Jangda nafsini yenggan xalifa Ali va bemor koʻrgani borgan kar haqida “Maʼnaviy masnaviy”dan ikki hikoyat


Saqlash
20:04 / 27.04.2023 0 1499

Bir karning bemor yotgan qoʻshnisidan hol soʻragani

 

Bir muhtaram zot kar kishiga dedi: “Bir qoʻshning kasal boʻlib qolibdi, azob chekayotgan emish”. Kar oʻziga oʻzi dedi: “Qulogʻim ogʻir boʻlsa, men u yigitning soʻzlarini qanday tushunaman? Ayniqsa, u dard chekib, ovozi zaiflashgan bir paytda. Ammo u yerga borish kerak, boshqa yoʻl yoʻq. Lablari qanday qimirlayotganini koʻrib, uni oʻzim bilan taqqoslayman.

 

Men: “Ahvoling yaxshimi, shoʻrlikkinam? deb soʻrayman.

U: “Yaxshiman” yoki “Oʻzimni yaxshi his etyapman”, deb javob berishi kerak.

Men: “Allohga shukr! Nima yeding, ota? deyman.

U: “Dori sharbati yoki moshli shavla”, deb aytadi.

Men: “Osh boʻlsin va senga quvonch keltirsin! Yoningga qaysi tabib kelib turibdi?” deyman.

U: “Falonchi tabib”, deb javob beradi.

Men: “Uning qadami juda qutlugʻ. U kelgan ekan, hammasi yaxshi boʻladi, darddan forigʻ boʻlasan. Biz uning qadamini oʻzimizda sinab koʻrganmiz, qayerga bormasin, masalani hal qiladi”, deyman.

 

Oʻsha iltifotli odam ana shunday taxminiy javoblarni tayyorlab, dardmand qoʻshnisining oldiga bordi.

U dedi: “Qandaysan?

Bemor javob berdi: “Men oʻldim”.

U dedi: “Allohga shukr!

Bemor bunday hamdardlikdan ranjidi va nafratga toʻldi. Allohga shukr qilishi nimasi? Nahotki u bizni shunchalik yomon koʻrsa?

Kar taxminini amalga oshirdiyu, ammo u teskari ish berdi.

Keyin u dedi: “Nima yeding?

Bemor javob berdi: “Zahar!

U dedi: “Osh boʻlsin!

Bemor battar tushkunlikka tushib, bezovta boʻldi.

Keyin u dedi: “Senga yordam berish uchun tabiblardan kim keldi?

Bemor dedi: “Azroil keldi. Yoʻqol!

U dedi: “Qadami qutlugʻ. Xursand boʻl”.

Kar tashqariga chiqarkan, xursand boʻlib oʻyladi: “Allohga shukr, men unga gʻamxoʻrlik qildim!

Bemor oʻyladi: “Bu bizning jonimizga dushman ekan. Biz buning beshafqatlik koni ekanini bilmay yurgan ekanmiz”.

 

Bemor xotirasidan haqoratli soʻz izlar, har qanday yoʻl bilan unga yoʻllashni istardi. Odam yomon ovqat yesa, uni qusib tashlamaguncha koʻngli aynib, bezovta qiladi. Gʻazabni esa ichga yut, qaytarib qusma, shunda badaliga shirin soʻz topasan.[1] U sabr-toqati tugab, boʻralab soʻkardi: “Oʻsha surbet buzuq it qani? U nimaiki degan boʻlsa, hammasini oʻziga qaytaraman, chunki oʻsha paytda qalbimning sheri uxlab yotgandi. Odatda koʻnglini tinchlantirish uchun kasalni ziyorat qilishadi. Bu esa ziyorat qilmadi, balki dushmanini zaif holda koʻrib, razil ruhi xotirjam tortib, gʻururlandi!Toat yoʻlidan adashganlarning koʻpchiligi qalblarini savob va ajr uchun baxsh etadilaru, aslida unda gunoh haqiqati yashiringan boʻladi. Oʻsha kar odamga oʻxshab, sen toza deb bilgan loyqaliklar koʻp. Chunki u yaxshilik qilganiga ishongan edi, buning aksi boʻlib chiqdi.[2] Kar: “Men qoʻshnilik haqini ado etdim, oʻz vazifamni bajardim”, deb oʻylab mamnun oʻtirardi.[3] U xastaning yuragiga oʻzi uchun oʻt qoʻydi va oʻzini yondirdi. Oʻzingiz yoqqan oʻtdan asraning! Darhaqiqat, gunohlaringiz ortadir![4]

 

Amiralmoʻminin Ali karramallohu vajhahuning yuziga yov tupurgach, u qoʻlidagi qilichni uloqtirgani

 

