Ogʻziga ilon kirib ketgan kishiga bir amirning azob bergani – “Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar


Saqlash
20:05 / 12.05.2023 0 1751

Ogʻziga ilon kirib ketgan kishiga bir amirning azob bergani

 

Bir oqil kishi otda oʻtib ketayotgandi, uxlab yotgan odamning ogʻziga ilon kirib ketdi. Buni koʻrgan otliq ilonni haydab yuborishga shoshildi, ammo boʻlmadi. Unga koʻp madad bergan aqlini ishlatib, uxlab yotgan odamni kaltak bilan bir necha marta qattiq urdi. Oʻsha odam kaltak zarbidan qochib, bir daraxtning tagiga bordi. U yerda koʻp chirigan olmalar sochilib yotardi. “Olma ye, ey mubtalo! dedi otliq. Shunchalar koʻp olma yeyishga majbur qildiki, yeganlari ogʻzidan qaytib chiqa boshladi.

 

U dod soldi: “Ey amir! Mendan hech bir yomonlik koʻrmadingku, nega menga hujum qilasan? Agar jonimga azaliy adovating boʻlsa, tigʻ urib, bir zarb bilan jonimni ol! Menga koʻzing tushgan damga laʼnatlar boʻlsin! Sening turqingni aslo koʻrmagan odam baxtlidir! Na aybim, na gunohim, na katta yoki kichik biror sabab bor, hatto kofir ham bunday zoʻravonlik qilmaydi! Soʻzlar ogʻzimdan qonim bilan birga otilib chiqmoqda! Ey Xudo! Loaqal Sen uning jazosini ber! U har lahzada yangi-yangi laʼnatlar aytar, otliq esa uni urib: “Dasht boʻylab yugur! der edi. Kaltak zarbi, otliq, shamolday tezlik... U goh yugurar, goh yuztuban yiqilar edi. U boʻkkan, uyqusiragan, charchagan, oyoq-qoʻllari yuz minglab yaralar bilan qoplangandi. Naq tunga qadar, to u safrodan qusishni boshlagunga qadar otliq uni uyoqdan buyoqqa yugurtirdi. Uning ichidan yaxshi-yomon ovqat boʻlaklari, bu ovqatlar bilan qoʻshilib ilon ham sakrab chiqdi. U ogʻzidan tushgan ilonni koʻrib, bu ezgu zotning oldida taʼzim bajo qildi. Qora, badbashara va bahaybat ilonni koʻrib dahshatga tushganidan ogʻriqlarini unutdi.

 

U dedi: “Sen – mehru karam Jabroilining oʻzisan! Menga koʻzing tushgan damga rahmatlar boʻlsin! Men oʻlib boʻlgan edim, sen menga yangi hayot inʼom etding. Sen menga ona kabi talpinding, men esa sendan eshakday qochdim. Men senga qanchalar ahmoqona va bemaʼni gaplarni aytdim! Men emas, nodonligim gapirdi, oʻzingga olma! Agar vaziyat haqida loaqal bir ishora berganingda, men seni alqamasmidim, ey xush fazilatlar egasi! Otliq dedi: “Agar men bunga ishora qilsam, oʻting yorilib, suvga aylanardi. Agar men senga bu ilonni tasvirlasam, qoʻrquvdan jon berarding”. Mustafo (s.a.v.) deydi: “Agar joningizdagi dushmanni rost tasvirlasam, hatto dovyurakning ham yuragi yorilib ketadi, u yurolmaydi va biror narsa haqida qaygʻurolmaydi, qalbning iltijo qilishga, tananing namoz oʻqib, roʻza tutishga quvvati qolmaydi.[1] U mushuk qarshisidagi sichqonday hech nimaga aylanadi, boʻri qarshisidagi qoʻyday tinchini yoʻqotadi. Unda hiyla ham, tadbir ham qolmaydi, shuning uchun men hech narsa aytmasdan sizni tarbiyalayman. Men Abu Bakr Rubobiy kabi sukut saqlayman, Dovud (a.s.) kabi qoʻlimga temir olaman, toki, boʻlmaydigan ishlarni mening qoʻllarim boʻldirsin, toki patlari yulingan qushlar qanot yozsin.[2] Chunki “Allohning qoʻli ularning qoʻllari ustidadir”,[3] U Oʻz qoʻli bilan bizning qoʻlimizni birlashtirdi. Shu bois, shubhasiz, mening qoʻlim uzoqqa, yettinchi osmondan balandga choʻzilgan. Mening qoʻlim koʻkda oʻz mahoratini koʻrsatdi. Ey qori, qiroat qil: “Oy yorildi”.[4] Bu bayon – odamlarning aqli zaifligi uchun, axir zaiflarga kuch nimaligini tushuntirib boʻlarmidi? Uyqudan uygʻonganingda oʻzing bilib olasan, gap tamom, Alloh toʻgʻrisini yaxshiroq bilguvchidir”.

