Bir kuni...
Bir kishi uyiga kelgan kimsaga eshik ochmagani haqidagi qissa
Bir kishi kelib, doʻstning eshigini taqillatdi. Doʻsti unga dedi: “Sen kimsan, ey ishonchli zot?» U dedi: “Menman”. Doʻst unga dedi: “Ket! Hali vaqti kelmabdi. Bunday xomlar uchun bu uyda joy yoʻq!» Xom kimsani ayriliq va hijron oʻtidan oʻzga kim pishiradi? Kim uni ikkiyuzlamachilikdan xalos etadi? Oʻsha bechora ketdi. Bir yilini safarda, doʻstining firogʻida yonib oʻtkazdi. Hijronda pishganidan keyin qaytib keldi va yana doʻstining uyi atrofida aylanib yurdi. Ogʻzimdan biror odobsiz soʻz chiqib ketmasin deb yuz xavotir va odoblilik bilan eshik halqasini qoqdi. Doʻsti ovoz berdi: “Eshik ortida kim bor?» U dedi: “Eshik ortida sen oʻzing turibsan, ey dilrabo!» Doʻst dedi: “Agar endi “men” “sen”ga aylangan boʻlsa, unda kiraqol, ey “men”! Bir uyga ikki “men” sigʻmaydi, axir. Ignadan ipning ikki uchi oʻtmaydi, agar sen bitta boʻlsang, bu ignaga kirgin”.
Igna bilan ipning bogʻliqligi bor. Ammo ignaning teshigi tuyaga mos kelmaydi.[1] Riyozat qaychisi va amal yordam bermasa, tuyaning borligʻi qanday qilib ingichka boʻlsin? Buning uchun Haqning qoʻli kerak, ey falonchi, axir barcha boʻlmaydigan narsalar uchun “Uning buyrugʻi faqat: “Boʻl!» demoqdir”.[2] Uning qoʻlida barcha imkonsiz narsalar imkon topadi. Undan qoʻrqib har qanday oʻjar muloyim tortadi. Koʻr va moxov nima boʻlibdi? Ul Qudratlining sehridan hatto oʻliklar ham tiriladilar.[3] Yoʻqlik esa oʻlikdan koʻra oʻlikroq boʻladi. Hatto u ham yaratuvchi qoʻlda majburiyatlidir. Bu gaplarning oxiri yoʻq, qara, oʻsha pokiza va samimiy ikki doʻst tomon shoshilgin. Doʻsti unga dedi: “Sen bor-buding bilan men ekansan, gulzordagi gul va tikan kabi menga raqib emaskansan, kirgin. Ip bitta boʻladi, endi kamroq xato qil, agar ikkitasi birlikda boʻlsa, “kof” va “nun” harflarini koʻrasan! “Kof” va “nun” arqon kabi ilgaksimon boʻladi,[4] u yoʻqlikni borlikka tomon tortadi. Garchi bu ikki harfning taʼsiri bir xil boʻlsa ham, juft shakllar orasida qoʻsh arqon boʻlishi kerak. Xoh ikki oyoq bilan, xoh toʻrt oyoq bilan kezsa ham, xuddi qoʻsh qaychi bir narsani kesgani kabidir.
Bu ikki kir yuvuvchi hamkorlarga boq: unisi bilan bunisining tashqi koʻrinishida farq bor. Bunisi matoni suvga botirdi, narigi sherigi esa uning suvini siqib quritdi; va yana siqilgan matoni bunisi hoʻlladi, xuddi kelishmovchilik tufayli qarama-qarshi ish qilayotganday. Ammo kelishmovchilik boʻlib koʻringan bu ikki zidlik aslida bir koʻngil bilan bir amalga rozilikdir. Har bir paygʻambar va har bir avliyoning oʻz yoʻli bor, biroq ularning har biri Haqqa yetaklaydi, shu maqsadda hammasi birlashadi. Ey Xudo, Sen qalbga harfsiz soʻz oʻsadigan joyni koʻrsat. Toki beadad yoʻqlik aro boshdan-oyoq pok jon yaralsin: behudud kengligu besarhad fazo va shunday xayolu hayot undan oziq olsin.
