Adolat


Saqlash
16:04 / 28.04.2023 2 8595

Adolat (arabcha odillik, toʻgʻrilik hamma uchun barobar boʻlgan haqiqatning talab va tamoyillariga amal qilinishi) – insoniyatning azaliy orzusi, ezgu gʻoyasi, maʼnaviyat, axloq va huquqning meʼyoriy kategoriyalaridan biri.

 

Jamiyat hayotidagi hodisalar, tartib-qoidalarning asl insoniy ideallarga, haqiqat mezonlariga qanchalik mos ekanini aniqlashda hamma zamonlarda ham asosiy maʼnaviy mezon boʻlib xizmat qiladi. Jamiyatning shaxsga, shaxsning jamiyatga va bir shaxsning ikkinchi shaxsga munosabatida namoyon boʻladigan adolat tamoyili ana shu munosabatlarni baholashning oʻzgarmas mezonidir. Adolat yuksak maʼnaviy qadriyat boʻlib, baxt, ozodlik, tenglik, doʻstlik, tinchlik tushunchalari kabi insonning azaliy ezgu intilishlarining timsolidir. Adolat haqidagi ilk tasavvurlar juda olis zamonlarga borib bogʻlanadi. Qadimgi davr mutafakkirlari uni universal qonun sifatida talqin etgan. Masalan, Zardusht adolatni “arta” tushunchasi yordamida ifoda etar ekan, uni olamdagi ikki qutbdan biri deb hisoblaydi. Yunon faylasufi Aflotun adolat muammosini tizimli tarzida oʻrganib chiqishga harakat qilgan. Uning ijtimoiy-siyosiy konsepsiyasida adolat hukmronlik va imtiyoz tushunchalariga yaqin kategoriya sifatida sharhlangan. Faylasufning fikricha, har bir tabaqa ichida tenglik boʻlmogʻi, tabaqalar oʻrtasida tenglik hukm surmogʻi adolatdandir. Arastu bu gʻoyalarni rivojlantirib, “tenglashtirish” va “taqsimlash adolati” degan tushunchalarni qoʻllagan. Forobiy adolatni ijtimoiy iyerarxiya va tartibning mavjud boʻlishi uchun poydevor yaratuvchi huquqiy kategoriya deb taʼriflagan. XVIII asrga kelib adolat ijtimoiy tenglik bilan bogʻliq holda kun tartibiga qoʻyila boshlandi. Hozirgi zamon falsafiy adabiyotlarida adolat jamiyatdagi barcha ijtimoiy munosabatlarni ifoda etuvchi kategoriya sifatida taʼriflanmoqda.

 

Adolat jamiyatda oltita asosiy vazifani bajaradi. Birinchidan, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni maqsadga muvofiq tashkil etadi. Ikkinchidan, turli ijtimoiy guruh va sinflar manfaatlarining himoya qilinishini taʼminlaydi, ular orasidagi muvozanatni saqlab turadi. Uchinchidan, jamiyatdagi mulkchilik munosabatlarini, ishlab chiqarish faolligini oshiradi. Toʻrtinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalovchi vosita sifatida xizmat qiladi. Beshinchidan, voqelikda keng ildiz otgan, lekin ijtimoiy taraqqiyotga toʻsiq boʻlayotgan munosabatlarni bartaraf etishga daʼvat qiladi. Oltinchidan, odamlarda kelajakka ishonch tuygʻusini uygʻotadi va kuchaytiradi. Adolat insonlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning asosiy mezoni boʻlgani uchun doimo ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. U jamiyat (sotsium) hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan sotsial qadriyatdir, shu sabab “ijtimoiy adolat” tushunchasidan foydalaniladi. Ijtimoiy adolat jamiyatda demokratiyaning mavjudligi, insonning ijtimoiy himoyalangani, barchaning qonun oldidagi tengligi, shuningdek, fuqarolarning ish bilan taʼminlangani, tibbiy xizmat, uy-joy, taʼlim, madaniy neʼmatlarga daxldorligini anglatuvchi ijtimoiy tizimdir. Ijtimoiy adolat real qadriyat boʻlib, bugungi kunda u fuqarolik jamiyatining uzviy bir qismi hisoblanadi. Demokratiya jamiyatda koʻpchilik uchun oʻz qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish sharoitini yaratadi. Bu esa ijtimoiy adolat tamoyillari uchun katta imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi. Shuningdek, insonning ijtimoiy himoyalangani ham fuqarolik jamiyatining barqaror rivojini taʼminlaydigan adolat omilidir. Barchaning qonun oldidagi tengligi ham fuqarolik jamiyati hayotida muhim omil sifatida amal qiladi.

 

Zamonaviy fuqarolik jamiyatida insonni inson qiladigan ijtimoiy adolat asosi – taʼlim, tibbiy xizmat, uy­joy, mehnat kabi neʼmatlardan hamma uchun erkin foydalanish imkoniyatining mavjudligidir. Inson doimo jamiyat hayotida muhim oʻringa ega boʻlishga intilib yashaydi, bu – uning asosiy ehtiyojlaridan biri. Fuqaroning huquq va burchlarining mosligi ham fuqarolik jamiyatidagi adolatli munosabatlarni aniq izga soluvchi omildir. Bundan nafaqat jamiyat, balki shaxsning oʻzi ham katta manfaat koʻradi. Ana shu moslik tufayligina inson boshqalardan hurmat va eʼtirof kutishga haqli. Jinoyatga yarasha jazo tizimi boʻlmagan sharoitda har qanday jamiyat taraqqiyot borasida qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Agar jinoyatni jazosiz qoldirmaydigan tizim ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish kuchiga ega boʻlsa, mehnat va uning baholanishi oʻrtasidagi moslik – iqtisodiy munosabatlarni tartibga soladi. Bugungi zamonaviy jamiyatni ana shunday moslik qoidasisiz tasavvur etish mushkul. Bu moslik butun iqtisodiy tizimning poydevorini tashkil etadi.