 

Oʻsha oqil kishi dedi: “Sen na ovqat yeyishga, na yurishga, na qusishga kuch topa olmasding. Garchi sening soʻkishlaringni eshitsamda, ot surib: “Yo Rabbim! Mening ishimni oson qil! [5] deb shivirlardim. Sababni aytish uchun menga ruxsat berilmadi, seni tark etishga esa imkonim yoʻq edi. Yuragim ogʻrib, har lahza: “Ey Parvardigorim! Qavmimni hidoyat qilgin. Ular bilishmaydi”, [6] deb takrorlardim”. Darddan xalos boʻlgan kimsa tiz choʻkib dedi: “Sen menga omad va xazinasan, ey baxt! Xudo xayringni bersin, ey aziz! Senga rahmat aytish uchun bu zaifning quvvati yoʻq! Alloh sendan rahmatini ayamasin, ey rahnamo! Menda bunga qodir til, jagʻ va navo yoʻq”. Oqilning adovati ana shunday boʻladi: uning zahri jonga shodlik baxsh etadi. Ahmoqning doʻstligi esa azob va yoʻldan ozdirishdir.

 

Soʻfiylar zikr[7] tushish maqsadida bir musofirning eshagini sotgani

 

Bir soʻfiy xonaqohda tin olib, eshagini ogʻilga eltib bogʻladi. Unga oʻz qoʻli bilan suv tutib, pichan tashladi. U xato va ehtiyotsizlikka qarshi choralar koʻrdi, ammo qazo kelganida ehtiyotkorlik yordam berarmidi? Soʻfiylar faqir va bebahra edilar, qanchadan qancha qashshoqliklar halokatli kufr sari boshlagan.[8] Soʻfiylar oʻsha zahotiyoq eshakni sotib, noz-neʼmatlar olib kelishdi, sham yoqishdi. Xonaqohda shovqin-suron koʻtarildi. “Bu kecha boʻkib taom yeymiz va zikr tushamiz! Tokaygacha toʻrvamizni koʻtarib yuramiz? Tokaygacha tilanchilik qilamiz? Tokaygacha chidaymiz? Uch kunlik roʻza tokaygacha davom etadi? Biz ham odammiz axir, bizning ham jonimiz bor, bu kecha baxt bizning mehmonimiz boʻlsin! deyishdi.

Ular puch urugʻni sepdilar, chunki jon deb oʻylaganlari jon emasdi. Oʻsha sayohatchi ham uzoq safardan keyin charchagan edi, u bunda eʼtibor va mehr koʻrdi. Soʻfiylar unga birma-bir qulluq qilib, talashib-tortishib xizmatini qilishdi. U shunday xush ziyofatga duch kelib: “Bu kecha maza qilmasam, qachon qilaman?» dedi. Ular mazali taom yeb, zikr tusha boshladilar, xonaqoh shiftigacha tutun va changga toʻlib ketdi. Ovqat tutuni, depsinayotgan oyoqlar changi, jonlarda zavqu ishtiyoq joʻsh urardi. Goh qoʻllarini silkitib yer tepishar, goh sajda qilib, soqollari bilan yer supurardilar. Soʻfiyning bu dunyoda hirsu nafsi kech uygʻonadi, shu sababdan u ochkoʻz boʻladi, ammo Haq nuriga toʻyingan, tilanib oʻzini xoʻrlashdan andisha qilgan chin soʻfiy bundan mustasno. Bunday soʻfiylar mingtadan bitta boʻladi, qolganlari esa ularning xushholligi soyasida yashaydilar.

