Muz qotgan ajdahoni oʻlik deb oʻylagan ilon ovlovchi, toʻtisini urib kal qilgan baqqol – “Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar


Saqlash
17:04 / 14.04.2023 0 1514

Bir lofchi har tongda lablari bilan moʻyloviga dumba poʻstini surtgani va ulfatlari oldiga chiqib: “Men uni yedim, buni yedim”, deb maqtangani

 

Bir haqir kimsa poʻst dumba topib olgandi, har sahar u bilan moʻylovini yogʻlardi. U boylarning davrasiga borganda: “Bir yigʻinda yogʻli taom yegandim”, deb aytardi. Moʻylovimga bir qarang, chunki u soʻzlarimga dalil boʻladi, men yogʻli va shirin taom yeganimning belgisi bor deganday, qoʻli bilan moʻylovini silardi. Qorni unga javoban soʻzsiz derdi: “Alloh yolgʻonchilarning jazosini bersin!” Sening loflaring bizni oʻtga tashlaydi! Yogʻlangan moʻylovlaring bitta qolmay yulinsin! Ey gado, agar sening jirkanch lofing boʻlmaganda edi, biror bir himmatli zot bizga rahm qilardi. Agar sen qingʻirlik qilmay, illatlaringni oshkor etganingda, biror bir tabib unga malham topgan boʻlardi”.

 

U baxt-u davlatga daʼvo orqali intildi, ammo meʼdasi moʻylovidan nafratlanib derdi: “U nimaniki yashirgan boʻlsa, Sen oshkor qil! Ey Xudo, u bizni kuydirdi, uni sharmanda qil!” Tanasining barcha a'zolari – uning dushmanlari, chunki uning bahor deb maqtangani, ular uchun qishdir. Maqtanchoqlik saxovat yoʻlini toʻsadi, rahmat shoxlarini ildizidan qirqadi. Haqiqatni oshkor et yoki jim boʻl, ana shunda rahmatni his etasan va tatib koʻrasan.

 

Meʼdaning duosi mustajob boʻldi, ehtiyoj tugʻyoni tugʻ koʻtardi. Haq dedi: “Sen fosiq va butparast boʻlgan taqdiringda ham agar Meni chorlasang, Men javob beraman”[1]. Sen duoni mahkam tutib, nola qilgin, oqibatda u seni gʻulning changalidan qutqaradi. Meʼda oʻzini Haqqa topshirarkan, bir mushuk kelib, oʻsha poʻstdumbani olib qochdi. Mushukning orqasidan yugurib yetolmadilar, lofchining bolasi bu uchun gap eshitishdan qoʻrqib, rangi oʻchdi. Bolakay yigʻinga kirib keldi va lofchining obroʻyini bir pul qilib dedi: “Sen har tongda labing va moʻylovingga surtadigan poʻst dumba bor-ku, oʻshani mushuk kelib, oʻgʻirlab ketdi. Biz ortidan rosa yugurdik, ammo bu harakatlarimiz foyda bermadi”. Davra ahli lol qoldi, kuldi va ularning rahm-shafqati junbishga keldi. Uni dasturxonga taklif etib, qornini toʻydirdilar, uning yeriga rahmat urugʻini ekdilar. Lofchi saxovatli odamlardan haqiqat taʼmini his etgach, kibridan yuz burib, haqiqatning quliga aylandi.

 

Muz qotgan ajdahoni oʻlik deb oʻylagan va uni arqon bilan bogʻlab Bagʻdodga keltirgan ilon ovlovchi hikoyati

 

Bir ilon ovlovchi qishda ilon axtarib, ajdar jasadini uchratdi. Ilon ovlovchi elni lol etay deb ilon ovlardi – mana senga odamlarcha nodonlik! Odam – bu togʻ, u qanday qilib ilonga shaydo boʻlishi mumkin, togʻ ilondan hayratlanarmidi? Ojiz odam oʻzligini anglamadi, u farovon hayotdan kelib, inqiroz sari ketdi. Odam oʻzini arzonga sotdi, u atlas edi, jandaga yamoq boʻldi. Yuz minglab ilonlar va togʻ undan hayratda-ku, nega u ilondan hayron-u lol va unga ishqiboz boʻldi? Ilon ovlovchi oʻsha ajdarni koʻtarib, Bogʻdodga yoʻl oldi. Ajdar uyning ustuniday kelardi, arzimagan pulni deb uni sudradi va dedi: “Men oʻlik ajdar olib keldim, uni ovlaguncha ne mashaqqatlar chekmadim!” U uni oʻlik deb hisoblardi, ammo u tirik edi, unga yaxshiroq qaramagandi. U qor va sovuqdan muzlagan edi, tirik boʻlsa-da, oʻlikday turardi. Ilon ovlovchi ming azob-uqubat bilan oʻsha ajdarni sudrab ketdi. U hangomatalab Bogʻdodga yetmasdan burun katta maydonlarga odam yigʻish harakatiga tushdi. Daryo boʻyiga olomonni yigʻarkan, butun Bagʻdod boʻylab shov-shuv tarqaldi: “Bir ilon ovlovchi ajdar keltiribdi, uning tutgan oʻljasi noyob va gʻaroyib emish!”

