Bilasizmi?
Alp – oʻzbek xalq dostonlarida gʻayritabiiy kuch-qudratga ega, mardligi, jasorati, bunyodkorligi bilan ajralib turuvchi, taqdiri xalq taqdiri bilan uygʻun olovqalb (passionar) avlod dargʻasining sifati va unvoni. Aynan ushbu sifatlarga ega epik qahramonni ifodalovchi tushuncha.
Manbalarda ikki qoʻshin oʻrtasidagi jang boshlanishi oldidan yakkama-yakka olishuvda ishtirok etuvchi pahlavonlar ham alp deb yuritilgan. Oʻzbek xalq qahramonlik dostonlarida alp bosh qahramon hisoblanadi. “Alpomish”, “Goʻr oʻgʻli” dostonlarida xalqning qadimiy Alplik haqidagi tassavvurlar mukammal badiiy ifodasini topgan. Ushbu tizimga koʻra, qahramon tugʻilmasdanoq “tanlangan”, yaʼni homiy eranlar nazarida turadi – nazarkarda boʻladi. Odatda alp xalqning quvvati soʻnib, omma zaiflashgan bir davrda, uni kuchga endiruvchi oʻziga xos daʼvatkor sifatida paydo boʻladi. Zaif avlod ichidan passionar avlod va uning dargʻasi – alp yetishib chiqadi. Olovqalb avlod ommaning halovatini buzadi. Bu jarayonsiz etnos quvvatga kirmaydi, yangi sifat bosqichiga koʻtarila oldi. “Alplik dardi” “tanlangan” qahramon va “tanlovchi” – homiy eranlar oʻrtasida bevosita muloqot boshlanganligini ham bildiradi. “Alplik dardi” qahramonning yerda tugʻilib, maʼlum maʼnoda “yovvoyilashgan” ruhi va tanining eranlar iqlimiga moslasholmay qarshilik qilishida oʻziga xos jilovlash davridir. Eranlar oʻz makonida qahramon jismi – ruhini ilohiy nur va (suv) sharob bilan toblab, emlab, darddan xalos etishadi. Unga alplik siru sinoatlarini oʻrgatishadi. Qahramon homiy-eranlar makonida alp sifatida qayta yaraladi. Shundan soʻng qahramon chinakam alplik kuchqudratiga, jangchilik sanʼatiga, bilimlarga, moʻjizakor xususiyatlar va belgilarga ega boʻladi.
Alpomish “oʻtda kuymas, qilich oʻtmas, miltiq oʻqi botmas...”, Goʻroʻgʻli timsolida esa Yer yuzi, Yer osti, koʻkda ham bemalol yura oladigan shaxs namoyon boʻladi. Koʻngliga barcha ilmlar, tillar jo boʻladi, nazari toshni yorib, eranlar bergan oq-qora patlar bilan turli suratlarga kira oladi. Eranlar qahramonga alplik qurol-aslahalarini tortiq etishadi, alp sifatida bajaradigan vazifasi, Yer yuzidagi burchi va taqdiri, hayotining ibtido-intihosini bayon etishadi. Eranlarning qahramonga hamkor qilib oʻz sheriklaridan birini tayinlashlari ham “Alplik tizimining” tayanch halqalaridandir. Qahramonning oʻz alpligini amalda namoyish etishi va xalq (qavmi) tomonidan alp (sohibqiron) sifatida tan olinishi tizimning asosida turadi. Alpomishning alp sifatida tan olinishi doston avvalida “yoy otish” musobaqasi orqali tasvirlansa, uning yangi saltanat tuzishi esa doston voqeligini tashkil etadi. Alpning oʻz yurtida yangi saltanatga asos solishi, uning kamolini koʻrishi, umrining soʻnggida eran maqomiga erishib, ular makoniga ketishi “Alplik tizimi”ning yakuniy halqalaridir. Ayni motivlar “Goʻroʻgʻli” dostonida mukammal tasvirlangan. Qahramonga hamkor jangovor ot ham alp bosib oʻtgan sinov va toblanish jarayonidan birma-bir oʻtadi. Davrlar oʻtishi, eposning keyingi sayqal topishi jarayonida “Alpomish” va “Goʻroʻgʻli” dostondagi alplik tizimiga tegishli bir qator tamoyillar yangicha badiiy talqin etildi.
Xalqning alp haqidagi yaxlit tushunchalar negizida ideal qahramon xaqidagi tasavvurlar mujassam etilgan. Epos talqiniga koʻra, Yer yuzida izdan chiqqan tartibni oʻzaniga qaytarish oddiy xom sut emgan bandaning qoʻlidan kelmaydi. Yerdagi tartibning buzilishi esa oʻz navbatida koinot va Yer osti dunyosi tartibini ham izdan chiqaradi. Shu sababli koinot vakillari – homiy eranlar bu jarayonga aralashadi va ayni vazifani bajaruvchi xos vakil tanlashadi. Ushbu vakil butun borliq (kosmos, xaos, Yer) kuchlarining quvvati payvand boʻlgan joydan unib chiqadi. Chunki uning kosmos, xaos hamda Yerda toblangan ruhi va tani butun olam tartibiga halal beruvchi kuchlarning har birini oʻz joyida (koʻkdagisini koʻkda, Yerdagisini yerda, suvdagisini suvda) oʻrniga qoʻyish imkonini beradi. Shuning uchun ham alp oddiy odamlar orasida tugʻilgan xos – tanlangan kishi hisoblanadi. Lekin u chinakam alp sifatida kamolga yetish jarayonida lozim boʻlgan toblanish, sinovlar bosqichidan oʻtadi. Alpomish va Goʻroʻgʻli kabi afsonaviy qahramonlar ana shunday xususiyatlarga, sifatlarga ega shaxs, oʻzida chinakam komillik quvvatini mujassam etgan alp timsollardir.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q