Avvalboshdagi zavq oʻz nihoyasiga yetgach, sozanda gʻamgin kuy chaldi. U: “Eshak yoʻqoldi, eshak! Eshak yoʻqoldi, eshak! deb kuylay boshladi va hammani joʻr boʻlib kuylashga jalb etdi. Ular ertalabgacha chapak chalib, raqsga tushib, shu qoʻshiqqa joʻr boʻlib kuylashdi: “Eshak yoʻqoldi, ey yigit! Eshak yoʻqoldi!            

Soʻfiy mehmon ham ularga taqlid qilib, ularning ohangida: “Eshak yoʻqoldi, eshak! deb hayqirdi. Yeyish-ichish, oʻyin-kulgi va zikr tugab, tong otgach, xayrlashdilar. Xonaqoh boʻshab, yoʻlchi soʻfiy yolgʻiz qolgach, anjomlarining changini qoqa boshladi. Yuklarini sudrab xonadan tashqariga chiqdi, ularni eshakka ortib hamrohlarini qidirmoqchi edi. Soʻfiy hamrohlariga qoʻshilish uchun shoshardi, omborga borib eshagini topa olmadi. “Xizmatkor uni sugʻorish uchun olib ketgan boʻlsa kerak, chunki kechasi eshak suvni kam ichgandi”, deb oʻyladi. Xizmatkor keldi. “Eshak qani? deb soʻradi soʻfiy undan. “Soqolingga qara!” deb javob berdi xizmatkor. Mojaro boshlandi.

Soʻfiy dedi: “Men senga eshakni topshirib, seni unga masʼul qilgan edim. Har xil bahonalarni roʻkach qilmay, aniq tushuntir, uni senga ishongan edim, qaytarib ber. Men sendan berganimni qaytarishingni talab qilyapman, senga nimani topshirgan boʻlsam, oʻshani qaytar. Paygʻambar aytgan: “Qoʻling olgan narsani oxir-oqibat qaytarish boʻyningdadir”.[9] Agar oʻjarlik qilib gapimga koʻnmasang, birgalikda qozining dargohiga boramiz”. Xizmatkor javob berdi: “Soʻfiylar menga hujum qilishdi, men oʻz hayotim uchun qoʻrqdim, taslim boʻldim. Sen ichak-chavoqni mushuklar orasiga tashlab, soʻngra uning izini qidiryapsan. Yuzta ochning oʻrtasida bitta non, yuzta itning oʻrtasida turgan chorasiz mushukday gap”.

