Bilasizmi?
Totalitarizm (lotincha totalis – kuch, barcha) – markazlashtirilgan hokimiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayotning barcha sohalariga kirib boradigan, ularni to‘liq nazorat ostiga oladigan siyosiy boshqaruv shaklini ifodalovchi tushuncha.
Nemis olimlaridan biri totalitarizmning asosiy xususiyatlarini quyidagicha ifoda etgan:
1) totalitarizm mafkurasining hukmronligi;
2) mazkur mafkuraga sodiq va odatda yakka shaxs tomonidan boshqariladigan yagona partiyaning mavjudligi;
3) mukammal rivojlantirilgan yashirin politsiya tizimi;
4) davlatning OAV, barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy institutlari, qurol-yarog‘, zo‘ravonlik vositalarini to‘liq nazorat etishi.
Shunday qilib, totalitarizm sharoitida davlat boshqaruvining maxsus shakli (totalitar davlat) sifatida jamiyat hayoti, inson huquqi va erkinliklari, muxolifat guruhlar davlatning qat’iy nazoratida bo‘ladi. Totalitarizmda faqat bitta partiya yoki yagona siyosiy kuch mamlakat aholisining xohish-irodasini himoya qilishi ta’kidlanadi, aslida esa hokimiyatni egallab olgan va cheksiz vakolatlarga ega bir guruh maslakdosh kishilar diktaturasi o‘rnatiladi. Totalitarizmning yorqin ko‘rinishini XX asr birinchi yarmidagi Italiya, Germaniya, ikkinchi yarmidagi Ispaniya, Chili va sobiq Ittifoqning kommunistik tartibotida ko‘rish mumkin. Jumladan, totalitarizm XX asrning 20-yillarida Germaniya va Italiyaning rasmiy ideologiyasi sifatida amal qilgan. Totalitarizm g‘oyasi siyosiy nuqtai nazardan etatizm (davlatning mamlakat iqtisodiy va siyosiy hayotiga faol aralashuvi), avtoritarizm (bir kishining mamlakatni mutlaq tarzda o‘zi boshqarishi) kabi tushunchalar orqali ifodalanadi. Totalitar tuzum qurbonlarini Ittifoqda sotsializm qurilishi jarayonida mulkdor va yer egalarining boyliklarini tortib olish, o‘zlarini surgun qilish yoki qirib tashlash to‘g‘risidagi 1918 yildagi dekret misolida ko‘ramiz. Bu dekretga binoan 2 mln. quloq oilalari, ya’ni 10 mln.dan ortiq kishi “fuqarolar urushi”, O‘rta Osiyoda “bosmachilik harakati” ishtirokchilari sifatida qirib tashlangan. II jahon urushida ikki qarama-qarshi totalitar tuzumning bir-birini yo‘qotishga intilishi oqibatida 50 mln.dan ortiq begunoh insonlar qurbon bo‘ldi. Bu urushda sobiq Ittifoq aholisidan 27 mln.dan ortiq kishi, jumladan, 7 mln. askar va harbiylar, 20 mln. fuqaro konslagerlarda qiynoq va ommaviy qirg‘in, bombardimonlar oqibatida halok bo‘lgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq Ittifoqda 1917–1991 yillar mobaynida 60 mln.dan ortiq kishi sovet totalitar tuzumi qurboni bo‘lgan.
Totalitarizm quyidagilarga tayanadi:
1) jamiyat hayotidan norozi bo‘lgan eng tuban kishilar;
2) mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy inqirozni bartaraf etib, yangi tartib o‘rnatishni maqsad qilib qo‘ygan, mutaassiblikka berilgan, siyosiy g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona ergashadigan kishilar;
3) hukmron, niyati buzuq guruhlar manfaati yo‘lida xalq ommasiga ta’sir etish maqsadida to‘qib chiqarilgan vulgar-ijtimoiy afsonalar;
4) hokimiyat bitta siyosiy partiya tomonidan to‘liq egallanib, uning yetakchisi shaxsiga (“dohiy”, “duche”, “fyurer” va boshqa) sig‘iniladi;
5) siyosat tepasida turganlar tomonidan qonunlar bilan cheklanmagan, hokimiyatning iqtisodiy va siyosiy vakolatlari egallab olinadi;
6) jamiyatning barcha vakolatlari davlat va ma’muriyat qo‘liga to‘liq o‘tadi;
7) iqtisodiyot va ijtimoiy hayot harbiylashtiriladi;
8) maxfiy politsiya zo‘ravonlik va terror, ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishning yagona tayanchiga aylanadi.
Totalitar tuzumda, ayniqsa, milliy ma’naviyat har jihatdan kamsitiladi. Milliy til, qadriyatlar, madaniyat, ma’naviy meros, milliy g‘urur va vatanparvarlikni o‘stirishga yo‘l berilmaydi. Totalitarizmning hukmron mafkurasi har bir millatning o‘z ma’naviyatini chuqur anglashi, milliy ishonchni mustahkamlash, e’tiqodi va qadr hissini boyitishini taqiqlaydi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q