Aksiologiya


Saqlash
17:04 / 13.04.2023 1 8612

Aksiologiya (yunoncha axio – qadriyat va logos – fan, ta’limot) – qadriyatshunoslik, ma’naviy hodisalardan biri bo‘lgan qadriyatlar sohasini o‘rganadigan, uning qonun va kategoriyalarini tadqiq qiladigan ilm yo‘nalishi, qadriyatlar haqidagi fan.

 

U XIX asrning ikkinchi yarmida nemis qadriyatshunosi E.Gartman va fransuz olimi P.Lapi tomonidan ilmiy iste’molga kiritilgan. Aksiologiya aksiologik ong, qadrlash tuyg‘usi, aksiologik bilish, qadrlash tamoyiliga tayanib to‘plangan qadriyatlar to‘g‘risidagi bilimlar sistemasidir. Zamonaviy Aksiologiyada obyektiv, subyektiv va plyuralistik oqim hamda yo‘nalishlar mavjud. Aksiologiya “qadr”, “qadrlash”, “qadriyatlar”, “qadriyatlar tizimi” kabi aksiologik kategoriyalarni, ularning turli shakllarini o‘rganadi. Qadriyatlar tizimining ijtimoiy taraqqiyotga bog‘liqlik qonuni, qadriyatlar tizimining o‘zgarishi va takomillashuvi bilan bog‘liq aksiologik qonunlar ham aksiologiya shug‘ullanadigan masalalar doirasiga kiradi.

 

Insoniyat tarixining bir bosqichidan boshqasiga o‘tishda, davrlar almashib, yangi davlatlar vujudga kelganida shakllanadigan yangi qadriyatlar va qadriyat tizimlarining amaliyoti masalalari ham aksiologiya fani o‘rganadigan mavzular hisoblanadi. Aksiologiya sobiq ittifoq davrida aniq fan darajasiga yetgan ilmiy sistema sifatida shakllanmagan edi. XX asrning 60-yillarigacha yurtimizda bu sohada tadqiqotlar olib borilmadi, 90-yillargacha falsafiy qo‘llanma va darsliklarda ham u alohida mavzu sifatida o‘z aksini topmadi. Hatto universitetlarning ijtimoiy sohada mutaxassislar tayyorlaydigan bo‘limlarida ham aksiologiya bo‘yicha maxsus kurslar o‘qitilmas edi. Mavzuga aloqador tadqiqot, dissertatsiya, risola va kitoblarda ham aksiologiya iborasiga urg‘u berilmas, bu masala kichik ilmiy yo‘nalishga taalluqli, deb qaralar edi. O‘sha davrdagi qadriyatlar mavzusiga bevosita tegishli bo‘lgan asarlarda ham aksiologiyaning juda ko‘p muhim masalalari, jumladan, aksiologik qonunlar, aksiologik jarayonlar dialektikasi, aksiologik profilaktika, aksiologik prognoz, aksiologik ekspertiza, aksiologik baholash, aksiologik ziddiyat qonuni kabi ilmiy muammolarning tahlili yo‘q.

 

Mustaqillik yillarida falsafiy bilimlar sistemasiga nafaqat milliy, ayni vaqtda umuminsoniy qadriyatlar nuqtai nazaridan qarash imkoniyati paydo bo‘lgani sababli aksiologiyaga nisbatan ijobiy munosabat qaror topmoqda, qadriyatlar mavzusiga katta e’tibor berilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda izchil davom ettirilayotgan yangi demokratik jamiyat qurish jarayoni qadriyatlar mavzusini g‘oyat dolzarb qilib qo‘ymoqda. Bugungi kunda qadriyatlarni qayta baholash, azaliy milliy qadriyatlarimizni tiklash, asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, islohot va o‘zgarishlarning xalqimiz ongida yangicha qadriyatga aylanib borayotgan jihatlarini aniqlash, mavjud muammolarni hal qilishda ana shu qadriyatlarga mos usullarni qo‘llash kabi masalalar paydo bo‘ldi. Ularni yechish aksiologik mavzularni kun tartibiga muhim masala qilib qo‘ya boshladi. Hozirgi davrga kelib mamlakatimizda qadriyatshunoslik masalalari keng o‘rganilmoqda, qator oliy o‘quv yurtlarida “Qadriyatlar falsafasi” (Aksiologiya) fani o‘qitilmoqda.

1 Izoh

Berik

14:04 / 27.04.2024

Toliq malumot berilgan

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 212
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 233
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 260
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 309
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224669
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107661
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 54978
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 39854
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39695
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31033
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30482
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 29881
Alpomish

//