Bernard Shou hangomalari


Saqlash
14:11 / 02.11.2021 0 1223

 

Muammoning yechimi

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida Nyu-Yorkdagi “Gild” teatrida Bernard Shouning “Muqaddas Ioanna” spektakli zo‘r muvaffaqiyat bilan namoyish etila boshlanadi. Ammo… oradan biroz vaqt o‘tgach, spektaklga juda ham oz tomoshabin keladigan bo‘lib qoladi. Buning sababi spektakl metro yopilishidan o‘n daqiqa keyin tugaydi. Teatr ma’muriyati biror chora ko‘rish uchun Shouga telegramma jo‘natadi. Javob o‘sha kuniyoq yetib keladi: “Muammoning yechimi oson: spektaklni o‘n daqiqa oldin boshlash kerak yoki metroning yopilishini o‘n daqiqaga kechiktirish zarur”.

 

“O‘zingizni to‘xtatib bo‘psiz…”

Bernard Shou Shekspirdan ko‘ra ham ko‘p pesa yozgan. U bu ishga shu qadar berilib ketganki, umrining so‘nggi daqiqalarigacha pesa yozishdan to‘xtamagan. Undan buning sirini so‘rashganida, shunday javob bergan: “Siz ham bir-ikkita pesa yozib ko‘ring-a, natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zingizni to‘xtatib bo‘psiz…”

 

“Kechirishim qiyin…”

1925 yili Bernard Shou Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. Jurnalistlar uni bu qarordan ogoh qilishganida, Shou boshini sarak-sarak qilib, “Xato ish bo‘libdi-da”, deydi. Shunday desa-da, laureatlik medalini qabul qiladi, ammo mukofot pulini olishdan bosh tortadi. Bu haqda Shvesiya qirollik akademiyasining kotibiga maktub yo‘llab, “Bu pullar cho‘kayotgan suzuvchi amal-taqal qilib qirg‘oqqa yetib olgach, unga uzatilgan qutqaruv moslamasiga o‘xshaydi, yaxshisi, ularni Shvesiya va Britaniya orollari o‘rtasida adabiyot va san’at sohasidagi aloqalarni kengaytirishga ishlatgan ma’qul”, deydi. Shunday bo‘ladi ham. Bernard Shou rad etgan pullar Strinbergning bir necha pesalarini hamda uch-to‘rt shved muallifining romanlarini ingliz tiliga o‘girishga ishlatiladi. Bundan xabar topgan ijodkorlar dramaturgdan yordam so‘rab, unga tinimsiz xat yozishadi. Shouning jahli chiqib ketadi: “Dinamitni o‘ylab topgan Alfredni kechirishim mumkin, ammo bunday mukofotni o‘ylab topgan shaytonlarni kechirishim qiyin…”

 

Pul to‘lashning sababi

Edis Leyden ismli ayol Bernard Shouning uyida uzoq yillar xizmatkor bo‘lib ishlagan. Shou to‘g‘risidagi ko‘p latifalarda ana shu ayolning topqir va so‘zamolligi o‘z ifodasini topgan.

Kunlarning birida notanish jurnalist Shouning eshigini taqillatib, mashhur dramaturg bilan uchrashish niyatida ekanini aytadi. Edis Leyden “Buning iloji yo‘q”, deydi. Jurnalist tixirlik qilib, “Mayli, qabul qilmasa xafa bo‘lmayman, ammo buni Shou janoblarining o‘zidan eshitishim kerak”, deb eshik oldida turib oladi. Edis xonim unga shunday javob beradi: “Buning ham iloji yo‘q. Janob Shou menga bu so‘zlarni aynan men aytishim uchun pul to‘laydi”.

 

O‘n ikki yillik konsert

Shouning yaqin tanishlaridan biri uni simfonik orkestr ijrosidagi konsertga borishga arang ko‘ndiradi. Konsert boshlanadi va juda uzoq davom etadi. Mashhur dramaturgning bezovtalana boshlaganini sezgan bastakor Shou tomonga asta engashib: “Bu yigitlar ushbu asarni o‘n ikki yildan beri ijro etishadi”, deydi undan maqtov so‘zlari eshitish umidida.

