Ahmoqdan qochgan Iso alayhissalom va Muso paygʻambardan hayvonlar tilini oʻrgangan yigit afsusi – “Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar


Saqlash
17:04 / 20.04.2023 0 1836

Iso alayhissalomning ahmoqlardan bezib togʻ choʻqqisiga qochgani

 

Iso Mariyam oʻgʻli, xuddi sher qonini toʻkish uchun taʼqib qilib kelayotganday toqqa qarab qochayotgan edi. Bir kishi uning orqasidan yugurib kelib soʻradi: “Orqangdan hech kim quvgani yoʻq-ku, nega qushday uchib ketyapsan?” Ammo u shu qadar shoshib yugurardiki, shoshganidan unga javob bermadi. U Iso (a.s.)ning orqasidan bir-ikki maydon quvib bordi-da, soʻng qatʼiy turib soʻradi: “Olloh roziligi uchun bir zum tin olgin, yugurmoqdan qiynalib ketdim. Kimdan qochib bu tarafga yugurayapsan, ey oliyhimmat! Axir orqangda sher ham, gʻanim ham, xataru dahshat ham yoʻq-ku”. Iso (a.s.) dedi: “Men ahmoqdan qochyapman, ket, meni oʻzingdan ozod qil, menga bogʻlanib qolma!” Oʻsha kishi dedi: “Kar va koʻrlarga shifo ato etguvchi oʻsha Masih sen emasmisan?” Iso (a.s.) dedi: “Ha, menman”. Oʻsha kishi dedi: “Gʻayb olamining afsuniga panoh boʻlgan shoh sen emasmisan? Agar bu afsunlaringni oʻlikka oʻqisang, u oʻljasiga tashlangan sherday oʻrnidan sakrab turib ketadi-ku”. Iso (a.s.) dedi: “Ha, men oʻshaman”. Oʻsha kishi dedi: “Loydan qush bunyod etguvchi senmisan axir, [1] ey xushsuvrat! Iso (a.s.) dedi: “Ha”. Oʻsha kishi dedi: “Unda, nimaiki istasang, hammasini qila olarkansan, kimdan qoʻrqyapsan axir, ey ruhi pok! Shuncha dalil bilan kim bu dunyoda senga qullik qilmas ekan?”

 

Iso (a.s.) dedi: “Pok, ulugʻ Zotga qasamki, ismi Aʼzam duosini oʻqisam, koʻr va karlar sogʻaydi; Togʻ-u toshlarga oʻqisam, ular parchalanib, xirqasini kindigiga qadar yirtib tashladi; Oʻlik tanga oʻqisam, u jonlandi, hech nimaga oʻqisam, u bir nimaga aylandi; Ammo ahmoqning qalbiga men bu duolarni mehr bilan yuz ming martalab oʻqisam ham, u aslo tuzalmadi. U metin toshday qotib turaverdi va bu xulqidan qaytmadi. U qumga aylandi, undan biror bir hosil oʻsmadi”.

 

Oʻsha kishi dedi: “Haq ismining u yerda foyda qilib, bu yerda hech bir taʼsir oʻtkazmasligida qanday hikmat bor? Unisida dard boʻlsa, bunisida ham bor-ku, nega bunisiga taʼsir qilmaydi-yu, unisiga malham boʻladi?” Iso (a.s.) dedi: “Ahmoqning dardi – Xudoning qahri, tan dardi boʻlmish koʻr-u karlik esa qahr emas, balki sinovdir. Dard sinov boʻlsa, rahm-shafqatni keltiradi, ahmoqlik esa shunday dardki, zarba keltiradi. Qayerdaki Uning tamgʻasi boʻlsa, demak, U muhr bosgan, hech bir vosita unga qoʻl tekkizishga jurʼat etolmaydi”. [2]

 

Ahmoqlardan Iso (a.s.) qochgani kabi qoch, ahmoq bilan muloqot koʻp qon toʻkdi. Havo suvni asta-sekinlik bilan eltib ketgani kabi, ahmoq ham sendan dinni xuddi shunday oʻgʻirlaydi. U sening taftingni oʻgʻirlab, evaziga ostingga tosh qoʻygan kabi sovuqlik beradi. Iso (a.s.) xatardan xoli, uning oʻsha qochishi qoʻrquvdan emas, boshqalarga saboq boʻlishi uchun edi. Agar ufqni qahraton qoplab olsa, porlab turgan Quyoshga bundan ne gʻam?