 

Necha minglab nodon-u ahmoqlar yigʻildi, oʻziga oʻxshagan esi pastlar uning oʻljasiga aylandi. Odamlar ham, ilon ovlovchi ham atrofdagilar bir yerga yigʻilishini kutdilar. Toʻdaga qancha koʻp odam yigʻilsa, xayr-u ulushlar shuncha koʻp boʻladi. Yuz minglab bekorchilar jam boʻlganidan, tashlasang, yerga igna ham tushmasdi. Bunday toʻs-toʻpolonda erkakni ayoldan ajratib boʻlmas, xuddi Mahsharda xos va avom qorishganday edi. Ajdar oʻralgan latta qimirlaganida toʻdadagi odamlar boʻyinlarini choʻzishdi. Ayozdan muzlagan ajdaho yuzlab turfa gilamlar va yopinchiqlar tagida yotardi. U qalin arqon bilan bogʻlangan edi, asrovchi unga qarshi ehtiyot chorasini koʻrib qoʻygandi. Kutish va toʻplanish vaqti choʻzilgach, Iroq oftobi ajdarga nur sochdi. Issiq quyosh uni qizdirib, badanidagi muzlarni eritdi. Ajdar oʻlik edi, tirildi va hayratdan lol boʻlib, mastonahol qimirlay boshladi. Jonsiz ajdar qimirlashidan elning hayrati yuz ming barobar ortdi. Hayratdan qichqirib, shovqin koʻtardilar va ajdar junbishidan qocha boshladilar. U tushovni uzdi, zanjirning shaqirlagan baland shovqini har tarafga yoyildi. Zanjirlarni birma-bir uzib, badbashara, xuddi sherday oʻkiruvchi ajdar chiqib keldi. Qochayotib, koʻpgina odamlar oʻldi, yiqilganlar va oʻlganlardan yuzlab gʻaramlar hosil boʻldi. Ilon ovlovchi: “Togʻ-u choʻldan ne balo keltirdim men?” deya qoʻrqqanidan joyida qotdi. Goʻyo qoʻzi ojiz qoʻy boʻrini uygʻotib, gʻaflat ichra oʻz Azroili tomon borganday edi. Ajdar u dovdirni bir yutum luqmaga aylantirdi. Xajjoj[2] uchun qon ichishdan oson mashgʻulot bormi! U ustunga oʻralib, yanayam baquvvatlashdi, yutgan odamining suyagini parcha-parcha qildi.

 

Sening nafsing – ajdar, u hech fano toparmidi? U yetishmovchilik va gʻamdan muz qotadi, xolos. Agar u amri bilan ariqlarda suvni oqizguvchi[3] Firʼavn kabi imkon topsa, shunda Firʼavnona ish tutadi va yoʻlda yuzlab Muso va Xorunlarga hamla qiladi. Oʻsha ajdar xuddi qurtday qashshoqlikda chivinga, yuksak maqom va boylikda esa ov qushiga aylanadi. Nafs ajdarini qorda muzlatib saqla. Qara, uni Iroq oftobiga keltirma, muzlab turaversin; agar tirilib qolsa, sen u uchun bir yutum luqmaga aylanasan!

