helen o‘qituvchisi Anne Sallivan tufayli hayot qiyinchiliklarini yengdi. Helen o‘z hayoti tasvirlangan kitoblar yoza boshladi va ular mashhurlikka erishdi.
“Dunyodagi eng go‘zal narsalarni ko‘rib bo‘lmaydi, ularni qalban his qilish kifoya”, deb takrorlab yuruvchi Helen haqida ko‘plab asarlar yaratildi. Ular orasida bolalarga atalganlari ham bor edi. Unga bag‘ishlab filmlar ham olingan bo‘lib, ularda Helenning hayot mashaqqatini qanday yenggani tasvirlangan.
Andrea Bochelli
Bochellining qo‘shiqlaridan zavqlanmagan inson kam topilsa kerak. Iste’dod shunday, kimga nasib etmasin, insoniyatni hayratga solishda davom etaveradi. Andrea ham 12 yoshga to‘lgach, butunlay ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi.
Bochelli qo‘shiq aytish orqali tushkunlikdan chiqib ketdi. Keyinroq Piza universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Ammo huquqshunoslikdan ko‘ra san’at uning taqdirini o‘zgartirib yubordi. Italiyalik tenor Franko Korelli bilan hamkorlikdan so‘ng mashhur bo‘lib ketdi. 90-yillarda hayratga tushgan Luchano Pavorotti uni festivalga taklif etadi. Shundan so‘ng unga butun dunyo qiziqa boshladi va katta sahnalarga takliflar ko‘payib ketdi. Uning konsertlaridan birida Rim papasi ham ishtirok etgan.
Devid Blankett
Devid Blankett yuksak martabalarga erishgan mashhur siyosatchi. Tug‘ma ko‘zi ojizligiga qaramay Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan.
Blanket kimlarningdir achinish hissi tufayli emas, balki o‘z kuchi bilan shu darajaga erishdi. Bu esa ko‘plab insonlarga motivatsiya bo‘lib kelmoqda.
Jozef Pulitser
Mashhur “Pulitser” mukofotini bilsangiz kerak? Demak siz ushbu mukofot nomiga bog‘liq shaxs haqida ham ma’lumotga egasiz.
Jozef 1847-yilda Vengriyaning Mako shahrida tug‘ilgan. 17 yoshida AQShga ketib, muxbirlik bilan shug‘ullanadi, keyinchalik siyosat olamida ham faoliyat yuritadi. 1872-yilda Sent-Luisdagi ikkita gazetani birlashtirib, materiallari orqali korrupsion guruhlarni fosh qila boshlaydi.
1883-yilda u “New York World” nashrini sotib oladi va o‘z imkoniyatlarini yanada oshiradi. Keng ommaga mo‘ljallangan gazetaning adadi 15 mingdan million nusxaga yetdi. 1887-yilda ko‘rish qobiliyatini deyarli butunlay yo‘qotgan Jozef bosh muharrirlikdan voz kechadi.
1911-yilda vafot etgan Jozef Pulitser o‘zining 2 million dollar boyligini Kolumbiya universitetiga jurnalistlar oliy maktabi ochish uchun topshirgan.
Zulxumor ORIFJONOVA tayyorladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q