 

Bir sichqon tuyaning tizginidan tortib eltgani va bu holdan kibrlangani

 

Panjaday keladigan sichqoncha kimoʻzarlik qilib tuyaning jilovidan tutib ketdi. Orqasidan tuya shoshib ketayotganidan gʻururlanib: “Meni pahlavon deyishadi!” dedi u. Tuyaga uning oʻylari aks etgan shuʼla tushdi va dedi: “Hozircha maza qilib tur, hali koʻrsatib qoʻyaman senga!” Ular arslon ham, boʻri ham ojiz qoladigan katta anhor qirgʻogʻiga yetib kelishgach, sichqoncha qirgʻoqqa yaqin joyda taqqa toʻxtab, serrayib qoldi. Tuya dedi: “Ey togʻ-u dashtlardagi hamrohim! Nega toʻxtab qolding? Bu dovdirashing nimadan? Mardona qadam tashlab oqimga kir! Sen mening yoʻlboshchim va rahnamomsan, yarim yoʻlda toʻxtama, taslim boʻlma!”

 

Sichqon javob berdi: “Bu anhor keng va chuqur ekan, choʻkib ketishdan qoʻrqaman, doʻstim!” “Mayli, men suvning chuqurligini tekshirib koʻray-chi, dedi tuya va shiddat bilan anhorga kirarkan, gapida davom etdi: – Suv tizzagacha kelarkan, ey koʻr sichqon! Nega buncha dovdirab, hushingni yoʻqotib qoʻyding?” Sichqon javob berdi: “Suv sen uchun – chumoli, men uchun esa – ajdaho! Bizning tizzalarimiz orasida katta farq bor. Agar sen uchun suv tizzagacha boʻlsa, men uchun boʻyimdan yuz gaz balanddir, ey muhtaram. Tuya dedi: “Boshqa safar bunday beadablik qilma, toki jon-u taning oʻtda yonmasin. Oʻzingga oʻxshagan sichqonlar bilan bellash, sichqonning tuya bilan gaplashadigan gapi yoʻq”. Sichqon javob berdi: “Tavba qildim, Xudo haqqi bu xatarli anhordan oʻtkazib qoʻy!” Tuyaning unga rahmi kelib, dedi: “Tezroq sakrab, egarga chiqib oʻtir. Bu suvdan oʻtishga va yuz minglab sendaylarni olib oʻtishga mening kuchim yetadi”.

 

Demak, paygʻambar boʻlmasang, kun kelib chuqurdan chiqib olish va mavqega erishish uchun orqada yur. Sulton boʻlmasang, fuqaro boʻl. Dengizchi boʻlmasang, kemaga oʻzing boshchilik qilma. Kamolotga erishmas ekansan, yolgʻiz oʻzing doʻkon ochma, to xamirday boʻlmaguningcha muloyim boʻlaver. “Eshitinglar” [3] hukmini tingla va jim tur, Haqning ogʻziga aylanmadingmi, quloqqa aylan. Agar gaplashsang, izoh soʻrab gaplash, shohlar shohi oldida miskinlarga xos gapir. Kibr-u kinning boshlanishi hirsdir, senda hirsning avj olishi esa unga odatlanish tufayli kelib chiqadi. Odat tufayli ahmoqona xulqing kuchaygan boʻlsa, seni undan qaytarishga uringan har kimga gʻazab paydo boʻladi.

 

Agar sen loyxoʻrga aylangan boʻlsang, seni loydan uzoqlashtirgan har kim dushmanday koʻrinadi. Butga sigʻinishga odatlangan butparastlar ularga toʻsqinlik qilayotganlarni yov deb biladi. Iblis hukmronlik qilishga odatlangani bois, eshakona ahmoqlik bilan Odam (a.s.)ni haqir deb bildi[4] va dedi: “Mendan boshqa biror rahnamo bormidiki, men unga sajda qilsam?” Rahnamolik – zahar, faqat avvalboshdan ziddi zahar saqlangan ruhgina bundan mustasno. Agar togʻda ilonlar gʻimirlasa, buning uchun qoʻrqma, chunki uning ichi ziddi zahar bilan toʻladir.

 

Bir kishi Muso alayhissalomga qushlar va hayvonlar tilini oʻrgatgin, deb yalingani

 

Bir yigit Muso(a.s.)ga dedi: “Menga jonivorlar tilini oʻrgat, toki hayvonlar va jonivorlar ovozidan iymonimni mustahkamlab olay. Chunki Odam ato naslining barcha tillari faqat suv, non va shon-u shavkat izlaydi. Balki hayvonlarning oʻzga olam uchun tadorik koʻrish haqida yana bir tashvishi bordir”. Muso (a.s.) dedi: “Ket, bu oʻydan voz kech, chunki buning oldida ham, orqasida ham koʻp xavf-u xatar bor. Ibrat-u bedorlikni kitoblardan emas, nutqlardan emas, harflardan va ogʻizlardan emas, Xudodan izla”. Uning taqiqidan yigitning qiziqishi yana-da ortdi. Taqiq hamisha odamning ishtiyoqini oshiradi. Yigit dedi: “Ey Muso, nuring porlaganda senda bor narsaning barchasidan nimadir olinadi. Ey ulugʻ zot, bu istagim ijobatidan meni mahrum etish sening rahmatingga toʻgʻri kelmaydi! Ayni paytda Haq noibi oʻzingsan, agar sen menga toʻsqinlik qilsang, holimga voy boʻladi”.