Boʻri bilan tulkining sherga xizmat yuzasidan ovga chiqqani
Sher, boʻri va tulki birgalikda ov qilish uchun oʻlja qidirib toqqa yoʻl oldilar. Toki ovda bir-birini qoʻllab-quvvatlab, oʻljalarga domni mahkam bogʻlasin, oʻsha cheksiz kengliklarda koʻp va xoʻp oʻlja tutishsin. Erkak sherning ular orasida yurishi or sanalsada, u hurmat koʻrsatib, hamroh boʻldi. Bunday shohga lashkardan zahmat bor, ammo u hamroh boʻldi. Axir jamoat Allohdan rahmatdir.[5] Bunday oy koʻkda boʻlishga yulduzdan or etadi. U oliyhimmatligi tufayli yulduzlar orasidadir. Rasulullohga “ular bilan maslahatlashing”[6] amri keldi, garchi uning qaroriga teng keladigan qaror boʻlmasa ham. Tarozida arpa oltin bilan doʻst boʻldi. Arpa mohiyatan oltin boʻlganidan emas. Qolipga ayni paytda ruhi hamroh boʻldi. It bir muddat eshik soqchisiga aylandi.[7] Bu jamoat ham sher yetovida vahmu ovoza bilan toqqa yoʻl olarkan, ishlari yurishib ketdi. Ular echki, toʻngʻiz hamda semiz quyon topdilar. Jangda sherga ergashgan kishiga kechayu kunduz koʻp kabob buyuradi. Oʻldirilgan, majruh, qontalash oʻljalarni togʻdan oʻrmonga olib kelishganida, boʻri va tulki ochkoʻzlik bilan ularni taqsimlashda shoh adolat qilarmikan, deb shubhalanar edi.
Ular ikkisining tamagirligi aksi sherga tushdi. Sher bular uchun nafsu istagi tayanch ekanligini anglab qoldi. Kimki Gʻayb sirlarining sheri va sultoni boʻlsa, u koʻngildan oʻtgan hamma narsani biladi. Ey fikru oʻyga moyil koʻngil, qara, uning qoshida badbin oʻydan qalbingni asra.[8] U biladi, ammo jimgina eshagini haydab, yoʻlida davom etadi. Yuzini yashirish uchun yuzingga kulib boqadi. Sher ularning tahlikali fikrlarini bila turib oshkor aytmadi va oʻsha fursatda ham hurmatlarini joyiga qoʻydi. Biroq u oʻziga oʻzi derdi: “Xizmatingizga yarashasini olasiz, ey ochkoʻz tilanchilar! Mening qarorim siz uchun yetarli emasmi? Mening himmatimga shubha bilan qaradingiz. Sizlarning aqlingiz va qaroringiz aslida mening qarorimdan, olamimni bezab turgan ehsonlarimdanku. Naqsh naqqoshga fikrini bildirarmidi, bildirmoqchi boʻlgan fikrini unga u baxsh etgan boʻlsa? Sizlarda menga nisbatan shunchalik tuban gumonlar bor ekan, ey zamonning sharmandalari! Alloh haqida yomon gumon qiluvchi[9]lar boshini kesmasam, gunoh qilgan bilan barobar boʻlaman. Koʻkni sizlarning sharmisorligingizdan ozod qilaman, toki bu voqea ibrat boʻlib dunyoda qolsin”. Sher shunday fikr bilan oshkor jilmayishda davom etdi. Ammo sen sherning tabassumiga ishonma. Bu dunyo mulki Haqning tabassumiga aylanib bizni mast qildi. Gʻururlantirdi va qaritib-toʻzgʻitdi.[10] Senga faqirlik va iztirob maʼqul, ey dalil. Chunki unda oʻsha tabassum oʻz tuzogʻini yirtib tashlaydi.
Sher dedi: Ey boʻri, buni sen taqsimlab koʻrchi. Adolatni yangila, ey qartaygan boʻri! Taqsimotda mening sirdoshim boʻl, toki mohiyating nimadan iboratligi ayon boʻlsin”. Boʻri dedi: “Ey shoh, hoʻkiz sening ulushingdir. U katta, sen ham katta, shiddatli va abjirsan. Echki men uchun, chunki u oʻrtacha va oʻrtamiyona. Ey tulki, sen quyonni ol, shunda toʻgʻri boʻladi”. Sher dedi: “Hoy boʻri, nima deding? Qaytarib ayt! Men shu yerda boʻla turib “biz” va “sen” deysanmi? Boʻri, haqiqatdan ham sen qanday itsanki, menday benazir va tengsiz sher oldida oʻzingni koʻryapsan!” “Buyoqqa kel, ey eshak, oʻzingga oʻzing qilding!” deb u boʻriga yaqinlashdi. Panjasi bilan urib, uni yirtib tashladi. Uning Yuzidan oʻzga hamma narsa halok boʻlguvchidir, agar sen Uning Yuzida boʻlmasang, borlik axtarma. Kimki Bizning Yuzda fano boʻlsa, uning uchun “hamma narsa halok boʻlguvchidir”[11] soʻzlari jazo emas, chunki u “illo”dadir, “lo”da emas; agar kim “illo”da boʻlsa, yaʼni, Allohdan oʻzga Iloh yoʻqligiga iymon keltirsa, foniy boʻlmaydi. Uning eshigi oldida “men” va “biz” deb qichqirgan har kim u eshik tomonidan rad etiladi hamda “lo”, yaʼni “yoʻq”lik atrofida aylanadi. Sher tulkiga yuzlanib dedi: “Qani, yeyish uchun oʻljani sen taqsimla!”