Soʻfiy dedi: “Xoʻp, qashshoqlar eshakni sendan zoʻrlik bilan tortib olishdi, mening jonimga qasd qilishdi, deylik. Sen kelib menga: “Hoy, badbaxt! Eshagingni olib ketishyapti! deb aytmadingku! Men eshakni, kim boʻlishidan qatʼiy nazar, har qanday odamdan qaytarib olardim. Yoki mayli, ular oltinlarimni baham koʻrishsin edi. Shu yerda payti ularni javobgar qilishning yuzlab yoʻllari bor edi, endi esa hammasi dunyo boʻylab tarqab ketdi. Kimni qoʻlga olaman? Qoziga kimni olib boraman? Boshimga bu balo sen tufayli tushdi. Axir sen oldimga kelib: “Ey gʻarib, boshingga falon dahshatli musibat yogʻilmoqda”, deb aytmading! Xizmatkor dedi: “Allohga qasamki, bularning barchasidan seni xabardor qilish uchun oldingga bir necha marta keldim. Sen esa: “Eshak yoʻqoldi, ey yigit! deb hammadan koʻra koʻproq zavqlanib taʼkidlarding. Men esa qaytib ketdim, orif odamsan, bari senga ayon boʻlibdi va bundan mamnun ekansan, deb oʻyladim”. Soʻfiy dedi: “Ular barchasi shu qadar jozibali kuylashdiki, men ham hayajonlanib qoʻshiq ayta boshladim. Ularga taqlid qilganim boshimga balo boʻldi. Bu taqlidga behisob laʼnatlar boʻlsin! Ayniqsa, shunday gumroh odamlarga qilingan taqlidga. Oʻsha soʻfiylar zavqu shavqining aksi menga tushdi va shu aksdan koʻnglimda zavqu shavq paydo boʻldi”. Sen dengizdan suvni akssiz olishing uchun xush doʻstlarning ana shunday aksi lozimdir. Aks senga ilk bor tushsa, uni taqlid deb hisobla, agar u doimiyga aylansa, uni Haq ilmi deb bilgin. Haqdan ilm yetmagunicha doʻstlardan ajralma, sadafdan voz kechma, bu tomchi hali marvaridga aylanmagan. Agar fikring, nazaring, qulogʻing pok boʻlishini istasang, hirsu havas pardasini yirtib tashla.[10] Zero, soʻfiyning nafs tufayli qilgan bu taqlidi uning aqlini nur va yorugʻlikdan toʻsib qoʻydi. Luqmaga, oʻyin-kulgiga va zikrga oʻchlik aqlu hushining qulogʻini berkitdi, gʻaflatda qoldirdi.

 

Ayiqning xushomad va sadoqatiga ishonish oqibati haqida

 

Ayiqni ajdar yutib yubormoqchi edi, bir pahlavon unga yordamga yugurdi. Qachonki mazlumlarning faryodi eshitilsa, pahlavonlar bu olam uchun madadkorlardir. Ular mazlumlarning faryodini har tomondan eshitadilar va oʻsha yerga Haqning rahmati kabi yugurib boradilar. Ajdardan qutulib, pahlavondan karam va iltifot koʻrgan badbaxt ayiq, oʻsha toqatli zotning oyogʻiga yiqilib, Gʻor yorlarining iti kabi xizmat qila boshladi. Oʻsha musulmon yigit charchoq sezib yonboshlagan edi, ayiq samimiy mehr bilan uni qoʻriqlab oʻtirdi. Bir kishi oʻtib ketayotib dedi: “Nimalar boʻlyapti? Ey birodar, bu ayiq senga kim boʻladi? U oʻtgan voqealarni va ajdaho bilan nimalar sodir boʻlganini aytib bergandi, oʻtkinchi dedi: “Ayiqqa bogʻlanib qolma, ey tentak! Ahmoqning doʻstligi dushmanlikdan yomon, biror hiyla bilan uni haydab yuborish kerak”.

 

Pahlavon dedi: “Allohga qasamki, u buni hasaddan aytyapti. Nega unda faqat ayiqni koʻrasan? Uning mehr-muhabbatiga boq”. Oʻtkinchi dedi: “Ahmoqning sevgisi yolgʻon boʻladi, mening bu hasadim uning sevgisidan afzalroq. Qani, bu ayiqni men bilan birga haydab yubor, uni afzal koʻrma, oʻzing bilan jinsi birlarni eʼtibordan chetda qoldirma”. Pahlavon javob berdi: “Bor, ket! Ishingdan qolma, hasadgoʻy! Oʻtkinchi dedi: “Ishim shu edi, ammo xato qilyapsan. Mening ayiqdan kamim yoʻq, ey olijanob, uni tark et, senga oʻzim oʻrtoq boʻlay. Oʻylasam, yuragim sen uchun titrayapti, bunday ayiq bilan oʻrmonga borma! Yuragim hech qachon behuda titramagan, Haqning nuri bu, iddao va maqtanish emas. Men “Alloh nuri bilan qaraydi”gan[11] moʻminman, qoch bu olov maʼbaddan, qoch, oʻzingni asra!

