“Maʼnaviy masnaviy”dan uch hikoyat


Saqlash
20:04 / 12.04.2023 0 1677

Uzumni har biri oʻzicha boshqa nom bilan atagan toʻrt kishi orasida qoʻzgʻalgan nizo bayoni

 

Allakim toʻrt kishiga bir dirham ehson qildi. Ulardan biri: “Bunga “angur”[1] olaman”, dedi. Ikkinchisi arab edi, u: “Yoʻq, mening “inab”[2] yegim kelayapti, angur yemayman”, dedi. Uchinchisi esa turk edi: “Pul meniki, inab kerak emas, uzum yemoqchiman”, dedi u. Toʻrtinchisi yunon edi: “Bu gap-soʻzlarni qoʻyinglar, men “istofil”[3] xohlayapman”, dedi.

 

Bu kimsalar bahslashib, nomlar asroridan bexabarligi uchun janjallashib qoldilar. Ular johil va bilimsizligi tufayli nodonlarcha bir-birlari bilan mushtlasha boshladilar. Agar u yerda sirdan voqif va yuzta tilni bilguvchi biror donishmand boʻlganida edi, ularni murosaga keltirardi. Ularga der edi: “Mana shu bir dirham bilan har biringizning istagingizni qondiraman. Agar menga toʻgʻri koʻngil bilan ishonsangiz, bu bir dirhamingiz koʻp ishlarga qodir boʻladi! Bir dirhamingiz siz istagan toʻrt dirhamga aylanadi, toʻrt raqib birlashib, bitta boʻladi. Sizlardan har biringizning soʻzingiz adovat va nizoni keltirib chiqaradi, mening soʻzim esa sizlarga rozi rizolik keltiradi. Bas shunday ekan, sizlar jim turinglar, eshitinglar,[4] toki men nutqingizda sizning tilingizga aylanay. Garchi soʻzlaringiz kelishuvni ifoda etayotgan boʻlsa-da, oqibatda ular nizo va ziddiyatni keltirib chiqarmoqda”.

 

Doʻstining qiligʻini qoralab, oʻzi ham oʻshanday yoʻl tutayotganidan bexabar hindu hikoyati

 

Toʻrt nafar hindu bir masjidga namoz oʻqish uchun kirib, rukuʼ va sajdaga egildi. Har biri niyat ortidan takbir keltirib, miskinlik va hazinlik bilan namozga kirishdi. Shu payt muazzin kirib kelgandi, ulardan birining ovozi eshitildi: “Ey muazzin! Sen azon chaqirdingmi oʻzi? Allaqachon vaqti yetdi-ku!” Boshqa bir hindu gap qoʻshishga majbur boʻldi: “Hoy, sen gapirib qoʻyding, namozing buzildi”. Uchinchi hindu ikkinchisiga dedi: “Hoy, amaki! Nega unga taʼna qilasan, bu taʼnani oʻzingga qil!” Toʻrtinchisi dedi: “Xudoga shukrki, men bu uchalasi kabi tubanlikka qulamadim”.

 

Shunday qilib, toʻrtalasining ham namozi buzildi. Boshqalardan kamchilik izlaganlarning oʻzi hammadan koʻra koʻproq adashib, yoʻlidan ozdi. Oʻz kamchiligini koʻra olgan jonlar naqadar baxtiyordirlar. Kimki qandaydir bir kamchilikni qoralab gapirsa, uni oʻziga qabul qiladi. Chunki uning yarmi nuqson diyoridan boʻlsa, qolgan yarmi gʻayb olamidandir.

 

Modomiki boshingda oʻnlab yaralar bor ekan, malhamni oʻzingga qoʻllashing lozim. Oʻz kamchiliklaring uchun oʻzingni tergash jon uchun malhamdir, agar u yengilsa, rahm etishga munosib. Agar senda oʻsha nuqson boʻlmasa, sen oʻzingni bexatar deb bilma, ehtimol, bu qusur senda ham oʻzini namoyon etar. Sen Xudoning “Qoʻrqmanglar!” [5] degan soʻzini eshitmay turib nega oʻzingni xavfsiz his etasan va shodlanasan?

 

Iblis koʻp yillar davomida yaxshi nom bilan yashagandi, ammo isnodga qoldi, qara, endi uni qanday nom bilan atashmoqda! Uning mahobati dunyoga mashhur edi, shon-shuhrati teskarisiga aylandi. Holiga voy uning! Toki osoyish topmas ekansan, shon-shuhrat izlama, avvalo yuzingni qoʻrquvdan poklab, soʻng uni namoyon et. Toki soqoling chiqmas ekan, boshqa soqolsizlarga malomat qilma, ey sohibjamolim!

 

Qara, iblisning joni qanday dardga yoʻliqib, senga pand-u saboq boʻlsin deb tubanlikka quladi. Axir sen unga ibrat boʻlish uchun chuqurlikka qulab tushmading-ku. U zahar ichdi, sen esa uning shirinliklaridan bahramand boʻl.

 

Qopga qum toʻldirgan koʻchmanchi arab va unga tanbeh bergan faylasuf hikoyati

 

Bir koʻchmanchi-arab tuyaga ikkita don toʻla katta xurjun yuklab, xurjunlar ustiga oʻzi oʻtirgandi, qandaydir bir mahmadona unga birin-ketin savollar bera boshladi. Yurti haqida soʻrab suhbatga chorlarkan, bu surishtiruvlar davomida koʻp nozik gaplarni gapirdi.