Tulki tiz choʻkib dedi: “Bu semiz hoʻkiz nonushtada senga yemak boʻlsin, ey mumtoz shoh. Bu echki esa gʻolib shoh uchun tushlikda rizqqa aylansin. Shuningdek, mana bu quyon mehribon va himmatli shohning kechki ovqatidan keyin shirinlik oʻrnida boʻlsin”. Sher dedi: “Ey tulki, sen adolat qilding! Bunday amalni kimdan oʻrganding? Buni sen qayerdan oʻrganding, ey buyuk?” Tulki dedi: “Ey olam sarvari, boʻrining ahvolidan!” Sher dedi: “Sevgimizda sen garov boʻlganing uchun uchalasini ham ol, olib ket. Ey tulki, sen butunlay bizga aylangansan. Biz boʻlganingdan keyin senga qanday ozor beramiz? Biz sen uchunmiz va barcha oʻlja sen uchun. Yettinchi osmonga qadam qoʻy, koʻtaril. Nokas boʻri qismatidan saboq olganing uchun sen tulki emassan, mening sherimsan. Baloga yoʻliqqan doʻstlarining oʻlimidan dars olgan kishi oqil boʻladi”. Oʻsha paytda tulkining tilida yuzlab shukronalar aylanardi: “Xayriyat, sher meni oʻsha boʻridan keyin chaqirdi. Agar buni taqsimla, deb menga birinchi buyurganida, jonimni undan kim omon saqlab qolardi?”
Biz Haqning oʻzimizdan oldingilarga bergan jazosidan saboq olishimiz uchun,[12] biz oʻtgan boʻrilarning ahvolini koʻrib, xuddi tulkiga oʻxshab oʻzimizni asrashimiz uchun bizni bu dunyoda oʻtmishdoshlardan keyin nozil etgan Zotga shukrlar boʻlsin! Shuning uchun ham oʻsha Haqning Rasuli tariflarida bizni “rahmatga sazovor qilingan ummat” [13] deb atadi. Oʻsha boʻrilarning poʻstu soʻngagiga oʻz koʻzingiz bilan boqing va ibrat oling, ey yaxshilar![14]
Jaloliddin Rumiy
“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar
Nasriy bayon mualliflari:
Odil IKROM, Oydinniso
[1]Bizning oyatlarimizni yolgʻonga chiqarib, unga (ishonmay) takabburlik qilganlar – ularga (tirikliklarida ularning yaxshi amal va duolariga, oʻlganlarida esa ruhlariga) osmon eshiklari ochilmas va toki tuya ignaning teshigidan oʻtmas ekan, ular jannatga kirmaslar. Biz gunohkorlarni ana shunday jazolaymiz (“Aʼrof” surasi, 40-oyat).
[2] “Innama amruhu iza aroda shay-an ay yaqula lahu kun fa yakun” – Biror narsani (yaratishni) xohlaganida Uning buyrugʻi faqat: “Boʻl!» demoqdir. U (narsa) darhol boʻlur (“Yosin” surasi, 82-oyat).
[3](Farishtalar Iyso haqidagi soʻzlarida davom etib:) “(Alloh) unga (Iysoga) kitobni (oʻqish va yozishni), hikmatni, Tavrot va Injilni taʼlim qilur”. U Bani Isroilga (yuborilgan) bir Rasul boʻlib, bunday degaydir: “Darhaqiqat, men sizlarga Rabbingizdan bir oyat (moʻjiza) bilan keldimki, sizlarga loydan qush shaklida bir narsani yasab, unga dam ururman, (u esa) Allohning izni bilan darhol (jonlanib, uchadigan) bir qush boʻlur. Onadan tugʻma koʻrlarni va peslarni tuzaturman, (hatto,) Allohning izni bilan oʻliklarni tiriltirurman; uylaringizdagi yemaklaringizni va yigʻib-saqlayotgan narsalaringizdan sizlarga xabar berurman. Agar (Allohga) iymon keltirganlardan boʻlsangizlar, albatta, bunda sizlar uchun (mening paygʻambarligimni koʻrsatadigan) qatʼiy dalil bordir” (“Oli Imron” surasi, 48-49-oyatlar).
[4] “Kof” va “nun” harflari qoʻshib yozilganda, uning shakli sirtmoqni eslatadi.
