Jadidchilik


Saqlash
15:04 / 19.04.2023 0 9929

Jadidchilik (arabcha yangi) – XIX asr oxiri XX asrning birinchi choragida Markaziy Osiyo, Qrim, Kavkaz, Volgabo‘yi hududlarida shakllangan, yangi zamonaviy maktab, matbaa va taraqqiyotning ilg‘or usul va yo‘llarini yoqlab chiqqan ijtimoiy-ma’rifiy harakat.

 

Jadidchilikni shakllantirishda ko‘plab millat ziyolilari faol qatnashgan. Jamiyatni o‘rtaasrchilik illatlari, madaniy qoloqlik va mustamlaka zulmidan, xurofotdan ozod qilish, xalqni zamonaviy taraqqiyot yo‘liga olib chiqish, milliy davlatchilik asoslarini bunyod etish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi edi. Turkistondagi jadidchilik harakatiga Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Cho‘lpon, Pahlavon Niyoz Hoji, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda, Abdulla Qodiriy, “Yosh buxoroliklar”, “Yosh xivaliklar” tashkiloti rahbarlari boshchilik qilishgan. Bu harakat o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra, XIX asr boshlarida mavjud bo‘lgan diniy islohotchilikdan farq qiladi. Ogahiy, Nodira, Ahmad Donish, Turdi, Maxmur, Furqat, Muqimiy kabi ijodkorlar mansub bo‘lgan avlodning qarashlari asosan ma’rifatparvarlik tamoyiliga tayanar edi. Jadidlar esa nafaqat ma’rifat, balki jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish, mavjud tartiblarni o‘zgartirish yo‘lidan bordilar.

 

Jadidchilik harakati rivojini uch bosqichga ajratish mumkin:

 

1) XIX asrning 80-yil oxirida mamlakatimizda jadidchilik harakati paydo bo‘ldi. Toshkentda – Munavvarqori va Avloniy; Samarqandda – A.Munzim, S.Aziziy, Mulla Qilich; Buxoroda – Jo‘raboy Maxsum; Qo‘qonda – Hamza; Namanganda – So‘fizoda va Ibrat kabi olimu fuzalolar maktab ochish, noshirlik, savodxonlikni oshirish borasida muhim ishlarni amalga oshirdilar. Bu jarayon I jahon urushigacha davom etdi. Butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab jadid maktablari faoliyat olib bordi. Shuningdek, matbaachilik, noshirlik, ilm-fan, adabiyot, madaniyat, maorifni milliy asosga ko‘chirishga intilish kuchaydi;

2) I jahon urushi Rossiya imperiyasidagi ahvolni yanada murakkablashtirib yubordi, uning hududida siyosiy harakatlar kuchayib ketdi. Bu davrda jadidchilik o‘ta ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etib, uning g‘oyalari asosida siyosiy partiyalar tuzildi;

3) 1917 yil oktyabrida Rossiyadagi davlat to‘ntarishidan keyin Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyati tuzildi va oradan bir yil o‘tmasdan, bolsheviklar tomonidan zo‘ravonlik bilan yo‘q qilindi. Muxtoriyat rahbarlari, uni e’lon qilishda ishtirok etgan yoki unga xayrixoh bo‘lganlar ham badarg‘a va quvg‘in qilindi, qatag‘onga uchradi.

 

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ijtimoiy-tarixiy voqelik va jadid taraqqiyparvarlarining siyosiy va madaniy-ma’rifiy maslaklari taqozosi bilan jadid adabiyoti shakllandi. Binobarin, o‘sha davrdagi iqtisodiy hayotda, maorif, matbuot va turmush tarzida qaror topayotgan islohotchilik kayfiyati adabiyot va san’atni ham chetlab o‘tmadi, an’anaviy yo‘sindagi adabiyot o‘rniga yangi, zamonaviy adabiyot, yangi adabiy tur va janrlar, hatto yangi adabiy til shakllana boshladi, publitsistika, adabiy tanqid paydo bo‘ldi, barmoq vaznidagi ijtimoiy, ma’rifiy she’riyat, roman, hikoya, dramaturgiya maydonga keldi. Jadidchilik adabiyotining Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Abdulla Qodiriy, Hoji Mu’in, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda, Sidqiy Xondayliqiy, Fitrat, Sadriddin Ayniy, Tavallo, Nozimaxonim, Mirmulla va Mirmuhsin Shermuhamedovlar, So‘fizoda, Ibrohim Davron, Abdulla Badriy, Nusratulla Qudratulla-Milliy, Xurshid, Cho‘lpon kabi o‘nlab namoyandalari yetishib chiqdi. Hatto an’anaviy adabiy shakllarda ijod etgan Zavqiy, Nodim, Ibrat, Saidahmad Vasliy, Karimbek Kamiy, Xislat, Miskin, Avaz O‘tar, Bayoniylar ijodida ham davr voqeligi, zamonaviy g‘oyalar aruz vaznida o‘z ifodasini topdi. Bular ham, taraqqiyparvar yoshlar qatori, ma’rifatparvarlik qarashlarini she’rga solib yoki maqola shaklida matbuot sahifalarida faol qatnashdilar. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash zarurki, jadid adabiyoti ushbu harakat g‘oyalarini aks ettiruvchi badiiy hodisa bo‘libgina qolmadi. Balki shu harakat zamirida tug‘ildi, uning maqsad va vazifalari taqozosiga ko‘ra maydonga keldi, o‘sha davr ma’naviy hayotiga ta’sir ko‘rsatdi. Jadid maktablari – xalqqa hamma narsadan burun ma’rifat tarqatish, zamonaviy ilm-fanni singdirish zarurligi haqidagi fikr jadidlarning ma’rifatchilik faoliyatidagi eng asosiy maqsad edi.