 

Shundan soʻng dedi: “Bu ikki xurjinga nima solingan? Rostini ayt!”

Arab javob berdi: “Xurjinlarimning birida bugʻdoy, boshqasida esa odamlarga yemish boʻlmaydigan qum bor”.

Mahmadona soʻradi: “Bu qumni nima uchun yuklading?”

Arab dedi: “Narigi xurjin boʻsh qolib, tenglik buzilmasligi uchun”.

Faylasuf dedi: “Aqlingni ishlatib, mana bu ogʻzigacha toʻldirilgan qopdagi bugʻdoyning yarmini narigisiga sol. Shunda tuyaga ham, qopga ham yengil boʻladi”.

Arab javob berdi: “Ofarin, ey dono va oliyjanob inson! Qanday aniq fikring va ajoyib mulohazang bor! Oʻzing esa bunchalar yupunsan, yayov ketyapsan, charchagansan!”

 

Arabning donishmandga ichi achidi, shu marhamatli zotni tuyasiga mindirmoqchi boʻlib, unga dedi: “Ey shirinsoʻz donishmand! Oʻzing haqingda ham biroz soʻzlab ber. Shunday aqlli va epchil ekansan. Rostini ayt, vazirmisan yoki shohmisan?”

U javob berdi: “Unisi ham, bunisi ham emas, oddiy odamman, ahvolimga, kiyimimga qarab bilib olaver”.

Arab soʻradi: “Qancha tuyang, qancha moling bor?”

U javob berdi: “Unisi ham, bunisi ham yoʻq, meni qiynama”.

Arab dedi: “Doʻkoningda qanday mol-matohing bor?”

U javob berdi: “Qoʻysang-chi, menda doʻkon, uy-joy qayerdan ham boʻlsin?”

Arab dedi: “Unda pul haqida soʻrayman. Qancha puling bor? Axir sen yolgʻiz yurasan va yolgʻizlarga foydali maslahatlar berasan. Senda bu dunyo misining kimiyosi bor, aql-u ilming uyum-uyum dur-u gavhardir”.

U javob berdi: “Allohga qasamki, mening barcha mulklarim orasida hatto kechki ovqat uchun ham pul yoʻq, ey arablar sarvari! Yalangoyogʻ-u yalangʻoch sargardonman, kim bir boʻlak non bersa, oʻsha yerga boraman. Mendagi bu donolik, bilim va mahorat menga faqat xayol-u bosh ogʻriqdan boshqa hech qanday naf keltirmaydi”.

Shunda arab unga dedi: “Mendan nariroq tur, badbaxtliging kasri urmasin! Oʻzingning bu mashʼum hikmatingni ham mendan yiroqqa olib ket! Soʻzlaring vaqt ahli uchun zararlidir. Sen u tomonga yursang, men boshqa yoʻldan boray, sen oldinga qarab yursang, men orqaga qaytay. Bu behuda nayranglaringdan koʻra menga bir xurjinimda bugʻdoy, ikkinchisida qum boʻlgani afzal. Demak, mening nodonligim – qutlugʻ nodonlik, chunki qalbimda rizq, jonimda esa taqvo bor. Agar baxtsizligu omadsizliging kamayishini istasang, gʻayrat qil, toki hikmatlaring kamaysin”.

 

Inson tabiati va xayoli yaratgan hikmat, buyuklik Egasining nuri bilan yoritilmagan hikmatdir. Bu dunyoning hikmati shak-shubhani oshiradi, diniy hikmat esa osmoni falakka yuksaltiradi. Oxirzamonning makkor odamlari oʻzlarini oldingilardan ustun sanaydi. Hiyla oʻrgatuvchilar jon kuydirib amallar va nayranglarni oʻrgatdilar. Sabr-toqat, fidoyilik, qalb himmati va muruvvatni ular shamolga sovurdilar, bu esa foyda ilmi edi.

 

Haqiqiy fikr – bu qandaydir yoʻlni ochguvchi fikr, haqiqiy yoʻl – bu shoh senga tomon keladigan yoʻldir. Xazina va lashkarlar tufayli shoh boʻlgan emas, tabiatan shohlar haqiqiy podshohdir, uning shohlik mulki Ahmad (s.a.v.) dini saltanatining buyukligi kabi abadiy qoladi.

 

Jaloliddin Rumiy

“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar

Nasriy bayon mualliflari:

Odil Ikrom, Oydinniso

 

 

[1] Uzum (fors-tojik tilida)

[2] Uzum (arab tilida)

[3] Uzum (yunon tilida)

[4]Qachon Qurʼon oʻqilsa, uni eshitinglar va jim turinglar, toki rahmatga erishgaysizlar (“Aʼrof” surasi, 204-oyat).

 

[5](Ey moʻminlar!) Shubhasiz: “Rabbimiz Alloh!” – deb, keyin (bandalik vazifalari va ishlarida) qoim-mustaqim (toʻgʻri-mustahkam) turganlar borki, ularning tepasiga (oʻlim onida) farishtalar tusharlar va: “(Oʻlimdan va oqibatdan) qoʻrqmanglar, (qoldirayotgan farzandlar va oilangiz haqida) gʻamgin ham boʻlmanglar. Sizlarga vaʼda qilingan jannat xushxabari bilan shodlaninglar!” – derlar (“Fussilat” surasi, 30-oyat).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 13
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 92
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 510
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 931
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218659
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33558
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27242
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26221
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24721
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24709
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21605
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//