Bir kuni...
Sherlok Xolms va Vatson o‘rmonga borib dam olmoqchi bo‘lishdi. Kichikroq sayxonlikda to‘xtab, chodir qurishdi va uxlagani yotishdi. Yarim kechada Xolms uyg‘onib ketib, osmonda charaqlab turgan yulduzlarga boqqancha sherigini uyg‘otdi:
– Vatson, yulduzlarni ko‘rayapsanmi?
– Ha, juda tiniq charaqlashar ekan o‘rmonda.
– Xayolingga nimalar kelmoqda?
– Shaharda uxlagandan ko‘ra o‘rmonda mizg‘igan yaxshi shekilli. Siz-chi, Xolms, nimalar haqida xayol surayapsiz?
– Meningcha, chodirimizni o‘g‘irlashibdi, yaramaslar.
* * *
Bir shilqim yigit avtobusda kuchukchasini mehr bilan silab borayotgan qizning yoniga kelib debdi:
– Yaxshi qiz, kuchukchangiz menga yoqib qoldi. Uning o‘rnida men bo‘lsam qaniydi...
– Roziman,– debdi qiz, – yaqinroq keling, kuchukchani axta qildirgani veterinar vrach qabuliga borayotgan edik.
* * *
Oligarxlarning bolalari tarbiyalanadigan bog‘cha. Tarbiyachi:
– Janob bolajonlar, marhamat qilib, tinchlaninglar. Hozir sizlarga do‘stingiz Entoni yakshanba kuni o‘rmonda o‘zi to‘qigan ertagini aytib beradi.
– Men hech narsa to‘qiganim yo‘q, ular chindan ham shir yalang‘och edilar,– dedi Entoni to‘ng‘illab.
* * *
Ko‘z doktorining xonasi. Vrach bemorga dedi:
– Marhamat qilib ayting-chi, janob, men hozir sizga qaysi harfni ko‘rsatib turibman?
– Iye, siz ham shu yerdamisiz? – hayron bo‘lib so‘radi bemor.
* * *
Isitma qilib to‘shakda yotgan kollej o‘quvchisini vrach ko‘rmoqda.
– Janob doktor, siz menga to‘g‘risini ayting, hech narsani yashirmang, men hammasiga tayyorman. Nahotki ertaga o‘qishga borishimga to‘g‘ri keladi? – dedi u vrachning qo‘lini mahkam ushlab.
* * *
– Ofitsiant, bu qanaqasi, biz o‘tiradigan joyda stoldan boshqa hech narsa yo‘q-ku? – hayron bo‘lib so‘radi xo‘randa.
– Siz faqat stolga buyurtma berdingiz, – dedi ofitsiant bamaylixotir.
* * *
Kosmetik operatsiya nihoyasiga yetadi. Vrach bemordan so‘radi:
– Mana, jarrohlik amaliyoti ham tugadi. Hammasi joyida. Avvalgidan ancha chiroylisiz. Xo‘sh, yana qanday istaklaringiz bor?
– Janob doktor, iloji bo‘lsa, ko‘zlarimni kattaroq qilmoqchi edim...
– Juda soz, – dedi vrach va bosh hamshiraga buyuradi:
– Hisob-kitobni olib kelib, bemorga ko‘rsating.
* * *
Muzey zallaridan birida namoyish etilayotgan surat oldida ikki kishi bahslashib qolishadi. Birinchisi suratda quyoshning botishi tasvirlangan desa, ikkinchisi, yo‘q, botishi emas, tong otishi deydi. Bahsga uchinchi kishi qo‘shiladi:
– Men bu rassomni ko‘p yillardan beri bilaman. U ertalab soat 10 dan bir daqiqa ham oldin uyg‘onmaydi.
* * *
Xiyobon chetida ikki kishi kuchukchalarini sayr qildirib yurishibdi.
– Menga qarang, janob, kuchukchangiz mening kuchukchamga kuppa-kunduzi shilqimlik qilmoqda, tartibga chaqirsangiz bo‘larmidi, – dedi yosh xonim ranjiganday bo‘lib.
– Ma’zur tutasiz, albatta tartibga chaqiraman bu yaramasni, ammo... siz ham kuchukchani juda yasantirib yuboribsiz-da, – dedi janob xonimga ko‘zini suzib.
* * *
Qurol-yarog‘ sotiladigan magazinga kirib kelgan xaridorni hurmat-ehtirom bilan kutib olishdi.
– Marhamat, janob, bizda qurollarning hamma turlari bor. Sizga qanaqasi ma’qul?
– Nishonni bexato uradigan revolver olmoqchiman.
– Juda soz. Olti patronli bo‘lsinmi yoki sakkiz patronli?
– Bir daqiqa, – dedi xaridor va bankka qo‘ng‘iroq qiladi:
– Allo, sizlarda kechqurun bankni necha kishi qo‘riqlaydi?
* * *
– Jonginam, shuncha yil birga yashadik, biror marta bo‘lsin, menga gul sovg‘a qilmading-a? – nozlanib dedi xotin.
– O‘zimning yaxshiginam, Gulzor ko‘chasida turamiz, hammayoq gul, xohlaganingcha hidlashing mumkin. Buning hech og‘ir joyi yo‘q, – dedi er.
* * *
– Muhtaram janob, sizdan ko‘p narsani o‘rgansa bo‘lar ekan. Mana masalan, xotiningizni hamisha “Jonginam”, “Yolg‘izginam”, “Mushukcham” deb chaqirar ekansiz. Men bo‘lsa nuqul ismini aytaman.
– Ismini aytib chaqirish menga ham yoqadi, ammo... ancha yil bo‘ldi nimaligini unutib qo‘yganman-da...
* * *
– Qani tur, tez kiyimingni kiy, yorug‘ tushmay dala hovliga borib kartoshka kovlaymiz,– dedi ota o‘g‘liga.
– Dadajon, soat endi to‘rt bo‘ldi, bizda dala hovli yo‘q-ku? – ko‘zlarini ishqalagancha so‘radi o‘g‘il.
– Turaqol o‘g‘lim, dala hovlimiz yo‘q, ammo qishga kartoshka kerak-da, – dedi otasi.
* * *
Dafn marosimini boshqarayotgan kishi musiqachilarga e’tiroz bildirdi:
– Hoy, men sizlarga necha marta aytganman, dafn marosimida musiqa chalayotganingizda yuzingiz musibatliroq ko‘rinishi kerak, deb. Lev Moiseyevich, bu birinchi navbatda sizga tegishli. Nega endi chapak chalayapsiz?
– Uzr, janob, tarelkalarim uyda qolib ketibdi.
* * *
– Doktor, aytishlaricha meni beshinchi bosqich talabasi operatsiya qilar emish. Biror kor-hol bo‘lsa, unda nima bo‘ladi?
– Nima bo‘lardi, bu yaramas, yana imtihondan yiqiladi-da.
* * *
Operatsiyadan keyin vrach bemorning yoniga kirib, uning ahvoli bilan qiziqdi.
– Xo‘sh, birodar, kasalxona ma’muriyatiga shikoyatingiz bormi?
– Ertalabgacha a’zoi badanim zirqirab og‘rib chiqdi. Ko‘z yumganim yo‘q. Bunga chidash qiyin.
– Unday bo‘lsa, bugun kechasi hamshira qiz yoningizda bo‘ladi.
– E, shunday og‘riqda qizga balo bormi, – dedi bemor afsuslanib.
M.AHMEDOV to‘plagan
“Jahon adabiyoti” jurnali 2019-yil 11-son
Bir kuni...
Hikmat
Hikmat
Qatra
Hikmat
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q