 

Jadidchilikning poydevori, tamal toshi – usuli jadid maktabi edi. Zero, “yangi” maʼnoni beruvchi “jadid” istilohi kirib kelishining oʻzi aynan yangi usuldagi maktablar bilan bogʻliq. 1895–1910-yillar orasida Turkistonning Toshkent, Samarqand, Qoʻqon kabi barcha yirik shaharlarida, qishloqlarida Buxoro amirligi va Xiva xonliklarida oʻnlab “usuli saviya” maktablari ochildi. 1903-yillardan jadidchilik matbuoti uchun maxsus darsliklar tuzila boshlandi, lekin bu ishlar gʻoyat qiyin kechdi. Biroq mustabid hukumat va mahalliy mutaassiblarning qarshiligiga qaramay, jadidlarning saʼy-harakatlari bilan “usuli jadid” maktablarining tarmogʻi kengayib bordi. Chinakam maʼrifat oʻchogʻiga aylangan, madaniy tanazzuldan saqlanish va jamiyat maʼnaviyatini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etgan yangi usul maktablarining soni 1917-yil boshlariga kelib 92 tani tashkil etdi.

 

Jadidlar maslagining amalga oshishida maktablardan keyingi asosiy oʻrinni matbuot egallaydi. “Burungʻi oʻzbek vaqtli matbuotining tarixi” maqolasida Abdulla Avloniy 1905–1917-yillar davomida oʻzbek tilida 23 ta gazeta va 8 ta jurnal chop etilgani haqida maʼlumot beradi. “Taraqqiy” (1906-yil, muharriri Ismoil Obidiy), “Xurshid” (1906-yil, muharriri Munavvar qori), “Shuhrat” (1907-yil, muharriri A.Avloniy), “Osiyo” (1908-yil, muharriri Ahmadjon Bektemirov), “Samarqand” (1913-yil, muharriri M.Behbudiy), “Sadoyi Turkiston” (1914-yil, muharriri Ubaydullaxoʻja Asatullaxoʻja oʻgʻli), “Sadoi Fargʻona” (1914-yil, muharriri Obidjon Mahmudov) kabi qator gazetalar hamda “Oyina” (1913–1915-yillar, muharriri M.Behbudiy), “Al-isloh” (1915–1918-yillar) kabi jurnallar shular jumlasidandir. Afsuski, sal oʻtmay bu harakat boʻgʻib qoʻyildi. Sobiq ittifoq davrida jadidchilik gʻoyaviy-mafkuraviy jihatdan oqlanmadi, jadidchilik adabiyoti taqiqlandi. Garchi 60-yillardan keyin bu harakat namoyandalarining ayrimlari adabiy doiralarda tilga olina boshlagan boʻlsa-da, ularga nisbatan umumiy taqiqlar oʻzgarmay qolaverdi. Faqat mustaqillikdan keyingina bu borada tub oʻzgarishlar uchun imkoniyat yaratildi.

 

Hozirgi davrga kelib, birinchidan, jadidchilik ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida eʼtirof etildi, uning xizmatlari tan olindi. Ikkinchidan, jadid adabiyoti milliy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida baholanib, oʻnlab kitoblar, turli asarlar nashr etilmoqda, koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Uchinchidan, keyingi yillarda asrlar davomida orzu qilingan, jadidlar ham intilib kelgan ezgu gʻoyalar amalga oshmoqda, yurtimizda Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish imkoni paydo boʻldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 27
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 22
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 97
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 198
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 516
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 933
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218671
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104452
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33605
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27250
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26260
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24761
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24721
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21618
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//