 

Adolatning oʻzi biror-bir qadriyatni anglatmaydi, lekin qadriyatlar oʻrtasidagi nisbatni belgilaydi, ularni baholash xususiyatiga ega. Shu bois adolat hodisasida jamiyatni tartibga soluvchilik xususiyati bor. Adolatda ikki maʼnaviy jihat – ham axloqiy, ham huquqiy talablar mujassamlashgan. Uni maʼlum maʼnoda axloq sohasidagi miqdor oʻlchovchi ham deyish mumkin: u talab bilan taqdirlashni oʻlchab turadigan tarozidir. Adolat bor joyda ijtimoiy zulm, beboshlikka yoʻl yoʻq.

 

Arastu adolat xususida bunday deydi: “Ikki xil adolatlilik bor. Biri – qonunga muvofiqlilik. Qonun buyurganini qilish adolatli ish hisoblanadi. Qonun odamlardan mard, oqil va fozil boʻlishni talab qiladi. Shuning uchun ham odillik – eng mukammal fazilat sanaladi. Modomiki, adolatlilik qonunga muvofiq yashash ekan, qonun esa barchadan adlu insof bilan yashashni talab qilar ekan, qonun asosida ish tutadigan odam – eng fozil odamdir. Adolatlilik eng yaxshi fazilatdir”. 1991-yil 31-avgustdan buyon mustaqil taraqqiyot yoʻlidan qatʼiyat bilan borayotgan jamiyatimiz tobora demokratlashib, davlat, jamiyat va shaxs munosabatlarida adolat va gumanizm gʻoyalariga asoslanmoqda. Xalqimizning oʻz yeri, mulki, shaʼnu sharafiga, oʻz yurti, oʻz qadriyatlariga oʻzi ega boʻlib, oʻz kelajagini oʻz qoʻli bilan barpo etayotgani, bu yoʻlda qoʻlga kiritilayotgan buyuk marralar yurtimizda adolat tamoyillari barcha sohalarda amaliy tasdigʻini topayotganining yaqqol ifodasidir.

 

Sohibqiron Amir Temur bobomizning bir umr “Kuch – adolatdadir” degan hikmatga amal qilib yashagani xalqimizning bu borada yetarli bilim va tajriba, anʼana hamda qadriyatlarga ega ekanini koʻrsatadi. Ana shunday boy merosga suyangan holda yurtimizda huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish xalqimizning asosiy maqsadidir. Bu maqsadni amalga oshirishda:

a) demokratiyaning umuminsoniy tamoyillariga rioya qilinadi;

b) inson huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi;

v) demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya hamda qonunlar bilan himoya qilinadi;

g) barchaning qonun oldida tengligi taʼminlanadi.

 

Bugungi kunda adolat barchaning qonun oldida tengligi va qonunning barchaga teng tegishliligi ekanini anglatadi. Yaʼni, “Adolat – qonun ustuvorligida” degan tamoyil asosida yurtimizda ijtimoiy munosabatlarni huquqiy negizda rivojlantirish mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan barcha oʻzgarish va islohotlarning maʼno-mazmunini tashkil etadi.

 

Adl – adolat, odillik, haqqoniylikni ifodalaydigan tushuncha. Bu tushunchani quyidagicha ham izohlash mumkin:

1) sudda insof va adolat yuzasidan hukm chiqarish;

2) toʻgʻrini notoʻgʻridan, rostni yolgʻondan ajrata bilish, biron tomonga yon bosmaslik;

3) zulmni bartaraf etish, insof yuzasidan ish koʻrish, mazlumni himoya qilish.

 

Hazrat Alisher Navoiyning “Kimki haqiqatni yolgʻondan, toʻgʻrini notoʻgʻridan ajrata bilsa, u oʻz adli bilan Gʻarbu Sharqni yoritgan boʻladi” degan satrlarida mazkur iboraning maʼnaviy-maʼrifiy mohiyati mujassamlashgan. Tilimizda adl bilan bogʻliq bir talay soʻz birikmalari hosil qilingan. Masalan, adl mezoni deganda adolat tarozusi, yaʼni qonun asosida haqiqatni tiklagan kishi, adl qonuni, adl tariqi deganda, shariat nizomlari, adlu dod posboni deganda, adolat himoyachisi, odil podsho, haqgoʻy qozi, Adlu insof deganda, oʻrtada turib, haqiqatni aniqlash, toʻgʻrilik, toʻgʻri qaror qabul qilish nazarda tutiladi.

2 Izohlar

Muhabbat

18:03 / 06.03.2024

Адолат хакида куп гапирилади...(Факат гапирилади).

Adiba

04:10 / 13.10.2023

Adolat haqida aniq tushunchalar ochib berilgan . Bilmagan narsalarimni bilib oldim 🙂rahmat

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 27
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 22
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 516
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104453
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24761
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//