Bilasizmi?
Alloh taolo (arabcha oliy darajadagi iloh, ilohiy kuch, xudo) – islom dinida oliy ilohiy kuch, Xudoning ismi. Alloh, Xudo, Tang ri soʻzlariga odatda yuksak sifat qoʻshilib, Alloh taolo, Xudoyi taolo, Tangri taolo shaklida juft qilib aytiladi. Taolo – ulugʻ, oliy degan maʼnoni bildiradi.
Xudoning qaysi sifati tilga olinayotganiga qarab, boshqa sifatlar ham qoʻshiladi: Haq taolo, Allohi karim, Parvardigori olam... Alloh taoloning Qurʼoni Karim va Hadisi sharifda qayd etilgan nomlari 99 tadir. Tilimizda eng koʻp qoʻllanuvchilari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: Ar-Rahmon – oʻta mehribon; Ar-Rahim – juda rahmli; Al-Malik – podshoh; Al-Quddus – nuqsonlardan xoli; As-Salom – ofat va balolardan salomat; Al-Moʻmin – omon va omonlik beruvchi; Al-Aziz – izzat va qudrat sohibi; Al-Xoliq – yaratuvchi, xalq etuvchi; Al-Gʻaffor – kechirguvchi; Ar-Razzoq – rizq beruvchi; Al-Fattoh – hukm etuvchi; Al-Qahhor – gʻolib; Al-Aliym – biluvchi, dono, ilm sohibi; Al-Aziym – ulugʻ, buyuk, katta; Al-Karim – karamli, saxovatli, kechirimli; Al-Gʻaniy – boy, ehtiyojsiz; Al-Haq – haqiqatdan mavjud zot; Al-Hay – tirik; Al-Vohid – yagona; As-Samad – hojatbaror; Al-Qodir – qudratli; Al-Hodiy – yoʻl koʻrsatuvchi; Ar-Rashid – barcha ish va tadbirlari toʻgʻri chiquvchi; Al-Hofiz – saqlaguvchi... Allohning mazkur va boshqa ismlariga abdu, yaʼni qul soʻzi qoʻshilib, kishi otlari yasaladi: Abdurahmon – oʻta mehribon Allohning quli; Abdurahim – juda rahmli Allohning quli; Abdulquddus – nuqsonlardan xoli Allohning quli; Abdulkarim – karamli, saxovatli, kechirimli Allohning quli; Abdulgʻani – boy, ehtiyojsiz Allohning quli; Abdulalim – biluvchi, dono, ilm sohibi boʻlgan Allohning quli va hokazo. Farzandlarga bunday ismlar qoʻyilar ekan, ularda shunday ulugʻ fazilatlar boʻlsin, deb niyat qilinadi.
Allohning sifatlari inson sifatlaridan tubdan farq qiladi. Deylik, Allohni koʻruvchi, eshituvchi, biluvchi deb taʼriflaganimizda, uning mazkur sifatlari biz taʼkidlaganimizdek chegarali emas. Odam yaqinni koʻradi, yaqindagi tovushni eshitadi, maʼlum miqdordagi bilimga ega boʻladi. Alloh taologa esa uzoq-yaqin masofalarning barchasi barobar. U biz hali aytib ulgurmagan dilimizdagi gaplarni ham biladi va eshitadi. Odatda koʻpgina maʼlumotlar odamning yodidan koʻtarilib ketadi. Alloh esa birorta katta yoki kichik voqeani unutmaydi. Uning uchun bir soniya ham, million yil ham barobar. Uning ilmi oʻzgarib yoki kamayib qolmaydi. Alloh taoloning zoti va sifatlari toʻgʻrisida chuqur bahs yuritish sharʼan man etiladi. Chunki uning hamma sifatlari oʻziga xos xususiyatga ega. Ularni bilib, mohiyatiga yetishga inson aqli ojizlik qiladi. Shuning uchun uning biru borligiga chin iymon keltirib, ojiz aqlni uning haqiqati toʻgʻrisida koʻp oʻylab charchatishga hojat yoʻq. Soʻfi Ollayor aytganlaridek: “Farishtalar, nabiylar yetmadilar, // Boʻyin sundilar-u, fikr etmadilar”. Alloh taolo biror insonni iymonli boʻlishga yoki kofir boʻlishga majbur qilmaydi, balki unga aql, idrok, ixtiyor berib qoʻyganki, xohlasa, oʻz ixtiyori bilan savodli ishlar qilib shariat takliflarini qabul etadi, hohlasa, iymonli boʻlgan holda hayot kechiradi yoki iymonsiz gunoh ishlarga qoʻl uradi.
Alloh taolo biror narsaga oʻxshatilmaydi va biror narsa ham Allohga oʻxshatilmaydi. Alloh hamma joyda hozirdir, ammo oʻzi bemakondir, yaʼni koinotning biror joyida maskan tutib istiqomat qilmaydi. Maskan, manzil, makon va joy maxluqlarga, yaʼni yaratilgan narsalarga, jumladan, odamlarga xosdir. Tangri taologa vaqt, zamon ham daxlsizdir. Alloh falon vaqtdan beri bor va falon vaqtgacha mavjud, deyilmaydi. U ibtidosiz va intihosizdir. Tugʻilish oni, yashash muddati va oʻlim maxluqlar, jumladan, odamlarga xosdir. Kishi koʻziga koʻrinmagani uchun Uni inkor etish va Biru borligiga shak keltirish aqlsizlik va shakkoklikdir. Chunki biz dunyoda koʻp narsalarni koʻrmaymiz, lekin borligiga shak ham keltirmaymiz. Masalan, ruh, havo, elektr toki va shu kabilarni koʻrmasak-da, belgi va alomatlaridan borligiga ishonch hosil qilamiz. Tangri taoloni ham koʻz bilan koʻrolmasak-da, behisob alomatlaridan bilib, unga iymon keltiramiz. Yeru osmon, oyu quyosh, tun va kun, qish va yoz, nabotot, hayvonot va insoniyat olami – bularning barchasini Alloh taolo yaratganini ularning oʻzi isbotlab turibdi. Faqat ularni idrok etish uchun ibrat koʻzi va iymon nuri kerak.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q