Qurʼoni Karim


Saqlash
16:04 / 19.04.2023 0 2226

Qurʼoni Karim – islom dinining muqaddas Kitobi, 30 pora (qism), 114 sura, 6236 oyat (Zamahshariyga koʻra, 6666 oyat), 77439 kalima, 325743 harfdan iborat toʻplam. Qurʼoni Karim makkaviy va madinaviy suralarga boʻlinadi. Qurʼoni Karimning 86 sura, 4613 oyat Makkada 610–622-yillarda, 28 sura, 1623 oyati Madinada 622–632-yillarda (Abdulaziz Mansurga koʻra, 91 ta sura, 4780 ta oyat Makkada, 23 ta sura, 1456 ta oyat Madinada) nozil qilingan.

 

Qurʼoni Karimda avvalgi zamondagi paygʻambarlar hayotidan ibrat va saboqlar keltirilib, odamlarni tavhidga (yakkaxudolikka) chaqiriladi. Qurʼoni Karim oyatlarini oʻz vaqtida yozib borish uchun Muhammad (s.a.v.) oʻzlariga toʻrtta kotib (Ali ibn Abu Tolib, Muoviya ibn Abu Sufyon, Ubay ibn Kaʼb, Zayd ibn Sobitlarni) tayin etganlar. Qurʼoni Karimni mukammal yod olgan sahobalar kam boʻlgan. Ustiga ustak “Yamoma” jangida 70 ta va “Mauna” jangida yana 70 ta, jami 140 ta hofizi qurʼon darajasiga yetishgan qorilar shahid boʻladilar. Mana shunday tabiiy hodisalar sababli Qurʼoni Karimni kitob holiga keltirish ehtiyoji tugʻiladi. Mashhur muhaddis Abu Ubayd al Hiraviyning naql qilishicha, Muhammad (s.a.v.)ning vafotiga qadar hofizi qurʼonlarning soni 24 nafar sahobalarni tashkil qilgan. Qurʼoni Karim oyatlari mukammal nozil qilinib tugatilganligi Muhammad (s.a.v.)ning vafotlaridan keyin maʼlum boʻldi.

 

Qurʼoni Karim oyatlari nozil boʻlish tartibi bilan yozib borilmagan, balki Muhammad (s.a.v.) har bir sura va oyatni qaysi joyga, qaysi oyatdan oldin yoki keyin yozishlikni muntazam koʻrsatgan. Sahifalarni jam qilish va toʻliq bir kitob shakliga keltirish harakati Xulafoi Roshidin davrining birinchi xalifasi Abu Bakr Siddiq (r.a.) zamonida boshlangan. Bu muhim vazifani Sobit oʻgʻli Zayd boshchiligida toʻplangan hayʼat bajardi. Sobit oʻgʻli Zayd gʻoyat ehtiyotkorlik bilan ish koʻrdi. U Qurʼoni Karim oyatlarini faqat qorilarning xotirasidagilarni yetarli deb bilmadi. Ayni damda, Muhammad (s.a.v.) hayotligida tayin etilgan vahiy kotiblar tomonidan yozilgan hamma oyatlarni qoʻlga oldi. Har bir oyat uchun ikki odil shohid (guvoh) eshitildi. Guvohlar Paygʻambar (s.a.v.) koʻz oʻngida bu oyatlarning haqiqatan yozilganiga guvohlik berishgan. Xalifa Abu Bakr (r.a.) zamonida toʻplangan bu Qurʼoni Karim nusxasi ikkinchi xalifa Umar (r.a.)ga oʻtadi. Keyin, Umar(r.a.)ning qizi va Muhammad (s.a.v.)ning zavjasi (xotini) Hafsaga qoladi.

 

Qurʼoni Karimni kitob holiga keltirish uchinchi xalifa Usmon (r.a.) davrida yakuniga yetadi. 650-yil (hij. 30 yil) Usmon (r.a.) xalifaligi davrida Qurʼoni Karimning oʻqilishi borasida baʼzi ixtiloflar kelib chiqqach, ikkinchi hayʼat yana toʻplanadi. Hayʼat raisi qilib Sobit oʻgʻli Zayd saylanadi. Abdulloh ibn Zubayr, Said ibn Os, Ibn Abbos, Anas ibn Moliklar hayʼat aʼzolari etib tayinlanadilar. Hafsadan keltirilgan Qurʼoni Karim nusxasi asos tutilib koʻpaytiriladi. Bu ikkinchi hayʼatda sahobalardan 12 kishi bor edi. Qurʼoni Karim bir rivoyatga koʻra, 5 nusxa, boshqa rivoyatlarga qaraganda 6 yoki 7 nusxa qilib tayyorlanadi va musulmon mamlakatlariga yuboriladi. Shundan keyin, Usmon (r.a.) oʻsha davrga qadar kimda oʻzicha har kimlardan eshitib yoki koʻchirib olgan sahifalar boʻlsa, ularni kuydirib yuborishga va faqat soʻnggi hayʼat tasdiqlagan Qurʼoni Karim nusxalariga rioya etishga buyruq chiqaradi. Qurʼoni Karim nusxalaridan birini Hazrati Usmon Madinada oʻzida olib qolib, (Hafsaning Kitobi oʻziga qaytariladi) qolgan nusxalari Makka, Shom, Yaman, Bahrayn, Basra, Kufa shaharlariga bir donadan yuboriladi.

 

Qurʼoni Karimning ilk nusxalari oʻsha davrdagi arablarning asosiy yozuvi sanalmish “kufiy” xati bilan yozila boshlagan. Keyinchalik, arab yozuvi taraqqiy etib borgan sari Qurʼoni Karim xati ham rivojlanib, hozirda “nasx” va “suls” deb ataluvchi nuqtalar, harakatlar bilan ishoratlab koʻchirish ishlari amalga oshirildi. Bizning diyorimizga ham mazkur musʼhafi Usmoniy nusxalaridan biri turli sabablar bilan yetib kelgan va ayni paytda Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi muzeyida saqlanib kelmoqda. Qurʼoni Karim shuncha davr oʻtganiga qaramay, 23 yil mobaynida Muhammad (s.a.v.)ga qanday nozil etilgan boʻlsa, shunday tabligʻ etilib, soʻzma-soʻz, harfma-harf, asl holicha hozirga qadar yetib keldi va turli tillarga tarjima qilinmoqda. Biroq, bu tarjima emas, balki olimlarning fikriga koʻra, Qurʼoni Karim maʼnolari, yaʼni tafsirlaridir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 27
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 22
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 516
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104451
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24761
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//