 

Muso (a.s.) dedi: “Yo Rabbim, bu itoatgoʻy odam edi, toshboʻron qilingan dev yoʻldan urdimikan? Agar oʻrgatsam, bu unga zarar keltiradi, oʻrgatmasam, uning koʻngli ranjiydi”. Haq dedi: “Unga oʻrgat, ey Muso! Chunki biz karam aylab biror bir duoni rad etmadik”. Muso (a.s.) dedi: “Yo Rabbim, u pushaymon yeydi, qoʻllarini tishlaydi, oʻzini yoqavayron qiladi”. Muso yigitga yana mehribonlik bilan nasihat qildi: “Istaging rangingni oʻchiradi, bu ishtiyoqdan voz kech, Xudodan qoʻrq! Dev makkorlik qilib senga bu saboqni beribdi”. Yigit dedi: “Unday boʻlsa, eshik oldidagi soqchi itning va qanotli uy qushlarining tilini oʻrgat!” Muso (a.s.) dedi: “Mana, endi sen buni bilasan, bor, bu amalga oshdi, ikkalasining gapi senga ayon boʻladi”.

 

U sinab koʻrish uchun ertalabdan ostonada kutib turdi. Xizmatkor dasturxonni qoqdi, boshqa qoʻr-qutlar bilan bir boʻlak qotgan non tushdi. Xoʻroz uni garovga olgandek, oʻgʻirlab qochgan edi, it dedi: “Ket, bizga nohaqlik qilding! Sen bugʻdoy, arpa va boshqa donlarni yeya olasan, lekin men yeyolmayman, ey hazilkash. Bu qotgan non edi, non esa bizning ulushimiz, sen nega itdan rizqini oʻgʻirlayapsan?” Shunda xoʻroz dedi: “Oʻzingni tut, qaygʻurma, chunki buning evaziga Haq senga boshqasini beradi. Xoʻjayinning oti oʻladi, ertaga toʻyib ovqatlanasan, xafa boʻlma. Otning oʻlimi itlar uchun bayram boʻladi, jon koyitmay va sotib olmay moʻl-koʻl yegulik topasan”. Buni eshitgan odam otini sotib yubordi, xoʻroz itning oldida uyalib qoldi. Ertasi kuni xoʻroz yana nonni xuddi oʻshanday oʻgʻirladi. Unga qarab itning jagʻi ochildi: “Ey serqiliq xoʻroz, bu yolgʻoning qachongacha davom etadi? Sen zolimsan, insofsiz yolgʻonchisan! Oʻladi deb aytganing ot qayerda? Sen yulduzga qarab fol koʻradigan, haqiqatdan mahrum boʻlgan koʻrsan!”

 

Xabardor xoʻroz unga dedi: “Ot boshqa joyda oʻldi. Otni sotib, u zarardan qutulib qoldi, bu yoʻqotishni boshqalarga ravo koʻrdi. Biroq ertaga uning xachiri oʻladi, bundan faqat itlar manfaat koʻradi”. Oʻsha ochkoʻz odam tezda xachirni ham sotib yuborib, qaygʻu va yoʻqotishdan qutulib qoldi. Uchinchi kun it xoʻrozga dedi: “Ey doʻmbira va nogʻora qoqib aldovchilar amiri!” Xoʻroz dedi: “U xachirini shoshilib sotib yubordi. Ertaga quli bilan baxtsizlik roʻy beradi. Quli oʻlsa, yaqinlari itga, tilanchilarga non tarqatadi”. Oʻsha odam buni eshitib, qulini ham sotdi. Zarardan qutulib, yuzi quvonchdan lovulladi. U shukronalar aytdi va zavqlanib: “Men yer yuzidagi uchta ofatdan qutulib qoldim! Qushlar va itlar tilini oʻrganishim bilanoq Qazoning koʻzlarini bogʻladim”.