 

Baqqol, uning toʻtisi va toʻtining doʻkonga moy toʻkib qoʻyishi haqida hikoyat

 

Bir baqqol va uning xushnavo, zangori, biyron toʻtisi bor edi. Qush doʻkonga koʻz-quloq boʻlib turar, har mijoz bilan galma-gal suhbatlashardi. Odamlar bilan soʻzlashganda notiq, sayrashda esa mohir edi. Bir kuni u doʻkon ichida pirillab ucharkan, shishaga tegib ketib, gul moyini toʻkib qoʻydi. Xojasi uyidan kelib, doʻkonga kirib, bamaylixotir oʻtirgan edi. Dafʼatan doʻkonga yogʻ toʻkilgani va liboslari moyga belanganiga koʻzi tushdi. Qahri kelib boshiga zarb bilan urgan edi, toʻti kal boʻlib qoldi. U bir necha kun tildan qolib, bir soʻz ham demadi.

 

Bu holdan baqqol qattiq pushaymon boʻlib, chuqur oh tortardi. Alamdan soqolini yulib, oʻziga-oʻzi derdi: “Attang! Neʼmatim quyoshi qora bulut ostida qoldi! Xushzabonim boshiga urgandan koʻra, qoʻllarim sinsa boʻlmasmidi!” Zora, duolar yordamida qushim tilga kirsa, deb har darvishga sadaqa berdi, hadya ulashdi. Hayron-u zorlikda uch kecha-yu uch kunduz oʻtdi hamki, hech bir oʻzgarish boʻlmadi, u doʻkon ichra umidsiz va beqaror qoldi. Tilga kirishiga yordam berarmikan, degan umidda baqqol toʻtisiga turli gʻaroyib narsalarni koʻrsatardi. Bir mahal juldur libos kiygan, bir dona ham tuksiz boshi mis togʻora tagiday yaltiragan kal darvish oʻtib qoldi. Qush uni koʻrgan zahoti tilga kirib, aqlli odamlarday soʻz qotdi: “Ey kal, sen kallar orasiga qanday tushib qolding? Yoki sen ham menday shishadagi gul moyini toʻkib qoʻydingmi?” Toʻtining bu qiyosi hammaning kulgisini qistatdi, chunki u oʻzini qalandar bilan tenglashtirgan edi. Garchi “sher” va “shir”[4] soʻzlarining yozilishi bir xil boʻlsa-da, oʻzingni poklarga mengzab, ular bilan bir oʻringa qoʻymagin. Ayni shu sabab ham butun olam ahli gumroh va Haq abdolini[5] taniguvchi kam. Oʻzlarini goh anbiyo deb bilsalar, goh har nedan xabardor avliyo oʻrnida koʻradilar. Deydilarki: “Biz ham odam, ular ham odam. Har ikkimiz birday yeb-ichamiz va uxlaymiz”[6].

 

Qalb koʻzi koʻr bu bandalar ikki narsa oʻrtasida mavjud cheksiz tafovutni koʻrishga noqobildirlar. Ikki ari bir chamanda aylanib uchsa-da, bunisi nish sanchadi, unisi bol yigʻadi. Ikki ohu bir xil maysa yeb, bir xil suv ichadi-yu, bunisi oʻzidan goʻng ajratadi, unisi esa mushk taratadi. Ikki qamish bir buloqdan bir xil suv ichib, bir quyoshdan nur emib oʻssa-da, bunisi poʻk boʻladi, unisining borligʻi shakarga toʻladi[7]. Necha yuz minglab bunday qiyoslarni keltirish mumkin, ular oʻrtasidagi farq yetmish yillik olis yoʻlga tengdir.

 

Filning shaklini aniqlashga oid ixtilof

 

Bir qorongʻi uyda fil bor edi, hindlar uni namoyish etish uchun olib kelishgandi. Uni tomosha qilishga koʻp odam yigʻildi va hammasi oʻsha qorongʻilikka kirdi. Uni koʻz bilan koʻrishning iloji boʻlmagani uchun zulmatda filni kaft bilan paypaslashdi. Biri uning xartumini ushlab: “Bu mavjudot tarnovga oʻxsharkan”, dedi. Boshqasining qoʻli qulogʻiga tegib, uni yelpigʻich deb gumon qildi. Yana biri oyogʻini paypaslab: “Men filning shakli ustunga oʻxshashligini koʻrdim”, deb aytdi. Boshqa biri esa ustiga qoʻlini qoʻyib: “Bu fil taxtga oʻxshaydi-ku axir”, dedi. Xullas, har biri maʼlum bir qismini ushlab koʻrib, qayerda fil haqida gap ketsa, oʻzi ushlab koʻrgan qismini tasavvur qildi. Qaragan joylari tufayli soʻzlari bir-biriga zid boʻlib qoldi, unisi “alif” deb atasa, bunisi “dol”[8] dedi.

