Bilasizmi?
8-noyabr Fransiyaning mashhur Luvr muzeyi dunyo uchun o‘z eshiklarini ochgan kun. Shu munosabat bilan koronavirus ta’sirini ko‘rsatgan Luvr va dunyo muzeylari faoliyati bilan tanishamiz.
Luvr
Bugun Parijning eng diqqatga sazovor maskanida san’at va madaniyatga oid 400 mingdan ziyod eksponat saqlanadi. Har yili 10 millionga yaqin tashrif buyuruvchini qabul qiladigan muzey so‘nggi yillarda ko‘plab yangiliklarni yo‘lga qo‘ydi.
Pandemiya ta’sirida bir muddat yopiq turgan muzey dastlab zallarning 70 foizini ochdi. San’atsevarlar tashrifi muhim bo‘lsa-da, ular yuqori sanitar xavfsizlik sharoitlarida qabul qilindi. Avvalo, sayt orqali tashrifning aniq vaqtini ko‘rsatgan holda talon olish talabi qo‘yildi. Chiptalarni muzeyning o‘zida ham sotib olish mumkin, biroq buning uchun keluvchilar oqimi kam bo‘lishi kerak, bu esa ancha vaqt oladi. Sayohat davomida odamlar qarama-qarshi kelib qolmasligi uchun tomosha faqat bir yo‘nalishda va bir tomonga harakat orqali amalga oshirildi.
2021-yili 482 mingdan iborat barcha san’at asarlari kolleksiyasi raqamlashtirildi va ochiq saytda ommaga taqdim etildi. Endilikda onlayn arxiv doimiy ravishda yangilanib va boyitib boriladi. Saytda faqat Luvrda taqdim etilgan ishlar emas, balki vaqtincha foydalanish yoki saqlash uchun olingan san’at namunalari ham mavjud. Bundan tashqari, endi uydan chiqmagan holda interaktiv xarita yordamida Luvr muzeyiga sayohat qilish mumkin.
Dunyo muzeylari qanday qoidalarni yo‘lga qo‘ydi?
Muzeylarning oylab ochilmay turishi odamlarning san’atga qiziqishini to‘xtatmadi. Sekin-asta ochilayotgan bunday maskanlarga san’at ixlosmandlari, aksincha, yangicha fikrlar, qarashlar bilan tashrif buyura boshladi.
Pandemiyaning ilk davridayoq, ya’ni 2020-yilning may oyining oxirlariga kelib, Rimdagi Borxes galereyasi muayyan cheklovlar bilan ochilganidan so‘ng “The Italy” nashri asoschisi, san’atsevar Livia Hengelning “Galereya ochilishini eshitgach, yo‘lga tushdim. Avvallari u yerga borish uchun odamlar bir necha oy oldin joyni band qilardi. San’at asarlarini qayta ko‘rish esa albatta yoqimli”, deya ta’kidlab o‘tdi. Kirish zalida harorati o‘lchanganini, qoidalarga rioya qilishi kerakligi aytilganini qo‘shimcha qildi. Ijtimoiy masofani saqlash uchun galereya ma’muriyati har ikki soatda 80 tagacha odamni qabul qilishini bildirdi. Chiptalarni elektron tarzda xarid qilish boshlandi. Pandemiya davrida Italiyadagi har bir muzeyga chiptalarni onlayn sotish talabi qo‘yildi. Ba’zi eksponatlarni maxsus kiyimlar bilan tomosha qilish joriy etildi.
Dunyodagi boshqa mashhur muzeylar ham koronavirus tarqalishining oldini olish uchun ko‘plab usullarni ishlab chiqdi. Chiptaxonalarda sotuvchi va xaridor o‘rtasida to‘siqlar o‘rnatildi, ba’zi muzeylarda naqd ko‘rinishida pullar qabul qilinmadi, tomoshabinlar haroratini o‘lchash va niqob taqish qoidalashtirildi.
Xalqaro muzeylar va zamonaviy san’at kolleksiyalari qo‘mitasining ta’kidlashicha, pandemiya davrida barcha qoidalarga amal qilish va xavfsizlik borasida samarali usullardan foydalanish bo‘yicha Singapur galereyasi va Tokiodagi Mori san’at muzeyi oldingi qatorlarni egalladi.
Moliyaviy muammolar
Koronavirus davrida to‘xtab qolgan muzeylarda o‘z-o‘zidan moliyaviy muammolar kelib chiqishi tabiiy edi. Ma’lum muddat yopiq turgan muzeylar ochilgandan keyin ham avvalgidek daromad topishi biroz aqlga sig‘maydi. Chunki san’atsevarlar ham endi sog‘liq borasida o‘ylay boshladi, madaniy hordiqqa xohish cheklandi. Tashrif buyuruvchilar uchun bepul niqoblar, harorat o‘lchovchi moslamalar va, eng muhimi, odamlar sonidagi cheklovlar vaziyatni murakkablashtirdi.
Yil o‘rtasida mutaxassislar AQShdagi muzeylar kuniga 33 million dollar yo‘qotayotganini taxmin qildi. Muzeylar ma’muriyati davlatdan yordam mablag‘i ajratilishini so‘radi. Aniqlanishicha, pandemiyadan keyin Amerikadagi ba’zi kichik muzeylarning 30 foizi o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkin. Dunyoda esa bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil qildi.
Uydan turib muzeylarga sayohat
Koronavirus tarqalishining yana bir muhim jihati borki, buni salbiy baholay olmaymiz. Karantin davrini hisobga olib ko‘p sohalar o‘z faoliyatini virtual hayotga ko‘chira boshladi. Onlayn ta’lim, masofaviy ishlar, ijtimoiy tarmoqdagi xaridlar va, nihoyat, madaniy hordiq ham virtual ko‘rinishda faoliyatini olib bordi. Odamlarda dunyoning xohlagan nuqtasidan turib Luvr muzeyiga sayohat qilish imkoni paydo bo‘ldi. Bunday taklifni boshqa mamlakatlardagi mashhur muzeylarda ham ko‘rish mumkin. Har biri o‘zining kreativligidan kelib chiqib faoliyatini yangiladi. Qiziqarlisi, virtual hayotda ham raqobat boshlandi. Kimdir sayohat davomida onlayn yo‘lboshlovchi taklif qilsa, yana kimdir kokteylning retseptini taqdim etadi. Bunday tashabbuslar san’atsevarlarni muzeylarga qiziqishini yanada oshirdi.
O‘tayotgan yil ko‘plab faoliyatlar uchun sinov davri bo‘ldi. Ammo bu butunlay inqirozni anglatmaydi, ko‘rilgan zararlar esa yilma-yil o‘rnini to‘ldirib boraveradi. Muhimi, insoniyatning san’atga ehtiyojiga beparvo bo‘lmaslik va buni kichik inqirozlar safiga qo‘shib unutib yubormaslik lozim.
Zulxumor Orifjonova tayyorladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q