Bilasizmi?
Anʼana – tarixiy jihatdan uzviylik va vorisiylikni anglatadigan maʼnaviy hayot hodisasi, maʼnaviyatga xos ijtimoiy kategoriya, ajdodlarning tarixan toʻplagan maʼnaviy qadriyatlarini avlodlarga uzatish (berish) vositasi. Anʼana lugʻaviy maʼnoda mavhum tushuncha boʻlsa-da, aslida anʼanaga aylangan rasm-rusumlar, urf-odatlar, marosimlar, udumlar, koʻnikma, malaka, turmush tarzi va boshqa haqida fikr yuritilganda, u aniq maʼno kasb etadi. Millatlar, xalqlar, elatlarning tarixiy xotirasiga zoʻr hurmat bilan qarash, avvalo, anʼanaga aylangan jarayonlarda oʻz ifodasini topadi. Anʼanalar xalqlarning tarixiy rivojlanishi jarayonida shakllanadi. Odamlarning turmush tarzi, moddiy sharoitlari turli anʼanalarning shakllanishiga taʼsir koʻrsatadi. Muayyan ijtimoiy tartib-qoidalar, axloq meʼyorlari, urf-odat, marosim va boshqa anʼana sifatida namoyon boʻladi. Anʼanalarni:
a) ijtimoiy-tarixiy hodisa;
b) jamiyat hayotidagi jarayonlarning tarkibiy qismi;
v) kishilar hayoti va faoliyatini belgilash mezoni;
g) jamiyat va odamlarni boshqarishning maʼnaviy omillaridan biri sifatida ham tavsiflash mumkin.
Anʼanalar yoshlarni tarbiyalash, ularni keksa avlod tajribalariga oʻrgatish vositasi hamdir. Har bir davrning oʻz anʼanalari boʻlib, ular vaqt oʻtishi bilan oʻzgarib, mazmunan boyib boradi, baʼzilari yoʻqoladi, yangilari vujudga keladi. Shuningdek, bir zamonning anʼanalari keyingi davrga mos kelmasligi mumkin. Davr talabiga javob bermaydigan anʼanalar unutiladi, oʻtmishga aylanadi. Anʼana inson faoliyatining hamma sohalarida namoyon boʻladi. Anʼanani asosan ikki turga boʻlish mumkin: a) аnʼanaga aylangan xayrli (bunyodkorlik) marosimlar, ishlar, faoliyat yoʻnalishlari. Bunday anʼana ijtimoiy taraqqiyot, milliy ravnaq va inson kamoloti uchun mislsiz ahamiyat kasb etadi; b) anʼanaga aylanib qolgan zararli (vayronkorlik ruhidagi) marosimlar, ishlar, faoliyat yoʻnalishlari esa har doim inson ongi va ruhini qashshoqlashtirib, uning maʼnaviy tuban mavjudot boʻlib qolishiga sabab boʻlib, ijtimoiy taraqqiyot va inson kamolotiga zavol yetkazadi. Tarixiy jarayonlar, ijtimoiy taraqqiyotning oldinga borishiga, insonning barkamol, sogʻlom ravnaq topishiga xizmat qiladigan hamda muayyan xalq ommasining tub manfaatlariga muvofiq keladigan marosimlar, rasm-rusum, urf-odat, turmush va tafakkur tarzi, mehnat malakasi va boshqa xayrli anʼanalar taʼsirida rivojlanadi va qadriyatga aylanadi. Ularning anʼanaga aylanishining uch jihati bor:
1) anʼananing muayyan xalq, millat yoki insoniyat jamoalari asosiy qismi tomonidan eʼtirof etilib, qadrlanishi;
2) muayyan jamoa va jamoatchilik tomonidan izchil ragʻbatlantirilib, nazorat etib borilishi;
3) belgilangan muayyan vaqt va sharoitda oʻz-oʻzidan takrorlanib turishi shart.
Muayyan tarixiy sharoit va ijtimoiy muhitda inson haq-huquqlari hamda qadrini ulugʻlaydigan, ruhini poklaydigan, ijtimoiy taraqqiyot va shaxs barkamolligi uchun xizmat qiladigan, insonparvarlikni qaror toptirishga yordam beradigan anʼanaga aylangan barcha marosimlar, faoliyat yoʻnalishlari qadriyatlarga munosabatni belgilash mezoni boʻla oladi. Anʼanaga aylangan har qanday marosim yoki turmush tarzining shakli emas, balki mazmuni, mohiyati muhimdir. Anʼanaga asoslangan barcha munosabatlar “anʼanaviylik” (traditsionalizm) deyiladi. Masalan, anʼananing rolini meʼyoridan orttirib koʻrsatish odatda anʼanaviylik tushunchasi bilan ifodalanadi. Tushunchalardagi mazmunni, anʼanaviy turmush va tafakkur tarzi asosida zamon va makondan ajratgan holda mavhum idrok etish va baʼzi anʼanalarni asossiz mutlaqlashtirish koʻpincha aqidaparastlikni vujudga keltiradi. Anʼanaga partiyaviy, sinfiy, mafkuraviy talablar asosida yondashish, munosabatda boʻlish, shuningdek, bir hudud yoki xalqqa xos anʼanalarga boshqa hudud yoki xalq nuqtai nazaridan baho berish, shu asosda xulosa chiqarish mutlaqo notoʻgʻri. Dunyoda qancha xalq, millat, elat boʻlsa, har birining oʻziga xos va oʻziga mos anʼanalari mavjud. Ularda millatning qiyofasi aks etadi, ularni qadrlamaslik millatga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Har bir xalq oʻz anʼanalarining sohibi va asrovchisidir. Anʼanalar umuminsoniy hamda milliy boʻladi. Koʻp millatli davlatlarda barcha millatlarning anʼanalariga eʼtibor beriladi.
Milliy anʼanalar umuminsoniy anʼanalarning bir millat darajasida namoyon boʻlishidir. Unda millatga xos xususiyatlar oʻz ifodasini topadi. Masalan, mehmondoʻstlik fazilatini oladigan boʻlsak, bu fazilat turli millatlarning har birida oʻzgacha shaklda namoyon boʻladi. Yurtimizda milliy anʼanalarimizni asrash va rivojlantirish masalasiga doimiy ravishda ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu esa xalqimizning milliy ongini, siyosiy madaniyatini yuksaltirish, yurtdoshlarimizda milliy gʻururni oʻstirish bilan chambarchas bogʻliq.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q