[5] Noʻmon ibn Bashir (r.a.)dan: Paygʻambar (s.a.v.): “Kim oziga shukr qilmasa, koʻpiga ham shukr qilmabdi. Kim insonlarga shukr qilmasa, Alloh taologa shukr qilmabdi. Neʼmatlarni gapirish shukrdir. Uni tark qilishlik esa kufrdir. Jamoat rahmatdir, tafriqa qilishlik azobdir” deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
[6](Ey Rasulim! Hamisha va, xususan, Uhud urushida) siz Allohdan boʻlgan bir rahmat tufayli ularga yumshoq muomala qildingiz. Agar qoʻpol, qattiq qalbli boʻlganingizda edi, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketar edilar. U holda ularni afv eting, ular uchun magʻfirat tilang va (koʻpga oid) ish haqida ular bilan maslahatlashing, azmu qaror qilganingizda esa Allohga tavakkul qiling (va u ishni qiling). Albatta, Alloh Oʻziga tavakkul qilguvchi (ishonib-tayanguvchi)larni sevar (“Oli Imron” surasi, 159-oyat).
[7] Ular uyquda boʻlganlari holda siz ularni uygʻoq deb oʻylar edingiz. Biz ularni (yerda uxlaganlari sababli tanada yaralar paydo boʻlmasligi uchun) goh oʻngga, goh chapga agʻdarib turdik. Ularning iti esa ikki qoʻlini (old oyoqlarini) ostonaga choʻzib yotar edi. Ularga nogahon yoʻliqsangiz, albatta, oʻgirilib qochar edingiz va qoʻrquvga botar edingiz (“Kahf” surasi, 18-oyat).
[8] Osmonlardagi va yerdagi bor(hamma) narsa (faqat) Allohnikidir. (Ey insonlar!) Ichlaringizdagi (qilishni oʻylaganingiz bir gunoh ish)ni xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Alloh sizlarni u bilan hisobga tortar. Soʻng(niyati va amallariga koʻra) xohlagan bandasini kechirar, xohlagan bandasini azoblar. Alloh hamma narsaga qodirdur (“Baqara” surasi, 284-oyat).
[9](Boshqa tarafdan, moʻminlarga bu yordam) Alloh haqida yomon gumon qiluvchi munofiq erkaklar bilan munofiqa ayollarni, mushrik erkaklar bilan mushrika ayollarni azoblamogʻi uchundir. (Ular moʻminlarning boshiga tushishini istagan) yomon hodisalar oʻz boshlariga kelsin! Alloh ularga gʻazab qilgan, ularni laʼnatlagan va ular uchun jahannamni hozirlab qoʻygandir. U naqadar yomon qaytish joyidir! (“Fath” surasi, 6-oyat).
[10] Kufrga ketgan kimsalar ularga muhlat berib qoʻyganimizni oʻzlari uchun yaxshilik deb sanamasinlar. Ularga faqat gunohlarini orttirishlari uchun muhlat berurmiz. Ular uchun xoru zor (va rasvo) qilguvchi azob bordir (“Oli Imron” surasi, 178-oyat).
[11]Alloh bilan qoʻshib boshqa bir ilohga iltijo-ibodat qilmang! Undan boshqa hech bir iloh yoʻq! Uning Zotidan boshqa (moddiy) hamma narsa halok boʻlguvchidir. Hukm va (mutlaq hukmronlik) yolgʻiz Unikidir va sizlar faqat Ungagina qaytarilgaysizlar (“Qasas” surasi, 88-oyat).
[12](Ey Rasulim!) Qasamki, Biz sizdan oldin ham bir qancha paygʻambarlarni oʻz qavmlariga yubordik va ularga ochiq dalillarni keltirdilar. Soʻng Biz (ishonmay) jinoyat qilganlardan intiqom oldik. (Chunki) moʻminlarga yordam berish Bizning zimmamizda haq boʻlgandir (“Rum” surasi, 47-oyat).
[13]Abu Muso Ashʼariy (r.a.)dan: Rasululloh (s.a.v.): “Bu ummat rahmatga sazovor qilingan ummatdir, ularga Oxirat azobi yoʻqdir, azoblari dunyodadir: fitnalar, zilzilalar va qatllar”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).
[14]Albatta, ularning hayot qissalarida chin aql egalari uchun (ulugʻ) ibrat bordir. (Va Qurʼon) toʻqib chiqarilgan soʻz emasdir. U faqat (oldingi Ilohiy kitoblarning asllarini) tasdiqlovchi, hamma narsani mufassal bayon etuvchi (bir Ilohiy Kitob)dir, iymon keltirgan qavm uchun esa (toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi) hidoyat va rahmatdir (“Yusuf” surasi, 111-oyat).
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q