U bularning hammasini aytdi, ammo soʻzlar pahlavonning qulogʻiga yetib bormadi, badgumonlik er uchun kuchli toʻsiqdir.[12] U qoʻl uzatgan edi, pahlavon qoʻllarini tortib oldi. Shunda u dedi: “Mulohazali odam bilan doʻst boʻlmas ekansan, oʻzingdan koʻr, men ketdim”. Pahlavon dedi: “Bor, mendan xavotir olmay qoʻyaqol! Oʻzingni donishmand qilib koʻrsatma, ey ezma! Oʻtkinchi yana dedi: “Men senga dushman emasman. Menga ergashsang, yaxshi boʻlardi”. Pahlavon javob berdi: “Uyqum kelyapti, meni tinch qoʻy, ket”. Oqil oʻtkinchi dedi: “Doʻstning soʻziga quloq sol, uxlasang, yoningda aqlli doʻst boʻlsin, oqilning himoyasi ostida uxla”. Pahlavon uning qattiq turib undashida nimadir qingʻirlik bor, deb gumon qildi, gʻazablandi va shoshib yuz oʻgirdi. Oʻyladi: “Balki uning menga qarshi rejasi bordir, qotil emasmikan? Yo mendan biror nima istayaptimi? Tilanchi yoki hammom pechida tunab yurgan daydimikan? Yo hamrohimni pisanda qilib meni qoʻrqitish uchun doʻstlari bilan garov oʻynab, pul tikkanmikan?

 

Tabiati iflosligi tufayli uning boshiga biror bir yaxshi taxmin kelmadi. Xuddi ayiq bilan jinsi birdek, uning barcha yaxshi fikrlari ayiq tomon qaratilgan edi. Oʻz itlik feʼliga koʻra, u oqil kishiga tuhmat qildi, ayiqni ishq va adolat ahlidan, deb bildi. Pahlavon uxlab qoldi, ayiq esa uning pashshasini quvdi, ammo pashshalar oʻjarlik qilib yana qaytib kelaverdi. Yigitning yuzidan ularni bir necha marta haydasa ham, yana darhol uchib kelib, qoʻnishardi. Ayiq pashshalardan gʻazablanib, borib togʻdan katta bir tosh oldi. U toshni keltirgandi, uxlab yotgan odamning yonogʻiga yana chivin qoʻnganini koʻrdi. Tegirmon toshicha keladigan oʻsha toshni olib, haydash niyatida pashshani urdi. Tosh uxlayotgan odamning yuzini majaqlab tashladi, butun dunyoga shunday maqol tarqaldi: Ahmoqning sevgisi, shubhasiz, ayiqning sevgisidir! Uning nafrati sevgi, sevgisi esa nafrat bilan teng. Ahdu paymoni sust, ishonchsiz va zaif, soʻzlari baquvvat, vafosi esa nimjon. Qasam ichsa, ishonma, kimki yolgʻon-yashiq ish tutsa, qasamini ham buzadi, chunki qasamsiz ham soʻzlari yolgʻon edi. Uning makri va qasamxoʻrligi tufayli chalkash yoʻlga kirib qolma.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil IKROM, Oydinniso


[1] Hazrati Abu Zarr (r.a.)dan: “Men sizlar koʻrmayotgan narsalarni koʻryapman, sizlar eshitmagan narsalarni eshitmoqdaman. Osmon gʻijirlamoqda. Bunga uning haqqi bor. Koʻkda toʻrt barmoq siqqudek ochiq, boʻsh joy yoʻqdirki, unga farishta sajda qilmayotgan boʻlsin. Jonim tasarrufida boʻlgan Alloh taologa qasamki, agar Mening bilganlarimni sizlar ham bilsaydinglar, kam kulib koʻp yigʻlar edinglar. Toʻshaklarda ayollar bilan oʻzaro lazzatlashmas edinglar va Alloh taologa iltijolar qilib, dod solib choʻlu biyobonlarga chiqib ketardinglar” (Imom Ahmad, Termiziy, Ibni Muniyʼ, Abush-Shayx, Hokim, Ziyo al-Maqdisiy rivoyatlari).