Sen ixlosni Ali (k.v.)dan oʻrgan, Haq sherini yolgʻonlardan poklangan, deb bilgin. U din uchun jangda raqibini magʻlub etdi va jahd bilan qilichini qinidan sugʻurgan edi, raqibi unga tupurdi. Oʻsha tupuk har nabiy va har avliyoning faxri boʻlmish Ali (k.v.)ning yuziga tegdi. Oʻsha tupuk sajdagohda qoshida oy tiz choʻkkuvchi yuzning peshonasiga tegdi. Shunda Ali (k.v.) darhol qilichini uloqtirdi, unga hujum qilishga shiddati soʻndi. Raqib bunday nooʻrin xatti-harakat, kechirim va rahm-shafqatdan hayratga tushib, dedi: “Ustimda oʻtkir tigʻ koʻtargan eding, nima sababdan uni tashlab yuborib, meni ayading? Men bilan jang qilishdan yaxshiroq nimani koʻrdingki, meni qoʻlga olishda sustkashlik qilyapsan? Nimani koʻrdingki, gʻazabing bosilib, yarq etib chaqnagan chaqmoq nuri darhol soʻndi? Nimani koʻrdingki, oʻshal koʻrganing aksidan qalbim va jonimga oʻt tushdi. Bu Fazo va Koinotdan yuqorida jondan aziz nimani koʻrdingki, menga jon baxsh etding? Ey Ali, sen butkul aql va koʻzsan, koʻrganlaringdan bir qismini aytib ber. Sening hilming tigʻi jonimizni parchalab tashladi, ilming suvi xokimizni pokladi. Aytgil, men bilaman, bu asror Uniki, chunki qilichsiz oʻldirish Uning ishi. Asbobsiz va aʼzolarsiz tan Yaratguvchigina bunday foydali inʼomlarni berguvchidir...          

 

Ali (k.v.) dedi: “Men tanning quli emasman, Haq bandasiman, tigʻni Haq uchun uraman. Men Haqning sheriman, nafsning sheri emas, dinimga amalim guvoh boʻladi. Men oʻzligim lash-lushlarini yoʻldan olib tashladim, Haqdan oʻzga hamma narsani yoʻqlik, deb bildim... Din uchun jangda maʼlum bir sabab bor ediki, men qilichni qiniga yashirmoqni ravo deb bildim. Toki Alloh uchun uni jalb etish mening nomim boʻldi, toki Alloh uchun uning gʻazablanishi mening istagim boʻldi, toki Alloh uchun uning bergani mening hushyorligim boʻldi, toki Alloh uchun uning bermagani mening borligim boʻldi. Mening ziqnaligim Alloh uchundir, hadyam Alloh uchun, bori shu.[5] Mening boru yoʻgʻim Alloh uchun, men u odamlardan emasman. Alloh uchun nimaiki qilmay, u taqlid emas, faraz va taxmin emas, koʻrmoqdan oʻzgasi emas. Ijtihod va izlanishdan ozod boʻldim, Haqning etagiga yeng bogʻladim. Agar uchsam, parvozni, agar aylansam, aylanish oʻqini koʻraman. Agar yuk ortib olsam, qayergacha borishimni bilaman; men oyman, quyosh esa oldinda yoʻl boshlovchimdir.

 

Men shaxsiy manfaatdan ozodman, ozodlarning guvohligiga quloq sol, qulning guvohligi ikki chaqaga arzimaydi! Shariatda daʼvo va hukm chogʻida qulning guvohligi hech qanday kuchga ega emas. Minglab qullar guvohing boʻlsa ham, Qonun oldida xaschalik qadri yoʻq. Shahvat quli Haq huzurida asirga olingan tutqunlar va qullardan ham battardir. Chunki ular xojasining bir soʻzi bilan ozod boʻladilar, bu esa shirinlikda yashab, ogʻir achchiqlikda oʻladi. Chunki agar Allohning rahmati va xos inʼomi boʻlmasa, shahvat quliga ozodlik yoʻq. Qullarning guvohligi qabul qilinmas ekan, u holda gʻulga qul boʻlmagan odam guvohlik qila oladi. “Biz sizni bir shohid qilib yubordik” [6] degan soʻz ogohlantirish boʻldi, chunki Muhammad (s.a.v.) Olamdan ozod boʻlgan ozod oʻgʻil edi. Gar men ozod ekanman, gʻazab qanday qilib meni asir aylasin?

 

Bu yerda Haq vasfidan oʻzga hech narsa yoʻq, kirgin! Kir, Haqning marhamati seni ozod qildi, Uning rahmati gʻazabidan ustun keldi.[7] Endi kir, sen xavf-xatardan xalos boʻlding: tosh eding, kimyo seni marvaridga aylantirdi. Sen kofirlikdan va uning tikanli changalzoridan xalos boʻlding: Uning sarv bogʻida gul kabi ochil. Sen bu – men, men esa senman, ey muhtaram! Sen Ali eding, Alini men qanday oʻldiraman? Sen itoatdan afzalroq itoatsizlik qilding, sen osmonni bir nafasda kesib oʻtding. Mard odam qilgan itoatsizlik xushdir, axir gulning gulbarglari tikandan unib chiqmadimi? Umarni qabul dargohiga olib borgan uning gunohi va Paygʻambarga suiqasdi emasmi?[8] Firʼavn sehrgarlarni sehri bilan oʻziga jalb etmadimi, ularning yordami mulkka aylanmadimi? Agar ularning sehr-jodusi va Musoga nisbatan nopisandligi boʻlmaganida, kim ularni oʻjar Firʼavn huzuriga olib borardi? Ular aso va moʻjizalarni qachon koʻrardilar? Itoatsizlik itoatga aylandi, ey itoatsizlar!