 

Ertasi kuni oʻsha mahrum qolgan it dedi: “Juft-u toq qayerda, ey soʻzi puch xoʻroz? Bu makr-u yolgʻonlaring qachongacha davom etadi, ayt, qachongacha? Axir sening katagingdan yolgʻondan oʻzga hech vaqo uchib chiqmayapti-ku!” Xoʻroz dedi: “Xudo meni va jismimni qandaydir yolgʻon tufayli musibatga tushib qolishdan asrasin. Biz xoʻrozlar muazzin kabi rostgoʻymiz, quyosh qoʻriqchisi va vaqt izlovchimiz. Agar ustimizga tosni toʻntarsang, biz ichkarida turib ham quyoshga posbonmiz. Ertaga uning oʻzi oʻladi, bu shubhasiz. Merosxoʻri unga motam tutib, sigirini soʻyadi. Uy egasi ketadi, ertaga senga rizq serob boʻladi. Burda nonlarni ham, sarqitlarni ham, yeguliklarni ham har xos-u avom koʻchaning oʻrtasidan topadi. Itlar va tilanchilarga qurbonlik qilingan sigirning goʻshti va yupqa nonlardan osongina yogʻiladi”.

 

Ot va xachirning oʻlimi, qulning oʻlimi oʻsha gʻoʻr takabburning Qazosini toʻsgan edi. U esa mol-mulkini yoʻqotib gʻam chekishdan saqlanib, molini koʻpaytirib, qonini toʻkdi. Razil kimsa yashirincha quloq solib, xoʻrozdan oʻsha hikoyani eshitgach, tezlik bilan shoshib yugurib ketdi va Muso Kalimulloh[5]ning eshigiga bordi. Qoʻrquvdan yuzini tuproqqa ishqalab, dedi: “Meni bundan qutqar, ey Kalimulloh!” Muso (a.s.) dedi: “Bor, oʻzingni sot va qutqar! Sen bu borada ustasifarang boʻlsang, chohdan sakrab chiq axir! Musulmonlarga zarar yetkazib, hamyon-u tuguningni ikki baravar semirtirib ol! Oynada senga koʻrinib qolgan bu Qazo menga xom gʻishtda ayon boʻlgan. Oqil kishining qalbi ishning oxirini uni boshlashdan oldin koʻradi, ilmi qashshoqlar esa oxirida koʻradi”. Yigit yana yigʻladi: “Boshimga musht tushirma, yuzimga shapaloq tortma, ey yaxshi fazilatlar sohibi! Men nimaiki qilgan boʻlsam, menga munosib emas edi; nomunosib ishimga sen munosib ajr ber!”

 

Muso (a.s.) dedi: “Oʻq yoydan uchib ketib boʻldi, ey oʻgʻlim! Uni joyiga qaytarishning imkoni yoʻq. Biroq men oʻsha paytda Muhtaram Hakamdan sening iymon bilan ketishingni soʻrayman. Agar iymonli boʻlsang – sen tiriksan, agar iymon bilan ketsang – sen uzoq umr koʻrguvchisan”. Kuch-qudrat har kimga ham ravo emas, zaiflik qanoatning eng yaxshi xamirturushidir. Loyxoʻrlarda loy orzusi boʻladi, chunki u shoʻrlik gul shinnisini hazm qila olmaydi.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil IKROM, Oydinniso

 

[1] “Darhaqiqat, men sizlarga Rabbingizdan bir oyat (moʻjiza) bilan keldimki, sizlarga loydan qush shaklida bir narsani yasab, unga dam ururman, (u esa) Allohning izni bilan darhol (jonlanib, uchadigan) bir qush boʻlur. Onadan tugʻma koʻrlarni va peslarni tuzaturman, (hatto,) Allohning izni bilan oʻliklarni tiriltirurman; uylaringizdagi yemaklaringizni va yigʻib-saqlayotgan narsalaringizni sizlarga xabar berurman. Agar (Allohga) iymon keltirganlardan boʻlsangizlar, albatta, bunda sizlar uchun (mening paygʻambarligimni koʻrsatadigan) qatʼiy dalil bordir” (“Oli Imron” surasi, 49-oyat).

 

[2] Alloh ularning (kufr niyat va qilmishlari tufayli) qalblarini va quloqlarini muhrlab qoʻygandir. Koʻzlariga esa (Ilohiy haqiqatlarga qarshi) parda tushgandir. Va ular uchun ulugʻ azob bordir (“Baqara” surasi, 7-oyat).

 

[3]Qachon Qurʼon oʻqilsa, uni eshitinglar va jim turinglar, toki rahmatga erishgaysizlar (“Aʼrof” surasi, 204-oyat). “Ansitu” – “Eshitinglar”.

 

[4]Yod eting, Biz farishtalarga: “(Qudratim uchun) Odamga sajda qilinglar!” – dedik, hammalari darhol sajda qildilar, faqat Iblis qoldi, u bosh tortdi (sajda qilmadi), kibr qildi va kofirlardan boʻldi (“Baqara” surasi, 34-oyat).

 

[5] Kalimulloh – Xudo bilan soʻzlashgan. Muso paygʻambarning laqabi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 558
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 125
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 335
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219372
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104769
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35822
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27962
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27680
Kompetentlik

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27324
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25610
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23083
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//