 

Agar har bir kishining qoʻlida sham boʻlganida edi, ularning soʻzlarida qarama-qarshilik boʻlmasdi. His koʻzi qoʻlning kaftidek xolos, kaft filni butkul qamrab ololmaydi. Dengizning koʻzi boshqa, koʻpigi boshqa, koʻpikni qoʻyib dengiz koʻzi bilan nazar sol! Dengiz koʻpigi erta-yu kech harakatda boʻladi, ajablanarlisi shundaki, sen koʻpikni koʻrib, dengizni koʻrmaysan! Biz bir-birimiz bilan toʻqnashayotgan kemalarga oʻxshaymiz, shaffof suv ichra koʻz oʻngimiz qorongʻi, koʻzlarimiz koʻr kabi. Ey tan kemasida uyquga ketgan zot, suvni koʻrding, suvdagi suvga boq axir! Suvda uni harakatga keltirguvchi Suv bor, ruhda uni chorlaguvchi Ruh bor. Yaratganning hunariga oshiq boʻlgandan nur taralgay, yaralganning hunariga oshiqlar esa kofirdir.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil IKROM, Oydinniso

 

[1] Rabbingiz dedi: “Menga duo qilinglar (soʻranglar), Men sizlarga ijobat qilurman (duolaringizni qabul eturman). Chunki Menga ibodat qilishdan kibr-havo qilib, (bunga) boʻyin egmagan kimsalar xor-zorlar oʻlaroq jahannamga kirurlar (“Muʼmin” (“Gʻofir”) surasi, 60-oyat).

[2] Xajjoj ibn Yusuf – yetmish ming insonni nohaq oʻldirib, shafqatsizlikda nom chiqargan zolim amir.

[3] (Chunki) Firʼavn oʻz qavmi ichida baqirib dediki: “Ey qavmim! Misrning hukmronligi meniki emasmi? Bu anhorlar (saroyimda) mening tagimdan oqib turibdi-ku! Axir, koʻrmaysizlarmi? (“Zuxruf” surasi, 51-oyat).

[4] Arab imlosida “sher” va “shir” soʻzlarining bir xil yozilishiga ishora.

[5] Abdol – valiylikning yuksak maqomiga erishgan avliyolar, Xudoga yaqinlar. Abdol – gʻoyib kishilar toifasidan boʻlib, oʻzlari xalq ichida boʻlsalar-da, ularning abdol ekanliklarini hech kim bilmaydi. “Abdol” fors va turkiy tillarda “chihltan” (qirq kishidan iborat) deb yuritiladi. Ulardan qaysi biri vafot etsa, oʻrniga darhol yangisi tayin etiladi. Oldingi kishiga badal (oʻrinbosar) boʻlib kelgani uchun ham ularga “abdol”, yaʼni oʻrinbosarlar deb nom berilgan. Baʼzi manbalarda ularning adadi 400 taligi qayd qilingan.

[6] “Uning qavmidan kofir boʻlgan, Oxiratdagi muloqotni yolgʻon degan va Biz hayoti dunyoda boy-badavlat qilib qoʻygan kimsalar dedilar: “Bu ham xuddi sizlarga oʻxshagan odam. U ham sizlar yeydigan narsadan yeydi, sizlar ichadigan narsadan ichadi”. (Qurʼoni karim, “Moʻminun”, 33-oyat)

[7] “Bu Yerda bir-biriga qoʻshni boʻlgan boʻlak-boʻlak (yaʼni, biri unumdor boʻlsa, biri shoʻr yerlar), uzumzor bogʻlar, ekinzorlar va shoxlab ketgan-shoxlamagan xurmolar boʻlib, (ularning hammasi ham) bir suv bilan sugʻorilur. (Lekin) Biz ularning ayrimlaridan ayrimlarini taʼmliroq – yeyishliroq qilib qoʻyurmiz. Albatta bunda ham aql yurgizadigan qavm uchun (Ollohning qudratiga dalolat qiladigan ochiq) oyat – ibratlar bordir”. (Qurʼoni karim, “Raʼd”, 4-oyat).

[8] “Alif” harfining tik, “dol” harfining egikligi nazarda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

18:12 / 04.12.2024 0 625
Buninni jiddiy raqib deb bo‘ladimi?

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 149
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 352
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219454
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104791
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 36075
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 28231
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 27822
Xarakter

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27757
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25732
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 23288
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//