[2] Muhaqqaq, Biz Dovudga Oʻz tarafimizdan bir ustunlik berdik. “Ey togʻlar! (Dovud aytayotgan tasbihni) u bilan birga sado berib qaytaringlar!» Qushlarga ham (“Bu tasbihga qoʻshilinglar!» – dedik.) Unga temirni yumshoq qilib qoʻydik (“Sabaʼ” surasi, 10-oyat).

[3] (Ey Rasulim!) Darhaqiqat, sizga (sidqidildan) bayʼat qilganlar (to oʻlguncha sizga sodiq qolishga va islom yoʻlida kurashishga soʻz berganlar) faqat Allohga bayʼat qil(gan boʻl)urlar. Allohning quvvati (yordami va madadi), (savobi va nusrati) ularning qoʻllari ustidadir (“Fath” surasi, 10-oyat).

“Yadullohi favqa aydihim” – “Allohning quvvati (yordami va madadi), (savobi va nusrati) ularning qoʻllari ustidadir”.

[4] “Iqtarabati-s-saʼatu vanshaqqa-l-qamar” (Qiyomat) soat(i) yaqinlashdi va oy yorildi (va yana birlashdi) (“Qamar” surasi, 1-oyat).

[5](Muso) dedi: “Yo Rabbim! Mening koʻnglimni och – keng qil. Mening ishimni oson qil (“Toho” surasi, 25-26-oyatlar).

“Rabbi yassir” – “Parvardigoro, ishimni oson aylagil!»

[6] Paygʻambar(s.a.v.)dan rivoyat qilindi: Uhud jangida Paygʻambar (s.a.v.)ning tishlarini sindirishdi. Bu ish sahobalarga qattiq tegib: “Ey Allohning rasuli! Ularni duoibad qiling. Ular bizning koʻz oʻngimizda sizga zarar qildilarku!» deyishdi. Paygʻambar (s.a.v.) aytdilar: “Men laʼnat qilish uchun yuborilmadim, balki duo qiluvchi va rahmat qiluvchi qilib yuborildim. Ey Parvardigorim! Qavmimni hidoyat qilgin. Ular bilishmaydi” (Muslim rivoyati).

[7] Darvishlarning qoʻshiq, musiqa va raqs bilan zikr tushishi.

[8] Hazrati Abu Zarr al-Gʻiforiy (r.a.)dan: Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: “Agar bizlarni yaxshi koʻrsang, unda faqirlikka qarshi qalqoning boʻlsin! Chunki faqirlik bizlarni yaxshi koʻrganlarga togʻ tepasidan tushib kelgan seldan ham tez kelur” (Hokim rivoyati).

[9] Hazrati Abdurahmon as-Salmiy (r.a.)dan: “Alloh taolo va Rasuli sizlarni yaxshi koʻrishini xohlasanglar, unda sizlarga biron-bir omonat qoldirilsa, unga xiyonat qilmanglar! Gapirganda toʻgʻri rost soʻzlanglar! Qoʻshningizga aziyat beradigan narsalarni daf qilinglar va ular bilan yaxshi muomalada boʻlingiz!» (Tabaroniy rivoyati).

[10] Kimki (mol-dunyoga nisbatan) oʻz nafsini hirs va baxillikdan saqlasa, ana oʻshalar najot va saodatga erishganlarning ayni oʻzlaridir (“Hashr” surasi, 9-oyat).

[11] “Yanzuru binuurillah” – “Alloh nuri bilan qaraydi”.

[12] Ey iymon keltirganlar! Gumondan koʻp saqlaningiz. Chunki gumonning bir qismi gunohdir (“Hujurot” surasi, 12-oyat).

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 561
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 125
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 335
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219375
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104770
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35823
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27962
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27680
Kompetentlik

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27325
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25610
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23083
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//