 

Gunoh itoatkorlikka oʻxshab qolgan paytda Xudo noumidlik boʻynini sindiradi. Yomon amallarning oʻrnini bosgani uchun gʻiybatchilarning gap-soʻzlariga qaramay, ularni itoatkor qilib qoʻyadi.[9] Shuning uchun ham laʼnatlanib toshboʻron qilingan va toshligicha qolgan shayton hasaddan tars yorilib, ikkiga boʻlinadi.[10] U gunohni asrashga, shu gunoh tufayli bizni chohga tushirishga harakat qiladi. Qachonki gunohning itoatga aylanganini koʻrar ekan, shu lahza uning uchun qora kun boʻladi. Kiraqol, senga eshikni ochdim. Sen tupurding, men esa senga noyob sovgʻa tutdim. Jafokashni ana shunday taqdirladim. Chap oyogʻingga qanday bosh qoʻydim va keyin oʻngiga nimalar inʼom etdim? Bilib olgin, bu mulk va xazinalar boqiydir”.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil IKROM, Oydinniso


[1]U (taqvo egalari boʻlgan zot)lar, kengchilikda ham, tanglikda ham (Alloh rizosi uchun) sarf qilurlar, gʻazablarini ichlariga yuturlar va insonlarni afv eturlar. Alloh muhsinlarni (yaxshilik qiluvchi va goʻzal ish-harakat etuvchilarni) sevar.(“Oli Imron” surasi, 134-oyat).

 

[2]Ayting: “Sizlarga (oʻz qilgan) ish-amallaridan eng koʻp ziyon topguvchilarning xabarini beraylikmi? Ular oʻzlarini yaxshi ish qilyapmiz deb hisoblagan holda dunyo hayotida amallari bekor ketgan kimsalardir (“Kahf” surasi, 103-104-oyatlar).

 

[3]Allohga ibodat qilinglar, hech bir narsani (ulugʻlab, ilohlashtirib yoki sigʻinish holiga keltirib) U zotga sherik qilmanglar! (Keyin navbati ila) ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, (qarindoshlik, din va uy jihatidan) yaqin qoʻshniga hamda uzoq (va begona) qoʻshniga, yondagi hamrohga (safardoshga), yoʻlda – koʻchada qolganga va qoʻl ostingizda boʻlgan (xizmatkor)larga yaxshilik qilinglar. Alloh xudbin-takabburlarni va maqtanchoq kimsalarni sevmas (“Niso” surasi, 36-oyat).

 

[4]Agar bunday qila olmasangizlar abad ul-abad qila olmaysizlar ham – unda yoqilgʻisi insonlardan va toshlardan boʻlgan, kofirlar uchun hozirlab qoʻyilgan doʻzax olovidan saqlaninglar (“Baqara” surasi, 24-oyat).

 

[5]Ayting: “Mening namozim, (haj, umra va boshqa) ibodatlarim, hayotim va mamotim butun olamlar Rabbi – Alloh uchundir. (“Anʼom” surasi, 162-oyat).

 

[6] (Ey Rasulim!) Shubhasiz, Biz sizni (butun insoniyatga) bir shohid, xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik (“Fath” surasi, 8-oyat).

 

[7] Abu Hurayra (r.a.)dan: “Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taolo (butun borliqni) yaratishni ado qilgach, Arsh ustidagi, Oʻzining huzuridagi Kitobiga: “Mening Rahmatim gʻazabimdan gʻolibdir”, deb bitib qoʻydi (Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

 

[8] Rivoyat qilishlaricha, dastlab Umar Muhammad (s.a.v.)ni oʻldirish maqsadida u zotning uyiga yoʻl oladi. Yoʻlda singlisining islomni qabul qilganini eshitgach, singlisinikiga ham oʻsha yovuz maqsadda boradi. Ammo, uning uyida Qurʼon tilovatini eshitadi va bu holdan shu qadar taʼsirlanadiki, beixtiyor yovuz maqsadidan voz kechadi va Paygʻambar (s.a.v.) huzuriga borib musulmon boʻladi.

 

[9] Aytingki: “(Alloh der:) “Ey Mening oʻz jonlariga qarshi (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarim! Allohning rahmatidan umid uzmanglar! Chunki Alloh (shirk qoʻshgan va kufr keltirganlardan boshqa xohlagan bandasi uchun) barcha gunohlarni kechirur! Shubhasiz, U behad magʻfiratlidir, benihoyat rahmlidir” (“Zumar” surasi, 53-oyat).

 

[10] (Haq taolo:) “Undoq boʻlsa, chiq u yerdan, chunki sen (rahmatimdan) quvilding! Muhaqqaqki, hisob kuniga qadar senga laʼnat (boʻlur)! dedi (“Hijr” surasi, 34-35-oyatlar).

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 625
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 149
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 352
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219454
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104791
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 36075
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28231
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27822
Xarakter

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27757
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25732
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23288
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//