Shou darhol javob qaytaradi:

– O‘n ikki yil deng? Mening nazarimda, biz bu yerda bundan-da ko‘p vaqtdan beri o‘tirgandaymiz…

 

Men hammi?

Nufuzli yig‘inda Bernard Shou kutilmaganda: “Hamma ayollar pulga sotiladi”, deb yuboradi. Shu yerda hozir bo‘lgan qirolicha ajablanib: “Men hammi?” deb so‘raydi.

– Ha, Siz ham, – bamaylixotir javob beradi Shou.

– Xo‘sh, men qanchaga sotilishim mumkin?

– Taxminan bir yarim ming funt sterlingga.

– Mening bahoyim shunaqa arzon deb o‘ylaysizmi? – deydi qirolicha norozi ohangda.
– Ana, siz ham savdoni boshlab yubordingiz, – deydi Shou.

 

Yo hamyon, yo intervyu

Bernard Shou o‘ta mashhur bo‘lishiga qaramay, jurnalistlarga intervyu berishdan doimo qochib yurgan. Buning sababi, o‘zi ham jurnalistika bilan bevosita shug‘ullangani uchun, kasbdoshlarining bema’ni savollari-yu, qo‘shib-chatishlaridan bezor bo‘lgan. Muxbirlar esa u bilan muloqot qilish uchun turli hiyla-nayranglar o‘ylab topishgan.

Bir kuni qaroqchilar kiyimidagi ikki muxbir kechki spektakldan chiqib kelayotgan Shouning yo‘lini to‘sib, unga do‘q qilishadi:

– Qani, joningdan umiding bo‘lsa, hamyonni chiqar!

Shou yonida bir miri ham puli yo‘qligini aytadi.

– Unday bo‘lsa, marhamat qilib, intervyu berasan, – deydi “qaroqchi”lar.
Ko‘ylakning ichida nima gap?

Shou yozayotgan navbatdagi pesasining so‘nggi sahifalarini qog‘ozga tushirayotganida, uning oldiga chiroyli kiyingan bir ayol so‘roqsiz kirib keladi-da, to‘xtamay gapira boshlaydi. “Pesalaringiz qahramonlariga havasim keladi, ularga o‘xshab kiyinishga harakat qilaman, mana shu ustimdagi ko‘ylakni kecha sotib oldim. Qani, toping-chi, u qaysi qahramoningizniki bo‘lishi mumkin?” deydi. Toqati toq bo‘lib turgan Shou ayolga shunday javob beradi:

– Meni ko‘ylaklar emas, ularning ichidagi narsalar ko‘proq qiziqtiradi.

 

Bosh rolni o‘zingiz o‘ynaysiz

Teatr san’atiga qiziqadigan bir badavlat kishi Shouga maktub yozadi: “Muhtaram do‘stim! Yaxshi bilasizki, men ijodingizning ashaddiy muxlisiman. Pesalaringizning deyarli barchasini ko‘rganman. Sizni ko‘p bor qutlaganman. Shunga qaramay, men haqimda hozirgacha hech narsa yozmadingiz. Biznesdagi yutuqlarimni ko‘rolmaydigan hasadgo‘ylarimning boplab ta’zirini berishim haqida nahotki yozish mumkin bo‘lmasa?”

Shou unga javob yozadi: “Muhtaram do‘stim. Maktubingizni o‘qishim bilanoq, ishga kirishdim. Pesa tayyor. Ammo… bosh rolni o‘zingiz o‘ynashingizga to‘g‘ri keladi. Negaki, bu ishni sizdan boshqa hech kim uddalay olmaydi…”


To‘plovchi M.Ahmedov

Jahon adabiyotijurnali 2019-yil 7-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 15
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 93
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 514
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218663
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33585
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27247
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26232
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24734
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24715
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21607
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//